O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-sonli “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-aprel,
234-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-apreldagi 234-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ichki ishlar organi xodimi (keyingi o‘rinlarda xodim deb ataladi) yoki uning yaqin qarindoshlarining (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari) mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni xodimning xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida yetkazilgan taqdirdagina qoplanadi.
2-bob. Zararni qoplash masalasini ko‘rib chiqish tartibi
3. Mazkur Nizomni amalga oshirish maqsadida xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni o‘rganish bo‘yicha ichki ishlar organlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda doimiy komissiyalar tuziladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Komissiya tarkibiga ichki ishlar organining tegishli xizmatlari xodimlari kiritiladi va komissiya tarkibi ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
5. Zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha tegishli hujjatlarni yig‘ish va rasmiylashtirish ichki ishlar organlarining kadr xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun ichki ishlar organi rahbariga bildirgi (ariza) bilan murojaat qiladi.
7. Mol-mulkka yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash masalasini hal qilish uchun kadr xizmatlari tomonidan komissiyaga:
a) mol-mulkiga zarar yetkazilgan xodimning zarar o‘rnini qoplash haqidagi bildirgisi yoki yaqin qarindoshlarining arizasi;
b) zarar yetkazilgan holatlar bo‘yicha tekshiruv xulosasi;
v) zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
8. Ichki ishlar organi kadr xizmatlari tomonidan bildirgi (ariza) uch kun muddatda komissiyaga taqdim etiladi.
9. Hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab o‘n besh kun muddatda komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
10. Kelib tushgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha zarar qoplanishi yoki rad etilishi to‘g‘risida komissiyaning qarori qabul qilinadi va ichki ishlar organi rahbari tomonidan tasdiqlangan bayon bilan rasmiylashtiriladi.
11. Komissiya qarori uch kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkaziladi.
12. Komissiya raisi va a’zolari zararni qoplash to‘g‘risidagi komissiya qarorining qonuniyligi va uni to‘g‘ri qabul qilinganligiga mas’ul hisoblanadi.
3-bob. Zararni qoplash tartibi
13. Etkazilgan zararning haqiqiy summasini aniqlash, ichki ishlar organi tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda, mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Etkazilgan zarar summasi zararni qoplash vaqtida amal qilayotgan bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
14. Hisob-kitoblar naqd yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Zarar natura shaklida, teng mulkni berish, shikastlanganini ta’mirlash yoki boshqa ko‘rinishlarda qoplanishi mumkin.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan to‘lovlar ichki ishlar organlarining moliya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Etkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingandan so‘ng, ichki ishlar organlari tomonidan o‘n kun muddatda manfaatdor shaxslarga yetkazilgan zarar qoplab berilishi lozim.
16. Zararni qoplash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
4-bob. Zararni aybdor shaxslardan undirish tartibi
17. Zararni qoplagan ichki ishlar organlari aybdor yuridik yoki jismoniy shaxslardan ushbu summalarni qonunchilikda belgilangan tartibda undirish choralarini ko‘radilar.
18. Ichki ishlar organlari moliya xizmatlari tomonidan zarar qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatlar (to‘lov topshiriqnomasi, chiqim kassa orderlari, to‘lov vedomostlari, hisob-faktura va boshqalar) nusxalari ikki kun muddatda ichki ishlar organining yuridik xizmatiga, yuridik xizmat tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda da’vo kiritish uchun o‘n kun muddatda yuboriladi.
19. Aybdor shaxslar mavjud bo‘lganda ichki ishlar organining yuridik xizmatlari:
ayblanuvchilarga da’vo va qarshi da’volar kiritish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda zarur hujjatlarni rasmiylashtiradilar;
sudlarda vakillikni ta’minlaydilar;
undirishga qaratilgan, lekin undirilmay qolgan (aybdor shaxs vafot etganda, birinchi guruh nogironlik ro‘yxatiga kiritilgan hollarda) mablag‘larni hisobdan chiqarish uchun sud qarorlari yoki boshqa tegishli hujjatlarni moliya xizmatiga taqdim etadilar.
20. Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash ushbu Nizomning ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Xodim yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 17-son, 297-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)