Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
INVESTITSIYa FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 9-dekabrdagi OʻRQ-380-sonli “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda. Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlari chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi, chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiyalar — iqtisodiy va boshqa faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga doir huquqlar;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
investor — oʻz mablagʻlarini, qarzga olingan va jalb etilgan mablagʻlarni, mulkiy boyliklarni va ularga doir huquqlarni, shuningdek intellektual mulkka doir huquqlarni investitsiya faoliyati obyektlariga investitsiyalashni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya faoliyati ishtirokchisi — investorning buyurtmalarni bajaruvchi sifatida investitsiya faoliyatini taʼminlovchi investitsiya faoliyati subyekti;
reinvestitsiyalar — investorning faoliyati natijasida olingan foydani (daromadni) muomalaga kiritish.
3-modda. Moʻljallangan obyektiga koʻra investitsiyalarning turlari
Investitsiyalar moʻljallangan obyektiga koʻra kapital, innovatsiya va ijtimoiy investitsiyalarga boʻlinadi.
Kapital investitsiyalar jumlasiga asosiy fondlarni vujudga keltirish va takror ishlab chiqarishga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga qoʻshiladigan investitsiyalar kiradi.
Innovatsiya investitsiyalari jumlasiga texnika va texnologiyalarning yangi avlodini ishlab chiqish va oʻzlashtirishga qoʻshiladigan investitsiyalar kiradi.
Ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga inson salohiyatini, malakasi va ishlab chiqarish tajribasini oshirishga, shuningdek nomoddiy neʼmatlarning boshqa shakllarini rivojlantirishga qoʻshiladigan investitsiyalar kiradi.
4-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari
Investorlar investitsiyalarni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirishlari mumkin:
yuridik shaxslar tuzish yoki ularning ustav jamgʻarmalarida (kapitallarida) ulushli ishtirok etish, shu jumladan mol-mulkni yoki aksiyalarni olish;
qimmatli qogʻozlarni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga boʻlgan konsessiyalarni olish;
mulk huquqini, shu jumladan ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda savdo va xizmat koʻrsatish sohalari obyektlariga, turar joylarga mulk huquqini, shuningdek yerga hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) huquqini qonun hujjatlariga muvofiq olish.
Investorlar investitsiyalarni qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirishlari mumkin.
Investitsiyalar birlamchi yoki takroran qoʻshiladigan shakllarining oʻzgartirilishi ularning investitsiyalar sifatidagi darajasining oʻzgarishiga olib kelmaydi.
5-modda. Investitsiya resurslari
Investitsiya resurslari jumlasiga quyidagilar kiradi:
pul va boshqa moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan kreditlar, paylar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar;
koʻchar va koʻchmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy boyliklar) hamda ularga doir huquqlar;
intellektual mulk obyektlari, shu jumladan texnikaviy hujjatlar tarzida tuzilgan texnikaga, texnologiyaga, tijoratga oid va boshqa bilimlar majmui, u yoki bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan bilimlar va ishlab chiqarish tajribasi, nou-xau;
erga va boshqa tabiiy resurslarga, binolar, inshootlar, uskunalarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi, shuningdek mulk huquqidan kelib chiquvchi ashyoviy huquqlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa boyliklar.
6-modda. Investitsiya faoliyati obyektlari
Moddiy va nomoddiy neʼmatlar ishlab chiqarish obyektlari investitsiya faoliyatining obyektlaridir.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlikka oid va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya kiritish taqiqlanadi.
7-modda. Investitsiya faoliyatining subyektlari
Quyidagilar investitsiya faoliyatining subyektlari (investorlar va ishtirokchilar) boʻlishlari mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — fuqarolari (jismoniy shaxslari), yuridik shaxslari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlari;
xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va chet ellik yuridik shaxslar hamda fuqarolar, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolari;
hamkorlikda investitsiya faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek davlatlar va xalqaro tashkilotlar.
Investorlar qonun hujjatlariga muvofiq buyurtmachi (mablagʻ kirituvchi), kreditor, sotib oluvchi boʻlishlari, shuningdek investitsiya faoliyati ishtirokchisi vazifasini bajaruvchi boʻlishlari mumkin.
Investitsiya faoliyatining ishtirokchilari investor bilan tuzilgan shartnoma asosida investorning buyurtmasini bajaruvchi boʻlishlari mumkin.
8-modda. Investorning huquqlari
Mulk shakllaridan va faoliyat turidan qatʼi nazar, investorlar investitsiya faoliyatini amalga oshirishda teng huquqlarga egadirlar.
Investitsiyalanishi ushbu Qonun yoki boshqa qonunlar bilan cheklangan yoxud taqiqlangan obyektlardan tashqari, har qanday obyektga investitsiyalar kiritish investorning mutlaq huquqi hisoblanadi va qonun bilan qoʻriqlanadi.
