Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
qoʻshma qarori
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI HUQUQIY HIMOYA QILISh VA ULARNING MOLIYAVIY JAVOBGARLIGINI ERKINLAShTIRIShNI TAKOMILLAShTIRIShGA YOʻNALTIRILGAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUN HUJJATLARINI QOʻLLASh BILAN BOGʻLIQ MASALALAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 17/288-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qoʻshma qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ular faoliyatining asossiz cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka yoʻnaltirilgan qonun hujjatlarining sudlar tomonidan toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar, huquqni muhofaza etuvchi, nazorat qiluvchi va boshqa organlar, ularning mansabdor shaxslari eʼtibori iqtisodiyot sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari, shuningdek, ushbu qarorning aniq bajarilishi zarurligiga qaratilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110 va 114-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 21 va 48-moddalariga muvofiq, sud hokimiyati hujjatlari, shuningdek, Oliy sud Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari boʻyicha tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qoʻllayotgan boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari nazorat qiluvchi organlarning vakolatlarini, tekshirishlarning asoslari, davriyligi va oʻtkazilish muddatlarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 14-iyundagi “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-3619 sonli Farmoni (keyingi oʻrinlarda — PF-3619 sonli Farmon) nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini qisqartirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini asossiz cheklashlarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan.
Nazorat organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlarini oʻz vakolatlari va nazorat sohasi doirasidan tashqari masalalar boʻyicha har qanday tekshiruvlar oʻtkazganligi, shuningdek, oʻrnatilgan tartibni buzgan holda muqobil tekshiruvlar oʻtkazganligi uchun shaxsan javobgar, hatto jinoiy javobgar ham boʻladilar.
Shu sababli sudlar tekshirishlar oʻtkazilishida qonun hujjatlarining buzilishiga munosabat bildirishlari, protsess ishtirokchilariga tadbirkorlik subyektining davlat organlari qarori yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy harakati (harakatsizligi) oqibatida yetkazilgan zararlarni aybdor shaxsdan undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishlari lozim. Bunda ushbu zarar bevosita nazorat qiluvchi organdan, birinchi navbatda, uning budjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda undirilishi lozimligini inobatga olish kerak. Qonunchilikda belgilangan tartib va miqdorda zararni qoplash uni yetkazishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslarga yuklatilishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati deganda, tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyat tushuniladi.
Ushbu Qonunning 4-moddasiga muvofiq, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari (tadbirkorlik subyektlari) boʻladilar.
Sudlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 14-iyundagi PF-3619 sonli va 2005-yil 24-iyundagi “Tadbirkorlik subyektlarining xoʻjalik sohasidagi huquqbuzarliklari uchun moliyaviy javobgarligini erkinlashtirish toʻgʻrisida”gi PF-3622 sonli (keyingi oʻrinlarda — PF-3622 sonli Farmon) Farmonlarida nazarda tutilgan maqsadlardan kelib chiqqan holda, qonun hujjatlariga asosan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat korxonalari (tashkilotlari, muassasalari), notijorat tashkilotlar, shaxslarga va asosiy faoliyati tadbirkorlik boʻlmagan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qonun hujjatlarida toʻgʻridan toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina sud tomonidan qoʻllanishiga eʼtiborlarini qaratishlari lozim.
5. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ular tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashga oid ishlar xoʻjalik sudlari tomonidan daʼvo ish yuritishning umumiy qoidalariga, umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan esa, maʼmuriy sud ish yuritish qoidalariga muvofiq koʻriladi.
Sudlar tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipiga asosan qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin etilishini inobatga olishlari lozim.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
6. Sudlarning eʼtibori PF-3622 sonli Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxsiga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi nazorat qiluvchi organ tomonidan materiallar sudga taqdim etilmasdan qoʻllanilishiga qaratilsin. Tadbirkorlik subyekti tomonidan sodir etilgan kam ahamiyatli huquqbuzarlik deganda, maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari formal jihatdan mavjud boʻlgan, ammo Davlat budjeti va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga jiddiy moddiy zarar yetkazmagan qilmish tushunilmogʻi lozim.
7. Tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan ish yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 4-boʻlimi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sudlar inobatga olishlari lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi qayd etilgan boʻlimining qoidalari mazkur Kodeksining 1-moddasi 2-qismiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilmagan, ammo qonun hujjatlarida ularni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan maʼmuriy huquqbuzarliklarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
8. Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma (akt) uni tuzishga vakolati boʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan, unda maʼmuriy huquqbuzarlikning sodir etilgan vaqti, mazmuni, ushbu huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi meʼyoriy hujjat koʻrsatilmagan yoki javobgarlikka tortiluvchi shaxs bayonnoma (akt) va ish materiallari bilan tanishtirilmagan hollarda, sudya bayonnoma (akt)ni ish hujjatlari bilan birgalikda kamchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli organga qaytaradi.
