Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 15-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2802]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 16-oktabrdagi 469-mh-sonli ““Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2802-1, 16.10.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi (X. Meliyev) hamda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Ibragimova) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi (X. Meliyev) tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirokida bir oylik muddatda Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tushuntirish boʻyicha targʻibot ishlarini amalga oshirsin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-iyun,
157-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2016-yil 15-iyundagi 157-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining, shu jumladan, ularning vakolatxonalari va filiallarining, xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxona va filiallarining (bundan buyon matnda — NNT deb yuritiladi) chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan (bundan buyon matnda — chet ellik shaxslar deb yuritiladi) pul mablagʻlari va mol-mulk olishni adliya organlari bilan kelishish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Pul mablagʻlari va mol-mulk olishni kelishish uchun NNT tegishliligi boʻyicha uni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan adliya organiga oldindan yozma ravishda murojaat qiladi. Bunda murojaat pul mablagʻlari va mol-mulk olinishi moʻljallangan sanadan kamida yigirma kun oldin yoʻllanishi zarur.
2. Adliya organi NNT tomonidan chet ellik shaxslardan jami summasi bir kalendar yilda eng kam oylik ish haqining 20 baravarigacha miqdordagi pul mablagʻlari va mol-mulk olinishi nazarda tutilgan hujjatlarni maʼlumot uchun, eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan ortiq miqdordagi pul mablagʻlari va mol-mulkni esa — kelishish uchun qabul qiladi.
Mol-mulk summasining ishonchliligi va toʻgʻriligi uchun NNT rahbari yoki u vakolat bergan shaxs javobgar hisoblanadi.
3. Quyidagi hollarda NNTga chet ellik shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk ajratilishi:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ajratiladigan pul mablagʻlarining miqdori va mol-mulk aniq koʻrsatilganda;
normativ-huquqiy hujjatlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining devoni, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;
normativ-huquqiy hujjatlar bilan tashkil etilgan respublika komissiyalari va kengashlarining hujjatlarida nazarda tutilganda;
davlat tashkilotlari va NNTning oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarida nazarda tutilganda;
xalqaro va chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxona va filiallariga bosh tashkilotlari tomonidan pul mablagʻlari va mol-mulk ajratilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 251-son qarori bilan tasdiqlangan Muruvvat yordami yuklari qabul qilinishi, hisobga olinishi, aniq yoʻnaltirilgan tarzda taqsimlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish tartibi hamda muruvvat loyihalari monitoringi toʻgʻrisida nizomga muvofiq muruvvat (insonparvarlik) yordami olinganda ularning olinishi adliya organlari bilan kelishishni talab etmaydi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan asoslarga koʻra olingan pul mablagʻlari va mol-mulk haqida NNT tomonidan besh kunlik muddatda tegishli maʼlumotlarni ilova qilgan holda uni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan adliya organiga maʼlum qilinadi.
2-bob. Kelishish uchun hujjatlarni taqdim etish
4. Pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish boʻyicha murojaat NNT rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan sana koʻrsatilib imzolanadi, muhr bosiladi hamda unga quyidagi maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
pul mablagʻlari va mol-mulk chet davlatlar va ularning organlaridan olinganda — davlat yoki tegishli davlat organining toʻliq nomi, pul mablagʻlari va mol-mulkni NNTga ajratishni tasdiqlovchi hujjat (bitim, dastur va hokazo);
pul mablagʻlari va mol-mulk jismoniy yoki yuridik shaxsdan (uning filial va vakolatxonasidan) olinganda — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, tugʻilgan joyi va sanasi, yashash va ish joyi, shuningdek yuridik shaxsning (uning filial va vakolatxonasining) taʼsis hujjatlari nusxasi, asosiy rahbar organi joylashgan (pochta) manzili, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, tugʻilgan joyi va sanasi, yashash joyi;
pul mablagʻlari va mol-mulk chet ellik shaxslarning topshirigʻiga binoan boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslardan olinganda — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, tugʻilgan joyi va sanasi, yashash va ish joyi, shuningdek yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari nusxasi, asosiy rahbar organi joylashgan (pochta) manzili, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, tugʻilgan joyi va sanasi, yashash joyi;
pul mablagʻlarining valyutasi va miqdori, mol-mulk va uning qiymati, ulardan foydalanish maqsadlari va usullari;
olinishi rejalashtirilayotgan pul mablagʻlari va mol-mulkning ishlatilishi yuzasidan jalb qilinishi rejalashtirilayotgan shaxslar, tashkilotlar va hokazo.
