O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish o‘rinlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatlarini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2776-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-aprel,
222-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-apreldagi 222-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalarini, boshqarish tartibini, shuningdek mablag‘larni shakllantirish va sarflash tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, shuningdek Jamg‘armani boshqarish kengashining qarorlariga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksiga bo‘ysunadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 400-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)
4. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida g‘aznachilik hisob raqamlariga, tijorat banklarida hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
5. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari mablag‘larni shakllantirish va sarflashning maqsadli yo‘naltirilganligi saqlanib qolgan holda O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradi, shuningdek Jamg‘armaning maxsus yig‘ma balansida aks ettiriladi.
6. Jamg‘arma joylashgan joy (pochta manzili): O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Istiqlol ko‘chasi, 29.
2-bob. Jamg‘armaning maqsadi, asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish dasturlarini (loyihalarini) hamda ularning zarur tarzdagi texnik holatiga va o‘tkazish qobiliyatiga erishishga yo‘naltirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni jamlash va ulardan samarali foydalanish Jamg‘arma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
8. Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantirish;
yo‘l xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlashning nomma-nom ro‘yxatlarini belgilangan tartibda kelishish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish.
9. Yuklangan vazifalardan kelib chiqib Jamg‘arma quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantirish sohasida:
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining har yillik balanslari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti loyihasiga kiritish uchun ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi;
xarajatlarning tasdiqlangan parametrlarini O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga, Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yetkazadi;
bo‘lajak yilga Jamg‘arma daromadlari parametrlarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda yillar va oylarga bo‘lib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga yetkazadi;
tushish manbalari va respublika mintaqalari bo‘yicha Jamg‘arma daromadlari, shuningdek Jamg‘arma xarajatlarining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Jamg‘armaga mablag‘larni yig‘ish va tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish ishlarini olib boradi;
daromadlar tushumi prognozi bajarilishini tahlil qiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda daromadlar tushumi prognozi bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan omillarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va tegishli organlarga kiritadi;
Jamg‘arma daromadlari shakllantirilishi tartibini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshiradi;
har yili 15-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi bilan birgalikda Rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan mablag‘larni o‘tkazish jadvalini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga Rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun uch yillik davrga mablag‘lar ajratish prognoz hajmlarini taqdim etadi.
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyuldagi 585-sonli qaroriga asosan o‘ninchi va o‘n birinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 09/18/585/1583-son)
b) yo‘l xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlashning nomma-nom ro‘yxatlarini belgilangan tartibda kelishish sohasida:
loyiha-qidiruv ishlari, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashning manzilli ro‘yxatlarini kelishadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlash uchun xarid qilinadigan texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar ro‘yxatini kelishadi;
v) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining markaziy apparatini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalarini saqlashga xarajatlar smetasini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlashga va joriy ta’mirlashga, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalari bo‘yicha tuman yo‘llardan foydalanish korxonalarini, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarini va ko‘priklardan foydalanish korxonalarini saqlashga xarajatlarning yig‘ma smetalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
g) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish sohasida:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlashning belgilangan tartibda tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlari asosida Jamg‘arma xarajatlarini, shuningdek umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlashga xarajatlarning yig‘ma smetalarini moliyalashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xalqaro va xorijiy moliya institutlarining qarzlarini jalb etish bo‘yicha qarorlariga muvofiq amaldagi investitsiya loyihalari bo‘yicha ijro etuvchi organ sifatida ish ko‘radi.
