O‘zbekiston Respublikasining qonuni
GUVOHLAR, JABRLANUVChILAR, EKSPERTLAR, MUTAXASSISLAR, TARJIMONLAR VA XOLISLARNING QILGAN XARAJATLARINI TO‘LASh TARTIBI VA MIQDORLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi 2022-yil 3-avgustdagi O‘RQ-786-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 5-noyabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga yoki sudga chaqiriladigan guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga o‘z turar joyidan shu chaqirilgan erga kelish va bu erdan qaytib ketish xarajatlari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning xodimlariga xizmat safariga borish va qaytish xarajatlarini qoplash uchun belgilangan tartibda to‘lanadi.
(1-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislar o‘zlarining doimiy yashash joylaridan tashqaridagi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga yoki sudga chaqirilganda va ular shu chaqirilgan joyda bir sutkadan ortiq turishlari lozim bo‘lganda, ularga turar joy binosini ijaraga olganlik uchun qilingan xarajatlar va sutkalik xarajatlar, shuningdek xizmat safari bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xodimlarining xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplash uchun belgilangan tartibda va miqdorda to‘lanadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ekspertlar, mutaxassislar bajargan ish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan — ishning bir soatiga 0,0053-0,0071 koeffitsiyenti bo‘yicha haq to‘lanadi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tarjimonlar yozma tarjimaga — har 1000 bosma (qo‘lyozma) belgi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan — 0,0036-0,0053 koeffitsiyenti bo‘yicha haq oladilar.
Sud majlislarida yoki surishtiruv organlari va dastlabki tergov organlari o‘tkazadigan so‘roqlarda tarjimon sifatida qatnashganlik uchun tarjimonlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan — ishning bir soatiga 0,0053-0,0071 koeffitsiyenti bo‘yicha haq oladilar.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar bajargan ishlari uchun tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv yoki dastlabki tergov organlarining qaroriga yoxud sudning ajrimiga binoan haq oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Bu haqning miqdori ekspert, mutaxassis yoki tarjimonni chaqirgan idora tomonidan ularning malakasi va ishning murakkabligi, shuningdek bajarilgan ish uchun sarflangan vaqtni hisobga olib belgilanadi.
6. Ushbu Qonunda ko‘rsatilgan barcha pullar chaqiruvchi organ tomonidan: jinoiy ishlar bo‘yicha — smeta bo‘yicha maxsus ajratiladigan mablag‘lar hisobidan, fuqarolik ishlari bo‘yicha esa — taraflar beradigan pullar hisobidan to‘lanadi, taraflar ish yuzasidan qilinadigan xarajatlarni to‘lashdan ozod etilgan hollar bundan mustasnodir. Bunday hollarda pullar smeta bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasiga muvofiq guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanadigan mablag‘lar jinoiy ishlar bo‘yicha protsessual chiqimlarga qo‘shiladi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 320-moddasida belgilangan tartibda undirib olinadi.
Sud tomonidan undirib olingan protsessual chiqimlar respublika budjetiga tushadi.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-maydagi 70-I-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga haq ularni chaqirgan organ tomonidan bu shaxslar o‘z vazifalarini bajarib bo‘lganlaridan keyin, tegishli pullar ish yuzasidan qilingan xarajatlar tarzida yoki hukm etilganlardan protsessual chiqimlar tarzida tashqaridan olingan va undirib olingan yoki olinmaganligidan qat’i nazar darhol to‘lanishi kerak.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-maydagi 70-I-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror huzuriga yoki sudga guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislar sifatida chaqiriladigan harbiy xizmatchilarning xarajatlarini (yo‘lkira haqi, sutkalik haq va kvartira haqi) sud harbiy qismlarning talabiga binoan va harbiy xizmatchilarning pul ta’minoti to‘g‘risidagi nizomda belgilangan normalar bo‘yicha to‘laydi.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
10. Ushbu Qonun xizmat topshirig‘i sifatida o‘z vazifalarini bajaradigan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga taalluqli emas.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
661-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 359-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)