Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Respublika ipakchilik tarmogʻi korxonalarini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yuqori sifatli ipak qurti pillasi ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, respublika ipakchilik tarmogʻi korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Oʻzbekyengilsanoat” AJning pillakashlik korxonalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ipak qurtining jonlanish, hosildorlik va texnologik xususiyatlari yuqoriroq koʻrsatkichlarga ega urugʻini pilla yetishtiradigan xoʻjaliklarda boqish uchun yetishmaydigan hajmlarda har yili import qiladi;
import qilinadigan ipak qurti urugʻi “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylab qoʻyiladi va keyinchalik xorijiy yetkazib beruvchilar bilan xom ipak tolasi hamda pillani qayta ishlash chiqindilari orqali oʻzaro hisob-kitob qilinadi.
2. “Oʻzbekyengilsanoat” AJning pillakashlik korxonalari ixtiyorida qoladigan, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi ostida olib kirilgan ipak qurti urugʻi hajmlarini qayta ishlashdan keyin vujudga keladigan va “erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimiga qoʻyilgan qayta ishlangan mahsulotlar va chiqindilar (TIF TN kodi 5001, 5002, 5003) ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha 2018-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun qayta ishlangan mahsulotlar va chiqindilar hajmlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekyengilsanoat” AJ bilan kelishilgan holda ipak qurti urugʻini olib kirgan “Oʻzbekyengilsanoat” AJning pillakashlik korxonasi bilan pilla tayyorlash korxonasi oʻrtasida imzolanadigan solishtirma dalolatnomalari asosida belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
4. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-mart,
F-4881-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-martdagi F-4881-son farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
“Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi ostida olib kirilgan ipak qurti urugʻi hajmlarini qayta ishlashdan keyin vujudga keladigan va “erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimiga qoʻyilgan qayta ishlangan mahsulotlar va chiqindilar (TIF TN kodi 5001, 5002, 5003) uchun 2018-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladigan “Oʻzbekyengilsanoat” AJning pillakashlik korxonalari
ROʻYXATI
|
T/r |
Korxonalar nomi |
2017-yilda ipak qurti urugʻini olib kirish hajmi |
|
1. |
“Silver Silk Company” MChJ QK |
150 ming quti (300 ming kasseta) |
|
2. |
“Inter Silk Pro” MChJ QK |
75 ming quti (150 ming kasseta) |
|
3. |
“Verigrow Ipagi” MChJ XK |
15 ming quti (30 ming kasseta) |
|
4. |
“Singapore-Samarkand” MChJ XK |
10 ming quti (20 ming kasseta) |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 13-son, 206-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)