3-bob. Jamg‘armaning huquqi va vazifalari
10. Jamg‘arma quyidagi huquqlarga ega:
a) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
b) Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan belgilanadigan milliy valyutadagi bo‘sh mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish;
v) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan tuzilgan bosh bitim asosida xorijiy valyutadagi bo‘sh mablag‘larni xorijiy banklardagi depozitlarda joylashtirish;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq xalqaro va xorijiy moliya institutlarining qarzlarini jalb etgan holda amaldagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Jamg‘arma huzuridagi bo‘linmalar faoliyatini tashkil etish;
d) Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq shartnomalar tuzish;
e) quyidagilardan:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasidan — ajratmalar hisoblanganligi va tushumi, ortiqcha to‘langan summalar qaytarilishi summasi, Jamg‘armaga to‘lovlar bo‘yicha nedoimkalar miqdori to‘g‘risidagi tezkor hisobotni, har oylik hisobotlarni, ma’lumotlarni va boshqa ma’lumotlarni olish;
tijorat banklaridan — belgilangan tartibda Jamg‘arma depozitlari harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilardan — Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan buxgalteriya va statistika axborotini olish;
Jamg‘arma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Jamg‘arma:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda tushumlar turlari va respublika mintaqalari bo‘yicha Jamg‘armaning daromadlari prognozi bajarilishining holatini tahlil qilishga va daromadlarning normal tushishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan aniqlangan omillar asosida ularni bartaraf etish yuzasidan birgalikda choralar ko‘rishga;
avtomobil yo‘llari tarmog‘ini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash bo‘yicha xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishda, respublikaning avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha yagona investitsion va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga ko‘maklashishi shart.
4-bob. Jamg‘arma daromadlarini shakllantirish
12. Jamg‘arma daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq Jamg‘armaga to‘lanadigan majburiy ajratmalar va yig‘imlar;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
xayriya ehsonlari;
Jamg‘armaning milliy valyutadagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklaridagi depozitlarda va xorijiy valyutani xorijiy banklarning depozitlarida joylashtirishdan tushgan daromadlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 829-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/829/3832-son)
13. Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlarni to‘lash tartibi va ularning stavkalari miqdorlari har yili Davlat budjeti tasdiqlanishi bilan bir vaqtda belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan to‘lovchilarga yetkaziladi.
14. Jamg‘armaga tushumlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida ochilgan Jamg‘arma daromadlari bo‘yicha tegishli g‘aznachilik hisob raqamlari (2003 g‘aznachilik hisob raqami) orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahar bosh boshqarmasining Hisob-kitob-kassa markazida ochilgan yagona g‘aznachilik hisob raqamiga o‘tkaziladi.
15. Jamg‘armaga mablag‘larni yig‘ish va tushumlarning to‘liqligini nazorat qilishni ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Jamg‘arma mablag‘larini saqlash tartibi
16. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida va uning hududiy bo‘linmalarida:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, loyihalash, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlashga, shu jumladan jihozlashga (qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash uchun texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar xarid qilish);
Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining markaziy apparatini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalarini, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalarini, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarini va ko‘priklardan foydalanish korxonalarini saqlashga xizmat ko‘rsatiladigan shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlari orqali sarflanadi.
har oyda tegishli oyning 1-sanasigacha bo‘lgan muddatda navbatdagi oy uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga Rivojlanish davlat dasturiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablag‘lar doirasida mablag‘lar o‘tkazadi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyuldagi 585-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 09/18/585/1583-son)
17. Jamg‘arma mablag‘larini sarflash bo‘yicha:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash yuzasidan — “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash yuzasidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari huzuridagi “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DUK;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, joriy ta’mirlash, ularda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish ishlarini amalga oshirish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini foydalanish ehtiyojlari uchun jihozlash (texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar xarid qilish) yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hududiy avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari buyurtmachilar hisoblanadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Jamg‘armani boshqarish kengashi qarori bilan Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi boshqa tashkilotlarga ham yuklanishi mumkin.
18. Jamg‘armaning valyuta mablag‘lari belgilangan tartibda:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun import bo‘yicha yo‘l texnikasi, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallar xarid qilish bo‘yicha Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va hududiy bosh boshqarmalarning xarajatlarini moliyalashtirishga;
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, uning bo‘linmalari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Jamg‘armaning malakali kadrlarini chet elda yoki xorijiy mutaxassislarni respublikaga taklif qilib tayyorlashga;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun Jamg‘arma tomonidan jalb etilgan xorijiy qarzlarni qaytarishga;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda xorijiy valyutani milliy valyutaga konvertatsiya qilish yo‘li bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashni moliyalashtirishga sarflanadi.
19. Avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga Jamg‘armaning maxsus g‘aznachilik hisob raqamidan tushayotgan pul mablag‘larini o‘tkazish va ulardan maqsadli foydalanish uchun tegishli foydalanish korxonalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan banklarda 22626 — “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablag‘lari” maxsus moliyalashtirish hisob raqamlari ochiladi.
