Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ–3082-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini maqsadli moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan faqat Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) qarorlari boʻyicha amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan hududiy komissiyalar rahbarlari:
bir hafta muddatda — ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini joylarga oʻz vaqtida yetkazib berish va sotishning muvofiqlashtirilishini taʼminlash boʻyicha ish rejalarini tasdiqlasinlar;
oʻn kun muddatda — ularga koʻrsatib oʻtilgan oziq-ovqat tovarlarini chakana sotish yuklanadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini saqlash va ularning savdosini tashkil etish uchun omborxonalar roʻyxatlarini tasdiqlasinlar va ularni Respublika komissiyasiga taqdim etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlari, shu jumladan goʻsht, oʻsimlik va hayvon yogʻi uchun narxlar konyunkturasi doimiy monitoringini, Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan hajmlarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan xarid qilishni raqobat asosida tashkil etish uchun yuritsinlar.
Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlarini import kontraktlari boʻyicha yetkazib berish uchun tavsiyalarni Respublika komissiyasiga taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan taʼminlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi Jamgʻarmaning ajratilgan mablagʻlaridan qatʼiyan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni belgilangan tartibda taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining harakati, shuningdek savdo tarmoqlarida ular narxlarining sunʼiy ravishda oshishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taʼsirchan nazoratni belgilangan tartibda taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, Z.T. Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri B.A. Xoʻjayev va Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.R. Parpiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 25-iyul,
541-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-iyuldagi 541-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida
VAQTINChALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli taʼminlashga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3082-son qaroriga muvofiq Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) maqsadi va vazifalarini, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish va ularning kelib tushishi tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus jamgʻarmasi tarzida amalga oshiradi hamda uning mablagʻlaridan faqat Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) qarorlari boʻyicha foydalaniladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari ichki bozorda oziq-ovqat tovarlariga, birinchi navbatda, goʻsht, oʻsimlik va hayvon yogʻi, gʻalla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz, shuningdek boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarini (keyingi oʻrinlarda oziq-ovqat tovarlari deb ataladi) ichki bozordagi oziq-ovqat turlariga boʻlgan talab va takliflarning mavsumiy va jadal tebranishlarini silliqlashtirishga yoʻnaltiriladi.
4. Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadli moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Oziq-ovqat tovarlariga ehtiyojni shakllantirish tartibi
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda hududiy komissiyalar deb ataladi) rahbarlari oʻz qarori bilan ularga oziq-ovqat tovarlarini chakana sotish yuklanadigan oziq-ovqat tovarlarini saqlash va sotishni (savdo shoxobchalarini) tashkil etish uchun omborxonalar roʻyxatlarini tasdiqlaydilar va ularni Respublika komissiyasiga taqdim etadilar.
6. Hududiy komissiyalar har kuni oziq-ovqat tovarlariga amaldagi va kutilayotgan narxlar monitoringini amalga oshiradilar hamda monitoring natijalariga koʻra oʻz vaqtida, joriy oyning 25-kunidan kechikmay Respublika komissiyasiga keyingi oyda kutilayotgan narxlar boʻyicha asoslangan takliflarni taqdim etadilar.
7. Hududiy komissiyalar rahbarlari joriy oyning 25-kunidan kechikmay Respublika komissiyasiga omborxonalar va savdo tashkilotlaridagi (savdo shoxobchalaridagi) qoldiqlar, shuningdek keyingi oyda oziq-ovqat tovarlariga ehtiyojlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, ularning ichki va tashqi bozorlardagi roʻyxati va hajmlarini aniqlagan holda Respublika komissiyasiga kiritadilar.
8. Respublika komissiyasi joriy oyning oxirigacha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga import kontraktlari boʻyicha xarid qilinadigan oziq-ovqat tovarlari roʻyxatini taqdim etadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Respublika komissiyasiga import kontraktlari boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga oziq-ovqat tovarlarini yetkazib berishga narxlar boʻyicha tavsiyalarni uch kun mobaynida taqdim etadi.
10. Respublika komissiyasi, Hududiy komissiyalar rahbarlariga taqdim etilgan narxlar va hajmlar boʻyicha takliflarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tavsiyalarini koʻrib chiqib, Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan oziq-ovqat tovarlari roʻyxatini ularni xarid qilish va tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan hududlar boʻyicha sotib olish hajmlarini va (ichki va tashqi) bozorlarni koʻrsatgan holda tasdiqlaydi.
