Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 16-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga amal qilib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlik va davlatlararo munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish, oʻz davlatlarining xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga intilib,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi hamkorlik har ikki davlat farovonligi va xavfsizligiga koʻmaklashishini tan olib,
tabiiy, texnogen va ekologik xususiyat kasb etuvchi favqulodda vaziyatlarning har ikki davlat uchun xavfini anglab,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi ilmiy-texnikaviy maʼlumot almashinuvi oʻzaro manfaatliligini inobatga olib,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek atrof-muhit monitoringini tashkil etish boʻyicha kelishilgan siyosat yuritishni talab etuvchi ikkala davlat ekologik tizimlarining oʻzaro bogʻliqligidan kelib chiqib,
Tomonlardan birining kuch va vositalari bilan bartaraf etib boʻlmaydigan favqulodda vaziyatlar kelib chiqishi ehtimolini hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida ikkala davlatning muvofiqlashtirilgan harakatlariga boʻlgan ehtiyojini eʼtiborga olib,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish uchun amaliy hamda samarali choralarni ishlab chiqish va qoʻllashda davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning qatʼiy zaruriyatiga ishonch hosil qilib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish sohasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“favqulodda vaziyat” - odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻiga zarar yetishiga yoki aholining hayot kechirish sharoiti izdan chiqishiga, atrof tabiiy muhitga hamda ishlab chiqarish, ijtimoiy va tabiiy muhit obyektlariga ziyon yetishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat va boshqa ofat, shu jumladan tabiiy va ekologik tusdagi hodisa natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
“favqulodda vaziyatlarning oldini olish” - oldindan oʻtkaziladigan va favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfini imkon qadar kamaytirishga, shuningdek bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda, odamlar sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga zarar va moddiy talofatlarni kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
“avariya-qutqaruv ishlari” - favqulodda vaziyatlar doirasidagi odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularga xos boʻlgan xavfli omillar taʼsirini yoʻqotish yoki mumkin boʻlgan darajada kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
“favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish” - favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga, favqulodda vaziyatlar va ularga oʻxshash xavfli omillar roʻy bergan hududlarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talofatlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar;
“favqulodda vaziyat zonasi” - favqulodda vaziyat yuzaga kelgan (eʼlon qilingan) hudud;
“jihozlar” - yordam koʻrsatish guruhining materiallari, texnika va transport vositalari hamda guruh aʼzolarining shaxsiy anjomlari;
“taʼminot materiallari” - favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan aholi oʻrtasida taqsimlash uchun moʻljallangan moddiy vositalar;
“soʻrovchi Tomon” - boshqa Tomonga yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qiladigan Tomon;
“taqdim etuvchi Tomon” - boshqa Tomonning yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlarni va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimosini qanoatlantiruvchi Tomon;
“vakolatli organ” - ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish uchun har ikki Tomondan tayinlanadigan organ;
“yordam koʻrsatish guruhi” - taqdim etuvchi Tomon mutaxassislarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf egishda yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan, zarur jihozlar bilan taʼminlangan uyushgan guruhi.
2-modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Tomonlar mazkur Bitimni bajarish uchun vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbek tomonidan - Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Turkman tomonidan - Turkmaniston Mudofaa vazirligi.
Tomonlar oʻz vakolatli organlarining nomlari oʻzgarganligi va ularning funksiyalari boshqa organlarga berilganligi haqida bir-birlarini zudlik bilan diplomatik kanallar orqali xabardor etadilar.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagilarni nazarda tutadi:
xavfli texnogen va ekologik jarayonlar hamda tabiiy hodisalar monitoringini tayyorlash va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarni oldindan aniqlash va ularning oqibatlarini baholash;
aholini favqulodda vaziyatlardagi harakatlar, shu jumladan birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tayyorlashni tashkillashtirish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha manfaatdor davlat organlarining hamkorligini muvofiqlashtirish;
atrof muhit va aholi uchun sanoat avariyalari, falokatlar va tabiiy ofatlar natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan ifloslanishlar bilan bogʻliq xavfni baholash;
ilmiy-tadqiqot loyihalarni birgalikda rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy adabiyot va tadqiqot ishlari natijalari bilan almashish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish, sodir boʻlishi va bartaraf etilishi haqida maʼlumot almashish;
davriy nashrlar, uslubiy va boshqa adabiyotlar, video va foto materiallar, shuningdek texnologiyalar bilan almashish;
qoʻshma konferensiyalar, seminarlar, ishchi majlislar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni tashkil qilish;
qoʻshma nashrlar va maʼruzalarni tayyorlash;
boshqa Tomon davlati oʻquv muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, stajorlar, oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislar bilan almashish;
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari oʻrtasida oʻzaro hamjihat harakat qilishni taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, shu jumladan texnika, mol-mulk va asbob-anjomlar bilan jihozlashda oʻzaro yordam koʻrsatish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni rejalashtirish va oʻtkazish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish sohasida Tomonlar vakolatli organlari kelishishi mumkin boʻlgan boshqa faoliyat.
