Oʻzbekiston “OʻZKOMMUNXIZMAT” agentligi bosh direktorining
buyrugʻi
Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 19-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2825]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv taʼminoti tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 18-avgust,
99-son
Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2016-yil 18-avgustdagi 99-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv taʼminoti tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2014-yil 15-iyuldagi 194-son “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chiqindilar — ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilish jarayonida xom ashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyumlar yoki mahsulotlarning hosil boʻlgan qoldiqlari, shuningdek oʻzining isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan tovarlar (mahsulotlar);
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oziq-ovqat, shishalar, rezinalar, qogʻozlar, toʻqimachilik mahsulotlari, oʻrash-joylash materiallari, oʻzining foydalanish xususiyatlarini yoʻqotgan uy-roʻzgʻor asboblari, supurindi chiqindilarining, qattiq yoqilgʻida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bugʻ qozonlaridan foydalanish) natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar;
chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi — aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish mashinalaridan chiqindilarni qabul qilib, ularni koʻmib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish joylariga joʻnatish maqsadida tashish mashinalariga qayta yuklash uchun moʻljallangan muhandislik inshooti;
chiqindilarni yigʻish mashinasi — tuzilgan shartnomalar asosida aholi punktlaridan maxsus tasdiqlangan yoʻnalish jadvali boʻyicha qattiq maishiy chiqindilarni yigʻib olib, qayta yuklash stansiyalariga keltiradigan maxsus avtotransport vositasi;
chiqindilarni tashish mashinasi — qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish joylariga tashish uchun moʻljallangan, yuk koʻtarish hajmi 30 — 40 m3 va undan ortiq boʻlgan, shatak kuzovli maxsus avtotransport vositasi.
2. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish joylariga tashish xarajatlarini kamaytirish;
chiqindilarni yigʻish mashinalarining samaradorligini oshirish;
chiqindilarni joylashtirish obyektlariga qatnaydigan mashinalar sonini kamaytirish va ularning ushbu obyektlar hududida toʻplanib qolishining oldini olish.
3. Mazkur Qoidalar chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining tavsifi
4. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari ularda texnologik jarayon tashkil qilinganligiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
avtomatlashtirilmagan chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari, bunda qattiq maishiy chiqindilar voronkali koʻchmas pressga yuklanadi, katta hajmda yuk koʻtarishga moʻljallangan maxsus chiqindi tashish konteynerlari (bundan buyon matnda konteyner deb yuritiladi) press operatori tomonidan pressga ketma-ket ulanib, konteyner toʻlganidan soʻng pressdan ajratib olinadi;
yarim avtomatlashtirilgan chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari, bunda konteynerlar koʻchmas pressga multilift mashinasi yordamida avtomatik ravishda ulanadi va ajratib olinadi;
avtomatlashtirilgan chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari, bunda konteynerlar avtomatik ravishda pressga rels izidan yoʻnaltiriladi, soʻngra gidravlik tutqichlar avtomatik ravishda konteynerni mahkamlab, pressga tortib keladi va qattiq maishiy chiqindilar yuqori bosim bilan konteynerga zichlanadi, konteyner toʻlganidan soʻng rels izidan ajratib olinadi.
5. Chiqindilarni yuklash jarayonini tashkil qilish usuliga koʻra chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quyidagi turlarga boʻlinadi:
chiqindilar zichlab yuklanadigan stansiyalar — aholining umumiy soni 300 minggacha boʻlgan aholi punktlariga xizmat koʻrsatish uchun;
chiqindilar zichlanmasdan yuklanadigan stansiyalar — aholining umumiy soni 300 mingdan ziyod boʻlgan aholi punktlariga xizmat koʻrsatish uchun.
6. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining asosiy parametrlari quyidagilardan iborat:
umumiy sigʻimi;
bitta rezervuarning sigʻimi;
rezervuarlardan foydalanish va toʻldirilish koeffitsiyenti;
koʻchmas yoki koʻchuvchanligi.
7. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari bir sutkada chiqindilarni qabul qilish quvvati boʻyicha quyidagi turlarga boʻlinadi:
kichik quvvatli — bir sutkada 50 tonnagacha;
oʻrta quvvatli — bir sutkada 50 dan 150 tonnagacha;
yirik quvvatli — bir sutkada 150 tonnadan ortiq.
8. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining umumiy sigʻimi rezervuarlar hajmlarining yigʻindisidan aniqlanadi. Rezervuarlarning hajmi ularning nominal hajmi boʻyicha qabul qilinadi.
9. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasida quyidagi asosiy uskunalar, qurilmalar va xonalar boʻlishi tavsiya etiladi:
avtomatik ravishda ochilib yopiluvchi darvoza;
texnologik uskunalar uchun ishlab chiqarish xonalari;
chiqindilarni qabul qilish uchun voronkali bunker, toʻplagich va greyfer krani;
gaz generatorli dizel uskunasi;
avtomobil tarozi;
tarozi operatori uchun maxsus xona;
presslash liniyasi;
koʻchuvchi va (yoki) koʻchmas presslar;
press operatori uchun maxsus xona;
chiqindilarni konteynerlarga yuklash maydonchasi;
konteynerlar;
chiqindilarni tashish mashinalari;
konteynerlar va chiqindilarni tashish mashinalari uchun maydoncha;
kombinatsiyalashgan saralash liniyasi (chiqindilarni saralash uchastkasi mavjud boʻlganda);
konteynerni koʻtarish-agʻdarish uskunasi;
yalpi zichlagich;
chiqindilarni maydalash uskunasi;
sanitariya-maishiy xonalar.
3-bob. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini loyihalashga qoʻyiladigan talablar
10. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini loyihalashda quyidagi omillarga eʼtibor berilishi lozim:
stansiyani joylashtirish, chiqindilarni vaqtincha saqlash, presslash, yordamchi qurilmalarni oʻrnatish uchun yaroqli yer uchastkasini tanlashga;
chiqindilarni tashish xarajatlarini qisqartirish maqsadida stansiyadan chiqindilar hosil boʻladigan xududlargacha boʻlgan masofaga;
chiqindilarni joylashtirish obyektigacha boʻlgan masofaga.
11. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari aholi punktining bosh rejasiga muvofiq ajratilgan yerda joylashtiriladi.
12. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini loyihalashda aholi istiqomat qiluvchi uy-joylar va ijtimoiy-maishiy binolar hududiga yaqin boʻlgan joylardan yer uchastkasini ajratish mumkin emas, zarurat tugʻilganda aholi istiqomat qiluvchi uy-joylar va ijtimoiy-maishiy binolar hududidan kamida 300 m uzoqda joylashtirish mumkin.
13. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiya qilish va tugatishni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari sanoat xavfsizligi va ekologik ekspertizalardan oʻtkazilishi zarur.
4-bob. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalaridan texnik foydalanishni tashkil qilishga qoʻyiladigan talablar
14. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasining ish tartibi u tasarrufida boʻlgan tashkilot tomonidan stansiyadagi ish hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
15. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida nosoz hamda ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan parametrlarga mos boʻlmagan binolar, uskunalar va qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi.
16. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari avariyalarni oldini olish va bartaraf qilishning tasdiqlangan rejasiga muvofiq, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalarni bartaraf etish uchun zarur vositalar bilan taʼminlangan boʻlishi zarur.
17. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari hududi begona shaxslarning nazoratsiz kirishlarining oldini olish maqsadida devor bilan oʻralgan boʻlishi kerak.
18. Yoʻllar chiqindilarni tashish mashinalarining harakatlanishiga xalaqit beradigan har qanday jihozlar, uskunalar va boshqa vositalar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak.
