Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 21-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2814]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 26-noyabrdagi 02-01/13-68-sonli “Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish) toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2814-1, 03.12.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais Z. DUSANOV
Toshkent sh.,
2016-yil 23-iyun,
01-02/20-52-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 23-iyundagi 01-02/20-52-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Bojxona kodeksiga muvofiq bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish, bekor qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
talabgor — bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini oʻtash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oliy harbiy bojxona institutiga (bundan buyon matnda OHBI deb yuritiladi) murojaat qilgan Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy shaxsi;
malaka komissiyasi — talabgorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda malaka imtihonlarini oʻtkazish, bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassislarning malaka attestatini (dublikatini) berish, amal qilish muddatini uzaytirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (bundan buyon matnda DBQ deb yuritiladi) va OHBI xodimlaridan iborat boʻlgan, DBQ buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan DBQ komissiyasi;
bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestati (bundan buyon matnda attestat deb yuritiladi) — attestat amal qiladigan davrda uning egasi bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis sifatida ish olib borish huquqiga egaligini tasdiqlovchi hujjat;
bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis (bundan buyon matnda mutaxassis deb yuritiladi) — DBQ tomonidan berilgan attestatga ega boʻlgan, bojxona brokeri yoxud boshqa yuridik shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzgan va ushbu yuridik shaxs nomidan bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha ish bajaradigan Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy shaxsi.
2. Mutaxassis Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar doirasida bojxona brokeri yoxud shtatida turgan boshqa yuridik shaxsning nomidan bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha faoliyatni amalga oshiradi.
3. Mutaxassis va bojxona brokeri yoki boshqa yuridik shaxs oʻrtasidagi munosabatlar mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
2-bob. Talabgor va mutaxassisga qoʻyiladigan malaka talablari
4. Attestat olish uchun talabgor:
11-sinfni yakunlaganligi haqida attestatga yoki oʻrta maxsus yoxud oliy taʼlim muassasalarining diplomiga ega boʻlishi;
tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi hisoblanadigan yoki bojxona brokeri sifatida faoliyat yuritadigan tashkilotlarda kamida olti oylik ish stajiga ega boʻlishi;
mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini oʻtashi hamda malaka imtihonini topshirishi shart.
5. Mutaxassis quyidagi sohalarda deklarant nomidan bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishi va bojxona ishi sohasida boshqa vazifalarni bajarishi uchun zarur boʻlgan bilimlarga ega boʻlishi kerak:
bojxona huquqi va bojxona ishi — bojxona rejimlari, tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtish tartibi va shartlari, bojxona toʻlovlari turlari, bojxona toʻlovlarini toʻlash tartibi, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish, shu jumladan tovarlarni bojxona maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi boʻyicha deklaratsiyalash va tasniflash tartibi, tovarlarning bojxona qiymatini va kelib chiqishi mamlakatini aniqlash qoidalari, bojxona organlari tomonidan bojxona va valyuta nazoratini oʻtkazish tartibi, bojxona statistikasi, korrupsiya jinoyatlari uchun javobgarlik choralari, shuningdek bojxona ishi sohasida huquqbuzarliklar, bojxona xizmatini tashkil qilish, mutaxassislarning maqomi, huquqlari va majburiyatlari;
tashqi iqtisodiy faoliyat va uning davlat tomonidan tartibga solinishi — tashqi iqtisodiy bitimlarni tuzish va bajarish tartibi, narxning hosil boʻlishi, tashqi savdoda tashish va sugʻurtalashning xalqaro shartlari, taqiqlar va cheklovlar, shu jumladan litsenziyalash, sertifikatlash va h.k.;
mutaxassis faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan DBQ avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanish qoidalari.
3-bob. Oʻqitish va malaka oshirish
6. Talabgorni oʻqitish uchun, bojxona brokeri yoxud boshqa yuridik shaxs, oʻqishga yuborilayotgan talabgorni koʻrsatgan holda OHBIga mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ariza beradi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
talabgorning kadrlar boʻlimi tomonidan tasdiqlangan shaxsiy varaqasi;
4 x 6 oʻlchamdagi fotosurat — 2 dona;
talabgorning diplomi (attestati), pasporti va mehnat daftarchasi (ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi yozuv bilan), mutaxassisni oʻqitish uchun va malaka attestatini berish uchun bojxona yigʻimlari toʻlanganligi toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasi nusxalari.
