Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining
buyrugʻi
Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 16-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1936-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2009-yil 3-martdagi 19-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1936, 2009-yil 6-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 192-modda) bilan tasdiqlangan Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq V. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-dekabr,
48-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2016-yil 13-dekabrdagi 48-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati va texnika xizmati toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddimadan “(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 10-son, 120-modda)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2016-yil 9-dekabr
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 9-dekabr
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi D. XIDOYATOV
2016-yil 9-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 50-son, 576-modda)