Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni takomillashtirish, shuningdek poytaxtda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlovchi svetofor obyektlari, yoʻl belgilari oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish hamda yoʻl chiziqlari oʻtkazish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mehnat vazirligi va Moliya vazirligining:
2016-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasining maxsus yoki harbiy unvonlarga ega boʻlmagan 1-ilovaga* muvofiq xodimlari mehnatiga haq toʻlash tarif setkasini amalga kiritish;
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasining maxsus yoki harbiy unvonlarga ega boʻlmagan 2-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha xodimlarining lavozim maoshlariga 20 foizgacha miqdorda har oylik shaxsiy ustama joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidga matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasi xodimlarining lavozim maoshlariga 20 foizgacha miqdorda har oylik shaxsiy ustama toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilansinki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasi xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 30-iyun,
220-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 27-son, 327-modda)