7. Mutaxassisning malakasini oshirish uchun, bojxona brokeri yoxud boshqa yuridik shaxs, malaka oshirishga yuborilayotgan mutaxassisni koʻrsatgan holda, OHBIga, mutaxassisni oʻqitish uchun bojxona yigʻimlari toʻlanganligi toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasi nusxasini ilova qilgan holda erkin shaklda ariza beradi.
8. OHBI arizalarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha oʻttiz kun ichida talabgorlarni oʻqitish yoki mutaxassislarning malakasini oshirish uchun kamida 25, lekin koʻpi bilan 35 kishidan iborat boʻlgan guruhlarni shakllantiradi va oʻqishni tashkil etadi.
Mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini va mutaxassislar malakasini oshirish kurslarini tashkil qilish DBQ farmoyishlari bilan rasmiylashtiriladi.
OHBI mutaxassislarni tayyorlash va mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv kurslari boshlanishidan oʻn kun oldin DBQning rasmiy veb-saytida oʻquv kurslarining boshlanishi toʻgʻrisida eʼlon qiladi, bu bojxona brokyerlari yoxud boshqa yuridik shaxslar, shuningdek talabgorlar (mutaxassislar) uchun oʻquv kurslarining boshlanishi toʻgʻrisida rasmiy elektron xabarnoma hisoblanadi.
9. Mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslarining muddati bir oyni tashkil etadi.
OHBI mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kurslari natijalari boʻyicha uch ish kuni ichida malaka imtihonini tashkil etadi.
10. Mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari muddati besh kunni tashkil etadi.
Mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari natijalari boʻyicha mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda sertifikat beriladi.
Sertifikat OHBI boshligʻi tomonidan imzolanadi va OHBI muhri bilan tasdiqlanadi.
Sertifikat shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda mutaxassisga yoki ishonchnoma mavjud boʻlsa boshqa shaxsga beriladi.
4-bob. Malaka komissiyasi
11. Malaka komissiyasi komissiya raisi, uning oʻrinbosari, aʼzolar va bir yoki bir nechta komissiya kotiblaridan iborat boʻlib, DBQ buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
12. Malaka komissiyasi raisi DBQ raisi oʻrinbosarlari ichidan tayinlanadi, uning oʻrinbosari etib OHBI boshligʻi yoki uning oʻrinbosari tayinlanadi.
13. Malaka komissiyasi raisi va uning oʻrinbosari imtihon komissiyasi tomonidan unga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi, shuningdek apellatsiya natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror uchun shaxsan javobgar boʻladilar.
14. Malaka komissiyasi aʼzolari DBQning profilli boʻlinmalari va OHBI oʻqituvchilari ichidan tayinlanadi.
15. Malaka komissiyasi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
malaka komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan hollarda bayonnomaga alohida fikr kiritilishini talab etish yoki uni yozma ravishda malaka komissiyasi raisi nomiga yoziladigan arizada bayon etish;
malaka komissiyasi ishini tashkil etishni va malaka imtihonini oʻtkazish shartlarini takomillashtirish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
16. Malaka komissiyasi aʼzosi quyidagi majburiyatlarga ega:
malaka imtihonini oʻtkazishda ishtirok etish;
mazkur Nizomga muvofiq unga yuklatilgan vazifalarni bajarish;
malaka imtihonini oʻtkazish tartibini belgilovchi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
qarorlarni qabul qilishda xolisona va odilona yondashish;
talabgorlarning shaxsiy maʼlumotlarining sir tutilishiga rioya etish.
17. Malaka komissiyasi kotibi OHBIning oʻqituvchilari ichidan tayinlanadi.
18. Malaka komissiyasi kotibi quyidagi huquqlarga ega:
malaka imtihonini oʻtkazishda ishtirok etish;
yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, materiallar va axborotni tashkilotlardan va talabgorlardan soʻrash.
