“O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2, 5, 9 va 11-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Andijon viloyatining Asaka shahri va Asaka tumani hududlarini birlashtirish hamda Asaka shahrini tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risida”gi 2010-yil 19-noyabrdagi 200-II-sonli qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi ma’qullansin — Andijon viloyatining Asaka shahri va Asaka tumani hududlari birlashtirilsin hamda Asaka shahri tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilsin.
3. Andijon viloyati tarkibida Asaka shahri va Asaka tumani negizida umumiy maydoni 26 881 gektar bo‘lgan Asaka tumani tuzilsin hamda uning tarkibiga Asaka shahri, “Zarbdor”, “Ilg‘or”, “Kujgan”, “Mustahkam”, Niyozbotir nomli, “O‘zbekiston”, “Qadim” va “Qoratepa” qishloq fuqarolar yig‘inlari kiritilsin.
4. Andijon viloyati Asaka tumanining chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan chizma shaklga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Asaka shahridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Asaka shahar Kengashining deputatlari xalq deputatlari Asaka tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorni bajarishga doir kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlasin.