Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVIning
Qarori
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 24-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2707-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-sonli “Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3283, 29.10.2020-y.) asosan 2021-yil 30-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 12-apreldagi OʻRQ-428-son “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xoʻjalik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PF-5022-son “Iqtisodiy nochor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish hamda tijorat banklarining koʻchmas mulk obyektlari negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/16-son qarori (roʻyxat raqami 2707, 2015-yil 5-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 31-son, 420-modda) bilan tasdiqlangan Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-iyun,
14/15-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/15-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kreditlar, yuridik shaxs ustav kapitaliga va boshqa qimmatli qogʻozlariga kiritilgan investitsiyalar, berilgan kafolatlar va ular boʻyicha toʻlab berilib, undirilmagan mablagʻlar, qabul qilingan kafolatlar (kafilliklar), bosqichma-bosqich toʻlash sharti bilan sotilgan aktivlar, akseptlar yoki akkreditivlar, lizing, qimmatli qogʻozlar va chet el valyutasini sotib olish boʻyicha har qanday huquqiy asoslangan majburiyatnoma, faktoring, repo, svop hamda hisoblangan foizlar va balansdan tashqari moddalarda aks ettirilgan majburiyatlar;”.
2. 8-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq banklarga tanlov savdolarda mulk sifatida sotilgan ishlab chiqarish korxonalari mulki negizida tuzilgan korxonalarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalarni tanlov savdolarida banklarga realizatsiya qilish tartibiga muvofiq iqtisodiy sudlarning qarorlariga koʻra tugatish qiymati boʻyicha banklar balansiga qabul qilingan korxonalar mulki negizida tuzilgan yangi korxonalarga berilgan kreditlar;”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 744-modda)