Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturining ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan birgalikda oʻtkazgan majlis asnosida shu narsa qayd etib oʻtildiki, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 25-dekabrda qabul qilingan 284-I-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini bajarish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ushbu Dastur asosida tegishli tadbirlar rejalari qabul qilingan. Majlisda mazkur Dasturning, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahridagi ijrosi toʻgʻrisida shu dasturiy hujjat ijrosi uchun masʼul Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi M. Rajabovaning hamda majlis boshqa ishtirokchilarining axborotlari tinglandi.
Tadbirlar rejalariga muvofiq aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, mamlakat Prezidenti farmonlari va qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini tushuntirish yuzasidan maʼrifiy ishlar olib borilmoqda. Bunda tinchlik, mustaqillik, millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Fuqarolar yigʻinlari raislarining (oqsoqollarning) ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan jadval boʻyicha amaliy mashgʻulotlar va seminarlar oʻtkazildi. Bundan tashqari fuqarolar yigʻinlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish muammolari yuzasidan hisobotlari tinglandi. Majburiy kommunal toʻlovlar toʻlanishini taʼminlash, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan, tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanilishiga erishish borasida fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga moʻljallab binolar qurishga alohida eʼtibor qilinmoqda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona viloyati va Toshkent shahri). “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalarini jihozlash va tegishli adabiyotlar bilan taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrildi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand viloyati va Toshkent shahri). Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi 61 mahalla qoʻmitasining hammasi kompyuterlar bilan taʼminlandi. Samarqand shahridagi “Mir Said Baraka” mahallasida kommunal toʻlovlar toʻlashdan tushayotgan mablagʻlarning bir qismini kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish tajribasi qoʻllanmoqda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Sirdaryo viloyatida mahalla qoʻmitalari oqsoqollarining koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi. Ijtimoiy sohaga taalluqli, kommunal xizmatlar toʻlovi, uylarning atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish hamda uylarni namunali saqlash bilan bogʻliq masalalarni hal etishda mahalla qoʻmitalari bilan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamkorligini taʼminlash uchun Toshkent shahar hokimi tomonidan maxsus qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga taʼkidlash joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahri davlat hokimiyati organlari tomonidan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini bajarish borasidagi ishlarda kamchiliklar hamda foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining mazkur masalaga doir qarori fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hammasiga yetkazib berildi deb boʻlmaydi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan 2007-2008-yillarga moʻljallangan tadbirlar rejalari oʻz vaqtida bajarilishiga yetarlicha eʼtibor bermayaptilar. Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari majlislarida ana shu tadbirlar rejalarining ijro etilishi natijalari muhokamasi oʻtkazilmayapti. Nomi yuqorida aytib oʻtilgan mintaqalarda ushbu masala oʻrganilganda Harakat dasturining joriy yilning birinchi choragiga moʻljallangan bir qancha tadbirlari bajarilmaganligi hollari aniqlandi. Tadbirlar rejasining ijro etilishi jarayoni toʻgʻrisidagi masala xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashida biron marta ham muhokama etilmagan.
Xalq deputatlari aksariyat tuman va shahar Kengashlarining tadbirlar rejalarida koʻp hollarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir aniq chora-tadbirlar koʻrinmaydi. Boʻlib oʻtgan tadbirlarga oid materiallarni koʻpincha topib boʻlmaydi. Bir qator mintaqalarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish va hududlarni obodonlashtirish masalalari yuzasidan hisobotlari yuzaki, xoʻja koʻrsinga oʻtkazilgan. Joylarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatidagi ijobiy tajribani umumlashtirish va ommalashtirish ishlari yaxshi tashkil etilmagan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida va shu yoʻnalishdagi faoliyati oʻrganilgan barcha viloyatlarda talaygina fuqarolar yigʻinlari tegishli binolar, telefon va boshqa aloqa vositalari hamda kompyuterlar bilan taʼminlanmagan. Chunonchi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 297 ta fuqarolar yigʻinida bino, 306 tasida kompyuter texnikasi, 58 ta fuqarolar yigʻinida esa telefon yoʻq. Samarqand viloyatidagi 1067 ta fuqarolar yigʻinining 73 tasi kompyuter bilan taʼminlangan. Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalarining aksariyati jihozlanmagan, ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy adabiyotlar bilan taʼminlanmagan ham. Namangan viloyatidagi 856 ta fuqarolar yigʻinidan 665 tasida “Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalari tashkil etilmagan. Toshkent shahrining ayrim tumanlaridagi mahalla qoʻmitalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan qarorlariga oid materiallar bilan taʼminlanilmayapti.
Barcha mintaqalar boʻyicha ommaviy axborot vositalarining fuqarolar yigʻinlari faoliyatiga doir materiallarida koʻpincha yigʻinlarning ishi tahlil etilmaydi, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yaxshilashga doir amaliy takliflar uchramaydi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturi mamlakatimiz ijtimoiy va siyosiy hayotida aholining ishtiroki koʻlamlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, shuningdek mazkur Dastur ijrosi uchun masʼul Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi M. Rajabovaning hamda majlis boshqa ishtirokchilarining axborotlarini tinglab va muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi M. Rajabovaning Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturining ijrosi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini ijro etish borasidagi oʻz faoliyatlarini tanqidiy tahlil etish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini bajarishdagi qayd etib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilash tavsiya etilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari:
ommaviy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy, sport yoʻnalishidagi va boshqa tadbirlarni fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini jalb etgan holda oʻtkazish;
ommaviy axborot vositalarida fuqarolar yigʻinlarining faoliyatini yoritishga doir materiallar sifatini yaxshilash va ularning bu boradagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
mazkur masalaga doir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlari va boshqa hujjatlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish barcha hududiy organlariga yetkazilishi;
fuqarolar yigʻinlari binolar, tashkiliy-texnika, telefon va boshqa aloqa vositalari bilan taʼminlanishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
“Maʼnaviyat va maʼrifat” xonalarini mahalliy davlat hokimiyati organlari koʻmagida tashkil etish, ularni zarur adabiyotlar bilan taʼminlash hamda faoliyatini jonlantirish;
tegishli hududlardagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining obodonlashtirish va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash tadbirlariga alohida eʼtibor bersin.
5. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishga doir 2007-2008-yillarga moʻljallangan Harakat dasturi ijrosi uchun masʼul organlar va tashkilotlar ushbu Qarorning bajarilish jarayoni toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasiga 2007-yil 15-dekabrga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi oʻrinbosari F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-sentabr,
399-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 9-son, 468-modda)