O‘ZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI BOSHLIG‘INING
buyrug‘i
RAQAMLI NAZORAT QURILMALARIDAN FOYDALANISH TO‘G‘RISIDAGI YO‘RIQNOMANI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 26-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2346]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi 340-sonli “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-yil, 51–son, 546-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida buyuraman:
1. Raqamli nazorat qurilmalaridan foydalanish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-fevral,
35-son
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2012-yil 27-fevraldagi 35-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Raqamli nazorat qurilmalaridan foydalanish to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-dekabrdagi 340-son “Avtomobilda xalqaro yuk tashiydigan avtotransport vositalariga raqamli nazorat qurilmalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-yil, 51-son, 546-modda) muvofiq xalqaro yo‘nalishlarda yuk va yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshirishga mo‘ljallangan avtotransport vositalaridagi raqamli nazorat qurilmalaridan (taxografdan) foydalanish tartibini belgilaydi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yo‘riqnoma talablari xalqaro yo‘nalishlarda yuk va yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va raqamli nazorat qurilmalarini o‘rnatish, qiyoslash, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va tamg‘alash bo‘yicha faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar (bundan buyon matnda ustaxona deb yuritiladi) uchun majburiy.
2. Mazkur Yo‘riqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish — avtotransport vositasining raqamli nazorat qurilmasi xotirasida saqlanib qoladigan parametrlarini yangilash va tasdiqlash;
raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat ko‘rsatish — raqamli nazorat qurilmasini uni ishlab chiqaruvchining yo‘riqnomasiga muvofiq ishchi holatiga olib keluvchi texnik operatsiyalar (avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish, raqamli nazorat qurilmasini ishga tushirish, raqamli nazorat qurilmasidan ma’lumotlarni o‘qish);
raqamli nazorat qurilmasini tamg‘alash — raqamli nazorat qurilmasini plombalash, unga qiyoslash bayonnomasida belgilangan ma’lumotlar va ustaxona maxsus belgisi tushirilgan plastinkalarni o‘rnatish.
II-bob. Raqamli nazorat qurilmasini o‘rnatish va qiyoslash
3. Foydalanishdagi avtotransport vositasiga raqamli nazorat qurilmasi ustaxona tomonidan o‘rnatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Avtotransport vositalariga o‘rnatilgan raqamli nazorat qurilmasini qiyoslash ustaxona yoki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 13-avgustdagi 18-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3552, 15.08.2024-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)
5. Avtotransport vositalariga o‘rnatilgan raqamli nazorat qurilma bir yilda kamida bir marta qiyoslanadi. Raqamli nazorat qurilmasi ta’mirlangandan va texnik xizmat ko‘rsatilgandan keyin qiyoslanganlik muddatidan qat’ii nazar, qayta qiyoslanishi lozim.
6. Qiyoslash natijasida raqamli nazorat qurilmasini foydalanishga yaroqliligi aniqlanadi.
7. Raqamli nazorat qurilmasini yaroqliligi qiyoslanganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Raqamli nazorat qurilmasini qiyoslanganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bir yil davomida saqlanadi.
8. Raqamli nazorat qurilmasidan keyingi foydalanish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha kalibrlash ishlari olti yilda kamida bir marta o‘tkazilishi shart.
III-bob. Raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash
9. Raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash faqat ustaxona tomonidan amalga oshiriladi.
10. Raqamli nazorat qurilmasiga bir yilda kamida bir marta texnik xizmat ko‘rsatiladi. Qiyoslash natijalarida og‘ishishlar aniqlangan taqdirda ham texnik xizmat ko‘rsatiladi.
11. Ta’mirlash quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
foydalanish jarayonida nosozlik aniqlanganda haydovchi talabi bo‘yicha;
texnik ko‘rik jarayonida nosozlik aniqlanganda;
qiyoslash vaqtida nosozlik aniqlanganda.
IV-bob. Raqamli nazorat qurilmasini tamg‘alash
12. Raqamli nazorat qurilmasini tamg‘alash uni o‘rnatgan, unga texnik xizmat ko‘rsatgan, ta’mirlagan yoki qiyoslash ishlarini bajargan ustaxona tomonidan amalga oshiriladi.
13. Raqamli nazorat qurilmasini tamg‘alash ishlari qurilma o‘rnatilgandan, unga texnik xizmat ko‘rsatilgandan, ta’mirlangandan yoki qiyoslash ishlari bajarilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
14. Ustaxona plombaga bosiladigan maxsus belgiga ega bo‘lishi shart.
15. Raqamli nazorat qurilmasini plombalashda ishlatiladigan plombalar uchun ustaxonaning quyidagi maxsus belgilari ishlatiladi: “UZ — XXX”, bu yerda XXX — ustaxonaning tartib raqami.
16. Raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi plastinka o‘zi yelimlanadigan va uni olib tashlashga urinilganda zararlanib qoladigan bo‘lishi lozim.
17. Raqamli nazorat qurilmasi plastinkasida qiyoslash bayonnomasida va raqamli nazorat qurilmasini avtotransport vositasiga identifikatsiya qilish bayonnomasida belgilangan ma’lumotlarga muvofiq quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart:
raqamli nazorat qurilmasiga texnik xizmat ko‘rsatuvchi ustaxonaning maxsus belgisi;
avtotransport vositasining xarakteristik koeffitsiyenti “k = ... r/km” yoki “w =... imp/km”;
avtotransport vositasi g‘ildiragi shinalarining effektiv aylanasi “L=... mm”;
raqamli nazorat qurilmasi konstantasi quyidagi shaklda “k =... r/km” yoki “w =. .. imp/km”;
raqamli nazorat qurilmasining avtotransport vositasiga identifikatsiya qilingan sanasi.
V-bob. Raqamli nazorat qurilmasidan foydalanishda haydovchilarga talablar
18. Haydovchi faqat o‘zining kartochkasidan foydalanishi shart.
19. Qatnovda ikkita haydovchi ishtirok etgan holda ikkinchi haydovchining haydovchi kartochkasi raqamli nazorat qurilmasiga birinchi haydovchining haydovchi kartochkasi o‘rniga avtotransport vositasi to‘liq to‘xtagandan keyin o‘rnatilishi kerak.
20. Haydovchi:
faqat soz holdagi raqamli nazorat qurilmasidan foydalanishi;
raqamli nazorat qurilmasining nosozligini aniqlaganda uni almashtirish va ta’mirlash choralarini ko‘rishi;
mehnat va dam olish rejimiga rioya qilishi shart.
21. Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi:
raqamli nazorat qurilmasi, spidometr va yuritma datchigidagi plombani uzish;
diagramma tasmasi o‘rnatilmagan raqamli nazorat qurilmasidan foydalanish;
avtotransport vositasining harakati davomida raqamli nazorat qurilmasidan haydovchi kartochkasini chiqarish;
raqamli nazorat qurilmasini ochish;
diagramma tasmasini almashtirish;
raqamli nazorat qurilmasini mustaqil ravishda ta’mirlash;
raqamli nazorat qurilmasini elektr tarmog‘idan uzish.
VI-bob. Yakuniy qoida
22. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2012-yil 28-yanvar
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2012-yil 28-yanvar
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2012-yil 28-yanvar
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 13-son, 148-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)