Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MIRZO ULUGʻBEK NOMIDAGI OʻZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI PROFESSOR-OʻQITUVCHILARI TARKIBI, FAOLIYATINI VA TALABALARINI RAGʻBATLANTIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent Davlat universitetiga “Oʻzbekiston Milliy universiteti maqomini berish toʻgʻrisida” 2000-yil 28-yanvardagi PF-2532-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda mamlakatda taʼlim tizimini rivojlantirishda va kadrlar tayyorlashda uning rolini oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Milliy universiteti professorlari, oʻqituvchilari faoliyatini va talabalarini ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2000-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻqituvchilari, katta oʻqituvchilari, dotsentlari, professorlari, fakultetlarning dekanlari va kafedra mudirlariga lavozim maoshining 15 foizi miqdoridagi oylik ustama belgilansin, ustama Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga toʻlanadi.
2. Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Rivojlantirish hamda professor-oʻqituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tuzilsin.
Quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin:
universitetning talabalari va aspirantlarni pulli-kontrakt asosida oʻqitishdan oladigan daromadlari;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar, xalqaro tashkilotlar, vasiylarning xayriya mablagʻlari va boshqa notijorat manbalar;
universitet boʻlinmalari va tuzilmalari faoliyati ixtisosi boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish va sotishdan (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatishdan) olingan daromadlar;
amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa tushumlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Milliy universitetining Rivojlantirish hamda professor-oʻqituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagi maqsadlarga sarflanadi:
tegishli ravishda oʻqishda va oʻqituvchilik faoliyatidagi muvaffaqiyatlari uchun talabalar va oʻqituvchilarni qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirish;
ehtiyojmand talabalar va oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
yotoqxonalarda yashayotgan talabalar va aspirantlarning uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash;
Keyingi tahrirga qarang.
ehtiyojmand oʻqituvchilar va professorlarni uy-joy bilan taʼminlash;
universitet jamoasida oʻtkaziladigan maʼrifiy, maʼnaviy va madaniy tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash;
oʻqituvchilar va talabalarni sport jihatdan rivojlantirish hamda sogʻlomlashtirishga doir kompleks tadbirlarni amalga oshirish;
universitetning kutubxona fondini yangilash va kengaytirish;
universitet oʻquv boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Milliy universiteti, manfaatdor korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar va korxonalar, tijorat banklari ishtirokida Oʻzbekiston Milliy universitetining Vasiylik kengashini bir oy muddatda tashkil etsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Rivojlantirish hamda professor-oʻqituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasini toʻldirish uchun homiylar, vasiylarning mablagʻlarini, grantlar va boshqa manbalarni jalb qilish;
ijtimoiy adolat prinsiplariga rioya qilgan holda Jamgʻarma mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojni, uning nisbatlarini va ularni taqsimlash mexanizmini belgilash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va aniq foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlash.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti:
Oʻzbekiston Milliy universitetining Rivojlantirish hamda professor-oʻqituvchilar tarkibini va talabalarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni;
Oʻzbekiston Milliy universitetining Vasiylik Kengashi toʻgʻrisidagi Nizomni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 19-may,
196-son