Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-mart,
332-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Kirish
Hisobot davri Oʻzbekiston Respublikasi ikki palatali parlamenti faoliyatining ikkinchi yili boʻldi. Bu davr mamlakatimizni yanada demokratlashtirish jarayonlari muqarrar xususiyatga ega ekanligini koʻrsatdi. Hokimiyat qonun chiqaruvchi tarmogʻining roli va obroʻ-eʼtibori kuchayishi qonun ijodkorligining samaradorligi va sifati oshishiga gʻoyat yaxshi taʼsir koʻrsatdi, parlamentning nazorat faoliyatini jamoat nazoratining eng demokratik shakllari bilan yaqinlashtirish sari yana bir qadam tashlash imkonini berdi. Shuni aytish kerakki, parlament Ombudsmani boshqa milliy demokratik institutlar bilan bir qatorda adolatli huquqiy davlat tashkil etish jarayonlariga demokratik taʼsir koʻrsatuvchi real vositaga aylandi. Bu institutlar ushbu davrda davlat bilan aholi oʻrtasidagi oʻziga xos bogʻlovchi unsurlarga aylandi.
Taqdim etilayotgan hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili faoliyatining ustuvor yoʻnalishlariga, oʻn bir yillik davrdagi amaliyot va orttirilgan tajribaga muvofiq tayyorlangan boʻlib, parlament Ombudsmani institutining 2006-yildagi faoliyati yakunlarini, uning Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlashning oʻziga xos boʻlgan muammolariga doir tahlil va xulosalarini, insonning turli toifadagi huquqlarini taʼminlashga doir monitoring tadqiqotlari natijalarini, mamlakatimizdagi sheriklar, xorijlik hamkasblar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarga oid materiallarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga koʻmaklashish va mazkur hujjatlarga rioya etilishi monitoringi
Inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash ustidan nazorat ishlarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining roli katta boʻlib, u oʻziga berilgan vositalar yordamida, xususan, nafaqat buzilgan huquqlarning tiklanishiga, balki Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini takomillashtirishga ham yordam bermoqda.
2006-yilda Inson huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan bir qator qonun loyihalarining inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish maqsadida huquqiy ekspertizadan oʻtkazdi. Chunonchi, Ombudsman instituti “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalariga va boshqa qonun loyihalariga oid oʻz takliflarini taqdim etdi.
2006-yilda Inson huquqlari boʻyicha vakil parlament palatalarining quyidagi qoʻmitalari bilan hamkorlikni davom ettirdi: qonun loyihalarini huquqiy ekspertiza qilish sohasida — Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi bilan (9 ta qonun loyihasi boʻyicha takliflar kiritildi); Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bilan (1 ta qonun loyihasi boʻyicha takliflar kiritildi); qoʻmitalarning nazorat faoliyatini amalga oshirish sohasida — Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bilan (Qoʻmita soʻrovi asosida mehnat va ijtimoiy masalalar sohasidagi qonun hujjatlari monitoringi masalalariga doir Ombudsman faoliyati toʻgʻrisida tahliliy axborot tayyorlandi); axborot-maʼrifiy faoliyat sohasida — Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi bilan (Qoʻmita bilan birgalikda “Parlament va Ombudsman: qoʻmitalar bilan hamkorlik amaliyoti” mavzuida seminar-trening tashkil etilib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdilar).
Inson huquqlariga rioya etish sohasida monitoring oʻtkazish mexanizmlarini takomillashtirish Ombudsman faoliyatining hisobot davridagi asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Mamlakat turli mintaqalari aholisidan Inson huquqlari boʻyicha vakilga fuqarolarning uy-joyga doir huquqlari, shu jumladan uy-joy-kommunal xizmatlar sohasidagi huquqlari buzilayotganligi haqida kelayotgan yozma va ogʻzaki murojaatlar kamaymayotganligi koʻp kvartirali uylardagi turar joylar mulkdorlarining huquqlari taʼminlanishi ustidan parlament nazoratini davom ettirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu munosabat bilan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan Oʻzbekiston mintaqalarining shahar va tumanlarida uy-joy mulkdorlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining taʼminlanishiga doir monitoring oʻtkazildi. Bunda 2005-yilda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 4 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatida (XUMShda) oʻtkazilgan monitoring asos qilib olindi.
Masalani oʻrganishdan maqsad koʻp kvartirali uylarda yashovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi sohasida shirkatlar faoliyati samarasizligining sabablarini; uy-joy mulkdorlarining XUMSh, kommunal-ekspluatatsiya xizmatlari faoliyatidan qay darajada qanoatlanayotganligini; shirkat aʼzolarining XUMShni boshqarishda va qarorlar qabul qilishda ishtirok etish darajasini; shirkatlar faoliyat yuritayotgan, xizmatlar koʻrsatayotgan, uy-joy mulkdorlari bilan axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etayotgan sharoitlarni; uy-joy mulkdorlarining huquqiy savodxonligi darajasini, oʻz huquq va majburiyatlarini bilishi darajasini aniqlashdan iborat edi. Monitoring jarayonida 434 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining faoliyati oʻrganildi, anketalashtirish va soʻrovlarda 25 ming nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi. Viloyatlar va Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbarlarining faol qoʻllab-quvvatlashi natijasida monitoringda viloyatlardagi oʻndan ortiq tashkilotlarning vakillari qatnashdi.