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish rejalashtirilgan choraklik hajmning 15 foizi miqdorida avans berish yo‘li bilan amalga oshiriladi, keyinchalik tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida ajratilgan avans to‘lovlari har oyda chegirib tashlangan holda amalda bajarilgan ishlar oyma-oy moliyalashtiriladi.
20. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlashni moliyalashtirish belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar va xarajatlar smetalari asosida har bir obyekt bo‘yicha qat’iyan mablag‘lar limitlari doirasida amalga oshiriladi.
Jamg‘armaning umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlashga yo‘naltiriladigan mablag‘laridan Jamg‘arma bilan kelishuv bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlarning yig‘ma smetalari asosida shakllantiriladigan xarajatlar smetalariga qat’iy amal qilib foydalaniladi.
21. Avtomobil yo‘llarini va boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha ishlarni bajarishga buyurtmachi bilan pudrat tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomada hamda unga ilova qilinadigan moliyalashtirish jadvalida:
ishlar hajmlari bajarilishi mobaynida moliya yili oxirigacha har oyda chegirib tashlangan holda joriy (prognozlashtirilayotgan) yilga ishlarning shartnoma qiymatining kamida 15 foizi miqdorida avans to‘lovlari;
ajratilgan avans to‘lovlari har oyda chegirib tashlangan holda ishlar qiymatining kamida 95 foizi miqdorida amalda bajarilgan ishlardan kelib chiqib joriy oyma-oy moliyalashtirish;
shartnomada qayd etilgan kafolat muddati tamom bo‘lgandan keyin besh foiz miqdorigacha qolgan qismini to‘lash nazarda tutilishi kerak.
22. Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, saqlash va joriy ta’mirlash uchun texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar xarid qilish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritiladi.
23. Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari va ular bo‘yicha tegishli ijobiy ekspert xulosalari mavjud bo‘lishi obyektlarni yo‘l xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashning manzilli ro‘yxatlariga kiritishning majburiy sharti hisoblanadi.
24. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun zaxirada nazarda tutilgan Jamg‘arma mablag‘larini sarflash Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
25. Jamg‘armaning valyuta mablag‘lari hisobiga to‘lanadigan yo‘l-ta’mirlash va qurilish texnikasi, asbob-uskunalar va ularga ehtiyot qismlarni import qilishga barcha kontraktlar majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
26. Jamg‘armaning mablag‘lari xatlanmaydi, olib qo‘yilmaydi yoki umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlarga sarflanmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Joriy yilda foydalanilmaydigan mablag‘lar olib qo‘yilmaydi va maqsadli vazifaga muvofiq keyingi davrda sarflanadi.
6-bob. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini ko‘rib chiqish va tasdiqlash
27. Manbalar va bo‘lajak yilda foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari tasnifi asosida ishlab chiqiladi.
28. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar har yili 1-iyundan kech bo‘lmagan muddatda Jamg‘armaga zarur ma’lumotlarni taqdim etadilar, ular asosida Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi har yili 15-iyundan kech bo‘lmagan muddatda Jamg‘armani boshqarish kengashi bilan kelishgan holda joriy yilga kutilayotgan ijroni va kelgusi yilga Jamg‘arma xarajatlari prognozini belgilaydi.
29. Kelgusi yilga tushumlar manbalari bo‘yicha daromadlar prognozi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha oldingi yilda Jamg‘armaga mablag‘larning amaldagi tushumi va daromadlar manbalari bo‘yicha joriy yilda kutilayotgan tushumlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha Jamg‘armaga ajratmalar va yig‘imlar bo‘yicha hisobot moliya yili oxirida yuridik shaxslarning kreditorlik qarzlari hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasining maqroiqtisodiy ko‘rsatkichlari asosida bevosita Jamg‘arma tomonidan ishlab chiqiladi.
