Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi PF-5643-sonli “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, yillik investitsiya dasturlarini sifatli ishlab chiqish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, yetakchi chet el kompaniyalari va bank tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jalb etiladigan chet el investitsiyalari samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uning hududiy boʻlimlari tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun masʼul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga investitsiyalar kiritish hajmini kengaytirishni ragʻbatlantirish, respublikada investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat investitsiya, jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb qilish siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish sohasidagi meʼyoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining yillik Investitsiya dasturlari va hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va monitoring qilishda ishtirok etish, xorijiy investitsiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik koʻmaklashishga qaratilgan mablagʻlarni jalb etish uchun investitsiya takliflari boʻyicha yagona bazasini yuritish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, chet el banklari, jamgʻarmalari, agentliklari, kompaniyalari va boshqa xalqaro huquq subyektlari bilan investitsiya sohasidagi hamkorligini oʻzaro manfaatli asosda rivojlantirish va hamkorlik yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilash va amalga oshirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va chet el investorlari bilan investitsiya sohasidagi hamkorlikni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari, xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, yetakchi xorijiy kompaniya va bank tuzilmalari bilan investitsiya sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalarini oʻrnatilgan tartibda tayyorlash, kelishish va imzolashda ishtirok etish;
tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi kompleks dasturlar, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy sohalardagi infratuzilmalarni rivojlantirish dasturlari bilan bogʻliq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar, avvalambor toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik koʻmaklashishga qaratilgan mablagʻlarni jalb etish;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini tizimli nazorat qilish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek, investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari qanday bajarilayotganini tahlil qilish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish asosida mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
xalqaro tashkilotlar va xorijiy hukumatlar moliya institutlarining jalb etiladigan kredit resurslari va texnik koʻmaklashishga qaratilgan mablagʻlar (grantlar), Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan yoʻnaltiriladigan markazlashtirilgan investitsiyalardan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiya salohiyati toʻgʻrisida xorijiy investorlarni keng xabardor qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasida va chet ellarda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsiya forumlari oʻtkazilishini tashkil etish;
iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallarni xarid qilish uchun tender (tanlov) savdolari oʻtkazish va ularning yakunlari boʻyicha gʻoliblarni aniqlashda ishtirok etish, ishlab chiqarish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatdoshligi, energiya va resurs tejamkorligi boʻyicha zamonaviy talablarga, ekologik standartlarga javob beradigan ilgʻor texnologiya hamda uskunalar boʻyicha jahon bozoridagi vaziyatning chuqur tahlilidan, taklif etilgan narxlarning dunyo bozoridagi oʻrtacha baho va yuzaga kelgan bozor konyunkturasiga mos kelishi, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalar qiymati taklif etiladigan texnologiyaga qanchalik muvofiq ekanidan kelib chiqqan holda, tender hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va tender takliflarini baholashda qatnashish, zarurat tugʻilganda, oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolari natijalarini rad etish, tender natijalariga koʻra tuzilgan import shartnomalarini bekor qilish boʻyicha takliflar kiritish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida sotib olinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx koʻrsatkichlari, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalarning qiymat koʻrsatkichlariga doir import shartnomalarini tizimli asosda puxta ekspertizadan oʻtkazish;
Keyingi tahrirga qarang.
mamlakatimiz loyiha institutlari va tashkilotlarining investitsiya loyihalari, avvalo xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari boʻyicha loyihadan oldingi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan va meʼyoriy-huquqiy xususiyatga ega boʻlgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, xoʻjalik subyektlari tomonidan bajarilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov rahbarlik qiladigan Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari va xalqaro hamda xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakili lavozimi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi nomenklaturasiga kiradi;
savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilar oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga hisobot beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilari, xalqaro va xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisining buyrugʻiga asosan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirishga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hamda ilgʻor texnologiyalarni, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun texnik koʻmaklashish mablagʻlari (grantlar) va imtiyozli kreditlarni jalb etish boʻyicha bajarilgan ishlar toʻgʻrisida tahliliy materiallar, hisobotlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiya sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirishga doir takliflarni har chorakda muntazam taqdim etib borishi shart.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga oʻtkazilsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra, 2017-yilning 1-iyunidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi zimmasiga investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar yetkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma boʻyicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan oʻtkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari quyidagilarni nazarda tutgan holda yuklatilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb etilgan kreditlar (qarz mablagʻlari) hisobidan moliyalashtiriladigan;
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan birgalikda moliyalashtiriladigan;
ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ziyod boʻlgan xoʻjalik subyektlari tomonidan xorijiy investitsiyalar (kreditlar) hisobidan tayyor holda topshiriladigan loyihalar boʻyicha xarid qilinadigan loyihalar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining quyidagi vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga oʻtkazilsin:
bitta shartnoma boʻyicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ziyod boʻlgan investitsiya loyihalari, jumladan, tayyor holda topshiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx koʻrsatkichlariga doir import shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender natijalari boʻyicha tuzilgan import shartnomalarini buyurtmachi bank kafolatini olganini tasdiqlaganidan keyin amaldagi qonunchilikka muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 456-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilish boʻyicha tender savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomning 55- va 62-bandlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-martdagi “Investitsiya loyihalarining loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish sifatini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-2836-sonli qarorining 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida tashkil etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalarni joriy etuvchi guruhlar xodimlari, shuningdek, investitsiya loyihalari tashabbuskori boʻlgan vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari mutaxassislarini tender hujjatlarini tayyorlash, kelib tushadigan tender takliflarini baholash jarayonlariga jalb qilish hamda ularni kelishgan holda tender komissiyalari tarkibiga kiritish huquqi berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida Tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi tarkibini qayta tasdiqlasin va unga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi rahbarlarini idoralararo tender komissiyalari raislarining oʻrinbosarlari sifatida albatta kiritsin hamda Idoralararo tender komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tubdan qayta koʻrib chiqsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender (tanlov) savdolari oʻtkazish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga doir takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-mart,
PF-4996-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 14-son, 215-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 08.06.2018-y., 06/18/5457/1324-son)