Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron tijorat platformalar va raqamli ekotizim operatorlarining-axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijoratni jadal rivojlantirish, shuningdek elektron tijoratning axborot vositachilari va ishtirokchilari faoliyatini rivojlantirish uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Elektron tijorat platformalar va raqamli ekotizim operatorlarining — axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 2-avgust,
249-son
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-avgustdagi 249-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron tijorat platformalar va raqamli ekotizim operatorlarining — axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom elektron tijorat platformalar va raqamli ekotizim operatorlarining — axborot vositachilarining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi elektron tijorat ishtirokchilarining shaxsiy axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan bitimlariga, davlat xaridlariga, shuningdek quyidagilarning faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
muayyan turdagi va sifatdagi tovarlar, shu jumladan hosila moliyaviy vositalar (derivativlar) elektron birja va birjadan tashqari savdolarini tashkil etuvchilar;
elektron davlat va korporativ xaridlarni tashkil etish boʻyicha;
elektron koʻchmas mulk savdolari tashkilotchilari;
elektron tijorat ishtirokchilari oʻrtasida bitimlar tuzishda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bogʻliq boʻlmagan elektron tijorat xizmatlari ishtirokchilariga xizmat koʻrsatuvchi axborot vositachilari.
3. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
agent — axborot vositachisi tomonidan akkreditatsiya qilingan hamda topshiriq shartnomasi yoki komissiya shartnomasi asosida elektron tijoratda sotuvchilar va xaridorlarga vositachilik xizmatlari koʻrsatadigan elektron tijorat ishtirokchisi — yuridik shaxs;
aksept — oferta yoʻllangan shaxsning uning qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi javobi;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot vositachisi — oʻzining axborot tizimida elektron tijorat amalga oshirilishini taʼminlovchi yuridik shaxs, elektron tijorat platformalar va raqamli ekotizim operatorlari;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
Oldingi tahrirga qarang.
axborot tizimi — axborot vositachisining axborot tizimi, bitimlar tuzish uchun axborotni yigʻish, saqlash, qidirish, qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beradigan axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalarining tashkiliy jihatdan tartibga solingan majmui;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
oferent — axborot vositachisining axborot tizimida (sotuvchi — tovarni sotishda, xaridor — tovarni xarid qilishda) oferta joylashtirgan elektron tijoratning ishtirokchisi;
oferta — bir shaxsga, bir nechta aniq shaxslarga yoki nomuayyan shaxslar doirasiga yoʻllangan, shartnomaning barcha shartlarini oʻz ichiga oluvchi, unga koʻra taklif qilayotgan shaxsning taklifiga javob beradigan har qanday shaxs bilan shartnoma tuzish yuzasidan irodasini bilish mumkin boʻlgan taklif;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot vositachisining qoidalari — axborot vositachisining axborot tizimidan foydalangan holda elektron tijoratni tashkil qilish tartibini belgilovchi axborot vositachisining lokal hujjati;
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
tovar — fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan va elektron tijoratda bitim predmeti hisoblanadigan tovar, ish va (yoki) xizmat;
Oldingi tahrirga qarang.
