Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
QarorI
Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar taʼminoti uchun aliment undirishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga koʻra, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96, 100-moddalarida, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga taʼminot berishi shartligi belgilangan.
“Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiya talablari asosida ishlab chiqilgan huquqiy bazada voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning moddiy taʼminot olish huquqi aniq belgilab qoʻyilgan.
Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning moddiy taʼminot olish huquqini taʼminlash va bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi normalarining toʻgʻri va aniq tatbiq etilishi boʻyicha bir xil sud amaliyotni shakllantirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori bolalarning sogʻlom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida ota-onalar masʼulligiga va ular oʻzlarining voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarini ijtimoiy taʼminlashga majbur ekanligiga, ushbu majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment faqat sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi chiqarish orqali undirilishiga;
aliment toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal qilish bolalar manfaatlari himoyasining muhim kafolatlaridan biri hisoblanishini nazarda tutgan holda, qonunlarga qatʼiy rioya etish zarurligiga qaratilsin.
2. Amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksi (keyingi matnlarda FPK) talabiga koʻra, voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida sudga bolaning ota yoki onasi, vasiylik va homiylik organlari, vasiy yoki homiy shaxs, bolalar tarbiya muassasalari hamda prokuror murojaat qilishi mumkin.
Bunday murojaatlar FPKning 2382-moddasi 3-bandi, 2383-moddasi tartibida sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisida ariza koʻrinishida yoki FPKning 148 — 150-moddalariga rioya etgan holda 239-moddasi boʻyicha daʼvo ishlarini yuritish tartibida beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oila kodeksining 81-moddasi 2-qismiga koʻra, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani oʻz bolasiga taʼminot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, agarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishida bolaga aliment undirish masalasi hal qilinmagan boʻlsa, aliment undirish yuzasidan vakolatli shaxs daʼvo (ariza) bilan murojaat qilishi mumkin.
4. Oila kodeksining 165-moddasida farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-onasining qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini yoʻqotishlari hamda oʻzaro majburiyatlardan ozod boʻlishlari belgilanganligi sababli farzandlikka olinganlarning taʼminoti uchun ota-onasidan aliment undirilmasligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
5. Aliment undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisidagi ariza ham, daʼvo ariza ham sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidalariga koʻra, javobgarning yashash joyi boʻyicha beriladi, shuningdek, FPKning 241-moddasi 3-qismiga muvofiq arizachi yoki daʼvogarning oʻzi yashab turgan joyda ham taqdim etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida sud buyrugʻi chiqarish toʻgʻrisidagi ariza, shuningdek, voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar taʼminoti uchun aliment undirish haqida daʼvo ariza berganlik uchun davlat boji Soliq kodeksining 329-moddasi 3-bandiga muvofiq undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar aliment miqdorini kamaytirish, aliment toʻlashdan ozod qilish haqidagi daʼvo arizalarini qabul qilishda hamda aliment undirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori yoki buyruq qabul qilishda davlat daromadiga undiriladigan davlat boji miqdorini belgilashda FPKning 105-moddasi talablari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-noyabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida”gi 14-sonli qarori tushuntirishlariga (xususan, 21-bandi tushuntirishlarga) asoslanishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Aliment undirish toʻgʻrisida sud buyrugʻi chiqarishda, agar qarzdor shu vaqtda ishlamasa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, davlat boji Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sudlarning eʼtibori bolaning taʼminot olishga boʻlgan huquqini sud buyrugʻi chiqarish orqali taʼminlashning ahamiyati katta ekanligiga, ushbu tartibda, yaʼni FPKning 2382-moddasi 3-bandiga asosan aliment undirish masalasi FPKning 2387-moddasi talabida 3 kun ichida hal etilishini nazarda tutib, mazkur institut vakolatlaridan amalda keng foydalanishga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Aliment miqdorini toʻgʻri belgilash, bunda Oila kodeksining 99-moddasiga koʻra, ota-onalardan voyaga yetmagan bolalarga aliment undirishda sud aliment miqdorini ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining muayyan qismida (1/4, 1/3, 1/2) belgilashi lozimligi, shuningdek, ushbu toʻlovlar miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkinligi sudlarga tushuntirilsin.