19. Malaka komissiyasi kotibi quyidagi majburiyatlarga ega:
talabgorlar tomonidan taqdim etilgan arizalar va hujjatlarni koʻrib chiqish;
berilgan arizalarning umumiy sonidan kelib chiqqan holda imtihon guruhlarini shakllantirish;
oʻqish uchun guruhning shakllantirilganligi toʻgʻrisida farmoyish loyihasini tayyorlash;
oʻquv kursining oʻtkazilishini tashkil etish;
talabgorlar va imtihon komissiyasi aʼzolarini malaka imtihoni oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor etish;
imtihon vedomostlari va imtihon varaqalarini tayyorlash;
imtihon boshlanishidan avval talabgorlarni malaka imtihonini qabul qilish qoidalari, imtihon natijalari boʻyicha apellatsiyaga berish va koʻrib chiqish qoidalari bilan tanishtirish;
malaka imtihonini oʻtkazish boʻyicha malaka komissiyasi majlislari bayonnomalarini rasmiylashtirish;
malaka imtihonidan oʻtgan talabgorlarga attestatlarni rasmiylashtirish va ularga berish;
attestatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida farmoyish loyihasini tayyorlash;
attestat olgan talabgorlar haqidagi maʼlumotlarni “Deklarantlar hisobi” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (bundan buyon matnda AAT deb yuritiladi) kiritish;
AATga attestatning amal qilish muddatini uzaytirish (qayta roʻyxatga olish) va tugatish toʻgʻrisida maʼlumot kiritish;
mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini oʻz vaqtida oʻtashini nazorat qilish;
mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish;
mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini oʻtagan mutaxassislarga sertifikatlarni rasmiylashtirish va berish;
attestatlar dublikatlarini rasmiylashtirish va berish;
attestatlarni berish va amal qilishini tugatishga taalluqli boʻlgan hujjatlar va materiallarni saqlash va arxivga topshirish;
attestatlarni berish, amal qilish muddatini uzaytirish (qayta roʻyxatga olish) va tugatishda mazkur Nizom bilan belgilangan tartib va muddatlarga rioya etilishini taʼminlash.
5-bob. Malaka imtihonini oʻtkazish va attestatni berish
20. Malaka imtihoni malaka komissiyasi nazorati ostida, shu maqsadda jihozlangan alohida xonada, kompyuterda test oʻtkazish orqali oʻtkaziladi.
Malaka imtihoni ochiq oʻtkaziladi va oʻz navbatini kutib oʻtirgan talabgorlar real vaqt rejimida alohida jihozlangan xonada monitor orqali malaka imtihonini oʻtkazish jarayonini kuzatishlari mumkin.
21. Malaka imtihoni test savollari talabgorning (mutaxassisning) malaka talablariga muvofiqligi borasida bilimlarini tekshirish zaruriyatini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi va DBQ tomonidan tasdiqlanadi.
Malaka imtihoni test savollari DBQning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
22. Testlarni echishda talabgorga qonun hujjatlari matnlari, instruktiv materiallar, konspektlar, aloqa vositalari va boshqa texnik vositalardan foydalanish, shuningdek boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
Mazkur qoidalarni buzganlik uchun talabgor auditoriyadan chiqarib yuboriladi va qoniqarsiz baho qoʻyiladi (javobga tayyorlab qoʻyilgan materialning hajmidan qatʼi nazar), bu haqda dalolatnoma tuziladi va malaka komissiyasi aʼzolari tomonidan imzolanadi.
23. Mazkur Nizomning 22-bandida keltirilgan qoidalar malaka imtihoni boshlanishi oldidan talabgorlarga (mutaxassislarga) yetkaziladi.
24. Malaka imtihonining umumiy bahosi test javoblaridan hosil boʻladi.
25. Malaka imtihonini oʻtkazishda malaka komissiyasi aʼzolari, talabgor (mutaxassis) javoblarini reyting tizimi boʻyicha baholab, quyidagi mezonlarga asoslanadilar:
86 balldan — 100 ballgacha “aʼlo” qoʻyiladi;
71 balldan — 85 ballgacha “yaxshi”;
56 balldan — 70 ballgacha “qoniqarli”;
0 balldan — 55 ballgacha “qoniqarsiz”.
26. Malaka imtihoni natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan kuni, imtihon vedomostini toʻldirish va malaka imtihonini oʻtkazish bayonnomasini tuzish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
27. Imtihon vedomosti malaka imtihoni oʻtkazilgandan soʻng malaka komissiyasi raisi yoxud uning oʻrinbosari va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
28. Malaka imtihonini oʻtkazish bayonnomasi quyidagi shaxslarning soni toʻgʻrisida maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
malaka imtihoniga kiritilganlar;
malaka imtihoniga kelmaganlar;
imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlar;
qoniqarsiz baho olganlar, familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan holda;
malaka komissiyasi tarkibi.