19. Chiqindilarni tushirish maydonchasidagi press operatori va tarozi operatori oʻzaro axborot almashish uchun zarur boʻlgan aloqa vositasi bilan taʼminlangan boʻlishlari lozim.
20. Chiqindilar tarkibida chiqindilarni qayta yuklash stansiyasiga qabul qilinmaydigan moddalar aniqlanganda, press operatori ularning chiqindilarni qabul qilish bunkeriga tushirilishini toʻxtatib, toʻplagichdan shu taqiqlangan chiqindilarni greyfer yoki qoʻl kuchi yordamida olib tashlaydi.
21. Press operatori chiqindilarning maydonchaga bir tekis va tartibli joylashtirilishini taʼminlashi zarur.
22. Press operatori pressni boshqarish maxsus xonasini tark etganda pressni oʻchirishi shart.
23. Yirik chiqindilarni olib tashlash uchun chiqindi qabul qilish bunkeriga greyfer kiritilganda press oʻchirib qoʻyilishi zarur.
24. Chiqindilarni presslash sikllari soni konteynerning yuk koʻtarish qobiliyatiga koʻra belgilanadi.
25. Konteynerni yuk koʻtarish qobiliyatini inobatga olgan holda oʻrnatish uchun press operatori masʼul boʻladi.
26. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasida faqat texnologik jarayon bilan bogʻliq boʻlgan konteynerlar va maxsus mashinalardan foydalaniladi.
27. Chiqindilarni konteynerlarda tashish faqat konteyner tashish uchun maxsus moʻljallangan mashinalarda amalga oshiriladi. Konteynerlarni maxsus mashinalardan boshqa mashinalarda tashishga ruxsat etilmaydi.
28. Konteynerni yuklash maydonchasiga oʻrnatish va olish press operatorining nazorati ostida amalga oshirilishi lozim.
29. Konteynerni olib ketishdan oldin chiqindilarni tashish mashinasining haydovchisi konteynerning puxta mahkamlanganligi, klapani va qopqogʻi zich yopilgani, chiqib qolgan chiqindi qismlari yoʻqligi va suyuqlik oqmayotganligini tekshirishi zarur.
5-bob. Uskuna va qurilmalarga xizmat koʻrsatish
30. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining barcha uskuna va qurilmalariga ularning foydalanish yoʻriqnomalarida belgilangan kundalik va davriy xizmat koʻrsatilishi lozim.
31. Uskuna va qurilmaga hamda uning ishchi yuzalaridagi loy, chiqindilar, qor yoki muz qoldiqlari har smena yakunida tozalab turilishi kerak.
32. Moyining sathi tekshirilishi lozim boʻlgan uskunalar har smena yakunida koʻrikdan oʻtkazilishi va zarur boʻlganda ularga qoʻshimcha moy quyilishi kerak.
33. Gidrouskunalarning barcha ish yuzalari, chiqindi bunkerining (voronkaning) payvandlangan birikish joylarining mexanik shikastlanmaganligi (darz ketmaganligi, qiyshaymaganligi), korroziyaga uchramaganligi har kuni tekshiriladi. Barcha vintli birikmalarning puxta qotirilganligi tekshirilib, lozim boʻlsa, birikmalar burab qotiriladi. Gidroyuritmalardagi shlanglarning zichligi va mexanik shikastlanmaganligi va ulardan suyuqlik oqmayotganligi ham tekshirilishi lozim.
34. Uskuna va qurilmalarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni soz holatda saqlash ishlari bajarilganligi haqida har kuni chiqindilarni qayta yuklash stansiyasining bino, uskuna va qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni qayd qilish kitobiga qayd etilishi lozim.
6-bob. Atrof-muhit muhofazasi, sanitariya xavfsizligi, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va yongʻin xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
1-§. Atrof-muhit muhofazasiga qoʻyiladigan talablar
35. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasida ekologik nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 286-son “Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari hududida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish qatʼiyan man qilinadi.
37. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan oʻtkazish natijalari asosida Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 21-yanvardagi 14-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning ekologik normativlarini (tashlamalar, oqovalar, chiqindilar paydo boʻlishi va ularni joylashtirish normativlari) ishlab chiqishlari hamda ekologik ekspertizadan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi organlariga taqdim etishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Suv havzalari ifloslanishining oldini olish maqsadida chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida hosil boʻlgan ishlab chiqarish va yogʻingarchilik suvlari mexanik usulda tozalanganidan soʻng kanalizatsiya tarmogʻiga oqizilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Sanitariya xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
39. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomda (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) nazarda tutilgan ishlardagi xodimlar tegishli ravishda mehnat shartnomasi tuzish vaqtida dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
40. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
41. Xodimlarni sogʻliqlari tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
42. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi xodimlari Uy-joy-kommunal xoʻjaligi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalariga (roʻyxat raqami 2275, 2011-yil 6-oktabrda) muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalari bilan taʼminlanishlari lozim. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi ishchilari ishlarni maxsus ish kiyimida bajarishlari kerak.
43. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasining hududi toza va tartibli saqlanishi hamda unda davriy dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazilishi lozim.
44. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasining xodimlari shaxsiy gigiyena va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishlari kerak. Zarur hollarda maxsus kiyim sanitar usulda tozalashga topshirilishi lozim.
45. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori-darmonlar va tibbiy jihozlar toʻplami, ularni saqlash uchun maxsus shkaf yoki quticha bilan taʼminlanadi.
46. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi xodimlari baxtsiz hodisa sodir boʻlganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish usullariga oʻrgatiladi va ularga zarur yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
3-§. Mehnat muhofazasiga qoʻyiladigan talablar
47. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida mehnatni muhofaza qilishga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga vakolatli davlat nazorati organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari hamda kasaba uyushmalari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
48. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
49. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida mehnatni muhofaza qilishga doir quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish qoidalarini oʻz ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha uch bosqichli nazorat yuritish jurnali;
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar.
50. Xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq boʻlgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
51. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va toʻgʻridan-toʻgʻri uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
52. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
53. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
54. Baxtsiz hodisa haqida jabrlanuvchi yoki guvoh darhol boʻlinma rahbariga xabar berishi kerak, u esa:
jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam koʻrsatishi va uni tibbiy-sanitariya qismiga yoki davolash-profilaktika muassasasiga yetkazishni tashkil etishi;
tekshirish komissiyasi ish boshlashiga qadar ish joyidagi vaziyatni va jihozlar holatini hodisa yuz bergan paytda qanday boʻlsa, shundayligicha (agar bu atrofdagi xodimlar hayoti, salomatligiga tahlika solmayotgan boʻlsa va halokatga olib kelmasa) saqlab qolishi;
hodisa toʻgʻrisida darhol ish beruvchiga va kasaba uyushmasiga xabar qilishi lozim.
4-§. Maishiy bino va xonalarga qoʻyiladigan talablar
55. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dushlarning soni, oyoq vannalari, bet-qoʻl yuvgichlar, ichimlik suvi taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni bir smenadagi eng koʻp xodimlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
57. Dushxonalar va hojatxonalar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
58. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorongʻi paytlarida yoritilishi kerak.
5-§. Uskuna va qurilmalardan texnik foydalanishga qoʻyiladigan talablar
59. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining uskuna va qurilmalaridan samarali foydalanish muddati ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilanadi.
60. Barcha uskuna va qurilmalar moʻljallangan vazifasi boʻyicha ishlatilishi kerak, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish qatʼiyan man etiladi.
61. Uskuna va qurilmalarining xavfli joylari maxsus belgilanib, toʻsib qoʻyilishi va ogohlantirish belgilari oʻrnatilishi kerak.
62. Uskunalarni ishga tushirishdan avval tegishli operatorlar xavfli zonalarda odamlar yoʻqligiga ishonch hosil qilishlari kerak. Uskunalar ishlayotgan vaqtda ularning atrofidagi xavfli zonalarda odamlar boʻlmasligi lozim.
