Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, oʻtgan davr mobaynida Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan, mamlakatimizda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish va ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalari 2008-yilda oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan oʻrtaga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qaratdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2008-yil 28-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi 476-I-sonli Qarorini bajara borib kompleks tadbirlar amalga oshirilgan, natijada oʻtgan yili atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2007-yildagiga nisbatan 56,8 ming tonnaga, ochiq oqar suvlarga tashlanayotgan ifloslangan oqova suv hajmi 4,6 million kub metrga kamaygan, qariyb 32 million kub metr chiqindi qayta ishlangan va 20 million kub metrdan koʻproq suv tejab qolingan. 20 mingdan ortiq avtotransport vositasi gaz va dizel yonilgʻisi bilan ishlashga oʻtkazilgan. Amudaryo va Sirdaryo havzasining suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohilboʻyi mintaqalaridan ekologik xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan 161 ta obyekt olib chiqilgan. 19 million gektarga yaqin maydonda oʻsimliklarni biologik usul bilan himoya qilish tadbirlari amalga oshirilgan. Maydoni 170 ming gektardan ortiq hudud koʻkalamzorlashtirilgan.
Nazoratdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkazilgan tekshirishlar soni 4,8 foiz kamaygan. Tahliliy va profilaktika yoʻnalishidagi ishlar kuchaytirilgan, atrof muhitni belgilangan normativlardan ortiq darajada ifloslantirayotgan 22,6 mingga yaqin manba aniqlangan, bu 2007-yildagi koʻrsatkichdan 15 foiz koʻpdir. “Toza havo” operatsiyasini oʻtkazish chogʻida 209 mingga yaqin yoki oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 13,2 foiz koʻp avtotransport vositasi tekshiruvdan oʻtkazilgan. Atrof muhitni belgilangan normativlardan ortiq darajada ifloslantirayotgan 20 mingdan ortiq harakatlanuvchi manbalar aniqlanib, 1131 dona avtotransport vositasidan foydalanish vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgan.
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻpol tarzda buzganligi uchun 21 mingdan ortiq mansabdor shaxs va fuqaro maʼmuriy javobgarlikka, 26 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan, bu 2007-yildagi koʻrsatkichga qaraganda tegishincha 12,3 va 18,2 foiz koʻpdir.
Tabiatni muhofaza qilish mahalliy jamgʻarmalariga 2007-yildagiga nisbatan 14,7 foiz koʻp yoki 4 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ tushgan, uning 1,9 milliard soʻmdan ortiqrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga, 553 million soʻmdan koʻprogʻi Respublika tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmasiga oʻtkazilgan, bu 2007-yildagi koʻrsatkichga nisbatan tegishincha 13,4 va 28,8 foiz koʻpdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan harakat dasturi tasdiqlandi.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni saqlab qolish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Quvayt Davlati, Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi xalqaro ahamiyatga molik Ramsar suvchil-botqoq maydonlar roʻyxatiga kiritildi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda chiqindilar davlat kadastrlari yuritilishi taʼminlandi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Mayluu-Suu daryosi mintaqasidagi togʻ koʻchish va sel olish jarayonlari holatini, shuningdek “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” davlat unitar korxonasining Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlariga taʼsirini doimiy nazorat qilib bormoqda.