Mazkur holatda ham kamaytirilgan yoki koʻpaytirilgan aliment miqdori foizda emas, balki ish haqi va (yoki) boshqa daromadning muayyan qismida belgilanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oila kodeksining 100-moddasida ota-onaning voyaga yetgan bolalariga aliment toʻlashi belgilangan boʻlib, bunda sudlar qonun talabiga koʻra, voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatli yoki layoqatsizligi hamda moddiy yordamga muhtojligi yoki muhtoj emasligini aniqlashga eʼtibor qaratishlari lozim.
Sudga murojaat qilgan taraf voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatsizligi va yordamga muhtojligi toʻgʻrisida dalil (nogironlik haqida TMEK yoki boshqa vakolatli organ xulosasi, moddiy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumot va boshqa) taqdim etishi lozim. Yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligiga esa tegishli maʼlumotlar asosida sudning oʻzi baho berishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar aliment undirishda bolalarning mehnatga layoqatliligini yoʻqotilganlik darajasi va ularning haqiqatdan muhtoj ekanligini, taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini eʼtiborga olishlari kerak.
10. Oila kodeksining 101-moddasi talabiga muvofiq, ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan aliment miqdori har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
Bunda aliment miqdorini aniqlashda, sud aliment toʻlashi shart boʻlgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvolidan kelib chiqishi, yaʼni sud tomonidan belgilangan miqdor asoslantirilgan boʻlishi lozim.
11. Sudlar aliment miqdorini aniqlashda, Oila kodeksining 102-moddasida belgilangan tartibga qatʼiy rioya etishlari, sud hal qiluv qarorida aliment miqdori har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadning muayyan qismida yoki pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanganligi sababini koʻrsatishi lozim.
12. Bolaning taʼminoti uchun qoʻshimcha xarajatlarni undirish masalasini hal etishda, sudlar Oila kodeksining 103-moddasida qayd etilgan qoʻshimcha xarajat qanday favqulodda holatlar (bolalarning ogʻir shikastlanishi, kasal boʻlishi va boshqalar)da kelib chiqqanligini hamda bu bola taʼminoti uchun zarurligini koʻrsatishi va ularning oilaviy va (yoki) moddiy ahvolini hisobga olib, qisman pul bilan toʻlanadigan qoʻshimcha xarajatlarning qatʼiy miqdorini aniqlashi lozim.
13. Oila kodeksining 142-moddasi 2-qismida, sudning hal qiluv qaroriga koʻra aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanmay qolgan aliment summasining oʻndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka toʻlashi belgilangan.
Mazkur normadan kelib chiqqan holda sudlar, neustoyka toʻlash majburiyati, agarda aliment sudning qarori (buyrugʻi)ga koʻra undirilgan boʻlsa, yuzaga kelishi, aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv bajarilmagan taqdirda esa javobgarlik Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga koʻra yuzaga kelishini inobatga olishlari lozim.
Alimentni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun javobgarlik aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa yuzaga kelishi, agarda shu shaxsning aybi boʻlmasa (masalan, oʻz vaqtida ish haqi olmaganligi, aliment summalari notoʻgʻri oʻtkazilganligi va h.k.) javobgarlik yuzaga kelmasligini sudlar eʼtiborda tutishlari kerak.
Aliment undirish toʻgʻrisidagi sud qarori ijrosi jarayonida aliment boʻyicha qarz vujudga kelishi sababli neustoyka miqdorini hisoblash va undirish sud ijrochilari tomonidan amalga oshirilishi sudlarga tushuntirilsin. Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv bajarilmagan, aliment boʻyicha qarz vujudga kelgan taqdirda esa aliment undiruvchi bank foizlarini undirish yuzasidan sudga daʼvo bilan murojaat etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Oila kodeksining 144-moddasiga muvofiq, sudning hal qiluv qaroriga asosan pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish alimentlar ushlab qolinayotgan joyda qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam oylik ish haqiga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Indeksatsiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilanadi.
Shunga koʻra, qatʼiy summada undirilishi lozim boʻlgan aliment miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada (eng kam oylik ish haqining teng yarmi, bir baravari, bir yarim baravari va hokazo) belgilanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Sudlarning eʼtibori sud qaroriga (buyrugʻiga) asosan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining muayyan qismida undirilayotgan alimentni qatʼiy summada yoki bir vaqtda muayyan qismda va qatʼiy summada undirish toʻgʻrisidagi manfaatdor tarafning talabi FPKning 216-moddasi tartibida emas, daʼvo ish yurituvida koʻrilishi lozimligiga qaratilsin. Chunki bu holatda sud qarorini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish emas, balki aliment miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisida masala hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sudlarga tushuntirilsinki, qarzdor aliment undirish toʻgʻrisidagi sud buyrugʻining koʻchirma nusxasini olgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida arz qilingan talabga qarshi eʼtiroz bildirsa, FPKning 23810-moddasi tartibida sud buyrugʻi bekor qilinishi lozim.