Davlatimiz uy-joy-kommunal xoʻjaligini isloh qilish, uy-joy mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida izchil ish olib borayotganligiga qaramay, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarida hali ham mana shu gʻoyat muhim ahamiyatga molik boʻlgan uy-joy-ijtimoiy sohada jiddiy kamchiliklar, nuqsonlar mavjud. Masalani oʻrganish XUMShlarning aksariyatida uy-joy mulkdorlarining shirkatlar va ekspluatatsiya-servis tashkilotlari, kommunal xizmatlar ishidan foydalanish borasidagi huquqlari hamda manfaatlariga hamma vaqt ham rioya etilmayotganligini koʻrsatdi. Shirkatlar, aholiga xizmat koʻrsatadigan idoralar oʻz faoliyatlarida, asosan qonunlarga emas, balki vazirliklar hamda idoralarning qonunosti va meʼyoriy hujjatlariga amal qilmoqdalar. Uy-joy mulkdorlari har doim ham bu hujjatlarni bilavermaydi, buning ustiga ayrim XUMSh rahbarlari shirkat aʼzolarini ushbu hujjatlar bilan tanishtirmaydi.
Monitoring natijalari uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati samaradorligini oshirishga, koʻp kvartirali uylardagi turar joylar mulkdorlari bilan kommunal xizmat koʻrsatuvchilar, tegishli hududlarda muhandislik kommunikatsiyalarini ishlatish va taʼmirlash bilan shugʻullanadigan pudratchi tashkilotlar oʻrtasidagi shartnoma majburiyatlarini bajarishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, xususiy uy-joy mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish zarurligini koʻrsatdi.
Fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida jiddiy choralar koʻrilayotganligiga qaramay, ulardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga kelayotgan murojaatlar mehnat sohasidagi huquqiy munosabatlarga doir qonun hujjatlarining buzilishi hozir ham hammadan koʻp shikoyat qilinadigan masalalar toifasiga kirishini koʻrsatmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ishtirokida 2006-yil sentyabr oyida Fargʻona vodiysidagi toʻqimachilik sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi monitoringini amalga oshirdi.
Monitoringdan koʻzlangan maqsad Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida mulkchilikning turli shakllariga mansub toʻqimachilik sanoati korxonalarida ishlayotgan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi amalga oshirilishini oʻrganishdan iborat edi. Monitoring oʻtkazish uchun ishchi guruhlari tashkil etilib, ular tarkibiga Ombudsmanning Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Adliya, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining viloyat boʻlinmalari vakillari kiritildi. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi mulkchilikning turli shakllariga mansub boʻlgan 18 ta toʻqimachilik sanoati korxonasida tadqiqot oʻtkazildi.
Fargʻona vodiysi viloyatlarida ishlaydigan ayollarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish va ularga rioya etishning ahvolini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan monitoring, ishlaydigan ayollar orasida oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov natijalarini umumlashtirish, kuzatuvlar hamda toʻqimachilik korxonalari rahbarlari bilan oʻtkazilgan suhbatlar bir qator kamchilik va nuqsonlarni, xususan, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan amaldagi qonun hujjatlari qoidalari qoʻpol ravishda buzilayotganligini, xotin-qizlarga va oilaviy majburiyatlar bilan band shaxslarga qoʻshimcha imtiyozlar berish haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilmayotganligini, ish haqi kechiktirib toʻlanayotganligini, mehnat jarayonida insonning xavfsizligini taʼminlash, salomatligini va mehnat qobiliyatini saqlashga qaratilgan amaldagi qonun hujjatlari normalari buzilayotganligini, qonun hujjatlarining ish vaqtida tanaffus berish haqidagi qoidalari buzilayotganligini va dam olish uchun tegishli sharoitlar yoʻqligini; maishiy xonalar, oshxonalarni saqlashning sanitariya-gigiyena normalari buzilayotganligini, tayyorlanayotgan ovqatning xillari yetarli va sifati qoniqarli emasligini, xotin-qizlarning mehnat qonunlari sohasidagi huquqiy savodxonligi pastligini; kasaba uyushmalari qoʻmitalari, xotin-qizlar kengashlari xotin-qizlar orasida mehnat qonunlarining qoidalarini tushuntirish sohasida olib borayotgan axborot-maʼrifiy ishlar yetarli emasligini koʻrsatdi. Oʻtkazilgan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda Fargʻona vodiysidagi toʻqimachilik sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlash sohasidagi vaziyatni yaxshilash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining tavsiyalari ishlab chiqildi.
Fuqarolarning shikoyatlarini koʻrib chiqish hamda buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash sohasidagi faoliyat
Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlari va erkinliklarini tiklashga yordam berish Ombudsmanning Oʻzbekistonda inson huquqlariga toʻla-toʻkis va samarali rioya etish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida davlat organlari, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalardan biridir.