30. Foydalanishning asosiy yo‘nalishlari va respublika hududlari bo‘yicha kelgusi yilga taqdim etiladigan xarajatlar prognozi oldingi yilda haqiqatda foydalanilgan mablag‘lar va asosiy yo‘nalishlar (avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash) hududlar bo‘yicha joriy yilga tasdiqlangan prognozlar bilan taqqoslanib joriy yilning birinchi choragida kutilayotgan mablag‘lardan foydalanish hisobga olingan holda Jamg‘arma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar bilan birgalikda belgilanadi. Bunda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun zaxira (xarajatlar yillik hajmining kamida 3 foizi miqdorida) hosil bo‘lishi nazarda tutiladi.
31. Jamg‘arma ishlab chiqilgan kelgusi yilga daromadlar va xarajatlarning prognozini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga joriy yilning 1-iyulidan kechikmay qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etadi.
32. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining aniqlashtirilgan prognozi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelgusi yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy parametrlari prognozi bilan bir vaqtda kiritiladi.
33. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlangandan, shuningdek kelgusi yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi tegishli qaror qabul qilingandan keyin Jamg‘arma besh kun muddatda:
yil choraklari va hududlar bo‘yicha bo‘lib chiqqan holda kelgusi yilga Jamg‘arma daromadlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga;
yil choraklari va oylar bo‘yicha bo‘lib chiqqan holda kelgusi yilga Jamg‘arma xarajatlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini (yo‘nalishlar) yetkazadi.
34. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda daromadlarning tasdiqlangan parametrlari olingan kundan boshlab bir hafta muddatda chorakma-chorak bo‘lib chiqib va respublika mintaqalari bo‘yicha manbalar bo‘yicha daromadlarning yillik prognozini belgilaydi va uni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat soliq boshqarmalariga yetkazadi.
35. Jamg‘arma xarajatlari prognozi olingan kundan boshlab bir oy muddatda kelgusi yilga belgilangan tartibda:
a) Jamg‘arma mablag‘larini sarflash bo‘yicha buyurtmachilar:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Jamg‘arma bilan kelishilgan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilishning manzilli ro‘yxatlarini va umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlash uchun xarid qilinadigan texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar ro‘yxatini;
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma bilan kelishilgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma bilan kelishilgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini tugatish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishning manzilli ro‘yxatlarini;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlash uchun xarid qilinadigan texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar bo‘yicha xarajatlar smetasini;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlashga, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari bo‘yicha tuman yo‘llardan foydalanish korxonalarini, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarini va ko‘priklardan foydalanish korxonalarini saqlashga xarajatlarning yig‘ma smetalarini tasdiqlaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining markaziy apparatini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududiy avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalarini, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalarini, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarini va ko‘priklardan foydalanish korxonalarini saqlashga xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Davlat inspeksiyasini saqlashga xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
g) Jamg‘arma xarajatlar smetalarini kelishadi va ro‘yxatdan o‘tkazadi, shuningdek ularni tegishli shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamiga kiritadi.
36. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlashga xarajatlarning tasdiqlangan yig‘ma smetasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va uning hududiy bosh boshqarmalari normativ mezonlarni qo‘llash yo‘li bilan va avtomobil yo‘llarining toifasi, ahamiyati va masofasiga qarab tegishli foydalanish korxonalari bo‘yicha Jamg‘armaning xarajatlari prognozini taqsimlaydi va ularga xizmat ko‘rsatishga kontraktlar tuzadi.
7-bob. Jamg‘armaga majburiy ajratmalarni to‘lash, ortiqcha to‘langan summalarni hisobga olish va qaytarish tartibi
37. Majburiy ajratmalarni hisoblab chiqish, hisob-kitobni taqdim etish va to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
38. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tarkibiga kiradigan, yuridik shaxslar hisoblanmagan tarkibiy bo‘linmalar Jamg‘armaga ajratmalarni tuman (shahar) davlat soliq xizmati organlarining g‘aznachilik hisob raqamlariga o‘tkazadilar, ular davlat soliq xizmati organlariga budjetga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etadilar.
39. Avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘langan yig‘imlar bo‘yicha ortiqcha to‘langan summani qaytarish to‘lovchining arizasi asosida tuman (shahar) davlat soliq xizmati organining xulosasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli organi ma’lumotnomasi taqdim etilganda tegishli tuman (shahar) moliya organi tomonidan amalga oshiriladi. Qaytarish ariza berilgan kundan boshlab o‘ttiz ish kuni mobaynida to‘lovchilarning mablag‘lari o‘tkazilgan tegishli tuman (shahar) davlat soliq xizmati organining g‘aznachilik hisob raqamidan to‘lovchining hisob raqamiga amalga oshiriladi.