Investor investitsiyalash maqsadi, yoʻnalishi, turi va hajmini mustaqil ravishda belgilaydi, buni amalga oshirish uchun shartnoma asosida, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdosini oʻtkazish yoʻli bilan yuridik va jismoniy shaxslarni investitsiya faoliyati ishtirokchilari sifatida jalb etadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq investor investitsiya obyektlariga va ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish, shuningdek reinvestitsiya qilish huquqiga ega.
Qonun hujjatlarida belgilangan mulk huquqini qoʻlga kiritishni keltirib chiqarmaydigan obyektlarga investitsiya kiritish investorning keyinchalik bu obyektlarga egalik qilish, ularni operativ boshqarish yoki ulardan foydalanishdan olinadigan foyda (daromadlar)da ishtirok etish huquqini istisno etmaydi.
Investorning qaroriga binoan investitsiya obyektlariga va ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlarni berish paytida taraflarning oʻzaro munosabatlari ular tuzadigan shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, investor, oʻziga zarur boʻlgan mol-mulkni yuridik va jismoniy shaxslardan oʻzaro kelishuv asosida belgilanadigan narx va shartlarda, hajmi va nomenklaturasini cheklamagan tarzda olishga haqli.
Investor qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9-modda. Investorning majburiyatlari
Investor:
investitsiya loyihalarida sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlikka oid va boshqa talablarga rioya etilganligi xususida ekspertiza xulosasini olishi;
monopoliyaga qarshi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi;
Keyingi tahrirga qarang.
shartnoma bajarilmasligi yoki lozim darajada bajarilmasligi tufayli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararni qoplashi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlarining oʻz vakolati doirasida qoʻyiladigan talablarini bajarishi shart.
Investorning zimmasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
10-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi quyidagilarga haqli:
tanlov (tender) savdosining ishtirokchisi boʻlish;
investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish uchun shartnomalar tuzish;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, investor oldidagi oʻz majburiyatini bajarishga boshqa shaxslarni jalb etish;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, investitsiya faoliyati obyektining haqiqiy qiymatini pasaytirish natijasida erishilgan tejamni mustaqil ravishda tasarruf etish.
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining majburiyatlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi:
qonun hujjatlarida belgilangan normalar, qoidalar va standartlarga rioya etishi;
shartnomalarni oʻz vaqtida va lozim darajada bajarishi;
shartnomani bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi tufayli investorga yetkazilgan zararni qoplashi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlarining oʻz vakolati doirasida qoʻyilgan talablarini bajarishi shart.
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda litsenziya olishi shart.
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi zimmasida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
12-modda. Investitsiya faoliyati subyektlarining oʻzaro munosabatlari
Shartnoma tuzish, sheriklar va kafillarni tanlash, majburiyatlarni belgilash, shuningdek investitsiya faoliyati subyektlari oʻzaro munosabatlarining boshqa shartlari qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
13-modda. Investitsiya faoliyatida narx belgilash
Investitsiya faoliyati jarayonida mahsulot (ishlar, xizmatlar) bahosi, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdosi natijalariga koʻra, kelishilgan narxlarda belgilanadi.
Investitsiya faoliyati subyekti bozorda monopol holatni egallagan hollarda narxlarni davlatning vakolatli organi qonunlarga muvofiq tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
investitsiya faoliyatining qonunchilik negizini takomillashtirish;
soliq toʻlovchilar va soliq solish obyektlarini, soliq stavkalari va ularga doir imtiyozlarni tabaqalashtiruvchi soliq tizimini qoʻllash;
asosiy fondlarni jadal amortizatsiya qilish;
normalar, qoidalar va standartlarni belgilash;
monopoliyaga qarshi choralarni qoʻllash;
kredit siyosati va narx belgilash siyosatini oʻtkazish;
erga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlarini belgilash;
investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish mexanizmlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringini yuritish.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshiriladi.
15-modda. Markazlashtirilgan investitsiyalar
Davlat investitsiya faoliyati doirasida:
davlat budjeti va budjetdan tashqari fondlar mablagʻi hisobidan toʻgʻridan toʻgʻrimoliyalash yoʻli bilan amalga oshiriladigan investitsiya;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida chet el investitsiyalari va kreditlarini jalb etgan holda amalga oshiriladigan investitsiya markazlashtirilgan investitsiya hisoblanadi.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish davlat investitsiyalari maqsadlari uchun obyektlarni, investitsiyalash shart-sharoitlarini belgilashdan va ular bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etishdan iborat.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
16-modda. Markazlashtirilgan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilish
Markazlashtirilgan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar davlat organlari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning istiqbolga moʻljallangan taxminlari, aniq maqsadga moʻljallangan ilmiy-texnik va kompleks davlat dasturlari hamda ana shu investitsiyalarning maqsadga muvofiqligini aniqlovchi texnik-iqtisodiy asoslar negizida qabul qilinadi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik boʻlgan aniq maqsadga moʻljallangan kompleks davlat dasturlarining loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi davlat budjetidan moliyalanadigan investitsiyalarning hajmlarini tasdiqlaydi.
