OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QISHLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
Davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini boʻnaklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 24-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2877]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2026-yil 15-yanvardagi 40-son va Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 14-yanvardagi 321-sonli ““Davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini boʻnaklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2877-1, 24.01.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PQ-2712-son “2017-yilda qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash, ularning ishlab chiqarilishi mutanosibligi va foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini boʻnaklash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. MIRZAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-aprel,
32-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2017-yil 5-aprel,
129-son
Moliya vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-aprel,
35-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining 2017-yil 5-apreldagi 32, 129 va 35-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini boʻnaklash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PQ-2712-son “2017-yilda qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash, ularning ishlab chiqarilishi mutanosibligi va foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining xarajatlarini boʻnaklash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklariga tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
boʻnak — buyurtmachi tomonidan mahsulot yetishtiruvchilarga ular oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasi qiymatining oldindan ajratiladigan maʼlum miqdori;
buyurtmachi — “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi va “Oʻzagroeksport”AJ tarkibiga kiruvchi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi boshqa korxonalar;
davlat buyurtmasi — keyinchalik sanoat yoʻli bilan qayta ishlash, qish-bahor davriga gʻamlash, shuningdek eksport qilish uchun fermer va dehqon xoʻjaliklari oʻrtasida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmlarini joylashtirish va ulardan foydalanish;
maxsus hisobvaraq — buyurtmachilar tomonidan mahsulot yetishtiruvchilarning meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan boʻnak mablagʻlari kelib tushadigan va yetkazib berilgan tovar-moddiy boyliklari va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida mahsulot yetishtiruvchilarga xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankida ochilgan 22626-sonli “Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari (Hukumat qarorlari asosida ajratilgan mablagʻlar)” maxsus moliyalashtirish depozit hisobvaragʻi;
mahsulot yetishtiruvchilar — davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari;
takroriy ekinlar — suvli yer maydonlardan unumli foydalanish va qoʻshimcha hosil olish uchun gʻalladan, toʻqsonbosti usulida va erta bahorda ekilgan ekinlardan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekilgan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari;
toʻqsonbosti usulida ekiladigan ekinlar — kelgusi yil erta hosil yetishtirish uchun kech kuzda (noyabr oyining uchinchi va dekabr oyining birinchi dekadasi) sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin ekiladigan sovuqqa chidamli sabzavot ekinlari.
3. Mahsulot yetishtiruvchilarga buyurtmachilar tomonidan boʻnak mablagʻlari davlat buyurtmasi boʻyicha xarid qilinadigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadlarida beriladi.
4. Mahsulot yetishtiruvchilar tegishli kontraktatsiya shartnomasi kuchga kirgandan soʻng uch bank ish kunidan kechiktirmasdan oʻzlariga xizmat koʻrsatayotgan bankda belgilangan tartibda maxsus hisobvaragʻi ochishi shart.
2-bob. Boʻnak mablagʻlarini ajratish va ishlatish
5. Boʻnak mablagʻlari buyurtmachi bilan mahsulot yetishtiruvchi oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasi qiymatining 40 foizidan kam boʻlmagan miqdorda buyurtmachi tomonidan mahsulot yetishtiruvchiga beriladi.
Bunda boʻnak mablagʻlari mahsulot yetishtirish uchun amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar muddatlaridan kelib chiqqan holda:
asosiy maydonlarga erta bahorda ekiladigan sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari, shuningdek meva va uzum yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil yetishtirilayotgan yilning 1-martiga qadar;
takroriy ekinlarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil yetishtirilayotgan yilning 10-iyuniga qadar;
kelgusi yil hosili uchun avgust-sentabr oylarida ekiladigan sabzavot ekinlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 1-avgustga qadar;
toʻqsonbosti usulida ekiladigan ekinlarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun 1-noyabrga qadar toʻliq ajratiladi.
6. Ajratiladigan boʻnak mablagʻlarining aniq miqdori buyurtmachi va mahsulot yetishtiruvchi oʻrtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalarida belgilanadi. Boʻnak miqdorini aniqlash uchun oʻzaro kelishilgan bozor narxlari asos qilib olinadi.
7. Mahsulot yetishtiruvchilarga ajratiladigan boʻnak quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflanadi:
urugʻlik va koʻchat xarid qilishga;
mineral oʻgʻitlar xarid qilishga;
oʻsimliklarni kimyoviy va biologik himoya qilish vositalarini xarid qilishga;
agrokimyoviy xizmatlar uchun toʻlovlarga;
yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini xarid qilishga;
elektr energiya toʻlovlariga;
MTPlar va qishloq xoʻjalik texnikasi mavjud boʻlgan boshqa xoʻjalik subyektlarining xizmatlari uchun toʻlovlarga;
suv isteʼmolchilari uyushmalari xizmatlari uchun toʻlovlarga;
tara-qadoqlash materiallarini xarid qilishga;
lizingga (moliyaviy ijaraga) olingan texnika vositalarining lizing toʻlovlariga;
ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga.
8. Mahsulot yetishtiruvchilarning maxsus hisobvaragʻiga kelib tushgan boʻnak mablagʻlari hisobidan mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan xarajatlarni moliyalashtirish mahsulot yetishtiruvchilarning toʻlov topshiriqnomalariga asosan taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalarning hisob varaqlariga oʻtkazib beriladi.
9. Mahsulot yetishtiruvchilarning taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar bilan tuzgan shartnomalariga muvofiq hosil yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan tovar-moddiy boyliklari va koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan “Oʻzagrokimyohimoya” AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan yetkazib beriladigan mineral oʻgʻitlar uchun toʻlovlar oldindan 100 foiz miqdorida amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
10. Mahsulot yetishtiruvchi maxsus hisobvaragʻiga kelib tushgan boʻnak mablagʻlaridan faqat mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan xarajatlarni moliyalashtirish maqsadlariga sarflashi shart.
11. Buyurtmachi tomonidan kontraktatsiya shartnomasiga asosan qabul qilib olingan mahsulotlar qiymati boʻyicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirishda ajratilgan boʻnak mablagʻlari chegirib qolinadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
12. Mahsulot yetishtiruvchi va buyurtmachi oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasi shartlarini bajarish Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-sentabrdagi 383-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat koʻrsatish tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Mahsulot yetishtiruvchi maxsus hisobvaragʻiga kelib tushgan boʻnak mablagʻlaridan mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilmagan maqsadlarda sarflaganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgardir.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
14. Buyurtmachi boʻnak mablagʻlarini mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan muddatlarda va kontraktatsiya shartnomasida kelishilgan miqdorda ajratmaganligi uchun javobgardir.
15. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
16. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati va Oʻzbekiston Fermerlari kengashi bilan kelishilgan.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
2017-yil 3-aprel
“Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi O. RUSTAMOV
2017-yil 29-mart
“Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Sh. RAXIMOV
2017-yil 29-mart
“Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi raisi Z. FAYZIYEV
2017-yil 30-mart
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A. ABDULLAYEV
2017-yil 30-mart
“Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi U. AXUNOV
2017-yil 31-mart
Oʻzbekiston Fermerlari kengashi raisi S. TURDIYEV
2017-yil 31-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 307-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)