Hisobot yilida Ombudsman institutiga 7655 ta, shu jumladan markaziy ofisga 4753 ta, mintaqaviy vakillarga 1377 ta, takroran 878 ta murojaat tushdi, ishonch telefoni orqali 647 ta murojaat boʻyicha yuridik maslahat va tushuntirishlar berildi. Inson huquqlari boʻyicha vakil nomiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi haqida kelgan murojaatlardan 1434 tasi nazoratga olindi. Hisobot davrida 351 ta murojaat ijobiy hal qilindi, qolganlari koʻrib chiqilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga pochta orqali 3444 ta, qabul vaqtida 1309 ta murojaat tushdi. Murojaat qilganlarning 2439 nafarini xotin-qizlar, 1858 nafarini erkaklar tashkil etdi, shuningdek 456 ta jamoaviy shikoyat tushdi.
Ombudsman tomonidan shaxsan 14 ta qabul oʻtkazilib, ularda 118 nafar fuqaro qabul qilindi, 72 ta murojaat nazoratga olindi, 46 ta murojaat boʻyicha tushuntirish berildi. Vakil tomonidan mamlakat mintaqalariga, shu jumladan Samarqand, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasiga borib, fuqarolar qabuli ham oʻtkazildi. Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlash monitoringini oʻtkazish jarayonida Ombudsman Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi toʻqimachilik sanoati korxonalarida ishlaydigan xotin-qizlar bilan uchrashdi. Joylarga borilgan vaqtda mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishida inson huquqlarini taʼminlash, mintaqaviy vakillar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Viloyatlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuvlar hamda suhbatlar tashkil etildi, penitensiar muassasalar monitoringi oʻtkazildi.
Hisobot davrida inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan 17 ta xulosa tayyorlanib, shularning 10 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga, 4 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, 1 tasi Samarqand viloyat prokuraturasiga va Samarqand viloyat hokimligiga, 1 tasi jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax viloyat sudiga va 1 tasi Jizzax viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Parlament Ombudsmani nomiga mamlakatning barcha mintaqalaridan fuqarolarning turli masalalar va muammolar bayon etilgan murojaatlari keldi. Fuqarolarning eng koʻp murojaatlari Toshkent shahridan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan yoʻllangan.
Fuqarolarning murojaatlarida koʻproq ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni taʼminlash — 1563 ta (33 foiz), yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, insoniy muomalaga va qadr-qimmatni hurmatlash huquqiga rioya etish — 1104 ta (23 foiz), sudda ishni adolat bilan koʻrish huquqiga — 1009 ta (21 foiz) rioya etish bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili turli davlat organlari, ijtimoiy tuzilmalar, chet ellik sheriklar bilan faol hamkorlik qilib, ularga 3634 ta murojaatni, shu jumladan hal qilish uchun nazoratga olingan murojaatlarni yoʻlladi.
Mamlakatimiz fuqarolari tomonidan yoʻllangan shikoyatlardan tashqari chet davlatlardan ham 45 ta murojaat tushdi.
Hisobot davrida takroriy murojaatlar soni oldingi yildagiga qaraganda kamaydi (2005-yilda — 1004, 2006-yilda — 878). Bu hol Ombudsmanga yuborilgan shikoyatlarni hal qilish natijadorligi birmuncha oshganligidan dalolat beradi. Ombudsman bu shikoyatlarni davlat hokimiyati organlari, sud va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bilan hamkorlikda oʻrganib bordi. Amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar jarayonida mansabdor shaxslarning Ombudsman murojaatlarini koʻrib chiqish borasidagi masʼuliyati oshdi, ular ariza beruvchilar tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni ancha eʼtibor bilan va tezkor ravishda hal etib, fuqarolarning shikoyatlarini koʻrib chiqish natijalari haqida Vakilni oʻz vaqtida xabardor qila boshladilar.
Biroq ayrim mansabdor shaxslarning Ombudsman murojaatiga javob berish muddatlarini buzishi, murojaatlarni hal qilish uchun quyi pogʻonalarga yuborib, soʻngra ularning ijrosini nazorat qilmasligi yoki masalaning mohiyatiga daxldor boʻlmagan axborotni joʻnatishi, baʼzan esa arizachining dalillarini tekshirmasdan, rasmiyatchilik yuzasidan yoki nomigagina javob berishi kabi holatlar ham mavjud. 2006-yilda Ombudsmanning 120 ta murojaati boʻyicha javoblar oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi munosabati bilan 35 ta soʻrov, shu jumladan Taʼlim vazirligiga 2 ta, Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi vazirligiga 2 ta, hokimliklarga 22 ta, sud organlariga 26 ta, prokuratura organlariga 53 ta fuqarolar shikoyatlari yuzasidan soʻrov yuborildi. Ushbu hol “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasi toʻliq ishlamayotganligidan dalolat beradi. Bu esa oʻz navbatida milliy qonun hujjatlarini mazkur qonunga muvofiqlashtirish zarurligini koʻrsatadi. Ombudsman haqidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish mumkinligi oʻz manfaatlarini himoyalashning hamma huquqiy mexanizmlaridan foydalangandan keyin Inson huquqlari boʻyicha vakilga murojaat qilayotgan arizachilarga tezkorlik bilan javob berish va ularning muammolarini hal qilish imkonini beradi.