29. Malaka imtihonini oʻtkazish bayonnomasi malaka komissiyasi kotibi tomonidan rasmiylashtirilib, komissiya raisi yoxud uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va DBQ muhri bilan tasdiqlanadi.
30. Malaka imtihonining barcha materiallari, shu jumladan malaka imtihoni test savollari, imtihon vedomostlari va malaka imtihonini oʻtkazish bayonnomalari imtihon oʻtkazilgan kundan eʼtiboran besh yil davomida OHBIda saqlanadi.
31. Malaka imtihonini topshirish natijalari boʻyicha qoniqarsiz baho olgan talabgor malaka imtihonini topshirgan kundan eʼtiboran uch oy ichida bir marta qayta malaka imtihonini topshirish huquqiga ega.
Malaka imtihonini qayta topshirish uchun, bojxona brokeri yoxud shtatida talabgor boʻlgan boshqa yuridik shaxs yozma yoki elektron shaklda OHBIga malaka imtihonini qayta topshirish toʻgʻrisida erkin shakldagi ariza bilan murojaat etishi mumkin.
32. Malaka imtihonini qayta topshirgandan soʻng qoniqarsiz baho olgan talabgor attestat olish uchun qaytadan umumiy asoslarda mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini toʻliq oʻtashi lozim.
33. Talabgorga malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgandan soʻng oʻn kun ichida besh yil muddatga mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda attestat beriladi.
Attestatni berish DBQ farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi.
Attestat malaka komissiyasi raisi yoxud uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va DBQ muhri bilan tasdiqlanadi.
Attestat shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda mutaxassisga yoki ishonchnoma mavjud boʻlsa boshqa shaxsga beriladi.
6-bob. Attestatning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikatini berish va qayta rasmiylashtirish
34. Bojxona brokeri yoxud shtatida mutaxassis boʻlgan boshqa yuridik shaxs attestatning amal qilish muddatini uzaytirish (qayta roʻyxatga olish) uchun attestatning amal qilish muddati tugashidan oʻttiz kun oldin OHBIga tashkilotning STIRini koʻrsatgan holda erkin shakldagi ariza taqdim etishi lozim.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
attestatning asl nusxasi;
bojxona yigʻimi toʻlanganligi toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasining nusxasi;
malaka oshirilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning nusxasi.
35. Attestatning amal qilish muddati tugashiga oʻttiz kundan kam qolganda taqdim qilingan ariza va (yoki) mazkur Nizomning 34-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etmaslik attestatining amal qilish muddatini uzaytirishni (qayta roʻyxatdan oʻtkazishni) rad etish uchun asos boʻladi.
36. Basharti mutaxassis malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, attestatning amal qilish muddatini uzaytirish uch kun ichida amalga oshiriladi.
37. Attestatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonida qoniqarsiz baho olgan mutaxassis malaka imtihonini topshirgan kundan eʼtiboran uch oy ichida bir marta qayta imtihon topshirishga haqli.
Malaka imtihonini qayta topshirgandan soʻng qoniqarsiz baho olgan mutaxassis attestat olish uchun qaytadan umumiy asoslarda mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini toʻliq oʻtashi lozim.
38. Attestat yoʻqolganda OHBI ariza va yoʻqotish faktini tasdiqlovchi hujjatlar asosida yoʻqotilgan attestatning dublikatini beradi.
39. Yoʻqolgan attestat egasi OHBIga avval berilgan attestatning yoʻqolishiga olib kelgan sabablar va holatlarni koʻrsatgan holda attestat dublikatini berish toʻgʻrisida erkin shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yoʻqolgan attestatning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida xabar beradigan ommaviy axborot vositalaridagi eʼlon nusxasi (arizachi mablagʻlari hisobiga);
topilmalar xizmati maʼlumotnomasi.
40. OHBI mazkur Nizomning 39-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida attestat dublikatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va attestatni yoʻqotgan shaxsga avval berilgan attestatning raqami ostida va uning amal qilish muddati bilan “DUBLIKAT” yozuvi yozilgan yangi attestat beradi.
