Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtgan davr mobaynida atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan, mamlakatda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2006-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilishida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan oʻrtaga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan faoliyat olib bordilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi vazirlik va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtira borib, kompleks tadbirlarni amalga oshirgan, natijada oʻtgan yili 2005-yilga nisbatan atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,9 ming tonnaga, ochiq suv havzalariga tashlanayotgan tozalanmagan oqova suv hajmi 2,2 mln kub metrga, hosil boʻlayotgan chiqindilar miqdori 11 foizga kamaygan. Sakkizta chang va gaz tozalagich qurilmalari hamda quvvati bir kecha-kunduzda 100 kub metr boʻlgan oqova suv tozalash inshootlari ishga tushirilgan. 1,2 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilangan, 1,5 ming gektar yer qayta tiklangan. 3,3 mingdan ortiq avtotransport vositasi gaz va 4,1 mingdan ziyod avtotransport vositasi dizel yoqilgʻisi bilan ishlashga oʻtkazilgan. Etillangan benzin ishlab chiqarish miqdori kamaytirilgan va u jami ishlab chiqarilgan benzin hajmining 7,6 foizini tashkil qilgan. Ishdan chiqqan lyuminessent lampalarni zararsizlantirish oʻtgan yilga nisbatan ikki marotaba koʻpaygan. Maydoni 2,3 ming gektardan ortiq hudud koʻkalamzorlashtirilgan.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlarining talablari ijro etilishini taʼminlash maqsadida nazoratdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkazilgan tekshirishlar soni 1,6 marotaba kamaygan. Ayni bir vaqtda tekshiruvlar samaradorligi 2005-yilga nisbatan toʻrt foizga koʻpaygan va 97,8 foizni tashkil etgan.
Hisobot davrida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan tahliliy va profilaktika yoʻnalishidagi ishlar kuchaytirilgan. Atrof muhitni ifloslantiruvchi, asboblar yordamida tekshirilgan muqim va harakatlanuvchi manbalar soni 2006-yil yakunlariga koʻra 2005-yilga nisbatan 2,3 mingtaga koʻpaygan. “Toza havo” operatsiyasi tadbirlarini oʻtkazish mobaynida 146 ta avtokorxona, 102 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi va 6 ta avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish stansiyasi hamda 139 mingga yaqin avtotransport vositasi tekshiruvdan oʻtkazilgan. Atrof muhitni ifloslantirishni belgilangan normativlardan ham oshirib yuborayotgan 13,5 mingdan ortiq harakatlanuvchi manbalar aniqlanib, 1,7 mingta avtotransport vositasidan foydalanish vaqtinchalik toʻxtatib qoʻyilgan.
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻpol tarzda buzganlik uchun 14,4 ming nafar yoki 2005-yildagidan 11,6 foiz koʻp mansabdor shaxs va fuqaro maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Atrof muhitga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan 2006-yilda kiritilgan daʼvolar va solingan jarimalar miqdori oldingi yilga nisbatan 29,8 foizga ortgan. Huquqbuzarlardan 147 ta ov quroli, 903 dona toʻr va shunga oʻxshash materiallar musodara etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan jami 3,437 mln AQSh dollari hamda 100,12 mln soʻm miqdorida chet el investitsiyalari jalb etilgan va oʻzlashtirish belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekistonda chiqindi bilan bogʻliq ishlarni boshqarish Milliy strategiyasi va Harakat rejasi loyihasi kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Davlat axborot markazi va axborot-tahlil xizmati tashkil etilgan. Atrof muhit holati monitoringi yagona tizimi hamda axborot taʼminoti maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kadastri yuritilishi taʼmin etilgan, bu ish 303 ta obyekt boʻyicha amalga oshirilmoqda. Navoiy va Jizzax viloyatlarida hayvonot hamda oʻsimlik dunyosi kadastrlarini tuzish yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
vazirlik va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tabiiy resurslardan, ayniqsa suv resurslaridan oqilona foydalanish, tozalash inshootlarining quvvatlarini va samaradorligini oshirish, neft bazalariga, ruda-koʻmir kukunlari chiqarib tashlangan joylarga hamda qazilma chiqindixonalariga tutash hududlarni zararsizlantirishga qaratilgan ishlarini yetarli darajada muvofiqlashtirib bormayapti;
Toshkent, Angren, Qoʻqon, Navoiy, Chirchiq, Fargʻona singari shaharlarda ifloslantiruvchi moddalarning ayrim ingridiyentlari boʻyicha ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalari darajasiga qadar pasaytirish uchun yetarli choralar koʻrmayapti;
keng tarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish, shuningdek yerlarni qayta tiklash ishlari ustidan nazorat toʻliq amalga oshirilishini taʼminlamayapti;
