O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
ANDIJON VILOYaTINING ASAKA ShAHRI VA ASAKA TUMANI HUDUDLARINI BIRLAShTIRISh HAMDA ASAKA ShAHRINI TUMAN BO‘YSUNUVIDAGI ShAHARLAR TURKUMIGA KIRITISh TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2, 5, 9 va 11-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qaror qiladi :
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Andijon viloyatining Asaka shahri va Asaka tumani hududlari birlashtirilsin hamda Asaka shahri tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilsin.
2. Andijon viloyati tarkibida Asaka shahri va Asaka tumani negizida umumiy maydoni 26 881 gektar bo‘lgan Asaka tumani tuzilsin hamda uning tarkibiga Asaka shahri, “Zarbdor”, “Ilg‘or”, “Kujgan”, “Mustahkam”, Niyozbotir nomli, “O‘zbekiston”, “Qadim” va “Qoratepa” qishloq fuqarolar yig‘inlari kiritilsin.
Asaka shahri Asaka tumanining ma’muriy markazi etib belgilansin.
3. Andijon viloyati Asaka tumanining chegarasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan grafik chizmaga muvofiq tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. Belgilab qo‘yilsinki, Asaka shahridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Asaka shahar Kengashi deputatlari xalq deputatlari Asaka tuman Kengashi deputatlari hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorning ijrosi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.
6. Ushbu Qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TAShMUXAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 19-noyabr,
200-II son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 11-son, 430-modda)