41. Agar attestat dublikati olingandan soʻng ilgari yoʻqolgan attestatning asl nusxasi topilsa, attestat dublikatini olgan shaxs shu holat yuzaga kelgan kundan eʼtiboran besh kundan kechikmasdan attestatning asl nusxasini uni yoʻq qilish uchun OHBIga topshirishi shart.
42. Attestat dublikatini olish uchun OHBIga taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligiga murojaat etgan mutaxassis javobgar boʻladi.
43. Attestatda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda mutaxassis erkin shakldagi ariza bilan OHBIga attestatni qayta rasmiylashtirish uchun murojaat etishi lozim.
Arizaga ilgari berilgan attestatning asl nusxasi va maʼlumotlarning oʻzgarganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport, nikohni qayd qilish guvohnomasi, fuqarolik sudi qarori nusxalari va boshqalar) ilova qilinadi.
OHBI maʼlumotlarni oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va maʼlumotlar oʻzgarganligi faktini tasdiqlovchi kerakli hujjatlar berilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida shaxsga avval berilgan attestatning raqami ostida va uning amal qilish muddati bilan yangi attestat beradi.
7-bob. Attestatning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklash
44. Attestatning amal qilishi bojxona organi tomonidan quyidagi muddatlarga toʻxtatib turiladi:
ikki oyga, agar mutaxassis:
bir yil ichida uch marta Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 22722-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan boʻlsa;
olti oygacha, agar mutaxassis:
bir yil ichida olti marta Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 22722-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan boʻlsa;
mutaxassisga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 184 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa.
45. Quyidagi hollarda ham attestatning amal qilishi vaqtincha toʻxtatib turilgan hisoblanadi:
mutaxassis sifatida foydalanish uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasining bekor qilinishi;
mutaxassis bilan mehnat shartnomasini tuzgan yuridik shaxsning tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi.
46. Attestatning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilganda, attestatning amal qilishini toʻxtatib turgan bojxona organi koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida attestatning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Mazkur Nizomning 44-bandi oltinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha attestatning amal qilishi toʻxtatib turilganda, attestatning amal qilishini tiklash sudning oqlov hukmi chiqarilganda amalga oshiriladi.
47. Attestatning amal qilishini toʻxtatib turish (tiklash) toʻgʻrisida qaror qabul qilgan bojxona organi darhol bu haqda hududiy bojxona organlarini xabardor etadi.
48. Attestatning amal qilishi DBQ yoki hududiy bojxona boshqarmasi farmoyishi bilan toʻxtatib turiladi (tiklanadi), mazkur Nizomning 45-bandida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha vaqtincha toʻxtatib turilishi bundan mustasno.
8-bob. Attestatning amal qilishini tugatish
49. Quyidagi hollarda attestatining amal qilishi tugatiladi:
mutaxassis oʻzining attestatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
mutaxassis attestatini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar bojxona organi tomonidan belgilangan muddat davomida bartaraf etilmaganda;
mutaxassis Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2278 — 22710, 22717 — 22720 va 22725-moddalari boʻyicha bojxona huquqbuzarliklarini sodir etgani munosabati bilan bir yil ichida ikki martadan koʻp marta javobgarlikka tortilganda;
mutaxassis Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 184 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilganda;
attestatning amal qilish muddati tugaganda;
attestatning amal qilish muddatini uzaytirish uchun bojxona yigʻimlari toʻlanmaganda, shuningdek attestatni berish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy davomida attestat talab qilib olinmaganda.
50. Agar mutaxassis oqlangan boʻlsa attestat DBQ tomonidan bojxona yigʻimlari undirilmasdan tiklanishi lozim.
Attestat muddatining uzaytirilishi oqlangan kundan boshlab hisoblanadi.
51. Mazkur Nizomning 49-bandi uchinchi — beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan harakatlar amalga oshirilganda hududiy bojxona organi DBQga, asoslarni ilova qilgan holda, attestatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida tegishli taqdimnoma yoʻllaydi.
52. Attestatining amal qilishi, shuningdek sud qarori bilan ham tugatilishi yoki tiklanishi mumkin.
53. Attestatning amal qilishi bu haqda qaror qabul qilingan sanadan tugatiladi.
Attestatning amal qilishini tugatish DBQ farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi.
54. Mutaxassis attestatini berish toʻgʻrisidagi takroriy ariza, mazkur Nizomning 49-bandi ikkinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, uning muddati tugatilgan kundan eʼtiboran, bunga olib kelgan sabablar bartaraf etilishi sharti bilan, olti oy oʻtgandan soʻng, yoxud sud tomonidan belgilangan muddat yakunlangandan soʻng koʻrib chiqilishi mumkin.
55. Amal qilishi tugatilgan attestat yuridik kuchga ega boʻlmaydi va ishlatilishi mumkin emas.
9-bob. Attestatni bekor qilish
56. Attestat DBQ tomonidan bekor qilinishi mumkin, basharti u arizachiga uni berish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilishda jiddiy ahamiyatga molik boʻlgan, toʻliq boʻlmagan yoki yolgʻon maʼlumotlar asosida berilgan boʻlsa.
Attestat, shuningdek sud qaroriga binoan ham bekor qilinishi mumkin.
57. Attestatni bekor qilish uchun asos boʻlgan faktlarni aniqlagan bojxona organi tegishli qaror qabul qilish uchun ularni DBQga taqdim qilishi shart.
58. Bekor qilingan attestat uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida majburiy ravishda DBQga qaytarilishi shart.
59. Attestatni bekor qilish DBQ farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi va attestat berilgan kundan amalda boʻladi.
60. Takroran attestatni berish toʻgʻrisidagi ariza, attestatni bekor qilishga olib kelgan sabablar bartaraf etilishi sharti bilan, uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgandan soʻng, yoxud sud tomonidan belgilangan muddat yakunlangandan soʻng belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi mumkin.
10-bob. Yakuniy qoidalar
61. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari (bojxona brokyerlari emas) shtatida boʻlgan mutaxassislar, uch ish kuni ichida DBQni, ish joyining oʻzgarganligi yoki mehnat shartnomasining bekor qilinganligi, shuningdek yuridik shaxsning amalda joylashgan joyining (pochta manzilining) va telefonlari raqamlarining oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabar qilishi lozim.
62. Attestatning amal qilishini toʻxtatib turish (tiklash), tugatish va bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng ikki kun ichida bojxona organi DBQning rasmiy veb-saytiga joylashtirish uchun bu haqda DBQga maʼlumot taqdim etadi.
DBQ taqdim etilgan maʼlumotlarni bir kun ichida DBQning rasmiy veb-saytida joylashtiradi, bu mutaxassislar, bojxona brokyerlari, yoxud boshqa yuridik shaxslar uchun attestatning amal qilishini toʻxtatib turish (tiklash), tugatish va bekor qilish toʻgʻrisida rasmiy elektron xabarnoma hisoblanadi.
63. Mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha oʻqitish va mutaxassislar malakasini oshirish, attestatni berish, uning amal qilish muddatini uzaytirish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish), shuningdek tiklash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-apreldagi 204-sonli “Bojxona yigʻimlari stavkalari toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan miqdorlarda bojxona yigʻimlari undiriladi.
Mutaxassisni oʻqitish uchun bojxona yigʻimi qaytarilmaydi, basharti talabgor oldindan xabardor qilmay, uzrli sabablarsiz oʻqishga kelmagan boʻlsa.
64. Malaka imtihonini topshira olmagan hollarda attestatni berish uchun bojxona yigʻimi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaytariladi.
65. Bojxona organining attestatni bekor qilish, uning amal qilishini tugatish yoki toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilinishi mumkin.
66. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
| | | |
Oʻzbekiston Respublikasi | ||
|
ARIZA | |||||
|
____________________________________________________________________________________________(tashkilot nomi va STIRi) | |||||
| Sizdan bizning xodim(lar)imizni bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassis sifatida oʻzbek (rus) tili guruhida oʻqitishingizni soʻraydi. | |||||
|
____________________________________________________________________________________________yuridik shaxsning elektron manzili | |||||
|
____________________________________________________________________________________________talabgorning elektron manzili | |||||
| Rahbar | | imzo | | F.I.O. | |
Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisni oʻqitish, uning malakasini oshirish, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha mutaxassisning malaka attestatini berish, qayta rasmiylashtirish (uning amal qilish muddatini uzaytirish), toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 29-son, 356-modda)