Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ULGURJI VA BIRJA SAVDOSINI TASHKIL ETISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ulgurji va birja savdosini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 27-apreldagi PF-2836-son Farmoniga muvofiq hamda respublikada ulgurji va birja savdosini tashkil etishni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, moddiy-texnika resurslari narxlarining asossiz oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tugatilayotgan “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi negizida tashkil etilgan “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi ulgurji-savdo tashkilotlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
korxonalar va tashkilotlarning, shu jumladan qurilishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalari boʻyicha, respublika tashqarisidan moddiy-texnika resurslarini ulgurji xarid qilish boʻyicha, shuningdek hukumatlararo bitimlar va shartnomalarga muvofiq hukumat topshiriqlariga binoan kontraktlar tuzish va ularni ijro etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
mamlakatimiz korxonalariga va xorijiy mahsulot yetkazib beruvchilarga marketing xizmatlari koʻrsatish, ichki bozorda tovarlar boʻyicha talab va takliflar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bankini tashkil etish;
mamlakatimizdagi va xorijiy tovar ishlab chiqaruvchilar bilan distribyutor munosabatlarni rivojlantirish, ularga kompaniyaga qarashli omborxonalarni va savdo maydonlarini bergan holda dilerlik xizmati koʻrsatish;
davlat zaxirasi tizimiga kompaniyaga qarashli omborxonalarda tovarlarni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
tugatilayotgan “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi tarkibiga kirgan tashkilotlarning mavjud moddiy-texnika bazasidan tovarlarga ulgurji ishlov berish va ularni saqlash, oʻz omborxonalarini xususiy savdo kompaniyalariga ijaraga, shuningdek konsignatsiya hamda bojxona omborlari va terminallar sifatida berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun samarali foydalanish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining xodimlarining cheklangan soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 22 kishidan iborat boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzulgurjisavdo” kompaniyasi boshqaruvi raisi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan holda, kompaniyaning kuzatuvchi kengashi tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadi.
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzulgurjibirjasavdo” respublika aksiyadorlik uyushmasining, shuningdek tugatilayotgan “Dillingtrast” aksiyadorlik jamiyatining ular tuzgan kontraktlardan kelib chiqadigan huquqlar va majburiyatlar boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
2001-yil 1-sentabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda tugatilayotgan “Oʻzulgurjibirjasavdo”uyushmasi tizimiga kirgan tashkilotlarning xususiylashtirilishi va tashkil etilishi natijalarini puxta oʻrganib chiqsin. Qonunchilik buzilishlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrilsin, aybdor shaxslar esa javobgarlikka tortilsin;
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi ustav jamgʻarmasini tugatilayotgan “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasining mol-mulki va 1-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlar aksiyalarining davlatga tegishli paketlari qiymati hisobiga bir oy muddatda shakllantirsin;
aksiyalarning davlat mulkiga tegishli paketini kompaniyaning shakllantirilgan ustav jamgʻarmasining 25 foizidan ortiq boʻlmagan, mehnat jamoasi ulushi — 10 foizgacha miqdorda saqlab qolinishini nazarda tutuvchi “Oʻzulgurjisavdo” kompaniyasi aksiyalari emissiyasi prospektini ikki oy muddatda roʻyxatdan oʻtkazsin;
3-ilovaga* muvofiq hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining ustav jamgʻarmalari tarkibini ularning ustav jamgʻarmasining koʻpi bilan 25 foizi davlat mulki, 10 foizgachasi mehnat jamoasi ulushi boʻlishini taʼminlagan holda uch oy muddatda oʻzgartirsin. Hududiy aksiyadorlik jamiyatlariga ishonchli boshqaruvchilarni tanlov asosida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tayinlasin.
* 3-ilova berilmaydi.
6. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tovar-xom ashyo birjalari aksiyadorlarining Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasiga uning filiallari huquqi bilan, ulardan savdo maydonchalari sifatida foydalangan va birja savdolarining yagona elektron tizimini joriy etgan holda qoʻshilishi toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining uning huzurida metall buyumlar, yogʻoch-taxta va qurilish materiallari sotish boʻyicha ixtisoslashgan savdo maydonlari tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
7. Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
2002-yil 1-yanvargacha hududiy tovar-xom ashyo birjalarini Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasiga qoʻshib yuborish va birja savdolarining yagona elektron tizimini joriy etish boʻyicha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushining bir qismini mamlakatimiz va chet el investorlariga belgilangan tartibda sotsin, bunda ulushning koʻpi bilan 25 foizi davlatda saqlab qolinishini nazarda tutsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasiga unda birja savdolarining yagona elektron tizimini joriy etish uchun (xususiylashtirishdan tushadigan umumiy mablagʻlar hisobiga) zarur mablagʻlar ajratsin, ajratilgan mablagʻlar hisobiga Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasi hududiy filiallarining binolari Davlat mulki qoʻmitasiga beriladi.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 31-maydagi 251-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 22-23-son, 260-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
hisob-kitob (kliring) palatalaridagi oʻz hisob raqamlarida oʻzlari keltirgan tovarlarni tovar-xom ashyo birjalarida va “Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyati yarmarka savdolarida sotishdan olingan milliy valyuta — soʻmda mablagʻlari boʻlgan importchilar ushbu mablagʻlarga respublikadagi boshqa birjalarda va yarmarkalarda erkin muomalada boʻlgan tovarlarni ularni respublika tashqarisiga chiqarish huquqi bilan sotib olish huquqiga egadirlar;
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi, shu jumladan uning filiallari, istisno tariqasida, mulk soligʻi toʻlashdan besh yil muddatga ozod qilinadi, boʻshaydigan mablagʻlar ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, birja savdolarining yagona elektron tizimini shakllantirishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Birja savdolari orqali sotiladigan mahsulotlar narxlarining sunʼiy ravishda oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida birja savdosi qatnashchilari tomonidan vositachilik ajratmalarining birjalar belgilaydigan miqdorlari belgilangan tartibda moliya organlarida kelishib olinishi belgilab qoʻyilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining Qurilish va qurilish materiallari sanoati, transport va aloqa kompleksi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
metall buyumlar, yogʻoch-taxta materiallari, boshqa qurilish materiallari, shu jumladan chet eldan keltiriladigan, turli tovarlar muomalada boʻladigan birja bozori shakllantirilishini;
birja savdolariga respublika korxonalarida va xorijiy moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilarda ehtiyoj katta boʻlgan mahsulotlar keng jalb etilishini taʼminlasinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tovar-xom ashyo birjalari hamda “Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yarmarka savdolari orqali faqat erkin almashtiriladigan valyutaga eksportga sotiladigan tovarlar roʻyxati yuzasidan takliflar kiritsinlar.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston ulgurji va birja savdosi boʻyicha respublika aksionerlik uyushmasi – “Oʻzulgurjibirjasavdo”ni tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1994-yil 14-martdagi 136-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Hukumatning 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Alimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 1-may,
198-son
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradigan tashkilotlar
ROʻYXATI
1. “Oʻzmetallsavdo” AJ
2. “Oʻzkimyopolimersavdo” AJ
3. “Oʻzyogʻochqogʻozsavdo” AJ
4. “Oʻzkommaishiysavdo” AJ
5. “Oʻzkomplektjihoz” AJ
6. “Oʻzmashtaʼminot” AJ
7. “Oʻzdastgohasbobsavdo” AJ
8. “Oʻzelektrkabelsavdo” AJ
Kompaniya tarkibiga boshqa tashkilotlar ham kirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi
tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining tashkiliy tuzilmasi
*Metall buyumlar, yogʻoch-taxta va qurilish materiallari sotish boʻyicha ixtisoslashgan savdo maydonchalari tashkil etish uchun “Oʻzqurilishmaterialsavdo” va “Oʻzelektrpriborsavdo” OAJlari OʻzRTXBga qoʻshib yuboriladi.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAXKAMASINING AYRIM QARORLARIGA KIRITILAYOTGAN OʻZGARTIRISHLAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birja va yarmarka savdosi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 15-apreldagi 174-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 4-son, 19-modda) bilan tasdiqlangan Birja va yarmarka savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish, sotib olish va ularni olib chiqib ketish tartibidagi:
13-band “birja” soʻzidan keyin “yoki uning filiali” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
koʻrsatib oʻtilgan Tartib quyidagi mazmundagi 16-17-bandlar bilan toʻldirilsin:
“16. Birjaning barcha qatnashchilari, shu jumladan hududiy savdo maydonlaridan foydalanuvchi brokerlar uchun real vaqt rejimida tashkil etilgan birja savdosi natijalari boʻyicha tuzilgan eksport kontrakti:
tasdiqlangan Tovar-xom ashyo birjalari birja savdolarida tuziladigan kontraktlar boʻyicha identifikatsiya tartib raqamlari berish tartibiga muvofiq birja tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi;
birja yoki uning filiali tomonidan rasmiylashtiriladi va muhri bilan tasdiqlanadi.