9. Tadbirkorlik subyektlari mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyektining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish oʻtkazish tartibi va qoidalariga rioya qilinganligini tekshirishi shart.
10. Nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyektining moliya-xoʻjalik faoliyati tekshirish qoidalari va tartibi buzilgan tarzda tekshirilganligi holati aniqlansa, sud Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 310-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq, ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllaydi.
11. Qonunchilikka muvofiq, zimmasiga nazoratni amalga oshirish yuklatilgan nazorat qiluvchi organ huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash masalasi yuzasidan xoʻjalik sudiga ariza bilan yoki jinoyat ishlari boʻyicha sudga taqdimnoma bilan murojaat qiladi.
12. Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sud: huquqbuzarlik hodisasi va uning tadbirkorlik subyekti tomonidan sodir etilganlik holati mavjudligini; nazorat qiluvchi organning tekshirish toʻgʻrisidagi hujjatni rasmiylashtirishga asosi va vakolati borligini; ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilganligini va tadbirkorlik subyektiga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashga asoslar mavjudligini sud majlisida aniqlaydi. Bunda sud moliyaviy sanksiyalarning hisoblanishi va miqdori toʻgʻriligini tekshiradi, shuningdek, huquqiy taʼsir choralarini belgilaydi.
13. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) sudga faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda beriladi.
PF-3619 sonli Farmonda nazarda tutilgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan faoliyatni tugatish koʻrinishidagi huquqiy taʼsir chorasi deganda, tadbirkorlik subyekti faoliyatining toʻliq tugatilishi tushunilishi lozim.
Tadbirkorlik subyekti faoliyatini tugatish — faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilganda yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilganda yoxud davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida oʻzining ustav jamgʻarmasini taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirmaganda, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasidir.
14. Tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) nazorat qiluvchi organ tomonidan faoliyatni toʻxtatish imkoniyati qonunchilikda nazarda tutilgan hollardagina berilishi mumkin. Favqulodda holatlar, epidemiya hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun real xavf vujudga kelishining oldini olish munosabati bilan faoliyatni 10 ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatish hollari bundan mustasno.
Faoliyatni toʻxtatish tadbirkorlik subyekti tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni buzish hollarida qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasidir.
Sudlarning eʼtibori tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatish deganda, tadbirkorlik subyekti tomonidan uning faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilinishiga asos boʻladigan huquqbuzarlik sodir etish natijasida faoliyatning toʻliq toʻxtatilishi tushunilishiga qaratilsin.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi arizalarni (taqdimnomalarni) koʻrishda va qoʻyilgan talablarni qanoatlantirishda sudlar qarorning xulosa qismida faoliyatning qaysi muddatga toʻxtatilayotganligini koʻrsatishlari yoxud u bajarilguncha faoliyat toʻxtatiladigan shartni belgilashlari lozim (litsenziya, guvohnoma olish; kamchiliklarni bartaraf etish yoki standartlar, normalarga muvofiqlashtirish; tegishli nazorat qiluvchi organning koʻrsatmasini bajarish va boshqalar).
Xoʻjalik nizolarini koʻrishda xoʻjalik sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (keyingi oʻrinlarda — XPK) 77-moddasiga muvofiq, qoʻllaniladigan, uning bekor qilinishi XPKda oʻrnatilgan tartib boʻyicha amalga oshiriladigan, tadbirkorlik subyektiga maʼlum bir harakatlarni sodir etishni taqiqlash daʼvoni taʼminlash chorasi hisoblanadi.
14.1. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini cheklash deganda, uning faoliyati alohida turini, yaʼni (uning vaqtinchalik yoki tamomila boʻlishidan qatʼiy nazar), alohida sex, boʻlim, filial, uchastka va boshqalar tugatilishi (vaqtinchalik toʻxtatib turilishi) tushunilishi lozim.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini cheklash sud tomonidan ham, nazorat qiluvchi organ tomonidan ham faqat qonun hujjatlarida toʻgʻridan toʻgʻri nazarda tutilgan hollarda qoʻllanilishi mumkin.