4-modda
Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik
Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotlari va muassasalari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Qoʻshma komissiya
Qoʻshma komissiya
Ushbu Bitimni bajarish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik boʻyicha Qoʻshma komissiya taʼsis etadilar, uning tarkibi, funksiyalari va ish tartibini belgilaydilar.
6-modda
Vakillarni qabul qilish shartlari
Vakillarni qabul qilish shartlari
Tomonlar oʻz vakillarining ushbu Bitimda koʻrsatilgan va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan faoliyatda ishtirok etish uchun Tomonlar davlati hududida boʻlishi va harakatlanishi bilan bogʻliq holda vujudga keladigan xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar.
7-modda
Yordam koʻrsatish
Yordam koʻrsatish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalarni amalga oshiruvchi organlar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari hisoblanadi.
Yordam koʻrsatish soʻrovchi Tomonning favqulodda vaziyat vaqti, joyi, xususiyati va koʻlami, zarur boʻlgan yordam turi va hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim qilingan yozma soʻrovnomasi asosida amalga oshiriladi.
Taqdim etuvchi Tomon qisqa muddatlarda soʻrovchi Tomonning murojaatini koʻrib chiqadi hamda uni yordam koʻrsatishning imkoniyati, hajmi va shartlari toʻgʻrisida xabardor etadi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga rahbarlik qilish soʻrovchi Tomonning vakolatli organi tomonidan shu guruhlar rahbarlari orqali amalga oshiriladi.
8-modda
Yordam turlari
Yordam turlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish guruhlari va taʼminot materiallarini yuborish yoʻli bilan yoki boshqa soʻralayotgan shaklda yordam koʻrsatiladi.
Yordam koʻrsatish guruhlaridan favqulodda vaziyat zonasida avariya-qutqaruv ishlarini bajarish uchun foydalaniladi.
Soʻrovchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari rahbarlariga favqulodda vaziyat zonasida va aniq ish uchastkalarida yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha maʼlumot beradi va zaruriyat tugʻilganda ushbu guruhlarni tarjimonlar va aloqa vositalari, shuningdek qoʻriqchilar, bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlaydi hamda ularning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida 72 soat davomida mustaqil harakat qilishlari uchun yetarli darajada jihozlangan boʻlishi kerak. Agar boshqa holat Tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha kelishilmagan boʻlsa, yordam zaxira manbalari tugaganda, soʻrovchi Tomon koʻrsatilgan guruhlarni ular keyingi ishini davom ettirishi uchun zarur vositalar, oziq-ovqat va yashash uchun turar joy bilan taʼminlaydi.
9-modda
Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlish tartibi
Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlish tartibi
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlat chegarasining belgilangan oʻtish punktlari orqali vizasiz, shaxsini tasdiqlovchi haqiqiy hujjatlar hamda taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan ism-sharifi koʻrsatilgan roʻyxat asosida kesib oʻtadilar.
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlgan vaqtlarida ushbu davlat qonunlariga rioya qilishga majburdirlar.
Yordam koʻrsatish guruhlarining harakatlanishi, ularning jihozlari va taʼminot materiallarini tashish avtomobil, temir yoʻl, suv yoki havo transportlari orqali amalga oshiriladi.
Qayd etilgan transport turlaridan foydalanish tartibi Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda belgilanadi.
10-modda
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihozlar va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihozlar va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun Soʻrovchi Tomon davlatining hududiga olib kiriladigan va taqdim etuvchi Tomon davlati hududidan olib chiqiladigan jihozlar va taʼminot materiallari bojxona bojlari, yigʻimlar va soliqlardan ozod etiladi.
Jihozlar va taʼminot materiallarining bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan shaklda va ustuvorlik asosida Tomonlar davlatlari vakolatli organlari tomonidan beriladigan yordam koʻrsatish guruhining tarkibi, olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan jihozlar va taʼminot materiallarining roʻyxati koʻrsatiladigan xabarnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga jihoz va taʼminot materiallaridan tashqari boshqa biror-bir tovarni tashishi taqiqlanadi.