Eksport kontraktida:
oʻtkazilgan birja savdosi sanasi:
birja savdosi protokolining tartib raqami koʻrsatilishi shart.
hujjatlarda koʻrsatilgan, 5-bandda sanab oʻtilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun ularni imzolagan mansabdor shaxslar javob beradilar.
Eksport kontraktlari (jumladan, birja filiallari tomonidan rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan kontraktlar)ning toʻgʻri rasmiylashtirilishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun birja javob beradi.
17. Birja va yarmarka savdolarida tuzilgan eksport kontraktlari norezidentlari tomonidan milliy valyutada haq toʻlash faqat respublikaning vakolatli banklarida ochilgan xorijiy banklarning “Loro” korrespondentlik hisob raqamlari orqali yoki birjalarning hisob-kitob-kliring palatalaridagi importchilarning hisob raqamlaridan amalga oshirilishi mumkin”.
Koʻrsatilgan Tartibning 16—20-bandlari tegishli ravishda 18—22-bandlar deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 6-maydagi 223-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT., 1999-y., 5-son, 25-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Tovar-xom ashyo birjalari savdolarida import kontraktlari tuzish tartibida:
2-bandning birinchi xatboshiga “chopar bilan yoki faksimil aloqa orqali (oʻz xohishiga koʻra)” soʻzlari qoʻshilsin;
5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Birjaning barcha qatnashchilari, shu jumladan hududiy savdo maydonlaridan foydalanuvchi brokerlar uchun real vaqt rejimida tashkil etilgan birja savdosi natijalari boʻyicha tuzilgan import kontrakti:
tasdiqlangan Tovar-xom ashyo birjalari birja savdolarida tuziladigan kontraktlar boʻyicha identifikatsiya tartib raqamlari berish tartibiga muvofiq birja tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi;
birja yoki uning filiali tomonidan rasmiylashtiriladi va muhri bilan tasdiqlanadi.
Import kontraktida:
real vaqt rejimida oʻtkazilgan birja savdosining sanasi;
birja savdosi protokolining tartib raqami koʻrsatilishi shart.
hujjatlarda koʻrsatilgan, 2-bandda sanab oʻtilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun ularni imzolagan mansabdor shaxslar javob beradilar.
Import kontraktlari (shu jumladan birja filiallari tomonidan rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan kontraktlar)ning toʻgʻri rasmiylashtirilishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun birja javob beradi”.
7-bandda “birja” soʻzidan keyin “yoki uning filiali”soʻzlari qoʻshilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 31-martdagi 137-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tovar-xom ashyo birjalarida va “Oʻzkoʻrgazmasavdo” ochiq aksiyadorlik jamiyatining yarmarka savdolarida, shuningdek davlatlararo bitimlar va hukumatning buyurtmalari boʻyicha eksport operatsiyalarini amalga oshiruvchi savdo-vositachilik tashkilotlari”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-fevraldagi 56-son qaroriga 10-ilovaga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
oʻn ikkinchi qatordagi “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi” soʻzlari “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston” respublika universal agrosanoat birjasi”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 9-son, 45-modda; 2004-y., 22-23-son, 260-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 2011-y., 10-11-son, 100-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/912/0254-son; 09/18/102/0685-son, 04.05.2018-y., 09/18/323/1159-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 23.04.2025-y., 09/25/247/0383-son)