Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 169-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti”ning 211-moddasiga muvofiq koʻrib chiqdi.
Taʼkidlandiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini muvaffaqiyatli amalga oshirish joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsishning yuksak surʼatlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish imkonini berdi, bu yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga oʻsishini taʼminladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashga, yuqori texnologik quvvatlarning ishga tushirilishini jadallashtirishga, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va xizmatlar koʻrsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aholining bandligi va daromadlari oʻsishiga koʻmaklashdi.
Aniq maqsadga qaratilgan pul-kredit va soliq-budjet siyosatini amalga oshirish Davlat budjeti daromad qismining 17054,8 mlrd soʻm etib bajarilishini taʼminladi, xarajatlar qismi esa 16934,9 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
Budjet siyosatining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolindi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari, Ekologik harakat deputatlar guruhi, shuningdek qoʻmitalar oʻz nuqtai nazarlarini bildirildilar va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlashni taklif etdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2015-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat budjetining 2015-yil uchun tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlagan holda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun xarajatlarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga, “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturining amalga oshirilishini taʼminlashga, shuningdek 2015-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini bajarishga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori iqtisodiy oʻsish surʼatlarining barqarorligini taʼminlashga hamda shu asosda tegishli budjetlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushishiga erishilishiga, mintaqalarning moliyaviy salohiyatidan yuqori darajada foydalanish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilishiga, budjet mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining qoidalariga muvofiq maqsadli va samarali foydalanilishi hamda budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish chogʻida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini toʻgʻri hamda samarali ijro etilishi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratsin, budjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
5. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosi masalalarini koʻrib chiqish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining ijrosi ustidan parlament nazoratini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar kiritish tavsiya etilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-sentabr,
223-III-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-y., 9-son, 342-modda)