Yordam koʻrsatish boʻyicha ishlar yakunlangandan soʻng olib kirilgan jihozlar soʻrovchi Tomon davlati hududidan olib chiqilishi lozim. Yuzaga kelgan ayrim vaziyatlar tufayli jihozlarni olib chiqib ketish imkoniyati boʻlmasa, soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga kelishilgan shartlar asosida yordam sifatida tekinga berilishi mumkin. Bunday holatda soʻrovchi Tomonning vakolatli va bojxona organlari beriladigan jihozlarning turlari, miqdori va joylashgan joyini koʻrsatgan holda xabardor qilinishi kerak.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish zarurati munosabati bilan soʻrovchi Tomon davlati hududiga zarur miqdorda tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan tibbiy preparatlar olib kirilishi mumkin. Bunday holatda yordam koʻrsatish guruhi rahbari taqdim qiluvchi va soʻrovchi Tomonlar bojxona organlariga tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan tibbiy preparatlar mavjudligi haqida, ularning nomenklatura va miqdorlari koʻrsatilgan deklaratsiyani taqdim etishi lozim.
Qayd etilgan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomonga berilishi mumkin emas va faqatgina shu Tomon vakillarining qatʼiy nazorati ostida malakali tibbiyot xodimlari tomonidan foydalaniladi.
Tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan foydalanilmay qolgan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomonning bojxona nazorati ostida ushbu preparatlar nomenklaturasi va miqdorini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida olib chiqilishi lozim. Tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan tibbiy preparatlarni ishlatilganligi toʻgʻrisida soʻrovchi Tomon bojxona organiga ularning ishlatilganligi haqida yordam koʻrsatish guruhi rahbari va shifokori tomonidan imzolagan hamda soʻrovchi Tomon vakolatli organi vakili tasdiqlagan dalolatnoma taqdim etiladi.
11-modda
Havo kemalaridan foydalanish
Havo kemalaridan foydalanish
Taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga havo kemalarining turi, tanituvchi belgilari, yoʻnalishi, ekipaj aʼzolarining soni, yuk xususiyati, parvoz qilish, qoʻnish joyi va vaqtini koʻrsatgan holda, yordam berish uchun havo kemalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarori haqida xabardor qiladi.
Soʻrovchi Tomon oʻz davlati hududining maʼlum punktigacha uchib borishga ruxsat beradi.
Parvozlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va har ikki Tomon davlatlari tarafidan belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
12-modda
Xarajatlarni qoplash
Xarajatlarni qoplash
Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuv boʻlmasa, soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplaydi.
Soʻrovchi Tomon oʻzining yordam berish toʻgʻrisidagi iltimosini bekor qilishi mumkin, ammo bunday holatda, taqdim eguvchi Tomon sarflagan xarajatlari uchun tovon olish huquqiga ega.
Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuv boʻlmasa, xarajatlar taqdim etuvchi Tomonning talabnomasi kelib tushgach darhol qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolarini sugʻurta qiladi. Sugʻurtalashni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar yordam koʻrsatish boʻyicha qilinadigan umumiy xarajatlarga kiritiladi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalarining uchib oʻtishi, qoʻnishi, aerodromda toʻxtab turishi va undan parvoz qilishi uchun toʻlovdan, shuningdek aeronavigatsiya xizmatlari toʻlovidan ozod etiladi.
Taqdim etuvchi Tomonning havo kemalariga yoqilgʻi va texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash masalalari har bir muayyan holatda alohida hal etiladi.
13-modda
Zararni qoplash
Zararni qoplash
Soʻrovchi Tomon yordam koʻrsatish guruhi aʼzolarining jarohatlanishi yoki oʻlimi bilan bogʻliq xarajatlarni, agar bunday holat ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha vazifalarni bajarish jarayonida yuz bergan boʻlsa oʻz zimmasiga oladi.
Yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi soʻrovchi Tomon davlati hududida ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishi jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazsa, soʻrovchi Tomon uning yordam koʻrsatayotgan fuqarolari tomonidan yetkazilgan zararni undirish boʻyicha qoʻllaniladigan qonunchilikka muvofiq zararni qoplaydi.
Yordam koʻrsatish guruhi aʼzosining aybli harakatlari oqibatida yetkazilgan zarar taqdim etuvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
14-modda
Maʼlumotlardan foydalanish
Maʼlumotlardan foydalanish
Ushbu Bitim doirasida olib borilayotgan faoliyat natijasida olingan maʼlumot, Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq oshkor etilmaydigan maʼlumotdan tashqari, agar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan yozma shaklda oʻzgacha kelishilmagan boʻlsa, Tomonlardan har birining kundalik amaliyot va koʻrsatmalariga muvofiq eʼlon qilinadi va foydalaniladi.
15-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Ushbu Bitimni talqin qilishda yoki qoʻllashda kelib chiqadigan nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
16-modda
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 17-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiruvchi alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
17-modda
Yakunlovchi qoidalar
Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining Tomonlar tarafidan bajarilgani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabar olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning diplomatik kanallar orqali Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab, olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2013-yil 25-noyabrda ikki asl nusxada, xar biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)