14.2. Tovarni (ishni, xizmatni) isteʼmolchidan chaqirib olish va tovarni (ishni, xizmatni) muomaladan chiqarish sud tomonidan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari hisoblanmaydi va tovarning (ishning, xizmatning) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklangan davlat boshqaruv organlarining koʻrsatmalari boʻyicha tayyorlovchi (bajaruvchi, sotuvchi) tomonidan amalga oshiriladi. Tayyorlovchi (bajaruvchi, sotuvchi) tomonidan koʻrsatma bajarilmagan taqdirda, unga nisbatan sud tomonidan, huquqbuzarlik sodir etganlikdagi ayb tan olingan va jarima ixtiyoriy toʻlangan taqdirda esa — maxsus vakolatli davlat organi tomonidan jarima qoʻllaniladi. Jarimaning toʻlanishi shaxsni koʻrsatmani bajarish majburiyatidan ozod qilmaydi.
15. Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyekti tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq talablarini taʼminlash maqsadida qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasidir.
15.1. Davlat organlari banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish huquqiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda egadir.
15.2. Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar faqat chiqim qismida toʻxtatilishi mumkin. Budjetga toʻlovlar, ish haqi, nafaqalar, shuningdek, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida sogʻliq va hayotga yetkazilgan zararni qoplash uchun mablagʻlar berish hollari bundan mustasno.
Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish haqidagi ariza (taqdimnoma) qanoatlantirilgan taqdirda, sud hujjatining xulosa qismida operatsiyaning qaysi muddatga toʻxtatilishini koʻrsatish yoxud u bajarilguncha operatsiya toʻxtatiladigan shartni belgilashi kerak (moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yakunlanguniga va uning natijalari boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar va boshqalar), shuningdek banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatishga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan soʻng bankka hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni tiklash toʻgʻrisida koʻrsatma berish lozim.
Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi sud hujjati tadbirkorlik subyektining hisobvaragʻi mavjud boʻlgan barcha banklar uchun majburiydir.
Shuni nazarda tutish lozimki, xoʻjalik sudi tomonidan xoʻjalik nizolarini koʻrishda tadbirkorlik subyektining pul mablagʻlariga band solish (xatlash) daʼvoni taʼminlash chorasi hisoblanib, uning bekor qilinishi masalasi XPKda belgilangan tartibga muvofiq hal etiladi.
16. Moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) sudga qonun hujjatlariga asosan moliyaviy sanksiya qoʻllash huquqiga ega boʻlgan nazorat qiluvchi organ tomonidan berilishi mumkin.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
PF-3619 sonli Farmon mazmun jihatidan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash masalasini sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi. Shu munosabat bilan nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qilgunga qadar moliyaviy sanksiya qoʻllanilayotgan shaxsga uni ixtiyoriy ravishda toʻlash toʻgʻrisidagi talabni hamda qoʻllaniladigan jarima summasi koʻrsatilgan hisobni topshiradi yoki topshirilishi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yuboradi.
Agar tadbirkorlik subyekti tomonidan talab, u qabul qilinganidan keyin qonun hujjatlarida belgilangan muddatda qanoatlantirilmasa, nazorat qiluvchi organ sudga murojaat qilishga haqli. Ushbu tartibning nazorat qiluvchi organ tomonidan bajarilmasligi sud tomonidan arizani qaytarish uchun asos boʻladi.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
16.1. Moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma)da talab asoslantirilgan holatlar, bu talablarning asoslarini tasdiqlovchi dalillar, arizachining qonun hujjatlariga havola etilgan talablari, arizachi qoʻllashni soʻrayotgan moliyaviy sanksiyaning turlari koʻrsatilishi kerak. Arizaga (taqdimnoma)ga shuningdek, sanksiya summasining asoslantirilgan hisobi va tadbirkorlik subyekti bilan nizoni sudgacha hal etish tartibiga rioya qilinganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar moliyaviy sanksiya hisoblanmaydi va soliq organi tomonidan sudga murojaat qilinmasdan qabul qilingan qaror asosida belgilangan tartibda undiriladi.
(16.1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
Agar nazorat qiluvchi organ tomonidan ariza (taqdimnoma)da moliyaviy sanksiya qoʻllash bilan birga qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va majburiy toʻlovlarni undirish haqida talab qoʻyilgan boʻlsa, bunda ishning ushbu qismi boʻyicha ish yuritish mazkur talab sudga taalluqli emasligi munosabati bilan tugatiladi.
(16.1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
16.2. PF-3622 sonli Farmonning 2-bandiga asosan tadbirkorlik subyekti soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganlik uchun sodir etilgan huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini bir oy mobaynida ixtiyoriy ravishda qoplash hamda uning oqibatlarini bartaraf etish, jumladan, penya toʻlash huquqiga ega. Bunday holda tadbirkorlik subyekti unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanishidan ozod etiladi.
