Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kiritgan 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2010-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosining borishi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasida hududlar va bandlik yoʻnalishlari boʻyicha 956,2 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
saʼy-harakatlarini mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarini Inqirozga qarshi 2009 – 2012-yillar uchun moʻljallangan chora-tadbirlarga, Investitsiya dasturiga, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, modernizatsiya qilish, texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlariga, tarmoqlarni rivojlantirishning eng muhim maqsadli dasturlariga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlariga muvofiq rivojlantirish boʻyicha 2011-yil uchun nazarda tutilgan tadbirlar taʼminlanishiga qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli hududlarda 2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturida taxmin qilingan koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlasinlar. Bunda ish oʻrinlari sonini kichik korxonalar hamda mikrofirmalarda va xususiy tadbirkorlik, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik sohasida koʻpaytirish, shuningdek yangi obyektlarni ishga tushirish, ishlab turgan ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini, fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, kasanachilikni, hunarmandchilikni va xalq hunarmandchiligini tashkil etish, qurilish pudrat ishlarini kengaytirish, ayniqsa qishloq joylarda kengaytirish, ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash hisobiga koʻpaytirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrishga eʼtibor qaratilsin.
4. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining Spikeri D. TAShMUXAMEDOVA
Toshkent sh.,
2010-yil 18-noyabr,
188-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 11-son, 418-modda)