Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVIning
Qarori
Bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 24-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2706-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-sonli “Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3283, 29.10.2020-y.) asosan 2021-yil 30-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 12-apreldagi OʻRQ-428-son “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xoʻjalik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PF-5022-son “Iqtisodiy nochor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish hamda tijorat banklarining koʻchmas mulk obyektlari negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/15-son qarori (roʻyxat raqami 2706, 2015-yil 5-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 31-son, 418-modda) bilan tasdiqlangan Bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-iyun,
14/16-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 24-iyundagi 14/16-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 2-bandning ikkinchi xatboshisi “faktoring” degan soʻzdan keyin “repo, svop,” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Mazkur Nizomning 16 va 17-bandlariga muvofiq bankka aloqador bitta shaxsga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilik summasini aniqlashda kredit va kredit liniyalari, overdraft, lizing, faktoring, repo, svop, kredit shartlarining oʻzgartirilishini barcha shakllari, berilgan kafolatlar va ular boʻyicha toʻlab berilib, undirilmagan mablagʻlar, qimmatli qogʻozlar va har qanday koʻrinishdagi investitsiyalar, qimmatli qogʻozlarni yoxud xorijiy valyutani sotib olish boʻyicha har qanday huquqiy asoslangan majburiyatnoma, bosqichma-bosqich toʻlash sharti bilan aktivlarni sotish, akkreditivlar ochish, mol-mulklar sotib olish, hisoblangan foizlar, balansdan tashqari moddalarda aks ettirilgan majburiyatlar va boshqa moliyalashlar bilan bogʻliq bitimlar hamda qarzdorni toʻlov majburiyati boʻyicha bankrot deb eʼlon qilinishi natijasida bekor qilingan holatdan tashqari hisobdan chiqarilgan barcha summalar hisobga olinadi.”.
3. 19-bandning oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi PF-4053-son “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq banklarga tanlov savdolarda mulk sifatida sotilgan ishlab chiqarish korxonalari mulki negizida tuzilgan korxonalarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi F-4010-son farmoyishi bilan tasdiqlangan Iqtisodiy nochor korxonalarni tanlov savdolarida banklarga realizatsiya qilish tartibiga muvofiq iqtisodiy sudlarning qarorlariga koʻra tugatish qiymati boʻyicha banklar balansiga qabul qilingan korxonalar mulki negizida tuzilgan yangi korxonalarga berilgan kreditlar.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 745-modda)