biologik resurslarni istifoda etishda qonunbuzarlik holatlari (noqonuniy ravishda daraxt kesish, qonunga xilof ravishda baliq ovlash hamda ov qilish va shu singarilar) oldini olishda oʻz imkoniyatlaridan toʻliq foydalanmayapti.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi atrof muhitni muhofaza qilish milliy harakat rejasini amalga oshirish yuzasidan 2007 — 2011-yillarga moʻljallangan kompleks tadbirlar loyihasini 2007-yilning 1-iyuliga qadar tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda baliq zaxiralari kamayishining hamda baliq ovlash bilan bogʻliq qonunbuzarliklarning oldini olish yuzasidan amaliy choralar koʻrsin va bunda baliqchilik bilan shugʻullanuvchi, tabiiy koʻllarni ijaraga olgan, ammo baliq koʻpaytirish ishlarini amalga oshirmayotgan ijarachilarga alohida eʼtibor qaratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda “Toza havo” operatsiyalari samaradorligini oshirsin;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi kadastrlarini ishlab chiqish ishlarini jadallashtirsin. Navoiy va Jizzax viloyatlarining oʻsimlik va hayvonot dunyosi kadastrlarini tuzish ishlarini rasmiylashtirishni 2007-yilning 15-apreliga qadar yakunlasin;
transchegaraviy ahamiyatga molik muammolarga alohida eʼtibor qaratsin. Tojikiston alyuminiy zavodining Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlariga salbiy taʼsiri kamayishini taʼminlash, Qirgʻiziston Respublikasidagi Mayluu-Suu daryosi yoqalab joylashgan, radioaktiv chiqindilar koʻmilgan chiqindixonalardan radioaktiv ifloslanish tarqalishi oldini olish, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida suv balansini saqlab qolish ishlarini alohida nazorat ostiga olsin;
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida ekologiya vaziyatini oʻrganish hamda uning tabiiy hududlaridan oqilona foydalanish yuzasidan eng yangi texnologiyalar qoʻllangan holda olib borilayotgan tadqiqot ishlarini 2007-yilning 1-dekabriga qadar tugallasin;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar obyektlarida quyosh energiyasidan foydalanilishini taʼminlaydigan, ekologik jihatdan xavfsiz tizimni joriy etish ishlarini shu yilning oxiriga qadar yakuniga yetkazsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
atrof muhitni muhofaza qilishning 2006 — 2010-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlari bajarilishini taʼminlasinlar;
tabiiy resurslarni hisobga olish va ularning holatini baholash, ekologik jihatdan zararli obyektlarni hisobga olish tizimini ishlab chiqsinlar hamda tasdiqlasinlar;
ifloslantirish manbalarini aniqlash, atrof muhit holatini kuzatish tarmogʻini rivojlantirish ishlarini tashkil etsinlar, Toshkent, Angren, Qoʻqon, Navoiy, Chirchiq, Fargʻona singari shaharlarda ifloslantiruvchi moddalarning ayrim ingridiyentlari boʻyicha ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalari darajasiga qadar pasaytirish choralarini koʻrsinlar;
tozalash inshootlari ishi samaradorligini oshirish uchun zarur choralar koʻrsinlar.
5. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzmetkombinat” birlashmasiga:
chiqindilar joylashtirilgan oʻz obyektlarining sanitariya va ekologiya holati ustidan qattiq nazorat olib borish;
chiqindilarning ijozat etilmagan joylarda hamda obyektlarda saqlanishiga, qayta ishlanishi, utilizatsiya qilinishi va koʻmib tashlanishiga yoʻl qoʻymaslik;
sanoat chiqindilarini, ayniqsa zaharli chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish yuzasidan amaliy choralar koʻrish tavsiya etilsin.
6. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga:
“Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek chiqindilarning atrof muhitga zararli taʼsiri oldini olish, ularning hosil boʻlishini kamaytirib borish hamda xoʻjalik faoliyatida ulardan oqilona foydalanish maqsadida boyitilgan fosfor oʻgʻitlari ishlab chiqarish chiqindilarini (fosfogipsni) kamaytirish va utilizatsiya qilishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-iyuldagi PQ-420-sonli qarorida belgilangan sanoat usullari amaliyotga joriy etilishini jadallashtirish;
pestitsidlar, gerbitsidlar va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan boshqa zaharli kimyoviy dorilar koʻmib joylashtirilgan joylarni batartib tutish va qoʻriqlanishini taʼminlash, shuningdek bunday joylardagi pestitsid, gerbitsid va kimyoviy dorilarni bosqichma-bosqich zararsizlantirib borish, qayta ishlash hamda qishloq xoʻjaligida ikkilamchi tarzda foydalanish yuzasidan kechiktirmay choralar koʻrish tavsiya qilinsin.
7. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-mart,
331-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 4-son, 196-modda)