2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga tushgan murojaatlarni sinchiklab tahlil qilish inson huquqlari va erkinliklari buzilishiga olib keluvchi sabablarga barham berish yuzasidan ehtiyot choralarini koʻrish borasidagi ishlar quyidagi hollarda samarali boʻlishini koʻrsatmoqda:
parlament nazoratining barcha shakllarini, shu jumladan inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga singdirish mexanizmini huquqiy jihatdan tartibga solish sohasida, davlat apparati mansabdor shaxslarining huquqni qoʻllash, shu jumladan sud ishlarini yuritish faoliyatida parlament nazoratining kuchaytirilishi;
fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari, shu jumladan sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda qatnashishi huquqiy jihatdan yetarli darajada taʼminlanmaganligiga barham berilishi;
huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalardagi hamda mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tizimidagi ayrim mansabdor shaxslarning poraxoʻrligi, ish bilmasligi va malakasining yetarli emasligi, masʼuliyatsizligi hollariga chek qoʻyilishi;
davlat organlari va jamoat sektorining fuqarolar huquqiy ongini ochish, jamiyatning barcha qatlamlariga huquqiy bilim berish sohasidagi keng qamrovli tizimni rivojlantirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish taʼminlanganligi.
Ombudsman mintaqaviy vakillarining faoliyati
2006-yilda Ombudsman mintaqaviy vakillarining faoliyati joʻshqin tus oldi, moddiy-texnikaviy jihatdan jihozlash, mahalliy organlar bilan oʻzaro hamkorlikning kuchayishi, aholi orasida axborot-maʼrifiy ishlarning kengayishi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzoq muddatli aloqalarning mustahkamlanishi tamoyillari kuzatildi.
Hisobot yilida mintaqaviy vakillar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uy-joy mulkdorlarining huquqlariga rioya etilishini monitoringini oʻtkazdilar. Bu ishda mintaqaviy vakillar huzuridagi ekspert va ishchi guruhlar aʼzolari, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari faol qatnashdilar. Monitoringlar materiallari davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlariga taqdim etildi, tegishli hokimliklarning majlislarida muhokama qilindi.
Fuqarolarni qabul qilish va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib, u qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Mintaqaviy vakillarning fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish borasidagi ishlari tahlili fuqarolar oʻzlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning taʼminlanishi masalalarida Ombudsmanning joylardagi vakillariga borgan sari koʻproq murojaat qilayotganligini, shuningdek murojaatlar koʻpayib borayotganligini koʻrsatmoqda. Hisobot yilida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolarning 1377 ta murojaati koʻrib chiqildi, koʻpchilik hollarda fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi, arizachilarga oʻz huquqlarini himoya qilish vositalari va usullari tushuntirib berildi.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari sud majlislarida kuzatuvchi sifatida qatnashish, arizachilar bilan joylarga borib uchrashish, aniq holatlar yuzasidan penitensiar tizim muassasalariga borish, fuqarolarni qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan maslahatlar berish usullaridan faol foydalandilar.
Shuni taʼkidlash joizki, bir qator mintaqalarda, xususan, Toshkent shahrida, Andijon, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarning mintaqaviy vakillarga murojaat qilishi hollarining oʻsish tamoyili kuzatildi. Bir qator mintaqalarda (Jizzax, Namangan, Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasida) fuqarolardan tushayotgan shikoyatlar sonining kamayishi tamoyili kuzatildi. Bu hol mintaqaviy vakillar faoliyatining tashkiliy masalalariga, fuqarolarning shikoyatlarini koʻrib chiqish borasida mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikning kuchayganligiga bogʻliqdir. Fuqarolarning Ombudsman mintaqaviy vakillari koʻrib chiqqan murojaatlarining xususiyati shikoyatlarning aksariyati fuqarolarning uy-joy, mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlashga taalluqli ekanligi bilan eʼtiborni oʻziga tortadi.
Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan 232-II-sonli qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar Kengashlari oʻz sessiyalarida Ombudsman mintaqaviy vakillarining inson huquqlariga rioya etilishi borasidagi vaziyat hamda mintaqaviy vakil faoliyati haqidagi axborotlarini koʻrib chiqdilar. Shu bilan birga Jizzax, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari vakillik hokimiyati organlari Ombudsmanning mazkur masalalar boʻyicha axborotini koʻrib chiqmadi. Parlament tavsiyalarini amalga oshirish uchun ushbu masalaning xalq deputatlari Kengashlarining reglamentlarida aks ettirilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Chet mamlakatlardagi ombudsmanlar institutlarining faoliyat tajribasi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan, Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridan Ombudsmanning olti nafar mintaqaviy vakili Avstriya, Slovakiya va Chexiya safarida ishtirok etdi.
