Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmogʻi sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada toʻliq va samarali foydalanish, turizm tarmogʻini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targʻibot qilish, turizm sohasida Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish maqsadida:
1. Quyidagilar oʻrta muddatli istiqbolda turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadli vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasini shakllantirish va izchil amalga oshirish, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, ushbu sohani barcha hududlarni va oʻzaro bogʻliq tarmoqlarni kompleks ravishda jadal rivojlantirishning yetakchi kuchiga aylanishi lozim boʻlgan iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, tarkibiy oʻzgartirish va barqaror rivojlanishning qudratli vositasiga aylantirish, yaratiladigan yalpi ichki mahsulotda, mahalliy budjet daromadlarida turizmning ulushini koʻpaytirish, ish bilan bandlikni taʼminlash, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
turizm industriyasi subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan turizm faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, turizmning rivojlanishidagi barcha toʻsiq va gʻovlarga barham berish, viza va roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillarini, pasport va bojxona nazoratini soddalashtirish, turizm sohasini davlat tomonidan boshqarish va bozorga xos tarzda tartibga solish mexanizmini maqbullashtirish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligini ragʻbatlantirish va turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, turizm sohasida statistik hisobga olish tizimini takomillashtirish;
turizm xizmatlarini tashkil etishda, eng avvalo, turistlar joylashtiriladigan joylarda, ovqatlanish punktlarida, respublika hududi boʻylab harakatlanishda, turizm obyektlariga tashriflarni uyushtirishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sogʻligʻi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
mamlakatda turizmni jadal rivojlantirish, mavjud ulkan turizm salohiyatidan yanada toʻliq va samarali foydalanish, anʼanaviy madaniy-tarixiy turizm bilan birgalikda turizmning boshqa salohiyatli turlarini — ziyorat qilish, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sogʻlomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik turizmi va boshqa turlarini jadal rivojlantirish, bolalar, oʻsmirlar va yoshlar turizmini, oilaviy turizmni, keksalar uchun ijtimoiy turizmni rivojlantirish hisobiga turizmning ijtimoiy ahamiyatini kuchaytirish, hududlarda yangi turizm yoʻnalishlarini tashkil etish, ularni pasportlashtirish, turizm yoʻnalishlari va turizm obyektlari boʻyicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan ichki, kirish va chiqish turizmini kompleks rivojlantirishning milliy va hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
turizm faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni, birinchi navbatda, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO), xorijiy mamlakatlarning turizm boʻyicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlari — turizm xizmatlari mintaqaviy va jahon bozorlarining faol ishtirokchilari bilan hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekistonning turizm sohasida tartibga soluvchi universal xalqaro konvensiyalar va bitimlardagi ishtiroki, turizm faoliyati amaliyotiga xalqaro va davlatlararo standartlar va normalarni joriy etish;
respublikaning barcha mintaqalarida zamonaviy jahon standartlariga, turistlarning ehtiyojlari va talablariga javob beradigan turizm industriyasi obyektlarini — mehmonxonalarni va joylashtirishning shu kabi vositalarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini, transport-logistika tuzilmalarini, axborot markazlarini, madaniyat va sport muassasalarini jadal rivojlantirish, asosiy turizm yoʻnalishlari boʻyicha yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini, yoʻlboʻyi infratuzilmasini jadal qurish va rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investorlarni keng jalb etish;
xalqaro turizm rivojlanishi tendensiyalarini va zamonaviy marketing vositalari qoʻllanilishini hisobga olgan holda, raqobatbardosh turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqish, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targʻibot qilish boʻyicha strategiyani ishlab chiqish, qulay turizm axborot muhitini tashkil etish va rivojlantirish, keng reklama-axborot faoliyatini amalga oshirish, mamlakat hududlarida turizm axborot markazlari va chet elda turizm vakolatxonalari ochish, Internet tarmogʻidan faol foydalanish, har yili Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini oʻtkazish yoʻli bilan turizm sohasida mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirish;
turizm tarmogʻi uchun, ayniqsa menejment va marketing sohasida malakali kadrlarni sifatli tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, gidlar (ekskursiya yetakchilari) tayyorlash, turizm faoliyati subyektlari xodimlarini muntazam ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
2. Tugatilayotgan “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashkil etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi zimmasiga quyidagi funksiyalar:
turizm turoperatorlik faoliyatini litsenziyalash;
Oʻzbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish boʻyicha milliy organi — “Oʻzstandart” agentligi bilan mustahkam oʻzaro hamkorlikda turizm faoliyati subyektlari tomonidan koʻrsatiladigan turoperatorlik (turizm mahsulotlari) xizmatlari va mehmonxona xizmatlarini majburiy sertifikatlash, shu jumladan turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi mehmonxonalarning (motellarning) tasnifini belgilash;
sertifikatlanadigan turizm xizmatlarining normativ hujjatlarda belgilangan majburiy talablar va standartlarga muvofiqligi boʻyicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish yuklansin.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy sertifikatlash tizimida akkreditatsiya qilingan turizm xizmatlarini sertifikatlash boʻyicha organlar ham turizm xizmatlarining ayrim turlarini sertifikatlash subyektlari hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari, mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda ushbu Farmonda belgilangan turizm sohasidagi davlat siyosatining maqsadlari va ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, oʻrta muddatli istiqbolda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasini, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Konsepsiyani amalga oshirishga doir aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Belgilansinki, 2017-yil 1-yanvardan boshlab:
faqat turizm faoliyatini tashkillashtirishni taʼminlaydigan turizm korxonalari — turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalari turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi yuzasidan litsenziyalanadilar;
turizm faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya olishda turizm xizmatlari sertifikati bilan tasdiqlangan turistlar va ekskursantlarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfsizlikni taʼminlash tizimining mavjudligi majburiy litsenziya talabi va sharti hisoblanadi;
mehmonxonalarda va joylashtirishning shu kabi vositalarida turizm xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga litsenziya mavjud boʻlishi boʻyicha talabni bekor qilgan holda, turizm faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan subyektlar — mehmonxonalar, motellar, kempinglar va joylashtirishning shu kabi vositalari tomonidan koʻrsatiladigan turizm xizmatlari majburiy sertifikatlanadi. Bunda 2018-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini majburiy sertifikatlash joriy etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
gidlar (ekskursiya yetakchilari), kuzatib boruvchi-yoʻriqchilarning xizmatlari faqat ular Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan beriladigan malaka sertifikati olgandan keyin jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin;
Keyingi tahrirga qarang.
turizm korxonalari turizm faoliyati subyektlari bilan faqat ularda muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda ular tomonidan xorijiy turistlarga turizm xizmatlari koʻrsatish yuzasidan shartnomalar (bitimlar) tuzish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va viza tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
turizm maqsadida Oʻzbekiston Respublikasiga 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga keluvchi Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya fuqarolari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
55 yoshga toʻlgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga Oʻzbekiston Respublikasiga keluvchi Belgiya Qirolligi, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSH, Fransiya, Vyetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Keyinchalik roʻyxati qayta koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan muayyan davlatlar bilan viza tartibini soddalashtirish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasining ular bilan ikki tomonlama munosabatlarining rivojlanish darajasidan, jahon turizm bozorining konyunkturasi hamda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasida sodir boʻlayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda koʻrib chiqiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yil 1-yanvardan boshlab ushbu bandda koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda 50 AQSH dollari miqdorida Davlat budjetiga oʻtkaziladigan kirish yigʻimi toʻlaydilar;
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
kirish yigʻimi toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjat mamlakatga kirish uchun asos hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda xorijiy fuqarolar tomonidan kirish yigʻimi toʻlanishi tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mehnat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) 2017-yilning 1-yanvariga qadar muddatda:
barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalarini joriy etish;
xorijiy mutaxassislarning Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olish tartib-taomilini soddalashtirish hamda ularga jismoniy shaxslarning daromadlaridan soliq toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish;
b) 2021-yilning 1-yanvariga qadar muddatda:
xalqaro aeroportlarda va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida vizalar olish, shu jumladan tranzit vizalari olish tartibini sezilarli ravishda soddalashtirish;