Atrof muhit holatini monitoring qilishning yagona tizimi shakllantirildi, axborot bilan taʼminlash boʻyicha maʼlumotlar bazasi yaratildi. Ekologik bilimlar va ekologik taʼlimni targʻib qilish ishi, shuningdek noshirlik faoliyati kuchaytirildi. Ekologiya mavzuida eʼlon qilingan maqolalar soni 2007-yildagiga nisbatan 10 foizga, radioeshittirishlar va telekoʻrsatuvlar 15,7 foizga, leksiya va suhbatlar 1,6 baravar koʻpaydi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish ishlari davom ettirildi va Oʻzbekiston Respublikasining qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish dasturi konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
vazirliklar va idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tabiiy resurslardan oqilona hamda kompleks foydalanish, tozalash inshootlarining samaradorligini oshirish, ruda urvoqlari (shlam) chiqarib tashlanadigan joylarga va qazilma chiqindixonalariga tutash hududlarni zararsizlantirish, chiqindilarni utilizatsiya qilish va ulardan qayta foydalanish sohasidagi ishlarini yetarli darajada muvofiqlashtirmayotir;
ekologik monitoring natijalari boʻyicha talab darajasida choralar koʻrilishini taʼminlanmayotir;
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro, Qarshi, Navoiy, Sariosiyo, Chirchiq, Fargʻona singari shaharlarda ifloslantiruvchi moddalarning ayrim ingrediyentlari boʻyicha ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalariga qadar pasaytirish uchun yetarlicha choralar koʻrmayotir.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2008-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan Harakat dasturini hamda atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hududiy harakat dasturlarini amalga oshirish tadbirlari bajarilishini muvofiqlashtirib borish va qatʼiy nazorat qilishni taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
tabiiy resurslardan, shu jumladan suv, yer, mineral-xomashyo resurslaridan, biologik resurslar va ayniqsa baliq resurslaridan oqilona hamda kompleks foydalanilishini taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
mamlakat hududida atrof muhitning ifloslanish darajasini ekologiya-gigiyena va sanitariya normalariga qadar pasaytirish choralari bajarilishini taʼminlasin;
Orolboʻyi mintaqasida ekologik holatni lokallashtirish, qayta tiklash va sogʻlomlashtirishni taʼminlash yuzasidan kompleks choralar koʻrsin;
Orol dengizi havzasidagi daryolarning suvini muhofaza qilish zonalaridan ekologik xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan obyektlarni olib chiqish ishlarini davom ettirsin;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida ilmiy-texnikaviy salohiyatni rivojlantirsin hamda fan va texnika yutuqlaridan foydalansin, ekologik toza hamda resurs tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etsin;
tabiatdan foydalanishda iqtisodiy mexanizmni yanada takomillashtirish va amaliyotga joriy etish yuzasidan zarur choralar koʻrsin;
ekologik monitoring, prognoz va axborot boʻyicha yagona tizimni atrof muhitning transchegaraviy ifloslanishini hisobga olgan holda takomillashtirsin;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning, hayvonot va oʻsimlik dunyosining, ishlab chiqarish chiqindilarining davlat kadastrlari yuritilishini taʼminlasin;
aholining ekologik taʼlimi, madaniyati hamda tarbiyasi tizimini barqaror taraqqiyot manfaatlarini koʻzlab rivojlantirsin va takomillashtirsin;
ekologik muammolarni hal qilishda jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni chuqurlashtirsin, chegara yaqinidagi hududlarga va transchegaraviy oqar suvlarga salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida transchegaraviy mazmundagi ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan huquqiy hujjatlar bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va daxldor tuzilmalar bilan birgalikda “Toza havo” operatsiyasini oʻtkazishning samaradorligini oshirish choralarini koʻrsin;
daxldor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish dasturi konsepsiyasi loyihasini ishlab maromiga yetkazsin va koʻrib chiqish uchun 2009-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi statistika hisobotlari toʻliq yigʻilishini va toʻgʻri hamda ishonchli boʻlishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha 2008 — 2012-yillarga moʻljallangan hududiy harakat dasturlaridagi tadbirlar bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
tabiatdan foydalanishni boshqarishning iqtisodiy mexanizmi samaradorligini oshirsin hamda atrof muhitni ifloslantirganlik uchun va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari mablagʻlari mahalliy tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlasin;
Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro, Qarshi, Navoiy, Sariosiyo, Chirchiq, Fargʻona singari shaharlarda ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalariga qadar pasaytirish, shuningdek tozalash inshootlari ishining samaradorligini oshirish choralarini koʻrsin;
sanoat va maishiy oqova suvlarni tozalaydigan kommunal tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda ular ishining samaradorligini oshirish ishlarini tashkil etsin;
baliq zaxiralari kamayishining oldini olish, baliqchilik yoʻnalishidagi melioratsiyani va baliq resurslarini qayta tiklash ishlarini amalga oshirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning, hayvonot va oʻsimlik dunyosining, ishlab chiqarish chiqindilarining davlat kadastrlari yuritilishini tashkil etish hamda taʼminlashga koʻmaklashsin;
aholining ekologik taʼlimi, madaniyati hamda tarbiyasi tizimini rivojlantirishga va takomillashtirishga koʻmaklashsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi (Gʻ. Aliyev) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 28-mart,
641-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 87-modda)