O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2865]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 264-mh-sonli “Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2919, 28.08.2017-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hay’atining 2017-yil 28-fevraldagi 3/17-sonli qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi (A. Ochilov) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari N. Jo‘rayev zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-fevral,
43-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 43-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlarini martaba darajasi berish uchun attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tushuniladi.
2. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlariga maxsus unvon — martaba darajalari o‘tkazilgan attestatsiya natijalari, malakasi va ish stajiga muvofiq, egallab turgan lavozimini, oldingi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlarni, shuningdek qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasidagi xizmatlarini hisobga olgan holda tegishlicha:
davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlariga davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati xodimlariga tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyalari bo‘yicha izchil tartibda beriladi.
Maxsus unvon — martaba darajalari O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra ham berilishi mumkin.
3. Maxsus unvon — martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi va uning shu’balari tomonidan tashkillashtiriladi.
4. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatining martaba darajasida belgilangan muddatda xizmat qilgan, lekin xizmat faoliyatida yoki xulq-atvorida jiddiy kamchiliklarga ega bo‘lgan xodimlari navbatdagi maxsus unvon — martaba darajasiga bir yilgacha tavsiya etilmaydi.
5. Adliya organlari va muassasalarida ishlagan, maxsus unvon — martaba darajasiga ega bo‘lgan xodimlar davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga ishga qabul qilinganda adliya vaziri tomonidan berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimi sifatida ishlagan, adliya vaziri tomonidan berilgan maxsus unvon — martaba darajasiga ega bo‘lgan shaxslar adliya organlariga ishga qabul qilinganda, ularga berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
2-bob. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga martaba darajalarini berish
6. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari to‘g‘risidagi nizomga asosan beriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri:
a) ishda alohida o‘rnak ko‘rsatganligi yoki xizmat burchini namunali ijro etganligi uchun oldingi martaba darajasida xizmat qilishning belgilangan muddati tamom bo‘lgunga qadar martaba darajasi berishga;
b) izchillikka rioya qilmagan holda, lekin xodim yuqori lavozimga ko‘tarilayotganda ega bo‘lgan martabadan ikki daraja yuqori bo‘lmagan martaba darajasi berishga;
v) birinchi marta attestatsiyadan o‘tayotgan xodimlarga ular egallab turgan lavozim bo‘yicha nazarda tutilganidan bir daraja past martaba darajalari berishga haqlidir.
8. Martaba darajalarini berish uchun davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari (xodim O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra martaba darajalariga tavsiya etilgan hollar bundan mustasno) tomonidan tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga taqdimnoma bilan murojaat qilinadi. Mazkur taqdimnomaga xodimning kasbiy faoliyati, ishchanlik va axloqiy jihatlari aks ettirilgan ma’lumot-tavsifnoma ilova qilinadi.
Ma’lumot-tavsifnomada xodimning amaldagi martaba darajasi (agar mavjud bo‘lsa), so‘nggi ikki yil davomidagi ish sifati va ko‘rsatkichlari, qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlari, sudlardagi ishtiroki, xulqi, kasbiy-axloqiy tomonlari, mehnat faoliyati davomidagi yutuqlari va boshqa muhim masalalar ko‘rsatiladi.
Ma’lumot-tavsifnoma davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari tomonidan imzolanadi.
9. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra yuridik xizmat xodimi martaba darajasiga tavsiya etilganda, ma’lumot-tavsifnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi.
10. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlarining maxsus unvon — martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘iga asosan tuziladigan Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasi (bundan buyon matnda attestatsiya komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Maxsus unvon — martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish yuridik xizmat xodimining navbatdagi attestatsiyadan o‘tishi deb hisoblanmaydi hamda attestatsiyadan o‘tish muddatining uzaytirilishiga asos bo‘lmaydi.
3-bob. Attestatsiya komissiyasining faoliyati
11. Attestatsiya komissiyasining faoliyati qonuniylik, odillik, xolislik, beg‘arazlik va kollegiallik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
12. Maxsus unvon — martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlar tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi yoki uning shu’balari tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda tegishli takliflar bilan attestatsiya o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish uchun attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
13. Martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tegishli hujjatlar attestatsiya komissiyasiga taqdim etilgan kundan boshlab bir oy ichida amalga oshiriladi, martaba darajasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra berilgan yoki attestatsiya komissiyasida kvorum bo‘lmagan hollar bundan mustasno.
Attestatsiya komissiyasi yig‘ilishida martaba darajasiga tavsiya etish masalasi ma’lumot-tavsifnomada keltirilgan ish faoliyati natijalari, kasbiy tayyorgarlik darajasi inobatga olingan holda yuridik xizmat xodimining ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.
Zarur hollarda, martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar attestatsiya komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkazilishi mumkin.
14. Hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha komissiya tomonidan quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
nomzodga martaba darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
nomzodga martaba darajasi berish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida.
15. Attestatsiya komissiyasining xulosasi komissiya ishida a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya natijalari komissiya majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
16. Attestatsiya komissiyasining xulosasi martaba darajasini berish masalasini hal qilish uchun tegishli hujjatlar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziriga taqdim etiladi.
17. Yuridik xizmat xodimlariga maxsus unvon — martaba darajalarini berish O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi tomonidan mazkur buyruq asosida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining ma’lumotlari bazasiga tegishli yozuv kiritiladi.
18. Maxsus unvon — martaba darajasi berish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri buyrug‘i tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi. Mazkur buyruq nusxasi yuridik xizmat xodimining shaxsiy jildiga tikib qo‘yilishi lozim.
19. Davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar sohasiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalari tomonidan yuridik xizmat xodimlarining maxsus unvon — martaba darajalari har chorakda kamida bir marta xatlovdan o‘tkazilishi, belgilangan muddatlarda xodimni navbatdagi maxsus unvon — martaba darajasiga tavsiya etish uchun rahbarga axborot taqdim etib borilishi kerak.
Martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlar oyning 15-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarini martaba darajalariga tavsiya etish borasidagi ishlarni muntazam ravishda tahlil qilib boradi.
Tahlil natijalari bo‘yicha yuridik xizmatlar xodimlarini maxsus unvon — martaba darajasiga tavsiya etish masalasini ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilinishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoida
21. Xodimlarni o‘z vaqtida va muddatida, shuningdek muddatidan ilgari martaba darajalariga tavsiya etish yuzasidan ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi borasida mas’uliyat shaxsan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 9-son, 141-modda)