3-bob. Oziq-ovqat tovarlarini sotish tartibi
11. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga sotib olingan oziq-ovqat tovarlari tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan Respublika komissiyasi tasdiqlaydigan narxlar boʻyicha sotiladi.
12. Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan narxlar boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga sotib olingan oziq-ovqat tovarlarini oxirgi isteʼmolchiga kafolatli yetkazib berish maqsadida ushbu tovarlarni sotish faqat ushbu Vaqtinchalik nizomning 5-bandida koʻrsatilgan savdo shoxobchalarida amalga oshiriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
13. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida maxsus hisob raqami ochiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 400 mlrd. sum boʻlgan birlamchi badali hisobidan shakllantiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-oktabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
15. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qaytarilish asosida foizsiz qarz tarzida tayyorlovchi tashkilotlarga ajratiladi, ularning roʻyxati oziq-ovqat tovarlarini yetkazib beruvchi va tayyorlovchi tashkilot oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga (kontraktlarga) muvofiq hajmlarda xarid qilishni taʼminlash uchun Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda tayyorlovchi tashkilotlar deb ataladi) tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda ichki yetkazib beruvchilar uchun mablagʻlarni toʻlash milliy valyutada, oziq-ovqat tovarlarini import qilishda esa — AQSh dollarida amalga oshiriladi.
16. Jamgʻarma mablagʻlarini ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tayyorlovchi tashkilotlar va xizmat koʻrsatadigan tijorat banklari bilan, yetkazib beriladigan oziq-ovqat tovarlariga toʻlash uchun foizsiz qarz boʻyicha uch tomonlama shartnomalar tuziladi, shartnomalarda qarzni qaytarish jadvallari va qarzni qaytarish boʻyicha tayyorlovchi tashkilotga xizmat koʻrsatadigan banklarning kafolatlari nazarda tutiladi.
17. Qarzlarni Jamgʻarmaga qaytarish tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan foizsiz qarzning uch tomonlama shartnomalarida nazarda tutilgan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Jamgʻarma mablagʻlarining oʻtishini hisobga olish va nazorat qilishni taʼminlash maqsadida xizmat koʻrsatadigan tijorat banklari 22 626 — “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus hisob raqamini (keyingi oʻrinlarda maxsus hisob raqami deb ataladi) tayyorlovchi tashkilotlar uchun ochadilar.
Tayyorlovchi tashkilotlarning hisob raqamiga oziq-ovqat tovarlarini sotishdan tushadigan mablagʻlardan qatʼiyan maqsadli tarzda va ushbu Vaqtinchalik nizom talablariga muvofiq qarzni qaytarish uchun foydalaniladi.
19. Jamgʻarmaga mablagʻlarning oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javobgarlik tegishli tayyorlovchi tashkilotlarga va ularga xizmat koʻrsatadigan tijorat banklariga foizsiz qarzning tuzilgan shartnomalari shartlariga muvofiq yuklanadi.
20. Tayyorlovchi tashkilotlar va xizmat koʻrsatadigan tijorat banklari tomonidan foizsiz qarzning tuzilgan shartnomalariga muvofiq jamgʻarmaning maqsadli mablagʻlarini qaytarish boʻyicha oʻz majburiyatlari bajarilmaganda yoki zarur darajada bajarilmaganda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarzdorlarning barcha bank hisob raqamlaridagi xizmat koʻrsatadigan tijorat banklarining korrespondent hisob raqamlaridagi qoldiqlar hisobiga qarzlarni roʻyxatdan chiqarish yuzasidan qatʼiy ustunlik huquqi beriladi.
5-bob. Vaqtinchalik nizomning bajarilishini nazorat qilish
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda muntazam ravishda ichki bozorlarda oziq-ovqat tovarlari narxlarining asossiz yoki sunʼiy ravishda oshirishga yoʻl qoʻymaslikka yoʻnaltirilgan tushuntirish ishlarini olib boradilar.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi Jamgʻarmaning ajratilgan mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazoratni belgilangan tartibda taʼminlaydi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlari harakati yuzasidan, shuningdek savdo tarmogʻida ular narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
24. Ushbu Vaqtinchalik nizom 2018-yil 1-aprelgacha amal qiladi va uning amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan uzaytirilishi mumkin.
Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomga
ILOVA
ILOVA
Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish Jamgʻarmasi mablagʻlarini maqsadli moliyalashtirish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 740-modda)