Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 6-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1648-5]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 23-yanvardagi 1/8-sonli ““Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1648-7, 27.02.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2006-yil 21-oktabrdagi 25/6-son qarori (roʻyxat raqami 1648, 2006-yil 27-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 523-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-noyabr,
38/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 26-noyabrdagi 38/3-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklarida lizing operatsiyalarini amalga oshirish va ularning buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 9-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tegishli davlat soliq inspeksiyasiga oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-son shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat yuritayotgan dehqon xoʻjaliklari bundan mustasno.”.
2. 38 va 39-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Lizing oluvchi tomonidan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda aktivga Foizlarni oʻstirmaslik toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1304, 2004-yil 24-yanvar) asosan oʻstirmaslik maqomi beriladi va aktivning kelgusi hisobi mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
39. Lizing Tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2696, 2015-yil 14-iyul) talablaridan kelib chiqqan holda tasniflanadi.”.
3. 50-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“50. Lizing oluvchi bank tomonidan lizing obyekti boʻyicha amortizatsiya ajratmalari Oʻzbekiston Respublikasi banklarida asosiy vositalarning buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1434, 2004-yil 17-dekabr) talablari asosida amalga oshiriladi va quyidagi buxgalteriya oʻtkazmasi amalga oshiriladi:”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 49-son, 563-modda)