elektron tijorat platformasi — elektron tijorat subyektlariga elektron bitimlarni amalga oshirish, tanlovlar yoki auksionlarni tashkil etish va oʻtkazish hamda ishtirokchilarga masofadan turib (shaxsan ishtirok etmasdan) elektron operatsiyalarni amalga oshirish imkonini berish uchun moʻljallangan Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot tizimi;
elektron tijorat platformasi operatori — elektron tijorat ishtirokchilariga buyurtma berish yoki yetkazib berish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish, elektron tijorat platformasiga eʼlonlarni, buyurtmalarni va ularning yakunlari toʻgʻrisidagi boshqa axborotni joylashtirish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi maxsus vakolatli yuridik shaxs;
tashkil etilgan savdolar — belgilangan qoidalarga muvofiq muntazam ravishda elektron tijorat platformasida amalga oshiriladigan savdo;
raqamli ekotizim — koʻp sonli axborot xizmatlari, biznes jarayonlari va ishtirokchilarni birlashtirgan raqamli muhit, ularning munosabatlari hamkorlik va raqobat tamoyillariga asoslanadi;
raqamli ekotizim operatori — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Raqamli transformatsiya markazi;
eskrou tizimi — xaridorning (isteʼmolchining, buyurtmachining) shartlari toʻliq qondirilmaguncha biznes-operatorning, shu jumladan elektron tijorat platformasi yoki raqamli ekotizim operatorining axborot tizimida elektron shartnomalarni amalga oshirishda pulni ushlab qolish, pulni deponentlash tizimi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
II. Axborot vositachilarining huquqlari va majburiyatlari
4. Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatish shartlarini va oʻz xizmatlari narxlarini belgilash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno;
axborot vositachisining qoidalarini va elektron tijorat ishtirokchilariga boʻlgan talablarni belgilash;
elektron tijorat ishtirokchilariga, ular belgilangan qoidalarni buzgan, elektron tijorat ishtirokchisining axborot vositachisi va (yoki) elektron tijorat ishtirokchilari oldidagi toʻlanmagan qarzlari mavjud boʻlgan taqdirda xizmatlar koʻrsatishni toʻxtatib turish;
elektron tijorat ishtirokchilariga elektron tijorat bilan bogʻliq boʻlgan axborot, taʼlim, maslahat, logistika va boshqa qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish;
boshqa axborot vositachilari bilan hamkorlikda maʼlumotlar bazalarini, shu jumladan elektron tijoratning nohalol ishtirokchilari reyestrlarini yaratish.
Axborot vositachilari qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5. Axborot vositachisi quyidagilarga haqli emas:
oʻzining axborot tizimidan foydalangan holda tuzilgan bitimning tarafiga aylanish, shuningdek axborot vositachisi sifatida xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish, savdo, savdo-vositachilik yoki boshqa faoliyatni amalga oshirish;
elektron tijoratni amalga oshirish, bitimlar tuzishda narxlarning shakllanish jarayonlariga aralashish, kontragentlarni tanlashda va bitimlar tuzishda elektron tijorat ishtirokchilarining erkinligini cheklash, shuningdek elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlarini boshqacha tarzda cheklash.
6. Axborot vositachisi quyidagilarga majbur:
elektron tijorat sohasidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan standartlar, normalar va qoidalarga rioya etish;
oʻzining toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, koʻrsatiladigan xizmatlar, ularni koʻrsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilish;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirmaslik, elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni va shaxsga oid maʼlumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish choralari bilan taʼminlash;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga bermaslik, qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning qonun hujjatlariga muvofiq saqlanishini taʼminlash;
oʻz axborot tizimini Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashtirish.
Axborot vositachilari qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga olishi mumkin.
7. Axborot vositachisi oʻzining rasmiy veb-saytida quyidagi axborot va hujjatlarning joylashtirilishi va oshkor qilinishini taʼminlashi shart:
Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijoratni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar;
elektron tijorat ishtirokchilariga xizmat koʻrsatish boʻyicha ommaviy shartnoma matni;
axborot vositachisining elektron tijorat ishtirokchilari uchun majburiy kuchga ega boʻlgan qoidalari va lokal hujjatlari matni;
oʻzining axborot tizimidan foydalanganlik uchun xizmat koʻrsatishning amaldagi tariflari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiy tarzda oshkor qilinadigan boshqa axborot.
Oldingi tahrirga qarang.
71. Elektron platformalar va raqamli xizmatlarning raqamli ekotizimlardagi ishtiroki ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
(71-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
8. Axborot vositachisi:
topshirilayotgan, qabul qilinayotgan va saqlanayotgan elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning ishonchliligini, shuningdek ularning qonun hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilish yoki tekshirishga majbur emas, agar qonun hujjatlarida va shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa;
ularga topshirilayotgan elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlarining mazmuni bilan bogʻliq huquqiy oqibatlar uchun javob bermaydi.