Sud buyrugʻi FPKning 23811-moddasiga asosan ijroga qaratilganidan oʻn kun muddat oʻtganidan soʻng bildirilgan eʼtirozlar muddatni tiklash haqida ariza mavjud boʻlmasa, sud tomonidan koʻrilmaydi va arizachiga qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Agar sudning bola taʼminoti uchun aliment undirish haqidagi hal qiluv qarori yoki buyrugʻi ijro etilishi vaqtida bola aliment toʻlayotgan ota(ona)ning tarbiyasi va qaramogʻiga oʻtgan boʻlsa, undiruvchi esa, aliment olishdan voz kechmagan boʻlsa, keyingi toʻlanadigan alimentdan ozod qilish masalasi ota(ona) tomonidan tegishli tartibida qoʻzgʻatilgan daʼvo asosida sud tomonidan hal etilishiga;
agar undiruvchi yuqorida qayd etilgan holatlarda alimentdan voz kechsa, ijro ish yurituvi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasi 2-qismini 1-bandiga asosan tugatilishi lozimligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
18. Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment toʻlashdan ozod qilish haqidagi daʼvolar FPKning 145-moddasiga koʻra, javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashgʻul boʻlgan joydagi sudga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun undirilayotgan aliment miqdori sudning hal qiluv qaroriga koʻra, oʻzgargan taqdirda alimentning yangi miqdorda undirilishi sudning bu haqdagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran amalga oshiriladi.
19. Oila kodeksining 105, 115-moddalarida belgilangan holatlarda aliment miqdorini kamaytirish, aliment toʻlashdan ozod qilish hamda sudning bir necha qarorlari boʻyicha undiriladigan aliment miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi arizalarni hal etishda, mazkur ishlarni koʻrishda barcha undiruvchilar jalb qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga taʼminot berish majburiyatlari belgilangan Oila kodeksining 122-moddasiga muvofiq, ota-onasi yoʻq boʻlgan yoki ulardan taʼminot ololmaydigan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga taʼminot berish sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek, oʻgay ota va oʻgay ona, oʻgay oʻgʻil va oʻgay qiz hamda doimiy tarbiyada boʻlgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Bunda, sudlar aliment miqdorini, qarzdorning hamda undiruvchi (daʼvogar)ning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olgan holda, har oyda pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada belgilashlari lozim.
21. Voyaga yetmagan bola ota-ona qaramogʻidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan har qanday holatda, bolalarga taʼminot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligidan kelib chiqib, Oila kodeksi 107-moddasiga asosan ota-onasining har biridan aliment bolaning foydasiga undirilib, bola nomiga ochilgan bank hisob-varagʻida jamlanadi.
22. Oila kodeksining 136-moddasi 4-qismiga koʻra, agar taʼminot uchun mablagʻ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar koʻrilganligi, ammo aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning uni toʻlashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, oʻtgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkinligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Aliment toʻlashdan bosh tortish deganda, shaxsning aliment toʻlash majburiyatini aybli ravishda bajarmasligi, xususan aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish haqidagi taklifni rad etish, turar joyini va (yoki) ish joyini yashirish tushunilishi sudlarga koʻrsatib oʻtilsin.
23. Sudlar, aliment undirish haqidagi ishlar boʻyicha daʼvogarning daʼvodan voz kechishi va taraflarning kelishuv bitimini tuzishi sababli ish yuritishni tugatishda, bu holat bolaning huquq va manfaatlariga zid yoki zid emasligiga alohida eʼtibor qaratishlari lozim.
Sudning hal qiluv qaroriga binoan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan jami boʻlib uch oydan ortiq muddat mobaynida aliment toʻlamaslik holati aniqlansa, sud FPKning 19-moddasida belgilangan tartibda jinoyat ishini qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar uchun oʻz vaqtida moddiy taʼminot olish muhimligini hisobga olgan holda, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning eʼtibori, alimentlarning qonuniy muddatda va toʻgʻri undirilishi, oʻz vaqtida ijroga qaratilishini doimiy nazorat qilib, sud amaliyotini yiliga kamida bir marotaba tahliliy oʻrganib borishga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 29-iyul,
11-son