Xorijiy avtotashuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishda va tranzit o‘tishda to‘langan yig‘imlar bo‘yicha ortiqcha to‘langan summani qaytarish to‘lovchining ortiqcha to‘lov to‘g‘risida tegishli bojxona organining va yig‘im to‘langan xizmat ko‘rsatuvchi bankning ma’lumotnomasi bilan tasdiqlangan arizasi asosida Jamg‘arma tomonidan to‘lovchining hisob-kitob raqamiga o‘tkaziladi.
40. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi har oyda belgilangan muddatlarda Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha hisobot oyidan keyingi oyning 1-kunidagi holat bo‘yicha hisoblangan va tushgan to‘lovlar, shuningdek Jamg‘armaga majburiy to‘lovlar turlari bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘risidagi tezkor hisobotni taqdim etadi.
41. Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlar bo‘yicha imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, boshqa qonunlarga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq taqdim etiladi.
8-bob. Jamg‘armani boshqarish kengashi
42. Jamg‘armani boshqarish kengashi Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Jamg‘armani boshqarish kengashi tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
43. Jamg‘armani boshqarish kengashi:
Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirishning belgilangan tartibda tasdiqlangan dasturlaridan (loyihalaridan), shuningdek ularga kompleks xizmat ko‘rsatishni, ularning zarur texnik holatini va o‘tkazish layoqatini ta’minlash tadbirlaridan kelib chiqib Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Jamg‘arma xarajatlarining asosiy yo‘nalishlari, mablag‘lardan foydalanish ustuvorliklari to‘g‘risidagi takliflarini ko‘rib chiqadi;
Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasining amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ishtirokida Jamg‘armaga to‘lovlarning to‘liqligini va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash masalalari bo‘yicha ayrim vazirliklar va idoralarning hisobotlarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ishtirokida Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilarning Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarini shakllantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida takliflar kiritadi;
zarurat bo‘lganda Jamg‘armaning daromadlari (manbalar bo‘yicha) va xarajatlari prognoz parametrlariga umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida o‘zgartirish va aniqliklar kiritadi;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashning manzilli dasturiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi;
Jamg‘arma mablag‘larini umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarga yo‘naltirish masalalarini ko‘rib chiqadi;
Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlarini belgilaydi;
Jamg‘arma daromadlaridan foydalanish va xarajatlari bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
44. Jamg‘armani boshqarish kengashining majlislari zaruriyatga ko‘ra, biroq yil choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
Jamg‘armani boshqarish kengashining qarorlari Kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda Jamg‘armani boshqarish kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
45. Jamg‘armani boshqarish kengashining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
9-bob. Jamg‘armaning ijro etuvchi organi
46. Ijro etuvchi direksiya Jamg‘armaning ijro etuvchi organi hisoblanadi, uning boshqaruv tuzilmasi va xodimlari soni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda belgilanadi.
Ijro etuvchi direksiyani saqlash budjet tashkilotlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
47. Ijro etuvchi direksiya Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida buxgalteriya hisobotini tuzadi va Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyin belgilangan muddatlarda uni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi.
48. Ijro etuvchi direksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijro etuvchi direktor boshchilik qiladi va maqomi bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
(48-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyuldagi 472-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 28-son, 649-modda)
49. Ijro etuvchi direktorning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Ijro etuvchi direktor tomonidan lavozimga tayninlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan o‘rinbosari bo‘ladi.
50. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direktori:
Jamg‘arma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Jamg‘armaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Jamg‘armaning shtat jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamg‘arma xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayninlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Jamg‘armani boshqarish kengashi bilan kelishgan holda xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida tuzilmaga o‘zgartirishlar kiritadi;
Jamg‘arma mablag‘larini yig‘ish va sarflash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
10-bob. Jamg‘armaga majburiy ajratmalarni hisoblash va ularning tushishi va Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishni hisobga olish, hisobot berish va nazorat qilish
51. Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi belgilangan tartibga muvofiq buxgalteriya hisobi yuritilishi, Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tuzilishi va taqdim etilishi uchun javob beradi.
Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechikmay:
o‘z faoliyati to‘g‘risida — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksiga hisobot;
(51-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 400-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakl bo‘yicha Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
52. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi:
Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlar hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazorat qilinishini;
to‘lovlar bo‘yicha Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlar hisobi yuritilishini;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan Jamg‘armaga majburiy ajratmalar hisoblanishi va to‘lanishining to‘g‘riligini tekshirish davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilishini ta’minlaydilar.
53. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechikmay Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasiga hisobot davridan keyingi oyning 1-kunidagi holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek vazirliklar va idoralar bo‘yicha Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlar hisoblanishi va tushgan summalar, shuningdek ushbu ajratmalar va yig‘imlar yuzasidan qarzdorlik to‘g‘risida tezkor hisobotni taqdim etadilar.
Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasidan Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘im to‘lanishidan mablag‘lar tushumiga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rash huquqiga ega.
54. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha boshqa buyurtmachilar har oyda, hisobot davridan keyingi oyning 5-kunidan kechikmay Jamg‘arma tomonidan tasdiqlangan shakl bo‘yicha Jamg‘armaning avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga va yo‘l xo‘jaligini jihozlashga, shuningdek umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlashga ajratilgan mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisobotlarni taqdim etadilar.
55. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda respublika mintaqalari bo‘yicha Jamg‘armaga majburiy ajratmalar va yig‘imlar tushumidan Jamg‘armaning daromadlari prognozi bajarilishining holatini tahlil qiladi hamda daromadlarning o‘z vaqtida va to‘liq tushishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan aniqlangan omillar asosida ularni bartaraf etish yuzasidan birgalikda chora-tadbirlar ko‘radi.
56. Jamg‘arma mablag‘laridan asosli va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
57. Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi:
avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha bajarilgan ishlar va amalga oshirilgan kassa xarajatlari to‘g‘risida — O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilarning hisobot ma’lumotlari;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va joriy ta’mirlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining markaziy apparatini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalarini, tuman yo‘llardan foydalanish korxonalarini, yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarini va ko‘priklardan foydalanish korxonalarini saqlash bo‘yicha bajarilgan ishlar va amalga oshirilgan kassa xarajatlari to‘g‘risida — O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining hisobot ma’lumotlari;
bajarilgan ishlar va Davlat inspeksiyasini saqlashga amalga oshirilgan kassa xarajatlari to‘g‘risida — Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining hisobot ma’lumotlari asosida Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanilishi monitoringini olib boradi.
58. Jamg‘armaning Ijro etuvchi direksiyasi:
Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan Jamg‘armaga tegishli hisobotlarni taqdim etilmagan yoki tekshirilmagan yoxud ishonchli bo‘lmagan hisobotlar taqdim etilganda — ular taqdim etilgungacha bo‘lgan muddatga;
Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan xarajatlar smetalari belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda — ular taqdim etilgungacha bo‘lgan muddatga;
Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan nazarda tutilgan ajratiladigan mablag‘larni o‘zgartirishga so‘rovlar kelishish uchun taqdim etilgan hollarda — ular tomonidan so‘rovlar asosida tayyorlangan xarajatlar smetalariga barcha tegishli o‘zgarishlar taqdim etilishigacha bo‘lgan muddatga va ular muvaffaqiyatli solishtirilgan yoki o‘zgartirishlar kiritish rad etilishi to‘g‘risida Jamg‘armaning yozma bildirishnomasi bo‘lganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda budjet tasnifi xarajatlarining tegishli bo‘limlari, boblari, paragraflari va moddalari bo‘yicha buyurtmachilarning Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha xarajatlarini to‘xtatib qo‘yish huquqiga egadir.
59. Tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Jamg‘arma mablag‘laridan qat’iy maqsadli va samarali foydalanilishi uchun javobgarlik Jamg‘arma mablag‘lari sarfi bo‘yicha buyurtmachilarning rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
11-bob. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish
60. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 17-son, 294-modda, 28-son, 649-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son, 27.07.2018-y., 09/18/585/1583-son, 30.09.2019-y., 09/19/829/3832-son)