vizalarni rasmiylashtirish va berish jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni, shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligining konsullik boshqarmasiga va Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga tashrif buyurmasdan viza olishga hujjatlarni topshirish va soʻrovnomalarni toʻldirishda “on-layn” tizimdan foydalanish, shuningdek 2021-yildan boshlab joriy etiladigan elektron vizalar tizimidan foydalanishni kengaytirish boʻyicha takliflarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekistonning chet ellardagi elchixonalari huzuridagi savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchilar zimmasiga milliy turizm mahsulotlarini targʻibot qilish va Oʻzbekiston Respublikasiga turistlar oqimi koʻpayishida koʻmaklashish majburiyatini yuklasinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PF-5158-sonli Farmoni tahririda)
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida respublikaga keluvchi (ketuvchi) xorijiy turistlar uchun “yashil yoʻlak” bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan oʻtishning, bagajni olishning, transport xizmati koʻrsatishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yilning 1-yanvaridan respublika aeroportlari va vokzallarida xorijiy fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda pasport nazoratidan oʻtish jarayonini tezlashtirish maqsadida rezidentlar va norezidentlar tomonidan ushbu tartib-taomildan alohida-alohida oʻtishni tashkil etsinlar;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PF-4895-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 3-modda)
xorijiy turistlarni kutib oluvchi yoki kuzatuvchi turizm faoliyati subyektlari xodimlariga rejim va qoʻriqlash choralari talablariga rioya etgan holda belgilangan tartibda berilgan maxsus ruxsatnomalar boʻyicha aeroportlar va vokzallar binolariga kirish huquqini bersinlar;
aeroportlarda va temir yoʻl vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini, turizm navigatsiya tizimini, yoʻnalish olish belgilarini oʻrnatish va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish va rivojlantirish hisobiga yoʻlovchilarga, shu jumladan bepul asosda koʻrsatiladigan xizmatlar darajasi va sifatini oshirish chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida yashovchilarni elektron shaklda Internet tarmogʻi orqali hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturini yaratsin.
10. 2017-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida xorijiy fuqarolarga hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy turar joyiga ega boʻlmagan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, joylashtirish boʻyicha xizmatlarga shu jumladan turizm faoliyati subyektlari orqali haq toʻlash faqat erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun toʻlov respublikaning taklif etuvchi davlat va budjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan holatlar bundan mustasno. Bunda turizm yigʻimi xizmatlarga haq toʻlangan valyutada toʻlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan turizm operatorlariga toʻlovni naqd erkin almashtiriladigan valyutada toʻlashga ruxsat etiladi va bu toʻlovlar keyinchalik turizm xizmatlari uchun xorijiy sheriklarga naqdsiz toʻlov uchun inkassatsiya qilinadi;
turizm operatorlari ular tomonidan koʻrsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;
mehmonxonalar va boshqa joylashtirish joylari xorijiy fuqarolarga koʻrsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumning 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;
turistlarni qabul qiladigan turizm operatorlari, shuningdek ularning xodimlari turistlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi buzilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishiga doir tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tavsiya qiladigan turizm infratuzilmasi obyektlarining valyuta toʻlovlarini qabul qilish terminallari bilan jihozlanishini taʼminlash tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Yuridik shaxslar:
belgilangan tartibda sertifikatlangan kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirilgan sanasidan boshlab ular yuridik shaxslarning foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek yuridik shaxslarning yagona soliq toʻlovi;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, mehmonxona va motellar qurish va qayta taʼmirlash uchun olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnikalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar uchun bojxona toʻlovlari (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan 5 yil muddatga ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, turizm faoliyati subyektlari tomonidan turistlarni tashish uchun moʻljallangan, sigʻimi 9 kishidan ortiq boʻlgan yangi avtotransport vositalari sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim transport vositalari sotib olish qiymatining 3 foizi miqdorida undiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PF-5033-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 332-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 27-iyuldagi PF-447-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-dekabr,
PF-4861-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 49-son, 558-modda, 2017-y., 1-son, 3-modda, 19-son, 332-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2018-y., 06/18/5326/0657-son, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 05.10.2018-y., 06/18/5551/2195-son, 06.01.2019-y., 06/18/5611/2430-son, 29.05.2019-y., 06/19/5731/3200-son, 15.08.2019-y., 06/19/5781/3567-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 10.09.2021-y., 06/21/6311/0861-son; 03.11.2025-y., 06/25/203/1003-son)