III. Elektron tijorat ishtirokchilari
9. Elektron tijoratda axborot tizimlaridan foydalanadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sotuvchilari hisoblanadilar.
10. Elektron tijoratda axborot tizimlaridan foydalanadigan yuridik va jismoniy shaxslar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridorlari boʻlishlari mumkin.
11. Axborot tizimi elektron tijorat ishtirokchilarini roʻyxatga olishni va identifikatsiya qilishni majburiy tartibda taʼminlashi kerak.
12. Axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron tijoratda ishtirok etish sotuvchi va xaridor tomonidan mustaqil ravishda yoki agentlar orqali amalga oshiriladi.
13. Agent sotuvchiga yoki xaridorga xizmatlar koʻrsatish natijasida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya qilishga majbur.
Bunda agent bir paytning oʻzida bir bitim doirasida sotuvchi va xaridorning manfaatlarini ifoda etishga haqli emas.
14. Elektron tijorat ishtirokchilari va axborot vositachilarining oʻzaro munosabatlari axborot tizimida erkin foydalanishda joylashtirilgan ommaviy shartnoma shartlari bilan belgilanadi.
15. Axborot vositachisi elektron tijorat ishtirokchilarining majburiyatlari boʻyicha uchinchi shaxslar oldida, shu jumladan uning axborot tizimidan foydalanilgan holda tuzilgan shartnomalar boʻyicha javobgar boʻlmaydi, ommaviy shartnomada va (yoki) axborot vositachisining qoidalarida bunday javobgarlik nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Elektron tijorat ishtirokchilari axborot vositachisining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar.
16. Axborot vositachisi tovarning yetkazib berilishini taʼminlashga, axborot vositachisining qoidalarida nazarda tutilgan tartibda elektron tijorat ishtirokchilarining majburiyatlari bajarilishini kafolatlashga haqli.
Elektron tijorat bilan bogʻliq qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish uchun qonun hujjatlarida litsenziya yoki boshqa ruxsatnoma tusidagi hujjat talab etilishi nazarda tutilgan, shuningdek bunday xizmatlarni koʻrsatadigan shaxs mos kelishi shart boʻlgan talablar belgilangan taqdirda axborot vositachisi litsenziya (ruxsat etish tusidagi hujjat)ga ega boʻlishi va (yoki) belgilangan talablarga mos kelishi shart.
IV. Elektron tijoratni tashkil etish tartibi
17. Axborot vositachilarining axborot tizimlaridan foydalangan holda sodir etiladigan bitimlar raqobatli yoki raqobatsiz shakllarda tuzilishi mumkin.
18. Elektron tijoratni tashkil etishning shakllari bitimlar tuzishning raqobatli shakllari deb eʼtirof etiladi, bunda axborot vositachisining axborot tizimi quyidagi shart-sharoitlarni taʼminlaydi:
elektron tijoratning ikkitadan kam boʻlmagan ishtirokchilari tomonidan ofertani akseptlash imkoniyati;
oferent uchun shartnomani bajarishning eng yaxshi shartlarini taklif qilgan shaxs bilan shartnoma tuzish.
Qayd etilgan talablarga rioya qilingan taqdirda bitim sodir etilgan deb eʼtirof qilinadi.
Bitimlarni raqobatli shakllarda sodir etishda ofertani qabul qilgan shaxs tomonidan, uni qabul qilish uchun belgilangan muddatda, unda koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish boʻyicha xatti-harakatlarni (tovarlarni yuklab joʻnatish, xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish, tegishli summani toʻlash va hokazolarni) sodir etish aksept hisoblanmaydi.