BMT TDning “Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish doirasida 8 ta mintaqaviy vakil ofislariga (Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) kompyuter uskunalari berish va ularni Internet tarmogʻiga ulash yoʻli bilan texnikaviy yordam koʻrsatildi. 2006-yil aprel oyida BMT TD loyihasining Toshkentdagi resurs markazi bazasida Ombudsmanning sakkiz nafar mintaqaviy vakili ekspert guruhlarining aʼzolari va koʻngillilar kompyuter savodxonligi boʻyicha tahsil oldilar.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari joylarda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor berdilar. Bu hamkorlik doirasida mahalliy televideniye va radio orqali muntazam chiqishlar qildilar, mintaqaviy matbuotda (“Andijonnoma”, “Buxoro haqiqati”, “Toshkent oqshomi” – “Vecherniy Tashkent”, “Fargʻona haqiqati”, “Xorazm haqiqati” va boshqalar) va Internet tarmogʻida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyat haqida vaqti-vaqti bilan materiallar eʼlon qilib turdilar.
Davlat organlari va jamoat sektori bilan hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili instituti davlat hokimiyati barcha tarmoqlarining organlari va muassasalari hamda jamoat sektori bilan hamkorlik qilib, oʻz vakolatlarida belgilab qoʻyilgan yoʻnalishlardagi faoliyatini rivojlantirib bormoqda.
Vakil Oliy Majlisning ikkala palatasi bilan oʻzaro hamkorlikni amalda roʻyobga chiqarib, “Strategiya” markazi (Sankt-Peterburg shahri, Rossiya Federatsiyasi) ekspertlari ishtirokida “Parlament va Ombudsman: qoʻmitalar bilan hamkorlik amaliyoti” mavzuida davra suhbati oʻtkazdi. Davra suhbatida deputatlar va senatorlar, shuningdek Oʻzbekiston parlamenti Ombudsmani instituti bilan hamkorlik qiluvchi milliy tashkilotlar vakillari, uning jamoatchilik tuzilmalari aʼzolari qatnashdilar. Ombudsman institutining vakillari parlament palatalari qoʻmitalarining tadbirlarida: “Oʻzbekiston Respublikasida xayriya faoliyatining huquqiy asoslari” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiyada, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, xalq deputatlari Kengashlari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi roli” mavzuidagi seminarda va boshqalarda ham ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan oʻzaro hamkorlikda Aholiga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari va xodimlariga, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillariga inson huquqlari sohasida huquqiy axborot berishga doir tadbirlarni amalga oshirishga oid memorandumni roʻyobga chiqarishga, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash maqsadida qonun hujjatlarini hamda huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini amalga oshirish, fuqarolarning oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi haqidagi shikoyat va arizalari boʻyicha birgalikda tekshirishlar oʻtkazishga hamda boshqa masalalarga alohida eʼtibor berildi.
Navoiy va Toshkent viloyatlarida seminarlar oʻtkazish jarayonida mahkumlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tergov izolyatorida saqlanayotgan shaxslarning huquqlari taʼminlanishi monitoringi olib borildi.
Hibsga olinganlar va ayblanuvchilarning turli toifalari bilan uchrashuvlar oʻtkazish, ularni saqlab turish sharoitlari, tibbiy xizmat koʻrsatish, mehnat bilan bandligi, oʻqitish sharoitlariga doir masalalarni oʻrganish maqsadida hisobot yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalariga borildi, bunda voyaga yetmagan tergovdagilar va hibsga olingan xotin-qizlarga alohida eʼtibor berildi.
Ombudsman oʻzi tashkil topgan dastlabki paytdan boshlab hozirgi vaqtgacha Oʻzbekiston Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha milliy markazi bilan hamkorlik qilib kelmoqda, birgalikda davra suhbatlari, seminarlar, tadqiqotlar oʻtkazmoqda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari boʻyicha Milliy maʼruzalarni tayyorlashda ishtirok etmoqda.
Yuqorida aytib oʻtilgan monitoringlarning oʻtkazilishi hokimiyatning turli tuzilmalari va institutlari bilan samarali hamkorlikka misol boʻla oladi. Tegishli ishchi guruhlari tarkibida davlat organlari va jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Turli oliy oʻquv yurtlari va ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, xususan, Toshkent davlat yuridik instituti, Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti va Mintaqaviy siyosat fondi bilan birgalikdagi taʼlim va tadqiqot faoliyati muvaffaqiyatli davom etdi.
Avvalgi yillarda boʻlgani kabi Ombudsman instituti jamoat sektori bilan faol hamkorlik qildi, uning hayʼat organlari (Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining, “Mahalla” jamgʻarmasi, Qizil yarim oy jamiyati va boshqalarning qurultoy, plenum va rayosatlari) oʻtkazgan forumlar va davra suhbatlari (“Sen yolgʻiz emassan” va “Bolalar” fondlari, “Bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimida islohotlar” xalqaro forumi hamda bola huquqlarini taʼminlash muammolari boʻyicha davra suhbati) ishida faol qatnashdi.
Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi hamda Demokratiya va inson huquqlari instituti nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi hamda Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi ishtirokida xotin-qizlar muammolari boʻyicha xalqaro konvensiyalarni amalga oshirish, ularning hisoboti va monitoringini yuritish boʻyicha milliy ekspertlar tayyorlash masalalari yuzasidan trening davom ettirildi.
Fuqarolik jamiyatini qurish davrida uning muhim unsuri va jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi boʻlgan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Anʼanaga koʻra, hamma tadbirlar matbuot va elektron mass-media vakillari ishtirokida oʻtmoqda.
