Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar, qonun hujjatlarida bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi
[Koʻchirma]
“Buxoro Mashal Plyus” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi matnlarda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Temir-beton Buxoroqurilish” unitar korxonasidan (keyingi matnlarda — javobgar) 5 002 500 soʻm zarar, 13 950 000 soʻm penya jami 18 952 500 soʻm undirishni, javobgar zimmasiga 114 dona 59 x 12 oʻlchamdagi plita, 100 dona 47 x 12 oʻlchamdagi plita, 50 dona FS-4 bloklarni tayyorlab berish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, daʼvogar foydasiga javobgardan 3 487 500 soʻm penya undirilgan va javobgar zimmasiga 114 dona 59 x 12 oʻlchamdagi plita, 100 dona 47 x 12 oʻlchamdagi plita, 50 dona FS-4 bloklarni tayyorlab berish majburiyati yuklatilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Kassatsiya shikoyatida taraflar oʻrtasida bitta shartnoma tuzilib, unga koʻra plita tayyorlab berilganligi, daʼvogar talabiga asos qilib koʻrsatgan ikkinchi shartnoma hamda materiallarni berish haqidagi yuk xatlari soxta ekanligi, hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi tekshirilmaganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan.
Sudlov hayʼati quyidagi asoslarga koʻra, sud qarorlarini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim deb topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida temir-beton plitalarini tayyorlab berish haqida 2012-yilda sanasini aniqlash mumkin boʻlmagan ikki pudrat shartnomasi imzolangan.
Shartnomalar shartlariga muvofiq javobgar, daʼvogarning mahsulotni tayyorlashi uchun armatura, sement materiallari bilan taʼminlashi va bajarilgan ishlar uchun haq toʻlashi, daʼvogar esa mahsulotlarni tayyorlab berishi lozim boʻlgan.
Daʼvogarning daʼvo vajlariga koʻra, daʼvogar tomonidan shartnomalarni bajarish uchun javobgarga 193 tonna sement, 26 tonna armatura topshirilgan, bajarilgan ishlar uchun 32 200 000 soʻm toʻlangan, javobgar tomonidan esa mahsulotlar toʻliq tayyorlab berilmagan. Shu vajlar asosida daʼvogar javobgardan, bajarilmagan deb hisoblagan 27 900 000 soʻmlik ishlarni bajarish kechiktirilganligi uchun 0,5 foizdan 13 950 000 soʻm penya undirishni va bajarilmagan ishlarni bajarish majburiyatini yuklashni hamda 5 002 500 soʻm penya toʻlaganligini koʻrsatib, uni koʻrilgan zarar sifatida undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi daʼvogarning 5 002 500 soʻm zarar undirish talabi isbotlanmasligini asos qilib, zarar undirish talabini qanoatlantirishni rad etishni, daʼvogarning penya undirish talabini penya summasini kamaytirib undirish orqali qanoatlantirish va majburiyat yuklash haqidagi talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (keyingi matnlarda — FK) 631-moddasiga koʻra pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
FK 632-moddasiga asosan pudrat shartnomasi ashyoni tayyorlash yoki uni qayta ishlash (ishlov berish) yoxud boshqa ishni bajarib, natijasini buyurtmachiga berish yoki boshqacha tarzda topshirish haqida tuziladi.
FK 364-moddasiga asosan agar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan boʻlsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnomaning narsasi toʻgʻrisidagi shartlar, qonun hujjatlarida bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.
Taraflar oʻrtasida imzolangan shartnoma shartlaridan koʻrinishicha, javobgar tomonidan bajarilgan ishlarni daʼvogarga topshirishning muddatini belgilovchi shart mavjud emas. Bajarilgan ishlarni buyurtmachiga topshirish muddatini belgilovchi shart esa, taraflar oʻrtasida imzolangan pudrat shartnomalari uchun shartnomaning muhim sharti boʻlib hisoblanadi.
Binobarin, bu holatda pudrat shartnomalari tuzilmagan deb eʼtirof etilishi va bunday shartnomalar yuzasidan majburiyat vujudga kelmasligi sababli, daʼvogarning shartnomadan kelib chiqqan majburiyat lozim darajada bajarilmaganligi haqidagi daʼvosini qanoatlantirish uchun asos yoʻq.
Birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli bu holatlarni aniqlamagan va moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllab, daʼvoni qanoatlantirgan.
Shunga koʻra, sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini hamda apellatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim deb topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 22-bandiga koʻra ishni apellatsiya, kassatsiya instansiyalari sudlarida yoki nazorat tartibida koʻrishda sud hujjatlari oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan holda, xoʻjalik sudi qarorda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan oldindan toʻlangan davlat boji boʻyicha xarajatlarni hisobga olib qayta taqsimlash masalasini koʻrib chiqishi lozim.
Binobarin, sudlov hayʼati, davlat boji stavkalariga koʻra daʼvo arizasi uchun 686 763 (189 525 + 1 184 000 x 50%) soʻm davlat boji toʻlanishi lozimligini eʼtiborga olib, ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 686 763 soʻm davlat bojini daʼvogar zimmasida qoldirishni, javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati uchun 329 987 soʻm toʻlangan davlat bojini daʼvogardan javobgar foydasiga undirib, daʼvogardan budjetga 13 395 (343 382 — 329 987) soʻm davlat boji undirishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini taqsimlash masalasini koʻrib chiqib esa, javobgar tomonidan kassatsiya shikoyati uchun toʻlagan 329 987 soʻm davlat bojini daʼvogardan javobgar foydasiga undirishni, daʼvogardan 13 395 (343 382 — 329 987) soʻm davlat boji hamda sud majlisini videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini undirishni lozim topadi.
2016-yil 22-fevral,
20-1507/11624-son