Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
“Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining shakli va uni toʻldirish tartibini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2280-2]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 21-dekabrdagi 31-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3404, 22.12.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 7-noyabrdagi 246-mh-son “Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining shakli va uni toʻldirish tartibini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2280, 2011-yil 7-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 45-46-son, 480-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi (S. Togʻayev) va Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (Sh. Saidov) ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 9-sentabr,
226-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2016-yil 9-sentabrdagi 226-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining shakli va uni toʻldirish tartibini tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-ilovaning 4-ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tekshirishga jalb qilingan nazorat qiluvchi organning nomi (tekshiruvchining F.I.O. va guvohnoma raqami), auditorlik tashkilotining nomi (litsenziya berilgan sana, raqami va amal qilish muddati, auditorning F.I.O., tekshirishga jalb etishga asos boʻlgan shartnomaning raqami va muddati), ekspertning F.I.O. (shaxsini tasdiqlovchi hujjat, tekshirishga jalb etishga asos boʻlgan shartnomaning raqami va muddati)”.
2. 2-ilovada:
a) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. 4-ustunda tekshirishga:
nazorat qiluvchi organ jalb etilgan taqdirda, nazorat qiluvchi organning toʻliq rasmiy nomi, uning pochta manzili, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, guvohnoma (shu jumladan maxsus guvohnoma) raqami, guvohnomani bergan tashkilot nomi, guvohnomaning amal qilish muddati koʻrsatiladi;
auditorlik tashkiloti jalb etilgan taqdirda, auditorlik tashkilotining nomi, litsenziya berilgan sana, raqami va amal qilish muddati, auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tekshirishga jalb etishga asos boʻlgan nazorat qiluvchi organ bilan tuzilgan shartnomaning raqami va muddati koʻrsatiladi;
ekspert jalb etilgan taqdirda, ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat raqami, tekshirishga jalb etishga asos boʻlgan nazorat qiluvchi organ bilan tuzilgan shartnomaning raqami va muddati koʻrsatiladi.”.
b) 13-bandning birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6-ustunda tekshirish turining toʻliq nomi (rejali tekshirish, rejadan tashqari tekshirish, qisqa muddatli tekshirish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish, yuridik shaxs tugatilayotganda oʻtkaziladigan rejadan tashqari soliq tekshiruvi, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (viloyat komissiyalari) bilan qoʻshimcha kelishuvsiz amalga oshiriladigan nazorat funksiyalari) va maqsadi koʻrsatiladi.”.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2016-yil 31-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 36-son, 425-modda)