Axborot-maʼrifiy faoliyat
Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurilayotgan butun davr mobaynida dolzarb masala boʻlib kelmoqda. Shu sababli bu ish Ombudsman faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolaverdi. Ushbu faoliyat Ombudsmanning oʻz tadbirlarini tashkil etish yoʻli bilan ham, parlament palatalari va milliy sheriklarning axborot-maʼrifiy ruhdagi tadbirlarida, inson huquqlari boʻyicha adabiyot va materiallarni nashr etish hamda tarqatishda, oddiy va elektron ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarda ishtirok etish yoʻli bilan ham amalga oshirib kelindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti jamiyatning barcha qatlamlariga inson huquqlari sohasida axborot berishni amalga oshirib, hisobot yilida taʼlim, axborot-maʼrifiy yoʻnalishdagi tadbirlarni oʻtkazib keldi.
Davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining huquqiy madaniyatini oshirishda 2006-yil mobaynida Oʻzbekistonda parlament Ombudsmani instituti taʼsis etilganligining 10 yilligini nishonlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan milliy sheriklar va Konrad Adenauer nomidagi Jamgʻarmaning Markaziy Osiyo, Qozogʻiston va Janubiy Kavkazdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Inson huquqlariga rioya etilishi va ularning muhofaza qilinishini taʼminlash sohasida Ombudsman bilan davlat organlari va nohukumat tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari” hamda “Nazoratni tashkil etish va mahbuslarning huquqlariga rioya etilishi sohasida jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish” mavzularida oʻtkazilgan sayyor seminar-konferensiyalarning muhim rol oʻynaganligini alohida taʼkidlash kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mehnat jamoalarida, talabalar orasida oʻtkazgan uchrashuvlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishga yordam beradi. Ombudsmanning Mir-Arab diniy oʻquv muassasasida; Urganch davlat universiteti talabalari va professor-oʻqituvchilari bilan; Shoshilinch tibbiy yordam Respublika ilmiy markazi Samarqand filialining xodimlari bilan; Namangan tumanidagi “Gʻayrat” shirkat xoʻjaligi ishchilari bilan; Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimida ilmiy jamoatchilik bilan uchrashuvlari boʻlib oʻtdi; shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Shimoli-Gʻarbiy okrugining Nukus shahrida joylashgan qismlaridan birida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi; Xoʻjayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyiga tashrif buyurildi.
Hisobot yilida Vakil, uning xodimlari va Ombudsmanning chet ellik sheriklari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Qonuniylikni mustahkamlash va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish muammolari markazida, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuristlar malakasini oshirish markazida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi oʻquv markazida soʻzga chiqdilar. Bu uchrashuvlar chogʻida Ombudsman, parlament, shuningdek inson huquqlari boʻyicha boshqa milliy institutlar faoliyati haqida axborot berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan tayyorlangan “Ombudsmani mira” (“Dunyo ombudsmanlari”) toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Toʻplam EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Muvofiqlashtiruvchisining ofisi yordamida “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan boʻlib, u konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni taʼminlash sohasidagi bilimlarni boyitishga xizmat qiladi. Ushbu toʻplamdan Yevropa (Ozarbayjon, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Litva, Polsha, Portugaliya, Niderlandiya, Chexiya, Slovakiya, Sloveniya, Shvetsiya, Estoniya), Shimoliy va Janubiy Amerika (AQSh, Kanada, Meksika, Argentina)dagi 20 dan ortiq mamlakat, Avstraliya ombudsmanlari, olimlari va amaliyotchilarining materiallari hamda, turgan gapki, Inson huquqlari boʻyicha vakil institutini qaror toptirishning asosiy bosqichlarini, uning mintaqaviy vakillarining faoliyatini, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, chet ellik hamkasblar bilan hamkorligini, shuningdek tibbiy muassasalarda davolanuvchilarning huquqlarini himoya qilish masalalarini aks ettiradigan Oʻzbekiston tajribasi ham joy oldi.
Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham Ombudsman faoliyatining muqarrar tarkibiy qismi sifatida rivoj topdi. Ombudsman tomonidan oʻtkazilgan deyarli barcha tadbirlar matbuotda va elektron OAVda yoritildi. Vakil instituti faoliyati haqidagi materiallar markaziy gazetalar — “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Postda” — “Na postu”, “Vaqt” — “Vremya”, “Toshkent oqshomi” — “Vecherniy Tashkent”, “Novosti Uzbekistana”, “Inson va qonun”, “Huquq”, “Ishonch” — “Doveriye”da va mintaqalar matbuotida; “Demokratizatsiya i prava cheloveka”, “Vestnik Konstitutsionnogo suda Respubliki Uzbekistan”, “Xalq taʼlimi” jurnallarida, OʻzA, “Jahon”, “Uzreport” axborot agentliklarining saytlarida eʼlon qilindi, markaziy telekanallar, mahalliy telekompaniyalar, shuningdek radio orqali efirga uzatildi.
Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi yordamida Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining elektron sayti (www.ombudsman.gov.uz) qayta tiklandi. Unda Vakil institutining faoliyati, Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlash haqidagi materiallar joylashtirilmoqda.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik
2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi faoliyati chet ellik ombudsmanlar, inson huquqlari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish, chet eldan kelgan delegatsiyalarni qabul qilish va ular bilan uchrashuvlarni tashkil etish, Ombudsmanning inson huquqlari masalalari boʻyicha xalqaro anjumanlarda qatnashishi, huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar, chet mamlakatlar ombudsmanlari, ajnabiy fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish yoʻli bilan amalga oshirildi.
Hisobot yilida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, aynan EXHT, Yevropa Ittifoqi, Germaniya Bundestagi, Germaniya Federal hukumatining inson huquqlari va gumanitar yordam boʻyicha vakili, shuningdek Tyuringiya oʻlkasi (Germaniya) landtagining raisi, Bazel kantoni (Shveysariya) Ombudsmani, AQSh, Polsha, Pokistonning Oʻzbekistondagi elchilari, EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Muvofiqlashtiruvchisi, Konrad Adenauer nomidagi Jamgʻarma, Kanada, Yaponiya elchixonalari, London universiteti vakillari va boshqalar bilan uchrashuvlarga bagʻishlangan 30 ga yaqin qabul oʻtkazildi.
Ombudsmanning tashqi aloqalarini mustahkamlash doirasida Xalqaro ombudsman instituti bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega.
2006-yilda Yevropa Ombudsmani Instituti bilan hamkorlik ancha faollashdi. 2006-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Ombudsmani delegatsiyasi Yevropa ombudsmani institutiga bordi va tashrif jarayonida Yevropa ombudsmani institutining ijro etuvchi direktori doktor N. Shvarsler bilan uchrashdi.
Ommaviy huquqlar himoyachisi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni amalga oshirish maqsadida 2006-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Ombudsmani delegatsiyasining Slovakiyaga tashrifi amalga oshirildi. Tashrif chogʻida parlamentda, Ichki ishlar, Adliya vazirliklarida, Bosh prokuraturada uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, Oʻzbekiston delegatsiyasiga ushbu organlarning tuzilishi haqida, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishlar, Ommaviy huquqlar himoyachisi bilan hamkorlik haqida axborot berildi. Bundan tashqari penitensiar muassasaga hamda Velke Dvorniki qishlogʻidagi qishloq fuqarolar yigʻiniga (munitsipalitetga) borildi.
Hisobot yilida ombudsmanlar ofisi va ixtisoslashgan ombudsmanlar faoliyati bilan tanishish, ularning inson huquqlari sohasida davlat organlari bilan hamkorlik qilish tajribasini oʻrganish, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Ombudsman delegatsiyasining Avstriyaga safari boʻlib oʻtdi. Safar chogʻida Avstriya parlamentida, Ichki ishlar, Adliya vazirliklarida, Maʼmuriy sudda, davolanuvchilar, bolalar huquqlari boʻyicha parlament ombudsmanlari, Tirol yeri mintaqaviy Ombudsmani ofislarida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, shuningdek Vena shahridagi penitensiar muassasaga borildi.
2006-yilda BMT tuzilmalari bilan, xususan, inson huquqlari boʻyicha BMT Oliy komissarining Boshqarmasi, BMT TD, YUNISEF, JST vakolatxonalari bilan hamkorlik davom ettirildi.
2006-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 61-sessiyasi ishida qatnashdi. Aʼzo davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar hamda BMT BA Uchinchi qoʻmitasi ishida qatnashish chogʻida Oʻzbekiston parlamenti Ombudsmani Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, demokratiyalash jarayonlari toʻgʻrisida, sud-huquq islohotini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar haqida axborot berdi.
2006-yil 18 — 22-noyabrda Karlovi Vari shahrida (Chexiya Respublikasi) BMT TDning Bratislavadagi Mintaqaviy Byurosi tomonidan tashkil etilgan Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlari ombudsmanlarining VII davra suhbati boʻlib oʻtdi. Davra suhbati ishida Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Latviya, Litva, Moldova, Rossiya, Oʻzbekistondan borgan ombudsmanlar delegatsiyalari, shuningdek xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili davra suhbati ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
2006-yil 3 — 5-dekabrda Ombudsman Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Yevroparlamentda (Bryussel shahri, Belgiya) oʻtkazilgan “Oʻzbekistonda gender tengligi” mavzuidagi davra suhbati ishida qatnashdi. Davra suhbati doirasida Oʻzbekistonda gender tengligining dolzarb masalalariga bagʻishlangan uchta majlis oʻtkazildi. Davra suhbati davomida uning ishtirokchilari Oʻzbekiston parlamenti Ombudsmanining mamlakatda xotin-qizlar huquqlari va manfaatlariga rioya etilishini hamda ular himoya qilinishini taʼminlash sohasidagi faoliyati haqida axborot oldilar.
2006-yil mobaynida Tyuringiya (Germaniya) oʻlkasi landtagi raisi va Bazel kantoni (Shveysariya) Ombudsmanining tashriflari amalga oshirilib, ular Samarqand va Toshkent shaharlarida “Inson huquqlariga rioya etilishini va mazkur huquqlar himoya qilinishini taʼminlash sohasida ombudsman institutining davlat organlari va nohukumat tashkilotlar bilan oʻzaro aloqasining dolzarb masalalari” mavzusida oʻtkazilgan konferensiyalarda qatnashdilar.
EXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari Muvofiqlashtiruvchisi parlament Ombudsmanining doimiy xalqaro sheriklaridan biridir. 2006-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida ombudsman institutini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyihasi doirasida parlament aʼzolari uchun seminarlar hamda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari va ekspert guruhlarining aʼzolari uchun seminar-treninglar oʻtkazildi, rus tilida “Ombudsmani mira” kitobi nashr etildi, tajriba almashish maqsadida Ombudsman vakillarining Yevropa mamlakatlariga oʻquv safari amalga oshirildi.
Hisobot yilida Inson huquqlari boʻyicha vakilga chet ellik hamkasblardan insonning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashga yordam berish masalalari boʻyicha 45 ta murojaat va soʻrov tushdi. Shu jumladan, Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari boʻyicha vakilidan, Rossiya Federatsiyasining Astraxan, Sverdlovsk va Smolensk viloyatlari, Oltoy va Primorye oʻlkalari Inson huquqlari boʻyicha vakillaridan, Ukraina Oliy Radasi Inson huquqlari boʻyicha vakilidan, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha komissiyasidan, Qirgʻiziston Ombudsmanidan, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ukraina, AQSh fuqarolaridan murojaat va soʻrovlar keldi.
Chet ellik ombudsmanlar bilan amaliy aloqalar yanada rivojlanishini taʼminlash maqsadida xorijlik hamkasblarning fuqarolardan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish masalalari boʻyicha soʻrov va murojaatlariga ustuvor eʼtibor qaratildi.
Hisobot davrida Ombudsman mintaqaviy vakillarining xalqaro hamkorligini rivojlantirishga katta eʼtibor berildi. Bu hamkorlik chet ellarda oʻtkazilgan konferensiyalar, seminarlar, treninglarda maʼruzalar bilan qatnashish, shuningdek mamlakat mintaqalariga borgan xalqaro va chet el tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar hamda suhbatlar tashkil etish orqali amalga oshirildi. Ombudsmanning Fargʻona viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha mintaqaviy vakillari BMT TDning Karlovi Varidagi davra suhbati ishida qatnashdilar, Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha mintaqaviy vakillar Avstriya va Slovakiyaga oʻquv safarini amalga oshirdilar. Ombudsmanning Samarqand viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili Germaniya Bundestagi delegatsiyasi bilan uchrashuvlarda qatnashdi.
2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati chet ellik hamkasblar bilan aloqalarni ikki tomonlama asosda, shuningdek xalqaro tashkilotlar doirasida kengaytirish va mustahkamlash tamoyillari bilan ajralib turdi.
Xulosa
Ikki palatali parlament faoliyatining ikkinchi yili — Oliy Majlis palatalari faoliyatini uygʻunlashtirish jarayoni Ombudsmanning parlament tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligiga, monitoring tadqiqotlarini amalga oshirishga, uning nazorat funksiyalariga hamda jamiyatni isloh etish va modernizatsiya qilish konsepsiyasini amalga oshirish bosqichlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari instituti alohida qoʻllab-quvvatlashni va eʼtibor berishni talab qilmoqda. Bu noyob institut joylarda inson huquqlarini taʼminlash va hokimiyat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish sohasidagi mahalliy muammolarni hal etish borasida orttirgan tajriba yaqin va uzoq xorijda yangi tashkil etilayotgan, Oʻzbekiston tajribasini sinchiklab tahlil qilayotgan va oʻrganayotgan ombudsmanlar ushbu modelga amal qila boshlashida qoʻl kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) instituti 2007-yilda oʻzi uchun quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi:
milliy qonunchilikni takomillashtirishga, xalqaro eʼtirof etilgan standartlarga muvofiq ombudsman instituti barcha tuzilmalarining huquqiy maqomini mustahkamlashga va faoliyatining samaradorligini taʼminlashga yordam berish;
birinchi navbatda, sheriklik va hamkorlik prinsiplari asosida insonning ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasida faoliyat yoʻnalishlarini kengaytirish hamda davlat hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyatining turli unsurlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish;
insonning turli toifadagi huquqlariga rioya etish sohasidagi monitoring tadqiqotlarini chuqurlashtirish va natijadorligini oshirish, shular asosida milliy qonun hujjatlari va ularni qoʻllash amaliyotini uygʻunlashtirish boʻyicha zarur takliflar taqdim etish.
Parlament Ombudsmanining asosiy tashabbuslari, saʼy-harakat va intilishlari vujudga kelgan vaziyatga mos boʻldi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili institutining faoliyati muntazamlik kasb etishiga, davlat organlari tizimida barqaror mavqega ega boʻlishiga, Oʻzbekistonni yanada demokratlashtirishga va huquqiy jamiyat qurish tomon ilgarilashiga yordam berishga qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2006-yildagi faoliyati haqidagi hisobotning toʻliq matni bilan Ombudsman Kotibiyatida va Internet tarmogʻidagi www.ombudsman.gov.uz veb-saytida tanishish mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 3-son, 123-modda)