19. Elektron tijoratning raqobatli shakllaridan foydalanishda shartnoma narxi salohiyatli ishtirokchilarning raqobatli takliflarini taqqoslash va ular orasidan oferent uchun eng yaxshi boʻlgan taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadi.
20. Elektron tijoratning raqobatli shakllaridan foydalangan holda tuzilgan shartnomaning narxi, oferta joylashtirilgan paytdan eʼtiboran 24 soatdan kam boʻlmagan vaqt mobaynida ikki va undan ortiq salohiyatli ishtirokchilarga raqobatli takliflarni erkin ravishda topshirish imkoniyati berilgan taqdirda bozor narxi deb eʼtirof etiladi.
21. Elektron tijoratning raqobatsiz shakllaridan foydalanishda oferent tomonidan bitim axborot tizimida joylashtirilgan ofertaga, uning taklifiga, ofertani akseptlash yoʻli bilan qabul qilish orqali javob qaytargan har qanday shaxs bilan tuziladi.
22. Elektron tijoratning raqobatsiz shakllaridan foydalanishda shartnoma narxi ofertada koʻrsatilgan darajada belgilanadi.
23. Axborot tizimi bitimning avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtkazilishini nazarda tutishi shart.
24. Axborot vositachisiga quyidagilarni roʻyxatdan oʻtkazishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
raqobatli shakllardan foydalangan holda axborot tizimida sodir etilgan bitim natijalariga koʻra tuzilgan shartnomaga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar;
oʻzining axborot tizimidan tashqarida sodir etilgan bitimlar;
qonun hujjatlariga muvofiq majburiy tarzda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan va (yoki) notarial tarzda tasdiqlanadigan bitimlar.
25. Elektron tijorat axborot vositachisida qabul qilingan tartib- taomillariga muvofiq tasdiqlangan axborot vositachisining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Axborot vositachisining qoidalari oldindan belgilangan boʻlishi, elektron tijoratning barcha ishtirokchilari uchun bir xil boʻlishi va majburiy tarzda quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
axborot vositachisining huquqlari va majburiyatlari;
elektron tijorat ishtirokchilariga nisbatan talablar, ularga bitimlarni sodir etishga ruxsat berish tartibi, ularning huquqlari va majburiyatlari;
elektron tijorat ishtirokchisini roʻyxatdan oʻtkazish va identifikatsiya qilish tartibi;
elektron tijoratni tashkil etish, bitimlar tuzish, shartnomalarni rasmiylashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
axborot vositachisining axborot tizimida bitimlarni sodir etish natijalari boʻyicha narxlarni shakllantirish tartibi;
tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarish, hisob-kitoblarni (tovar uchun va uni yetkazib berganlik uchun toʻlovni) tashkil etish tartibi;
sodir etilgan bitimlar, elektron tijorat ishtirokchilarining xizmat va tijorat sirlarini himoya qilish boʻyicha choralar haqidagi axborotni oshkor qilish tartibi;
axborot vositachisining qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik haqidagi qoidalar;
elektron tijorat ishtirokchilarining manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar va ularni buzganlik uchun axborot vositachisining javobgarligi;
axborot vositachisining elektron tijorat ishtirokchisining shaxsiy maʼlumotlaridan foydalanishning yoʻl qoʻyiladigan maqsadlari va shartlari, shuningdek ularni buzganlik uchun javobgarlik choralari;
axborot vositachisining axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladigan elektron tijorat jarayonida paydo boʻladigan nizolar va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish tartibi.
Axborot vositachisining qoidalari quyidagilarni ham oʻz ichiga olishi mumkin:
elektron tijoratda ishtirok etish boʻyicha elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar koʻrsatuvchi agentlarni akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi, ularga qoʻyiladigan talablar majmui;
agentlarning huquqlari va majburiyatlari;
axborot vositachisi tomonidan uning axborot tizimidan foydalangan holda sodir etilgan bitimlarni bajarish kafolatlarini berish tartibi va shartlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar.
