samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimining
Qarori
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2014-yil band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimining 2014-yil 29-sentabrdagi 1449-q-sonli “Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2015-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun xodimlarni roʻyxat boʻyicha 601 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
nogironlar uchun 1,6 foiz — 10 kishi;
14 yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz hamda koʻp bolali ota-onalar uchun 46 foiz — 295 kishi;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 44,3 foiz — 284 kishi;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan uchun 5,6 foiz — 36 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 1,6 foiz — 10 kishi;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholining ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,3 foiz — 2 kishi;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 0,6 foiz — 4 kishi miqdorida.
2. 2013-yilda Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2014-yil uchun band qilib qoʻyish lozim boʻlgan korxonalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Korxona, tashkilot, muassasalar rahbarligida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun 2013-yil yakunlanishidan 10 kun oldin kvota ish joylari umumiy miqdorining kamida 25 foizi uchun, 2014-yilning 10-aprelidan kechikmay ish joylarning qolgan qismi 75 foizini barpo etish (ajratish yoki band qilib qoʻyish) toʻgʻrisidagi, yaʼni har bir kvota toifasi boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim qilish vazifalari yuklatilsin.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror ijrosini bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Sh. Axmedov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
8. Ishtixon tuman hokimining 2012-yil 29-sentabrdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2013-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 844-q-sonli qarori 2013-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari v.v.b A. Tangirov zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim Sh. NEGMATOV
Ishtixon t.,
2013-yil 28-sentabr,
791-q-son