Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan saylov okruglaridagi uchrashuvlarini boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamentining 65 va 244-moddalariga muvofiq siyosiy partiyalar fraksiyalari Kengash bilan hamkorlikda har yili deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun moʻljallangan vaqtni belgilaydi. Qoida tariqasida, deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun mart, iyun, sentyabr oylarining soʻnggi oʻn kunligida, shuningdek dekabr oyining ikkinchi oʻn kunligida oʻn kungacha vaqt ajratiladi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida saylovchilar bilan 2016-yil sentyabr oyiga belgilangan uchrashuvlarini kechroq muddatga oʻtkazish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi murojaatlarini eʼtiborga olib, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanganligini va mamlakatimizdagi partiyalarning mazkur kampaniya munosabati bilan oʻtkazilayotgan muhim siyosiy tadbirlarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida saylovchilar bilan 2016-yilning sentyabr oyiga belgilangan uchrashuvlarini boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglarida saylovchilar bilan 2016-yilning sentyabr oyiga belgilangan uchrashuvlari kechroq muddatlarga koʻchirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Ketmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashini, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 19-sentabr,
573-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-y., 9-son, 299-modda)