(16.2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
Shu munosabat bilan sudlar ishlarni koʻrish kunini ariza (taqdimnoma) kelib tushganidan keyin bir oydan kam boʻlmagan muddatga tayinlashlari lozim.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganlik bilan bogʻliq huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar deganda, tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etilmaganda budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga tushishi kerak boʻlgan mablagʻ tushunilishi lozim. Shu munosabat bilan sudlar sodir etilishi natijasida budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga zarar yetkazilmaydigan huquqbuzarliklarga nisbatan (kassa cheklarini, talonlar, kvitansiyalar va ularni bermaslik, agar ularni berish majburiy hisoblansa; reklama va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish va boshqalar) PF-3622 sonli Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan norma qoʻllanilmasligini eʼtiborga olishlari lozim.
(16.2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
16.3. Moliyaviy sanksiyalar qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) qanoatlantirilganda, sudlar qarorning xulosa qismida qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiyaning turi va miqdorini koʻrsatishlari lozim. Qoʻllanilgan moliyaviy sanksiya summalarini undirish arizachiga yuklatiladi.
Bunday ishlar boʻyicha ijro varaqasi berilmaydi.
17. Sudlarga PF-3619 sonli Farmonga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari, ular tomonidan tekshirish davomida soliq va valyutaga oid jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshirilishi tushuntirilsin. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatini tekshirish uning qoidalari va tartibini buzgan holda oʻtkazilishi moliyaviy sanksiya qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma)ni rad qilish uchun asos boʻladi.
Jumladan:
tekshirishning Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9 va 12-moddalarida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlmagan holda oʻtkazilganligi;
tekshirish, uni oʻtkazish uchun vakolat va asoslarga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan oʻtkazilganligi;
xoʻjalik yurituvchi subyektga tekshirishlarni muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirmaning, nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish oʻtkazish haqidagi buyruq va rejaning, agar tekshirish jinoyat ishi doirasida oʻtkazilayotgan boʻlsa, tergov organi qarorining, shuningdek, tekshirish natijasi yuzasidan tuzilgan dalolatnomaning taqdim etilmaganligi;
tekshirishning predmeti, muddati va vakolat doirasidan chetga chiqib oʻtkazilganligi qonun normalarining buzilishi hisoblanadi.
17.1. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga nazorat qiluvchi organlarning qonunda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan, maxsus guvohnomaga ega boʻlgan mansabdor shaxslari faqatgina qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgandagina haqlidirlar. Shuningdek, nazorat qiluvchi organ tekshirishga tegishli tartibda shartnoma asosida ekspert va auditorlik tashkilotlarini jalb qilish huquqiga ega ekanligini ham eʼtiborga olish lozim.
17.2. Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasi va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasiga muvofiq, nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishni amalga oshirish uchun quyidagi hujjatlar mavjud boʻlishi lozim:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tekshiruvlar oʻtkazish rejasidan koʻchirma yoki rejadan tashqari yoxud muqobil tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida ushbu organ tomonidan qabul qilingan qarorning koʻchirma nusxasi;
nazorat qiluvchi organning tekshirish maqsadlari, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruv oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻining koʻchirma nusxasi;
tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tekshiruvlar oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasi va shaxsiy guvohnomasi.
Quyidagi hujjatlar tekshirish oʻtkazish uchun asos boʻladi:
maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy boʻlinmasi tomonidan berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish reja-jadvalidan koʻchirma;
nazorat qiluvchi organning tekshirish reja-jadvali asosida chiqargan buyrugʻi yoxud maxsus vakolatli organning rejadan tashqari tekshirish, shu jumladan, taftish oʻtkazish toʻgʻrisidagi hamda tekshirish maqsadi, tekshiruv oʻtkazuvchi mansabdor shaxslarning tarkibi va tekshiruvni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan qarori;
agar tekshirish jinoyat ishi doirasida oʻtkazilayotgan boʻlsa, jinoyat ishi qoʻzgʻatish haqidagi qaror.
(17.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 3-oktabrdagi 18/267-sonli qarori tahririda)
17.3. Sudlar tekshirish natijalari boʻyicha huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda nazorat qiluvchi organ tomonidan amalga oshirilgan tekshirishning qonuniyligi, asosliligi va oshkoraligiga, tekshiruvchi tomonidan tekshirishning davriyligi va muddatlariga, tadbirkorlik subyektining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilganligiga eʼtibor bergan holda ishning barcha holatlarini puxta oʻrganishlari lozim.