27. Axborot tizimida tuzilgan bitim boʻyicha huquqlar va majburiyatlar taraflarda bitim axborot tizimida elektron roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin paydo boʻladi, agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
IV1. Shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun kafolatlar berish tartibi
271. Elektron tijorat sohasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi kafolatlarini taʼminlash uchun axborot vositachisi — elektron tijorat platformasi yoki raqamli ekotizim operatori eskrou hisob-kitoblar tizimini joriy etishga haqli. Tashkil etilgan savdolarda tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi elektron tijorat platformasi yoki raqamli ekotizim operatori tomonidan majburiy ravishda kafolatlanishi kerak.
272. Elektron tijorat platformasi yoki raqamli ekotizim operatorlari oʻzlarining eskrou tizimidan foydalanish yoki uchinchi shaxslar xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.
273. Shartnoma majburiyatlarini bajarish kafolatlarini taʼminlash maqsadida eskrou tizimining operatori elektron tijorat ishtirokchilariga ular tuzadigan operatsiyalar boʻyicha mablagʻlarni hisobga olish va hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankda oʻzining ikkilamchi depozit hisobvaragʻida shaxsiy hisobvaraqlar ochadi.
274. Xaridorning yetkazib berilgan tovar uchun haq toʻlash mablagʻlari u tomonidan uning shaxsiy hisobvaragʻiga kiritiladi, operator tomonidan bloklanadi va tovarni toʻliq yoki qisman yetkazib berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarganligi aniqlangandan keyin sotuvchiga yuboriladi.
275. Axborot vositachisi qoidalarida elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan bitimlar tuzilgunga qadar shaxsiy hisobvaraqlariga omonat qoʻyish zarurati va tomonlar oʻz shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda ulardan kompensatsiya sifatida foydalanish zarurati nazarda tutilishi mumkin.
276. Shartnoma majburiyatlarini bajarish boʻyicha nizolar va kelishmovchiliklar nizolarni sudgacha hal etish organlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda elektron tijorat platformasi yoki raqamli ekotizim operatori bilan koʻrib chiqilishi mumkin.
(IV1 boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 392-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)
V. Yakunlovchi qoidalar
28. Axborot vositachilarining axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan elektron tijoratda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
elektron tijorat ishtirokchilarini kamsitish, elektron tijoratning bir ishtirokchisiga boshqa ishtirokchilar erkin foydalana olmaydigan va qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan imtiyozlar yoki preferensiyalarni berish;
axborot vositachilarining mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy manfaatdorlik taʼsirida qarorlar qabul qilish yoxud elektron tijorat ishtirokchilarining manfaatlariga zarar yetkazadigan boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etish;
elektron tijorat ishtirokchilariga bosim oʻtkazish, elektron tijoratda ishtirok etish haqidagi axborotni oshkor qilish (qonun hujjatlaridan nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno), noqonuniy tarzda raqobatga yoʻl qoʻymaslik, uni cheklash yoki chetlatish;
elektron tijorat ishtirokchilarining bozor konyunkturasini oʻzgartirish yoki narxlarni buzib koʻrsatish maqsadida til biriktirishi;
ishonchli boʻlmagan yoki buzib koʻrsatilgan axborotni berish yoki tarqatish, shuningdek axborotdan erkin foydalanishni asossiz cheklash;
elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan kelgusida shartnomani imzolashdan yoki uni zarur darajada bajarishdan bosh tortish niyatida sunʼiy ravishda pasaytirilgan yoki oshirilgan narxlarda talabnomalar berish;
axborot vositachisining axborot tizimlaridan foydalangan holda tovar sotayotgan yoki sotish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatishni taklif qilayotgan, belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmagan jismoniy shaxs hisoblangan bitim taraflaridan biri tomonidan bitimlarni amalga oshirish.
29. Mazkur Nizomni buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 31-son, 378-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2022-y., 09/22/392/0653-son)