Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak
[Koʻchirma]
“ARXITEKTURA — DIZAYN PROEKT” ShK (bundan buyon matnda — daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Tashgiprogor”aksiyadorlik jamiyatidan (bundan buyon matnda — javobgar) 112 380 000 soʻm asosiy qarz, 56 190 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 33 714 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilgan, hal qiluv qarorining “33 714 000 soʻm penya undirish” qismi “16 857 000 soʻm penya undirish” qismiga oʻzgartirilgan. Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda sud qarorlari noqonuniyligi, xoʻjalik ishi bir tomonlama qoʻrib chiqilganligi, bajarilgan ishlarni qabul qilish — topshirish dalolatnomalari rasmiylashtirilishi bilan daʼvogarga toʻlovlar amalga oshirilganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilib, javobgardan daʼvogar foydasiga penya undirish talabini qanoatlantirishni rad etish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, 2013-yil 27-noyabr kuni daʼvogar va javobgar oʻrtasida № 16/11-2013-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnoma shartlariga muvofiq daʼvogar “Minor” mahallasida machit qurilishi” obyekti loyihasining arxitektura va texnologik qismini bajarish, javobgar esa bajarilgan ishlarni qabul qilish va qiymatini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Shartnomaning 2.3-bandida loyiha ishlari uchun toʻlovni oldindan shartnoma umumiy bahosining 15 % dan kam boʻlmagan miqdorda amalga oshirilishi, qolgan 85 % toʻlovni bajarilgan ishlarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasi asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shartnomaga kelishmovchiliklar bayonnomasi rasmiylashtirilib, unda taraflar shartnomaning 4.1-bandini quyidagi tahrirda “bajarilgan loyiha ishlari uchun oldindan toʻlov va toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmasa “buyurtmachi” “loyiha tashkilotiga” har bir kun uchun toʻlab berilmagan summaning 0,5 % miqdorida, biroq toʻlab berilmagan summaning 50 % dan oshmagan holda penya toʻlashi” hamda shartnomaning 5.1-bandini quyidagi tahrirda “asosiy shartnoma boʻyicha mablagʻ (pul) kelib tushgan sanadan 5 kun ichida avans va keyingi toʻlovni toʻliq hajmda toʻlab berishi” bayon qilinishi toʻgʻrisida kelishishgan.
Javobgar tomonidan 370 000 000 soʻmlik loyiha ishlari bajarilgan, biroq daʼvogar tomonidan ushbu bajarilgan ishlar uchun javobgarga 257 620 000 soʻm toʻlab berilgan.
Shu bois, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 112 380 000 soʻm qarzni undirishni soʻragan.
Keyinchalik, sudga daʼvo ariza kiritilgandan soʻng, javobgar daʼvogarga 2014-yil 26-sentabrda 84 566 784, 61 soʻm, 2014-yil 27-sentabrda 1 551 882 soʻm, 2014-yil 30-sentabrda 26 261 333,39 soʻm jami 112 380 000 soʻm qarzni toʻlab bergan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 631-moddasiga koʻra pudrat shartnomasi boʻyicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga binoan majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Biroq, javobgar daʼvogarga 112 380 000 soʻm qarzni oʻz vaqtida toʻlab berishi lozim boʻlsada, lekin shartnoma shartlarida nazarda tutilgan muddatlarda toʻlab bermagan, daʼvogar tomonidan sudga daʼvo bilan murojaat qilingandan keyin, 112 380 000 soʻm qarzni daʼvogarga toʻlab bergan.
Bunday holda, birinchi instansiya sudi daʼvoning 112 380 000 soʻm qarzni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo talabini asosli ravishda qarz summasi toʻlab berilganligi sababli qanoatlantirishni rad etgan.
Bundan tashqari, daʼvogar daʼvosida javobgardan shartnomaning 4.1-bandiga asoslanib, 56 190 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Shartnomaning 4.1-bandida bajarilgan loyiha ishlari uchun oldindan toʻlov va toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmasa “buyurtmachi” “loyiha tashkilotiga” har bir kun uchun toʻlab berilmagan summaning 0,5 % miqdorida, biroq toʻlab berilmagan summaning 50 % dan oshmagan holda penya toʻlanishi nazarda tutilgan.
FKning 326-moddasiga muvofiq sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek kreditorning manfaatlarini eʼtiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqli.
Shu bilan birga sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, neustoykaning eng kam miqdori FKning 327-moddasida koʻrsatilgan foizlar miqdoridan kam boʻlmasligi lozim. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-son Qarorining 4-bandida tushuntirish berilgan.
Mazkur Plenum qarorida berilgan tushuntirishdan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasini qoʻllab, apellatsiya instansiya sudi asosli ravishda undirilishi soʻralgan 56 190 000 soʻm penya miqdorini 16 857 000 soʻm miqdoriga qadar kamaytirgan.
Sudlov hayʼati, javobgarning kassatsiya shikoyatida keltirgan vajlari bilan kelisha olmaydi, chunki daʼvogar javobgarga 112 380 000 soʻmlik ishlarni qabul qilish va hujjatlarni rasmiylashtirish toʻgʻrisida bir necha marta murojaat qilgan, biroq javobgar daʼvogar tomonidan bajarilgan ishlarni qabul qilish va hujjatlarni rasmiylashtirishni paysalga solgan, bundan tashqari, daʼvogar tomonidan javobgarga 112 380 000 soʻm qarzni toʻlab berish kechiktirilganligi ishdagi dalillar bilan oʻz tasdigʻini topadi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 26-noyabrdagi qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq toʻlab berilgan sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
2016-yil 19-yanvar,
10-1510/19432-son