Sudlar nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari harakatlariga ularning oʻz vakolatlarini amalga oshirish paytida qonun hujjatlari talablariga rioya etganliklari va Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 9, 12 va 17-moddalarida nazarda tutilgan, tekshirish uchun asos boʻlgan hujjatlarni taqdim etganliklari, tekshirishlarni qayd etish daftariga yozuvlar kiritganliklari, davlat sirlari, tijorat va boshqa sirlarni saqlashni taʼminlaganliklari, tekshirish hujjatini rasmiylashtirganliklari va uni tadbirkorlik subyektiga topshirganliklari, xoʻjalik yurituvchi subyektlari faoliyatiga aralashilmaslik nuqtai nazaridan huquqiy baho berishlari lozim.
18. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha nazorat qiluvchi organ va tadbirkorlik subyekti oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Huquqbuzarlik predmetlarini davlat daromadiga oʻtkazish masalasi shu huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrayotgan sud tomonidan hal etiladi.
Huquqbuzarlik predmetlari faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina davlat daromadiga oʻtkazilishi mumkin.
20. Litsenziyalovchi organ tadbirkorlik faoliyatining alohida turlari bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish yoxud bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) bilan faqat qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardagina murojaat qilishi mumkin. Bunday arizalar (taqdimnomalar)ni koʻrib chiqishda sudlar litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish va bekor qilish asoslari roʻyxati keltirilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Faoliyatning alohida turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22—24-moddalariga asoslanishlari lozim. Qonunda keltirilgan ushbu roʻyxat mukammal hisoblanadi.
PF-3619 sonli Farmonda nazarda tutilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning amal qilishini 10 kundan ortiq muddatga toʻxtatish koʻrinishidagi huquqiy taʼsir chorasi litsenziat tomonidan litsenzion kelishuvda nazarda tutilgan talablar va shartlarni bajarmaslik, litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organning aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi qarorini bajarmaslik hollarida qoʻllaniladigan tashkiliy xarakterdagi maʼmuriy javobgarlik chorasi hisoblanadi.
Litsenziya (ruxsatnoma)ni bekor qilish litsenziya (ruxsatnoma)ning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi holati aniqlangan hollarda qoʻllanadigan huquqiy taʼsir chorasi hisoblanadi.
21. Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma) bilan sudga murojaat qilinganida mablagʻlarni asossiz ravishda hisobdan chiqarishning oldini olish boʻyicha tezkor chora koʻrish zaruriyati tugʻilsa, sud ishda qatnashayotgan shaxs (ushbu holatda — arizachi-nazorat qiluvchi organ)ning murojaatiga asosan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ravishda daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin. Bunda sudlar arizani qanoatlantirish rad etilganida qaror qabul qilinishi bilan bir vaqtda daʼvoni taʼminlash choralarini bekor qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi zarurligini nazarda tutishlari lozim.
22. Sudlar tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yuqorida koʻrsatilgan huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza (taqdimnoma)lar bilan murojaat qilinganida, arizachilar (nazorat qiluvchi organlar) qonun hujjatlarida koʻrsatilgan hollarda davlat boji toʻlashdan ozod qilinishlarini inobatga olishlari lozim. Ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bildirilgan talablar qanoatlantirilgan taqdirda, tadbirkorlik subyektlaridan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida davlat boji undiriladi, faoliyatni tugatish toʻgʻrisidagi ishlar bundan mustasno.
Arizachilar — nazorat qiluvchi organlar davlat boji toʻlashdan ozod qilinganligi yoki ozod qilinmaganligidan qatʼiy nazar, qonun bilan belgilangan tartibda boshqa sud xarajatlarini, shu jumladan pochta xarajatlarini ham toʻlaydilar.
Mansabdor shaxslar va fuqarolarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat boji undirilmaydi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 1 va 3-moddalariga muvofiq davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari yoki mansabdor shaxslarning tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi har qanday harakatlari (harakatsizliklari) ustidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori (qaror) ustidan shikoyat berish qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
24. Sudlarning eʼtibori mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda nazorat qiluvchi organlarga nisbatan ular tomonidan tekshirishlarni oʻtkazish tartibi va qoidalariga ogʻishmay rioya etilishi uchun talabni oshirishga, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning toʻliq boʻlishiga, maʼmuriy javobgarlikka asossiz ravishda tortish, tadbirkorlik subyektlarining mol-mulklarini noqonuniy ravishda olib qoʻyish holatlariga murosasiz munosabat bildirilishi zarurligiga qaratilsin. Qonuniylik buzilgan har bir holat boʻyicha mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasini qoʻyish, huquqbuzarlikni keltirib chiqargan sabablar va sharoitlarni puxta oʻrganish, xususiy ajrimlar chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralarini koʻrish lozim.
Toshkent sh.,
2006-yil 22-dekabr,
12/149-son