Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Palata) MChJ shaklidagi “Surhonteks” qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻshma korxona) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Oʼzagrosugʼurta” DASKning Termiz shahar boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — Boʻlim) hamda “Oʼzagrosugʼurta” DASKdan (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) 780 855 896 soʻm sugʻurta pulini undirishni soʻragan.
Keyinchalik, Palata sudga qoʻshimcha daʼvo arizasi bilan murojaat etib, Boʻlim hamda Jamiyatdan 735 080 310 soʻm sugʻurta puli va 81 318 031 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning 2014-yil 25-dekabrdagi ajrimi bilan ishga “Oʼzagrosugʼurta” DASK javobgar sifatida jalb qilingan.
Sudning 2015-yil 25-maydagi ajrimi bilan esa ishga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida DAT “Asakabank” jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 28-maydagi hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qisman qanoatlantirilgan. Jamiyatdan Qoʻshma korxona foydasiga 703 080 310 soʻm sugʻurta puli va 50 000 000 soʻm penya undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilib, arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, Qoʻshma korxona, Boʻlim va DAT “Asakabank” Termiz shahar filiali oʻrtasida 2013-yil 27-martda 201875-sonli garovga qoʻyilgan mulkni sugʻurta qilish shartnomasi tuzilgan. Shartnoma boʻyicha sugʻurta puli 27 163 499 207 soʻm, koʻrsatilgan mulkning haqiqiy qiymatidan 54,73 foiz hisobida, javobgarlik darajasi mazkur shartnoma boʻyicha zararni qoplash majburiyatini yuqori darajasi 14 868 521 604 soʻm etib belgilangan.
Qoʻshma korxona hududida 2013-yil 31-dekabr kuni yongʻin sodir boʻlishi natijasida yigiruv ishlab chiqarish sexidagi AVTOKONER 338 RM rusumli 2 dona yigiruv uskunasi va EKOMAKEKO 75 rusumli bir dona kompressor yonib, yaroqsiz holatga kelgan. Mazkur holat yuzasidan yaʼni, sugʻurta hodisasi roʻy berganligi toʻgʻrisida Qoʻshma korxona, Boʻlim va Bank oʻrtasida 2014-yil 3-yanvarda maʼlumotnoma tuzilgan.
Keyinchalik, Boʻlim tomonidan 2014-yil 27-fevralda sodir boʻlgan yongʻin natijasida qoʻshma korxona mulklariga yetkazilgan haqiqiy zararni aniqlash uchun ekspert xulosasini taqdim etish soʻralgan.
Shunga asosan Qoʻshma korxona tomonidan Boʻlimga “ART ECTEMATE” MChJ baholovchi tashkilotining xulosasi taqdim etilgan. Ushbu xulosaga koʻra AVTOKONER 338 RM rusumli 2 dona yigiruv uskunasiga yetkazilgan haqiqiy zarar 759 703 140 soʻmni tashkil etgan.
“Oʼzagrosugʼurta” DASK Surxondaryo viloyat direksiyasi sugʻurta toʻlovlari boʻyicha komissiyasining 2014-yil 29-sentabrdagi 91-sonli bayonnomasiga asosan Boʻlim tomonidan sugʻurta hodisasi yuzasidan 2014-yil 23-oktabrda dalolatnoma tuzilib, unda sugʻurta puli 300 000 000 soʻmni tashkil etishi belgilangan va ushbu dalolatnoma imzolash uchun Qoʻshma korxonaga yuborilgan. Dalolatnomada koʻrsatilgan sugʻurta puli asoslantirilmaganligi asos qilinib, Qoʻshma korxona tomonidan dalolatnoma imzolanmagan.
Soʻngra “Oʼzagrosugʼurta” DASK Surxondaryo viloyat direksiyasining 2014-yil 18-noyabrdagi 109-sonli bayonnomasiga asosan sugʻurta tovoni 415 788 528 soʻm etib belgilangan va 2014-yil 29-sentabrdagi 91-sonli bayonnoma bekor qilingan.
Qoʻshma korxona Boʻlim tomonidan taklif etilayotgan sugʻurta summalariga eʼtiroz bildirib, xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat etgan va Boʻlimdan 735 080 310 soʻm sugʻurta puli va 81 318 031 soʻm penya undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 915-moddasining birinchi qismiga koʻra mulkiy sugʻurta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sugʻurtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sugʻurta hodisasi) sodir boʻlganda boshqa tarafga (sugʻurta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sugʻurtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sugʻurtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bogʻliq zararni shartnomada belgilangan summa (sugʻurta puli) doirasida toʻlash (sugʻurta tovoni toʻlash) majburiyatini oladi.
Birinchi instansiya sudi Jamiyatdan Qoʻshma korxona foydasiga 703 080 310 soʻm sugʻurta puli va 50 000 000 soʻm penya undirish haqida qonuniy xulosaga kelgan.
Chunki, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 6.1-bandida yongʻin sugʻurta hodisasi sifatida qayd etilgan. Shartnomaning 4.1-bandida sugʻurta mukofoti bir yilga sugʻurta pulidan 0,1 foiz yaʼni, 11 898 818 soʻmni tashkil etishi belgilangan. Shartnomaning 3.1-bandiga koʻra mazkur shartnoma boʻyicha sugʻurta puli 27 163 499 207 soʻm, 1-ilovada koʻrsatilgan mulkning haqiqiy qiymatidan 54,73 foiz etib belgilangan.
Sugʻurta hodisasi oqibatida yaroqsiz boʻlgan mol-mulklarning, yaʼni AVTOKONER 338 RM rusumli 2 dona yigiruv uskunasining haqiqiy qiymati 1 426 742 000 soʻmni, EKOMAKEKO 75 rusumli bir dona kompressorning qiymati esa 59 061 600 soʻmni jami 1 485 803 600 soʻmni, ushbu summaning 54,73 foizi 813 180 310 soʻmni tashkil etgan. Boʻlim tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar ixtiyoriy ravishda Qoʻshma korxonaga 110 100 000 soʻm toʻlab berilgan. Toʻlanmay qolgan qarzdorlik 703 080 310 soʻmni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Qoʻshma korxona shartnomaning 10.1-bandiga asosan 81 318 031 soʻm penya undirishni ham soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari eʼtiborga olinishi kerak. Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2007-yil 15-iyundagi 163-sonli qarorining 4-bandida ham tushuntirish berilgan.
Sud yuqoridagi huquq normalaridan kelib chiqib, talab qilingan penyani 50 000 000 soʻmgacha kamaytirib, asosli toʻxtamga kelgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlab, “Oʼzagrosugʼurta” DASKdan Qoʻshma korxona foydasiga 703 080 310 soʻm sugʻurta puli, 50 000 000 soʻm penya undirish, daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirishni rad etish va Boʻlimga nisbatan ish yuritishni tugatish haqida asosli xulosaga kelgan.
Bunday holatda sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 7 000 soʻm pochta xarajati hamda 4 081 991,50 soʻm davlat boji oldindan toʻlanganligini inobatga olishni hamda sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini “Oʼzagrosugʼurta” DASKdan undirishni lozim topdi.
2016-yil 27-yanvar,
19-1407/24799-son