Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2010-yil 18-noyabrda qabul qilingan “2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 188-II-sonli qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasida 956,2 mingta ish oʻrnini tashkil etish dasturini bajarish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsin;
Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi doirasidagi kompleks chora-tadbirlarga, Investitsiya dasturiga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlariga, tarmoqlarni rivojlantirishning eng muhim maqsadli dasturlariga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlariga muvofiq mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarini rivojlantirish boʻyicha 2011-yilga nazarda tutilgan tadbirlar soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining prognoz parametrlari tegishli hududlarda samarali bajarilishini taʼminlasin, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida, shu jumladan oilaviy biznes sohasida, shuningdek yangi obyektlarni ishga tushirish, amal qilib turgan ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini, fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, kasanachilikni, kosibchilikni va xalq hunarmandchiligini tashkil etish, qurilishda pudrat ishlarini kengaytirish, shu jumladan qishloq joylarda kengaytirish hisobiga ish oʻrinlari sonini koʻpaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrishga alohida eʼtibor qaratsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-martdagi KQ-704-IV-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
6. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-dekabr,
119-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2010-yil 3-dekabrdagi 119-II-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash
DASTURI
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2010-yil 19-iyuldagi 50-sonli bayonnomasi bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining 2010-yil II yarim yilligi ish rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Dasturning maqsadi aholi bandligi, daromadlari, turmush darajasi va sifati oʻsishini taʼminlash, mamlakat hududlari va iqtisodiyot tarmoqlarining mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, ish oʻrinlari tashkil etish hamda aholi bandligini oʻstirish masalalarini hal etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining masʼuliyatini oshirishdan iborat.
Dastur mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini tahlil qilish hamda baholash natijalariga, 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish borasidagi ishlarning kutilayotgan yakunlariga, shuningdek iqtisodiyotning barqaror oʻsishini va hududlarni rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha, shu jumladan, Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturi, Investitsiya dasturi, mahalliylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloqda uy-joy qurilishi dasturlari, mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning industrial salohiyatini oshirish hududiy dasturlariga muvofiq 2011-yilga moʻljallangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga asoslangan.
I. 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining bajarilishi
Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining tasdiqlangan parametrlariga muvofiq 2010-yilda 950 mingta ish oʻrni tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning yanvar — sentyabrida 784,9 mingta ish oʻrni, shu jumladan:
65,6 mingta ish oʻrni — yirik ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarida, shu jumladan “Oʻzbekyengilsanoat” DAK obyektlarida (3,4 mingta), “Oʻzbekneftegaz” MXK (1,9 mingta), “Oʻzavtosanoat” AK (1,9 mingta), yangidan ishga tushirilgan ijtimoiy infratuzilma obyektlarida (20,2 mingta);
372,9 mingta ish oʻrni – kichik biznesda, shundan 253 mingtasi – xizmat koʻrsatish va servis sohasida, 44,8 mingtasi — sanoatda, shu jumladan qishloq xoʻjaligi va goʻsht-sut mahsulotlarini qayta ishlashda (5,6 mingta), qandolat va oziq-ovqat mahsulotlari (9,4 mingta), tikuvchilik buyumlari, poyabzal, mebel (16,5 mingta), qurilish materiallari (13,3 mingta) ishlab chiqarishda, 75,1 mingtasi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida;
186,8 mingta ish oʻrni — kasanachilikning barcha shakllarini rivojlantirish hisobiga, shu jumladan 63,1 mingtasi — korxonalar bilan mehnat shartnomalari boʻyicha (asosan tikuvchilik, ipakchilik, qayta ishlash, mebel, elektron sanoatlarida), 79,5 mingtasi — kosibchilikni, xalq hunarmandchiligi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga, 44,2 mingtasi — pudrat shartnomalari asosida uyda ishlarni bajarish asosida;
159,6 mingta ish oʻrni — Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish hisobiga, shu jumladan 113,1 mingtasi — parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik, issiqxonalar tashkil etish boʻyicha ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklarini tashkil etish hisobiga, 29,5 mingtasi — yoʻllar va kommunikatsiyalar qurilishi va rekonstruksiyasi, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlari hisobiga, 9,5 mingtasi — bozor infratuzilmasini rivojlantirish hisobiga, 7,5 mingtasi — vaqtincha ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash natijasida tashkil etilgan.
