Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining
Qarori
Koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini tayyorlash qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 20-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2725-1]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining 2021-yil 19-iyuldagi 3-sonli ““Koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini tayyorlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2725-3, 28.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2015-yil 22-oktabrdagi 33-son qarori (roʻyxat raqami 2725, 2015-yil 3-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 44-son, 568-modda) bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini tayyorlash qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyun,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2017-yil 6-iyundagi 3-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Koʻchmas mulk obyektlarining kadastr yigʻmajildini tayyorlash qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Ariza kelib tushgan kunning oʻzida tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi bilan yuridik va jismoniy shaxs yoki ularning ishonchli vakillari oʻrtasida kadastr yigʻmajildini tayyorlash boʻyicha shartnoma tuziladi.
Kadastr yigʻmajildini tayyorlash ishlarining qiymati Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-iyuldagi 186-son “Kadastr hujjatlarini tayyorlash boʻyicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq aniqlanadi.
Kadastr yigʻmajildini tayyorlash kadastr obyektining murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi boʻyicha:
koʻp kvartirali uydagi kvartira — 7 kungacha;
yakka tartibdagi turar joy — 10 kungacha;
koʻchmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha:
umumiy maydoni 100 kv.m. gacha boʻlgan koʻchmas mulk — 10 kungacha;
umumiy maydoni 100 kv.m dan 1000 kv.m. gacha boʻlgan koʻchmas mulk — 15 kungacha;
umumiy maydoni 1000 kv.m dan 5000 kv.m. gacha boʻlgan koʻchmas mulk — 20 kungacha;
umumiy maydoni 5000 kv.m dan 15000 kv.m. gacha boʻlgan koʻchmas mulk — 25 kungacha;
umumiy maydoni 15000 kv.m dan 50000 kv.m gacha boʻlgan koʻchmas mulk — 30 kungacha;
umumiy maydoni 50000 kv.m dan ortiq boʻlgan koʻchmas mulk — 45 kungacha.”.
2. 41-bandda:
birinchi xatboshisidagi “ikki kun” degan soʻzlar “bir kun” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshisidagi “uch kun” degan soʻzlar “bir kun” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 45-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45. Bino va inshootlarning konstruktiv qismlari, xonalar soni oʻzgarmagan holda unga nisbatan huquq turi va (yoki) huquq egasi oʻzgargan taqdirda, koʻchmas mulk obyektini qaytadan texnik inventarizatsiya qilish taqiqlanadi. Bunda tegishli huquq egasining arizasiga muvofiq kadastr yigʻmajildi uning nomiga qayta rasmiylashtirib beriladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 558-modda)