Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toʻqimachilik asbob-uskunalarining asosiy turlarini yetkazib berishga shartnomalarni (kontraktlarni) ekspertizadan oʻtkazish va ularning zamonaviy texnologik talablarga va jahon narxlari darajasiga muvofiqligi yuzasidan xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-maydagi 286-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toʻqimachilik asbob-uskunalarining asosiy turlarini yetkazib berishga shartnomalarni (kontraktlarni) ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-martdagi 77-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 3-son, 18-modda) bilan tasdiqlangan Toʻqimachilik asbob-uskunalarining asosiy turlarini yetkazib berishga shartnomalarni (kontraktlarni) ekspertizadan oʻtkazish va ularning zamonaviy texnologik talablarga va jahon narxlari darajasiga muvofiqligi yuzasidan xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-fevral,
83-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-fevraldagi 83-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Toʻqimachilik asbob-uskunalarining asosiy turlarini yetkazib berishga shartnomalarni (kontraktlarni) ekspertizadan oʻtkazish va ularning zamonaviy texnologik talablarga va jahon narxlari darajasiga muvofiqligi yuzasidan xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Toʻqimachilik (paxta tolasini hamda toladan olingan mahsulotlarni qayta ishlovchi) asbob-uskunalarining asosiy turlarini (TIF TN boʻyicha kodlari 8445, 8446, 8447) yetkazib berishni nazarda tutuvchi shartnomalar (kontraktlar) (keyingi oʻrinlarda shartnoma (kontrakt) deb ataladi) Agentlikda ekspertizadan oʻtkazilishi kerak.
2016-yil 1-martgacha tuzilgan, ular boʻyicha toʻlov amalga oshirilgan va/yoki toʻqimachilik asbob-uskunalari yuklab joʻnatilgan shartnomalar (kontraktlar) va ularga qoʻshimcha bitimlar Agentlikda ekspertizadan oʻtkazilmaydi.
Agentlikda ekspertizadan oʻtkaziladigan shartnomalarga (kontraktlarga) sotib olinadigan toʻqimachilik asbob-uskunasining texnik parametrlari, toʻqimachilik asbob-uskunalari qiymati va/yoki shartnomalar (kontraktlar) shartlari oʻzgarishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha bitimlar ham ushbu Nizom talablariga muvofiq Agentlikda ekspertizadan oʻtkazilishi kerak”.
2. 4-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“v) tanlov varaqasini yoki asosiy texnik-texnologik parametrlarni (unumdorligini, energiya samaradorligini) hamda ariza beruvchining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan toʻqimachilik asbob-uskunasi narxi parametrlarini qiyoslash asosida tuzilgan, shartnoma (kontrakt) tuzilgan sanada amal qiluvchi tasdiqlovchi hujjatlarni, shu jumladan tijorat takliflari yoki prays-varaqlarni yoki invoyslarni ilova qilgan holda kontraktda koʻrsatilgan narxning asoslanishini.
Bunda barcha tasdiqlovchi hujjatlarda muqobil takliflarni taqdim etuvchi tashkilotlarning pochta manzillari (joylashgan joyi) va aloqa rekvizitlari boʻlishi kerak”.
3. 6-bandda:
“b” kichik bandning birinchi jumlasidagi “uning nusxasi (tartib raqami qoʻyilgan, ip oʻtkazib tikilgan” soʻzlari “shartnoma (kontrakt)ning va unga qoʻshimcha barcha bitimlarning (tartib raqami qoʻyilgan, ip oʻtkazib tikilgan, tasdiqlangan) nusxalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“v” kichik banddagi “tovar nomenklaturasi” soʻzlaridan keyin “ishlab chiqarish zavodi” soʻzlari qoʻshilsin.
4. 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Shartnomada (kontraktda) va unga qoʻshimcha bitimda sotib olinayotgan toʻqimachilik asbob-uskunasining texnik-texnologik parametrlari, markasi, rusumi, soni, TIF TN boʻyicha kodlari, sotib olinayotgan toʻqimachilik asbob-uskunasining kelib chiqish mamlakati, ishlab chiqargan zavod nomi, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi, shuningdek foydalanilayotgan xomashyo hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulot tavsifnomasi va turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar albatta boʻlishi kerak”.
5. 15-banddagi “oʻn toʻrt kalendar kundan” soʻzlari “oʻn ish kunidan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. 16-banddagi “20 baravaridan ortiq boʻlmagan” soʻzlaridan keyin “va bir baravaridan kam boʻlmagan” soʻzlari qoʻshilsin.
7. 18-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“texnik-texnologik parametrlar (asbob-uskunaning pasporti) — sotib olinadigan har bir toʻqimachilik asbob-uskunasining funksional vazifasi, asosiy ishchi mexanizmlarining ish unumdorligi, tezlik koʻrsatkichlari va uning energiya isteʼmol qilishi”;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda modifikatsiya ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan sotib olinayotgan toʻqimachilik asbob-uskunasining funksional vazifasini hisobga olgan holda uning mavjud asbob-uskuna bilan uygʻunligini, avtomatlashtirish darajasini va sinab koʻrilganligini, toʻqimachilik asbob-uskunasini sotib olishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan mahsulot xususiyatlarini, foydalaniladigan xomashyo tipini tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlanadi”.
8. 19-banddagi “prays-varaqlari” va “shakllanadigan” soʻzlaridan keyin tegishli ravishda “shunday shartnomalarda (kontraktlarda)” va “oʻrtacha jahon” soʻzlari qoʻshilsin.
9. 21-bandning ikkinchi xatboshidagi “kalendar kun” soʻzlari “ish kuni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. 30-banddagi “rasmiy veb-saytlarda” soʻzlari “oʻzining rasmiy veb-saytida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. 1-ilovada:
“3-bosqich” pozitsiyasining “Tadbirlar” ustunidagi “2 kun” va “5 kun” soʻzlari tegishli ravishda “2 ish kuni” va “5 ish kuni” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“2-bosqich”, 3-bosqich” va “4-bosqich” pozitsiyalarining “Bajarish muddatlari” ustunidagi “14 kalendar kun” soʻzlari “10 ish kuni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 7-son, 99-modda)