Dasturning amalga oshirilishi aholi zich joylashgan, mehnat resurslari ortiqcha boʻlgan hududlarda, chunonchi Qashqadaryo (72,1 ming), Samarqand (72 ming), Fargʻona (71,9 ming), Andijon (69,7 ming), Namangan (57,6 ming) va Xorazm (50,2 ming) viloyatlarida ish oʻrinlari tashkil etish imkonini berdi.
II. 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va prognoz parametrlari
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va prognoz parametrlari vaqtincha ishlamayotgan fuqarolar (ishsizlar)ni, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarni, iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgartirishlar natijasida boʻshab qolayotgan xodimlarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyojni, shuningdek ish oʻrinlari tashkil etishning barcha mavjud imkoniyatlari va zaxiralarini hisobga olgan holda belgilangan.
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va prognoz parametrlari:
birinchidan, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari, Inqirozga qarshi choralarning 2009 — 2012-yillarga moʻljallangan dasturining asosiy yoʻnalishlari bilan muvofiqlashtirilgan;
ikkinchidan, katta qoʻshimcha kapital sarflar talab qilmaydigan ish oʻrinlarini koʻpaytirish zaxiralarini yanada toʻlaroq safarbar etishni nazarda tutadi;
uchinchidan, kichik biznesning rolini oshirishga, xizmat koʻrsatish sohasini, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini ustun rivojlantirishga, shuningdek bandlikni taʼminlashning kasanachilik va kosibchilik kabi samarali shakllarini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan;
toʻrtinchidan, ish oʻrinlari tashkil etish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha xalqaro standartlarga toʻliq mos keladi.
Dastur 2011-yilda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha 956,2 mingta ish oʻrni tashkil etilishini nazarda tutadi:
Investitsiya dasturi, mahalliylashtirish dasturlarini, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash tarmoq dasturlarini amalga oshirish, buning hisobiga 57,5 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishi koʻzda tutilgan, ulardan 17,7 mingtasi — respublika tarmoq xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kiruvchi korxonalarda, 39,8 mingtasi — hududiy investitsiya dasturlari va mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga muvofiq.
Tarmoqlar boʻyicha eng koʻp ish oʻrinlari yengil (5 mingta), neft-gaz va koʻmir (1,8 mingta), avtomobil (1,2 mingta), metallurgiya (0,6 mingta) sanoatining yirik korxonalarida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida tashkil etilishi moʻljallanmoqda.
Kichik korxonalar va mikrofirmalar tashkil etish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish 477,8 mingta ish oʻrni tashkil etilishini taʼminlaydi. Shundan kichik biznes sohasida ish oʻrinlarining aksariyat qismixizmat koʻrsatish va servis sohasida (266,8 mingta), kichik sanoat korxonalari tomonidan (55 mingta), shuningdek uy-joylarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish sohasida (44 mingta) tashkil etiladi.
Kasanachilikni, eng avvalo, korxonalar bilan kooperatsiya asosida mehnat shartnomalari boʻyicha, kosibchilik va xalq hunarmandchiligini, shuningdek oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish 216,2 ming fuqaroni ishga joylashtirish imkonini beradi. Shundan 55,4 mingta ish oʻrni yengil sanoat, oziq-ovqat va kimyo sanoati, mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika kompleksining yirik va kichik korxonalarida, shuningdek qurilish, transport, aloqa va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kasanachilikni tashkil etish hisobiga yaratiladi.
Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qoʻqon, Margʻilon shaharlari, Shahrixon, Gʻijduvon, Shahrisabz, Chust, Urgut, Boysun, Rishton va Xiva tumanlari kabi anʼanaviy hunarmandchilik markazlari boʻlgan tuman va shaharlarda kasanachilik ish oʻrinlarini koʻpaytirishga, shu jumladan, kasanachilarni “Usta-shogird” usulida oʻqitish va qayta tayyorlash hamda imtiyozli mikrokreditlar ajratish yoʻli bilan koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarini tashkil qilish va kengaytirish hisobiga 122,4 mingta ish oʻrni tashkil etilishi kutilmoqda.
Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish avtomobil va temir yoʻllarni, elektr, suv va gaz taʼminoti obyektlarini qurish va taʼmirlash, telekommunikatsiya tarmoqlari va inshootlarini qurish va taʼmirlash hisobiga 72,8 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishini, shuningdek hamma erda bozor infratuzilmasi obyektlari rivojlanishini taʼminlaydi.
Vaqtincha ishlamayotgan korxonalarning, shu jumladan tijorat banklari balansiga berilgan bankrot korxonalarning faoliyatini tiklash 9,6 mingta ish oʻrni tashkil etilishini taʼminlaydi.
Hududlar boʻyicha 241,3 mingta ish oʻrni aholi zich joylashgan Fargʻona vodiysi viloyatlarida, 107,9 mingtasi shimoliy mintaqalarda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida), 82,1 mingtasi — Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, 166,7 mingtasi — poytaxt mintaqasida (Toshkent viloyati va Toshkent shahrida), 92 mingtadan ortiqrogʻi — Samarqand viloyatida, 113,9 mingtasi — Buxoro va Navoiy viloyatlarida, shuningdek 86,9 mingtasi — Qashqadaryo va 64,6 mingtasi — Surxondaryo viloyatida tashkil etiladi. Bunda mehnat bozoridagi vaziyat jiddiy boʻlgan 30 tuman (shahar)da yaratilayotgan ish oʻrinlari sonini ancha koʻpaytirish koʻzda tutilgan.
Yuqorida sanab oʻtilgan barcha asosiy yoʻnalishlar va parametrlar tumanlar, shaharlar, xarajatlar hajmi va moliyalashtirish manbalari boʻyicha aniqlashtirilgan hamda ish oʻrinlari yaratish boʻyicha tasdiqlangan tegishli hududiy dasturlarda belgilangan.
Ish oʻrinlari tashkil etishning ishlab chiqilgan parametrlarini amalga oshirish mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarning (490 ming nafardan ortiq taʼlim muassasalari bitiruvchilarining), yil davomida ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati qisqarishi (tugashi) natijasida boʻshab qoladigan xodimlarning, shuningdek ishga joylashishga muhtoj boʻlgan va talab qilinadigan malaka (kasb)ga ega boʻlmagan shaxslarning bandligini taʼminlash imkonini beradi.
III. 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi prognoz parametrlarining bajarilishini monitoring va nazorat qilish
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etishning tasdiqlangan parametrlari bajarilishini taʼminlash maqsadida viloyat, tuman, shahar, tarmoqlar va konkret obyektlar boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etish dasturlarini bajarishning borishini monitoring qilish va har oyda koʻrib chiqish tashkil etiladi.
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarining bajarilishini monitoring qilish:
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va ularning hududiy organlari tomonidan — hududiy va tarmoq dasturlarida nazarda tutilgan parametrlarning bajarilishi boʻyicha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan — ish oʻrinlari tashkil etishning tegishli hududiy parametrlari bajarilishi boʻyicha;
xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan — ularning tarkibiga kiruvchi tarmoqlar va korxonalar boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etish dasturlarining bajarilishi boʻyicha amalga oshiriladi.
Dasturlar bajarilishining borishini monitoring qilish va har oyda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishning belgilangan parametrlaridan orqada qolishga yoʻl qoʻyilgan korxonalar, tarmoqlar, bandlik yoʻnalishlari, shuningdek viloyat tuman va shaharlar aniqlanadi, ish oʻrinlari tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlariga erishishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Dastur parametrlarining soʻzsiz bajarilishi hamda aholi bandligi borasidagi muammolarni amalda hal etish uchun shaxsiy masʼuliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyat, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 499-modda)