Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
AHOLINI SIL KASALLIGIDAN MUHOFAZA QILISH TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari
Ushbu Qonun sil kasalligining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy, tibbiy, sanitariya-gigiyenaga oid, epidemiyaga qarshi va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishning, shuningdek sil kasalligiga chalingan bemorlarni aniqlash, davolash, dispanser koʻrigidan oʻtkazish va reabilitatsiya qilishning huquqiy asoslarini belgilaydi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
BCG — Kalmett-Geren batsillasi: sil kasalligi mikrobining vaksina sifatida qoʻllaniladigan kuchsizlantirilgan shtammi (koʻrinishi);
vaksinatsiya — sil kasalligining oldini olish maqsadida chaqaloqlarda faol immunitet hosil qilish usuli;
revaksinatsiya — kasal yuqtirmaslik bobidagi yoʻqolgan xususiyatni tiklash yoki sil kasalligiga nisbatan yanada kuchliroq darajada immunitet hosil qilish uchun odam yoki hayvon organizmiga takroriy ravishda vaksina kiritish;
sil kasalligi — sil mikobakteriyalari qoʻzgʻatadigan yuqumli kasallik;
sil kasalligining yuqumli shakllari — sil kasalligining sil mikobakteriyalarini chiqarib turadigan faol shakllari;
sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyekti — hayvonlarning sil kasalligiga chalinish holati mavjud boʻlgan obyekt;
sil mikobakteriyalari (mikroorganizmlar) — sil kasalligini qoʻzgʻatuvchilar;
tuberkulin yordamida tashxis qoʻyish — kasallikni aniqlash uchun odam va hayvonlarni tuberkulin yordamida tekshirish usuli.
3-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
sil kasalligi tarqalishining oldini olishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishning izchilligi va doimiyligi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, mamlakatimizda doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga sil kasalligiga qarshi bepul yordam koʻrsatish.
5-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishni taʼminlash
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish profilaktika tadbirlari, tibbiy koʻriklar oʻtkazish va aholini sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida, shuningdek davlat sogʻliqni saqlash tizimining boshqa muassasalarida sil kasalligidan davolash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda majburiy tarzda BCG bilan chaqaloqlarni vaksinatsiya va bolalarni revaksinatsiya qilish hamda tuberkulin yordamida tashxis qoʻyish amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud boʻlgan shaxslarning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar roʻyxatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Roʻyxatda koʻrsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ularni albatta bakterioskopik tekshiruvdan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan bemorlarning yotoqxonalarga koʻchib kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sil kasalligiga chalingan bemorlarning yashash, ish, oʻqish joylarida (epidemiya oʻchoqlarida) epidemiyaga qarshi va sogʻlomlashtirish tadbirlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarni hisobga olish
Tibbiyot muassasalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Milliy xavfsizlik xizmatining, Davlat bojxona qoʻmitasining, Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitaning tibbiy xizmatlari tibbiy koʻrik natijasida sil kasalligi borligi aniqlangan shaxslar haqida ularning turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarini xabardor qilishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan shaxslar turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga olinadi.
7-modda. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni sil kasalligidan muhofaza qilish
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligiga chalingan hollarda ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan shaxslar ajratib qoʻyiladi va davolash uchun ixtisoslashtirilgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yotqiziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiy xizmati xodimlari tergov hibsxonalarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarini quyidagilardan xabardor qilishlari shart:
mazkur shaxslar sil kasalligiga chalinganligi ilk bor aniqlangan har bir holat haqida;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar haqida;
mazkur shaxslarning sil kasalligidan vafot etganligi holatlari haqida.
Jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyati ozod qilinish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarda jazoni oʻtab boʻlgan shaxslarda sil kasalligi bor-yoʻqligi haqida belgi qoʻyishi shart.
Ichki ishlar organlari:
jazoni ijro etish muassasasidan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemor shaxsning pasportini yoki boshqa hujjatini rasmiylashtirish paytida sil kasalligiga qarshi kurash muassasasini u xizmat koʻrsatayotgan hududga sil kasalligiga chalingan bemor kelganligi haqida xabardor qiladi va uning yashash manzilini koʻrsatadi;
Keyingi tahrirga qarang.
jazoni ijro etish muassasalaridan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida hisobga olinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
8-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilishga doir veterinariya-sanitariya tadbirlari
Veterinariya xizmatlari aholini sil kasalligidan muhofaza qilish maqsadida hayvonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining davlat veterinariya xizmati belgilagan tartib va muddatlarda majburiy tarzda tuberkulin yordamida tashxis qoʻyishdan oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan va sogʻlom hayvonlarni birga saqlash, shuningdek sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyektlaridagi hayvonlar va chorvachilik mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyektlaridagi hayvonlar belgilangan tartibda faqat goʻsht kombinatlarida va kushxonalarda soʻyiladi.