63. Chiqindi tushirish bunkeridan taqiqlangan elementlarni chiqarish, uskunalar toʻla toʻxtatilgandan soʻng, ularning qismlarga zarar yetkazmasdan va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak.
6-§. Taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan talablar
64. Ish jarayonida boshqacha shovqin paydo boʻlgan yoki uskuna va qurilmalar odatdagidan boshqacha ishlay boshlaganda tegishli operatorlar darhol uskunani oʻchirib, texnik xizmat koʻrsatish xodimlariga murojaat qilishlari kerak.
65. Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarining uskuna va qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini shu turdagi uskunalarga xizmat koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan mutaxassislar amalga oshiradi.
66. Uzoq vaqt ishlatilmagan, taʼmirdan chiqqan uskuna va qurilmalar ishga tushirilishidan oldin uskunadan foydalanish yoʻriqnomasiga muvofiq texnik xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan koʻzdan kechirilishi va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi kerak.
67. Taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatishdan oldin:
uskuna va qurilmalar elektr toki manbaidan oʻchirilgan boʻlishi hamda ehtiyotsizlik tufayli ishga tushirilishining oldi olinishi;
boshqarish tizimiga “Ulanmasin, odamlar ishlamoqda!” degan ogohlantiruvchi belgi osib qoʻyilishi va zarur boʻlganda toʻsiqlar qoʻyilishi;
ishlarni boshlashdan oldin elektr toki oʻtuvchi qismlarda kuchlanishning yoʻqligini oʻlchov asboblari yordamida tekshirib koʻrish kerak.
68. Ogʻir yuklarni joyidan koʻchirish ishlari xavfli ishlarni bajarish uchun masʼul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi shart.
69. Nosoz yuk koʻtaruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek yaroqlilik muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
70. Taʼmirlash paytida ish joylarini, yoʻllarni, yoʻlaklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
71. Taʼmirlash ishlari balandlikda bajarilayotganda havoza va taxta toʻshamalarning oʻrnatilishi xavfsizlik talablariga javob berishi hamda xodimlar xavfsizlik kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart.
72. Uskuna va qurilmalarni davriy koʻrikdan oʻtkazish ishlari taʼmirlash xizmati tomonidan muhandis-texnik xodimning rahbarligi ostida oʻtkazilishi lozim.
73. Koʻrikdan oʻtkazish paytida uskuna va qurilmalarning ishlashida nuqsonlar topilsa, ularning sabablarini aniqlash va bartaraf qilish uchun mazkur uskuna va qurilmalar darhol toʻxtatilishi lozim.
7-§. Yongʻin xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
74. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yongʻin va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Portlash xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
75. Shamollatish va tutun tortish tizimlari yongʻinga qarshi avtomatika tizimlari bilan bogʻlangan boʻlishi kerak.
76. Ishlab chiqarish binolari va xonalari birlamchi oʻt oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
77. Suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻinni oʻchirish vositalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak.
78. Yongʻin va portlash xavfi mavjud boʻlgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi zarur.
79. Ishlab chiqarish jarayoni bajariladigan joylarda tamaki mahsulotlarini chekish taqiqlanadi.
80. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
7-bob. Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik
81. Mazkur Qoidalarga rioya qilinishi uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
82. Mansabdor shaxslar va xodimlar mazkur Qoidalarga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
8-bob. Yakuniy qoida
83. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2016-yil 5-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2016-yil 8-avgust
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2016-yil 12-avgust
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2016-yil 16-avgust
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2016-yil 29-iyul
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2016-yil 19-iyul
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2016-yil 22-iyul
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2016-yil 25-iyul
Savdo-sanoat palatasi A. SHAYXOV
2016-yil 28-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 38-son, 452-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son; 19.03.2026-y., 10/26/3793/0256-son)