5. Agar chet ellik shaxslardan NNTga maʼlum boʻlmagan holda uning bankdagi hisobvaragʻiga pul mablagʻi kiritilsa yoki NNTga mol-mulk kelib tushsa, bu haqda NNT xabar topgan yoki xabar topishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran uch kun ichida mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda kelishish uchun adliya organiga murojaat qiladi.
3-bob. Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish
6. NNT tomonidan chet ellik shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlar adliya organi tomonidan oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
7. Hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonida pul mablagʻlari va mol-mulk olinishi bilan bogʻliq oʻzgarishlar boʻlgan taqdirda, NNT bu haqda adliya organiga bir kun ichida oʻzgarishlar bilan bogʻliq maʼlumotlarni ilova qilgan holda yozma ravishda xabar beradi.
Agar chet ellik shaxs NNTga muqaddam adliya organi tomonidan kelishilgan pul mablagʻi yoki mol-mulkka qoʻshimcha pul mablagʻi (mol-mulk) ajratsa, qoʻshimcha pul mablagʻi yoki mol-mulk olinishini kelishish uchun mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda adliya organiga murojaat qiladi.
8. Chet ellik shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olinishi boʻyicha adliya organi tomonidan muddat koʻrsatilgan holda NNTdan asoslantirilgan tarzda qoʻshimcha hujjatlar soʻralishi mumkin.
9. Adliya organi NNT tomonidan kelishish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini, ularning qonun hujjatlariga va NNT ustavida (nizomida) belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiqligini oʻrganadi.
10. Adliya organi hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chet ellik shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish yoki sabablarini koʻrsatgan holda kelishishni rad etish toʻgʻrisida NNTni yozma ravishda xabardor qiladi.
Agar mazkur Nizomda belgilangan muddatda adliya organi tomonidan pul-mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish toʻgʻrisida NNTga yozma ravishda xabar berilmasa, ularning olinishi adliya organi bilan kelishilgan deb hisoblanadi.
11. Quyidagi hollarda chet ellik shaxslardan pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish rad etiladi:
pul mablagʻlari va mol-mulkni olish Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirish, suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga putur yetkazish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirish, fuqarolarning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qilishga qaratilgan boʻlsa;
mazkur Nizomga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarda yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlsa;
taqdim etilgan hujjatlar qonun hujjatlari va NNT ustavida (nizomida) belgilangan maqsad va vazifalarga zid boʻlsa;
adliya organi tomonidan NNTdan pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish yuzasidan soʻralgan qoʻshimcha hujjatlar belgilangan muddatda taqdim qilinmasa.
12. Pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishish rad etilganda, NNT rad etishga sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etishi va adliya organiga takroran murojaat qilishi mumkin.
13. NNT oʻz murojaatini u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar qonun hujjatlariga muvofiq qaytarib olish huquqiga ega.
14. Pul mablagʻlari va mol-mulk olinishini kelishishning rad etilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
15. Chet ellik shaxslardan olingan pul mablagʻlari va mol-mulk NNT tomonidan adliya organiga taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maqsad va usullarga muvofiq ishlatilishi shart.
16. Chet ellik shaxslardan olingan pul mablagʻlari va mol-mulk qonun hujjatlariga, NNT ustavida (nizomida) va taqdim etilgan hujjatlarda belgilangan maqsad va usullariga muvofiq ishlatilishi uchun NNT rahbari yoki u tomonidan vakolat berilgan shaxs javobgardir.
17. NNT roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning soʻroviga binoan chet ellik shaxslardan olingan pul mablagʻlari va mol-mulkdan foydalanilishi yuzasidan maʼlumotlar va tegishli hujjatlarni taqdim etishi shart.
18. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 24-son, 303-modda)