Sil kasalligidan oʻlgan hayvonlarni, shuningdek ularning zararlangan aʼzolari, toʻqimalari va tanalarini utilizatsiya qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xizmatlari muassasalari hamda sil kasalligiga qarshi kurash muassasalari odamlar va hayvonlarning sil kasalligiga chalinish hollari toʻgʻrisida oʻzaro xabar berib turilishini taʼminlaydilar.
9-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish sil kasalligining oldini olishga, unga barvaqt tashxis qoʻyish, uni vaqtida va malakali davolashga qaratilgan maxsus profilaktika, sanitariya-epidemiologiya va veterinariya tadbirlari oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam fuqarolar ixtiyoriy ravishda murojaat qilganda, ularning oʻz roziligiga koʻra yoxud qonuniy vakillarining roziligi bilan koʻrsatiladi.
Davlat organlari aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish uchun:
sil kasalligiga qarshi ambulatoriya, statsionar va sanatoriy yordami koʻrsatuvchi muassasalarni tashkil etadi;
sil kasalligiga chalingan bolalarni sil kasalligiga qarshi kurashuvchi statsionar va sanatoriy muassasalarida oʻqitish uchun sharoitlar yaratadi;
sil kasalligiga chalingan shaxslarning mehnat terapiyasini tashkil etish hamda ularni yangi kasblarga oʻrgatish uchun sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida davolash-mehnat ustaxonalarini barpo etadi;
sil kasalligiga chalingan shaxslarga ijtimoiy yordam koʻrsatish maqsadida boshqa chora-tadbirlarni koʻradi.
10-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining davlat veterinariya xizmati, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarning huquqlari
Sil kasalligiga chalingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzlariga nisbatan muruvvatli va insoniy muomala qilinishi;
oʻz huquqlari toʻgʻrisida hamda chalingan kasalliklarining xususiyati va qoʻllanilayotgan davolash usullari haqida maʼlumot olish;
sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishning barcha turlarini, shu jumladan ambulatoriya va statsionar sharoitlarida maslahat-tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya yordamini, sil kasalligi bilan bogʻliq barcha ekspertiza turlarini, sanitariya-profilaktika yordamini olish;
ixtisoslashtirilgan sanatoriylarda davolanish;
ijtimoiy-maishiy yordam olish;
ishga joylashishda koʻmak olish;
oʻqish va qayta taʼlim olish.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalinish oqibatida mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yoʻqotgan shaxslarning ish joyi, egallab turgan lavozimi belgilangan tartibda ularda saqlanib turadi hamda ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Yotoqxonalarda, shuningdek aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining turar joylarida yashovchi shaxslarda sil kasalligining yuqumli shakllari aniqlangan taqdirda, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda alohida uy-joy maydoni beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan shaxslarning bolalari ixtisoslashtirilgan maktabgacha tarbiya bolalar muassasalariga, maktablar, internatlar va sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga navbatdan tashqari qabul qilinish huquqidan foydalanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi yoki sanatoriysida davolanayotgan bolalarga umumiy oʻrta taʼlim dasturi boʻyicha oʻqish imkoniyati yaratiladi.
Sil kasalligiga chalingan va shu tufayli nogiron deb topilgan bolalarning ota-onalari (qonuniy vakillari) sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida bolalari bilan birga boʻlish huquqiga egadirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Sil kasalligiga chalingan bemorlar va ularni kuzatib boruvchi shaxslar sil kasalligiga qarshi kurash sanatoriysiga borib kelishda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yiliga bir marta tekin yurish huquqiga ega. Sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga maslahat olish va davolanish uchun chaqirilayotgan yoki yuborilayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tekin yurish (borib kelish) huquqiga ega.
12-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarning majburiyatlari
Sil kasalligiga chalingan bemorlar:
jamoat joylarida, ish, oʻqish joyida, jamoat transportidan foydalanishda, shuningdek yashash joylarida shu toifadagi bemorlar uchun belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishga;
tibbiyot xodimining davolanish rejimiga, kundalik turmush va ishdagi yurish-turishiga doir tavsiyalarini bajarishga;
tibbiyot xodimining chaqiruviga muvofiq sil kasalligiga qarshi kurash muassasasiga kelishga;
turar joyi oʻzgargan taqdirda oʻn kunlik muddat ichida yangi joydagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga turishga majburdirlar.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan va shifokor belgilagan davolanishdan boʻyin tovlayotgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishda ishtirok etayotgan xodimlar uchun kafolatlar va imtiyozlar
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlar mehnat sharoiti noqulay va oʻziga xos ishlarda band boʻlgan shaxslar jumlasiga kiritiladi va ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga ular xizmat vazifalarini bajarish chogʻida sil kasalligi yuqsa, bu — kasbiy kasalliklar toifasiga kiritiladi.
14-modda. Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishni moliyalashtirish
Aholiga sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari manbalar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-may,
215-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 84-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 553-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)