Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumni yashirish (kamaytirib koʻrsatish) — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushum yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) summasining 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi
[Koʻchirma]
Ohangaron tuman davlat soliq inspeksiyasi Toshkent viloyat xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 115 795 600 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya protestida apellatsiya instansiyasi sudi qarorining asoslantiruvchi qismida havola etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish va ularning moliyaviy javobgarligini erkinlashtirishni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida”gi 12/149-sonli qoʻshma qarori Oliy sud Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 17/288-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotganligi, sud ish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni ham aniqlamaganligi bayon qilinib, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish soʻralgan.
Kassatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi ishni javobgar ishtirokisiz koʻrib chiqqanligi va ishni koʻrishni keyinga qoldirish, yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar bor-yoʻqligini aniqlamaganligi, sud Soliq kodeksi 114-moddasining qaysi qismiga asosan moliyaviy jarima qoʻllash talab qilinganligiga aniqlik kiritmasdan, oʻz tashabbusi bilan daʼvoning asosini oʻzgartirib, jiddiy protsessual xatoga yoʻl qoʻyib, Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismiga asosan moliyaviy jarima qoʻllaganligi, javobgar tergovma-tergov yurganligi, DSI xodimi ajrim nusxasini javobgarga topshirilganligi haqida imzo qoʻydirib olishi natijasida javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar, yaʼni tekshirishda qoʻshimcha hisoblangan soliqlar toʻliq toʻlanganligi, javobgarning moliyaviy jarimani toʻlashga imkoni yetarli emasligi, moliyaviy jarima qoʻllaniladigan boʻlsa, iqtisodiy nochor ahvolga kelib qolishi mumkinligi, korxona bankrot boʻlib, ishchilar ishsiz qolishi mumkinligida ifodalangan dalillar sudga taqdim etilmaganligi, apellatsiya instansiyasi sudi ushbu holatlarga eʼtibor bermasdan, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirish haqida barvaqt xulosaga kelganligi haqida vajlar keltirilib, sud qarorlarini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya protesti va shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya protestini qanoatlantirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Ohangaron tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 2-dekabrdagi 283-x/s-sonli buyrugʻiga asosan “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJda soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan va uning natijasi boʻyicha 2015-yil 30-dekabrda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Tekshirishga asos boʻlgan hujjatlar tilxat asosida “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ rahbariga topshirilgan. Tekshirishda uning tartibi va qoidalari buzilmagan.
Tekshirishda “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJda 2012 — 2014-yillarda va 2015-yilning noyabr oyiga qadar jami 578 978 200 soʻmlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.
Tekshirish materiallari Ohangaron tuman davlat soliq inspeksiyasida 2016-yil 20-yanvarda koʻrib chiqilib, uning natijasi boʻyicha 2016-yil 22-yanvarda qaror qabul qilingan va “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan jami 115 795 600 soʻm moliyaviy jarima hisoblangan.
Ushbu jarima summasi ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganligi sababli Ohangaron tuman davlat soliq inspeksiyasi “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJga nisbatan shu summa miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni xoʻjalik sudidan soʻragan.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, arz qilingan talabni qanoatlantirgan. Sudning hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ish holatlariga muvofiq keladi. Apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini asosli ravishda oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar asossiz boʻlib, ular sud qarorlarini bekor qilish uchun asos boʻlmaydi. Chunki, ishdagi dalillar “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJda 578 978 200 soʻmlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yoʻl qoʻyilganligi va tushum kamaytirib koʻrsatilganligidan dalolat beradi. Ushbu holatlarni inkor etib boʻlmaydi.
Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari boʻyicha Ohangaron tuman sudining 2016-yil 3-iyundagi hukmi aynan shu shaxslar tomonidan yuqorida qayd etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligi masalasi xoʻjalik sudi uchun majburiydir. Bunda davlat soliq xizmati organi tekshirish tartibi va qoidalari buzilmagan holda oʻtkazilganligini hamda soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganligini isbotlashdan ozod etiladi. Bu toʻgʻrisida Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2010-yil 18-iyundagi 210-sonli qarorining 20-bandida taʼkidlangan.
“Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ mansabdor shaxslarining jinoiy javobgarlikka tortilganligi ogʻirlashtiruvchi holat boʻlib, bunda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb topilishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud emas. Shu bois, javobgarning kassatsiya shikoyatida yengillashtiruvchi holatlar deb keltirgan vajlari inobatga olinmaydi.
Xoʻjalik protsessual kodeksi 124-moddasining birinchi qismiga muvofiq birinchi instansiya sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shu jumladan “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida sud ajrimi orqali xabardor qilingan. Ushbu holat aloqa boʻlimining 2016-yil 23-martdagi maʼlumotnomasi, sud ajrimiga qoʻyilgan “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ rahbari K. Narmuxamedovning imzosi va korxona muhri bilan tasdiqlanadi (i.v. 85, 87). Bunday holda ishni koʻrishni keyinga qoldirish uchun asos mavjud emas.
Birinchi instansiya sudi Xoʻjalik protsessual kodeksi 130-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida sud ajrimi orqali xabardor qilinganligini inobatga olib, mazkur ishni javobgar vakilining ishtirokisiz, ishdagi mavjud hujjatlar asosida mazmunan koʻrib chiqqan va hal qiluv qarori qabul qilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan arizada arz qilingan talablar muhokama etilib, “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismiga asosan 115 795 600 soʻm moliyaviy jarima toʻgʻri qoʻllanilgan. Chunki, sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan va bu holatni boshqacha talqin qilib boʻlmaydi. Bu toʻgʻrisida Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2010-yil 18-iyundagi 210-sonli qarorining 38-bandida taʼkidlangan.
Kassatsiya protestida keltirilgan vaj va prokurorning fikri asoslidir. Chunki, apellatsiya instansiyasi sudi qarorining asoslantiruvchi qismida havola etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish va ularning moliyaviy javobgarligini erkinlashtirishni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida”gi 12/149-sonli qoʻshma qarori Oliy sud Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 17/288-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotganligiga ahamiyat berilmagan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirishni, kassatsiya protestini qanoatlantirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajatlarini “Toshkent viloyat qishloq qurilish servis” MChJ zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2016-yil 13-iyul,
11-1635/4190-son