Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir
[Koʻchirma]
“FLORA MEBEL” MChJ (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) “GIDRO SPETS KROVLYA” MChJga (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarni daʼvogarga tegishli boʻlgan Toshkent shahri, Olmazor tumani, 228-uy (sobiq 229) manzilidagi bino-inshootlar va hududdan majburiy tartibda chiqarishni soʻragan.
Sudning 2016-yil 28-iyundagi ajrimi bilan ish boʻyicha nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi hamda Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish departamenti jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2016-yil 20-iyuldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, javobgar daʼvogarga tegishli boʻlgan Toshkent shahri, Olmazor tumani, 228-uy (sobiq 229) manzilidagi bino-inshootlar va hududdan majburiy tartibda chiqarilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgar kassatsiya tartibida shikoyat bilan murojaat qilib, unda birinchi instansiya sudi tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar oʻrganilmaganligi, moddiy va protsessual huquq normalari buzilganligi, binolarning buzilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida, daʼvogarga nizoli obyekt shahar hokimligining qarori asosida ajratilganligi, javobgar mazkur obyektdan ijarada foydalangan davrda xarajat qilganligi, ushbu holatlarni inobatga olib shahar hokimligi nizoli obyektni javobgarga qoldirishi mumkinligi, biroq, ushbu holatlarga huquqiy baho berilmaganligi bayon etilib, hal qiluv qarorini bekor qilish, ishni yangidan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sud majlisiga qadar javobgar ariza bilan murojaat qilib, unda Toshkent shahar xoʻjalik sudining 10-1510/28601-sonli ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan nazorat tartibida protest keltirish yuzasidan ariza bilan murojaat qilinganligi sababli, mazkur ishni koʻrishni keyinga qoldirishni soʻragan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyati va iltimosnomada keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan iltimosnomani qanoatlantirishni rad etib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, “Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat korxonasi (ijaraga beruvchi), javobgar (ijaraga oluvchi) va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (balansda saqlovchi) oʻrtalarida bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga tuzilgan “Bino va inshootlar yoki ularning qismlarini ijaraga berish” toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan javobgar balansda saqlovchining balansida boʻlgan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Jomiy koʻchasi, 229a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlardan (bundan buyon matnda — Obyekt deb yuritiladi) ijara huquqi asosida foydalanib kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-sentabrdagi 707-F-sonli Farmoyishida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansidagi (ilovaga* muvofiq) harbiy shaharchalarning bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda shahar hokimligi balansiga bepul oʻtkazilishi belgilangan.
Toshkent shahar hokimligining 2015-yil 14-sentabrdagi 808-sonli qarorida, ilovaga muvofiq Obyektni hududi bilan birga Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish Departamenti balansiga qabul qilib, undan samarali foydalanish choralarini koʻrish topshirilgan.
2015-yil 2-noyabrda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi tuzilib, Obyekt Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish Departamenti balansiga topshirilgan, mazkur dalolatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri hamda Toshkent shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan.
2015-yil 27-oktabrdagi “Koʻchmas mulk obyektiga kadastr ishi” hujjatlariga koʻra, Obyekt joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 6917 kv.m.ni tashkil etib, yer maydoniga ijara, bino va inshootga esa operativ boshqaruv huquqi asosida Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish Departamentiga tegishli.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 179-moddasining birinchi qismiga koʻra, davlat korxonasi oʻziga biriktirib qoʻyilgan mol-mulkni uning mulkdorining roziligi bilangina boshqa shaxsga berishga yoki uni boshqacha usulda tasarruf etishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning (bundan buyon matnda — Nizom deb yuritiladi) 2-bandi birinchi xatboshiga koʻra, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv boʻyicha — tegishli ravishda tuman, shahar hokimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori boʻyicha yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Nizomning 26-bandi birinchi xatboshiga koʻra, yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qoʻyilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk beriladi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi oqibatida yetkazilgan zarar toʻlaligicha qoplanadi.
Shu bois, Toshkent shahar hokimligining 2015-yil 29-iyuldagi 667-sonli qaroriga muvofiq Olmazor tumani, Nurafshon koʻchasi boʻylab, Sogʻbon va Farobiy koʻchalari kesishuvi hududida obodonlashtirish ishlari olib borilishi natijasida, ushbu hududdagi yuridik shaxslarning binolari buzilishi munosabati bilan, yetkazilgan zararlarni qoplash maqsadida, daʼvogar va Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish departamentining murojaatlariga asosan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2015-yil 5-noyabrda 950-sonli qaror qabul qilinib, unga koʻra, Obyekt tegishli hududi bilan birga daʼvogarga egalik huquqi asosida berilgan.
2015-yil 30-dekabrdagi “Binolar, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida”gi TS0140558-sonli guvohnomaga asosan Obyekt mulk huquqi asosida, “Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida”gi TS0031636-sonli guvohnomaga asosan 6917 kv.m.dan iborat yer maydoni ijara huquqi asosida daʼvogarga tegishli.
FK 12-moddasining birinchi qismiga koʻra, davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hamda fuqaroning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Biroq, Toshkent shahar hokimligining 2015-yil 5-noyabrdagi Obyektni tegishli hududi bilan birga daʼvogarga egalik huquqi asosida berish haqidagi 950-sonli qarori haqiqiy emas deb topilmagan yoki bekor qilinmagan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish departamenti va daʼvogar oʻrtasida 2015-yil 18-dekabrda tuzilgan 125-sonli kelishuv bitimida daʼvogarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan Olmazor tumani, Sagʻbon 22 “A” berk koʻchasi, 8-uy manzilida joylashgan binolarning umumiy maydoni 573 kv.m.ni, oʻrniga-oʻrin berilayotgan Olmazor tumani, Jomiy koʻchasida joylashgan binolarning umumiy maydoni esa 989 kv.m.ni tashkil etishi, Obyektning baholash qiymati oʻrtasidagi tafovut 410 489 806 soʻmdan iboratligi, daʼvogar ushbu summani 10 kun ichida Toshkent shahar mahalliy budjetiga toʻlashni oʻz zimmasiga olganligi qayd etilgan.
Daʼvogar tomonidan 2015-yil 21-dekabrdagi 717-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 159 000 000 soʻm, 2015-yil 23-dekabrdagi 723-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 156 000 000 soʻm, 2015-yil 24-dekabrdagi 726-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 95 489 806 soʻm, jami 410 489 806 soʻm toʻlov amalga oshirilgan.
Olmazor tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 2015-yil 24-dekabrdagi 791-sonli maʼlumotnomasiga koʻra, Jomiy koʻchasi 229-uyga yangi 228 raqami berilganligi qayd etilgan.
FKning 164-moddasiga koʻra, mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
Qayd etilganlarni inobatga olib, birinchi instansiya sudi daʼvo arizani toʻliq qanoatlantirish, javobgarni daʼvogarga tegishli boʻlgan Toshkent shahri, Olmazor tumani, Jomiy koʻchasi, 228-uy (sobiq 229) manzilidagi bino-inshootlar va hududdan majburiy tartibda chiqarish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Ishni koʻrishda birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllagan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati Toshkent shahar xoʻjalik sudining 10-1510/28601-sonli ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan nazorat tartibida protest keltirish yuzasidan ariza bilan murojaat qilinganligi mazkur ishni koʻrishni keyinga qoldirishga asos boʻlmasligini inobatga olib, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 651 200 soʻm davlat boji va 7000 soʻm pochta xarajati javobgar tomonidan oldindan toʻlanganligini inobatga olishni lozim topadi.
2016-yil 26-sentabr,
10-1605/15630-son