17-modda. Markazlashtirilgan investitsiyalarni joylashtirish
Markazlashtirilgan investitsiyalarni joylashtirish, qoida tariqasida, davlat kontrakti asosida amalga oshiriladi.
Davlat kontrakti investitsiya faoliyati ishtirokchisini — bajaruvchini tanlov (tender) asosida saralab olish orqali tuziladi. Bunda mazkur bajaruvchi uchun qonun hujjatlarida muayyan imtiyozlar belgilab qoʻyilishi mumkin.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish ishtirokchilariga soliqqa oid va boshqa imtiyozlar beriladi. Har bir alohida investitsiya loyihasi boʻyicha yoki umuman Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi boʻyicha beriladigan imtiyozlarning aniq roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
19-modda. Investitsiya loyihalari ekspertizasi
Budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga, shuningdek chet el investitsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati kafolati ostida jalb etilgan holda moliyalanadigan investitsiya loyihalari ekspertizadan oʻtkazilishi shart. Ekspertizani oʻtkazish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Boshqa manbalar hisobiga moliyalanadigan investitsiya loyihalari sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlikka oid va boshqa talablar bajarilishiga doir qismida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Banklarning kredit resurslari hisobidan moliyalanadigan kichik tadbirkorlik investitsiya loyihalari tijorat banki tomonidan mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ekspertiza qilinishi lozim.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari shu shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda ekspertiza qilinishi lozim.
20-modda. Investitsiya fondlari
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida tegishli investitsiya fondlari tashkil etilishi mumkin.
21-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari
Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasalar, ular vakolatlari boʻlgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq choralarni koʻrishlari mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki faoliyatini cheklab qoʻyish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan, Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlashga bevosita bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
22-modda. Investitsiyalarni himoya qilish
Davlat investitsiyalar himoya qilinishini kafolatlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi.
Investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiya hollari va boshqa favqulodda xususiyatga ega boʻlgan holatlar bundan mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror:
ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan investitsiyalar yoki boshqa aktivlarning eng kam miqdori cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga monand ravishda kompensatsiya toʻlanadigan rekvizitsiya boʻyicha talablarga rioya etilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat koʻrsatib oʻtilgan kompensatsiya toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishiga kafil boʻladi.
Investor Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan sud tartibida nizolashishga haqli.
Investitsiyalar sugʻurta qilinishi mumkin, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa sugʻurta qilinishi shart.
23-modda. Mablagʻlardan foydalanish kafolatlari
Investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan foydasi (daromadi) soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlangach, uning xohishiga koʻra reinvestitsiya qilinishi yoki boshqa har qanday usulda ishlatilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Investitsiya faoliyati subyekti olgan aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar, uning maqsadli bank omonatlari, shuningdek olingan mol-mulk olib qoʻyilgan (rekvizitsiya qilingan) hollarda ular qiymati yoki ijara toʻlovlari qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi (kompensatsiya toʻlanadi).
Investitsiya faoliyati subyektining hisobvaraqlaridan foydalanishni cheklab qoʻyish yoki mablagʻlarni majburan olib qoʻyish qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
24-modda. Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va himoya qilish choralari
Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va himoya qilish choralari hukumat tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyaviy taʼminlashda koʻmaklashishni, maxsus soliq va toʻlov rejimi yaratilishini, loyihalar amalga oshirilishining davlat monitoringi yuritilishini va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari investitsiya faoliyati subyektlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan beriladi.
25-modda. Ochiq axborotdan erkin foydalana olish
Investitsiya faoliyati subyektlarining manfaatlariga muayyan tarzda daxldor umum majburiy tusdagi qonun hujjatlaridan ular erkin foydalana olishlari lozim.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlari investitsiya faoliyati subyektlarining soʻrovlariga koʻra ularni qiziqtirgan axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berishlari shart.
26-modda. Investitsiya faoliyatini cheklab qoʻyish, toʻxtatib turish yoki tugatish
Investitsiya faoliyatini cheklab qoʻyish, toʻxtatib turish yoki tugatish investorning, davlatning vakolatli organi yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Davlatning vakolatli organi investitsiya faoliyatini cheklab qoʻyish, toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qarorni:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb eʼlon qilingan yoki topilgan;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan;
investitsiya faoliyati jarayonida qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlikka oid va boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan hollarda qabul qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, investitsiya faoliyatining subyekti yetkazilgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir.
28-modda. Nizolarni hal etish
Investitsiyalar bilan bogʻliq nizolar (investitsiyaga oid nizolar) sud tomonidan hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 24-dekabr,
719-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 10-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 41-son, 405-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2013-y., 1-son, 1-modda)