O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKISTON TEMIR YO‘LLARI” DAVLAT-AKSIYADORLIK KOMPANIYASINI BOSHQARISHNI TASHKIL ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001-yil 2-martdagi PF-2815-son Farmonini bajarish yuzasidan va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqaruv tizimini takomillashtirish, temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, tarmoq korxonalarini rivojlantirish, texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish uchun investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 3-avgustdagi 366-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004-y., 31-son, 353-modda)
2. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 2001-yil 1-sentabrgacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yuk va yo‘lovchilar tashish bo‘yicha hududiy direksiyalari hamda Orolbo‘yi bo‘limini belgilangan tartibda tugatish va ularning negizida 1-ilovada nazarda tutilgan funksional tarkibiy bo‘linmalar va korxonalar tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlarini monopoliyadan va davlat tasarrufidan chiqarish hamda aksiyalashtirish masalalari bo‘yicha maxsus komissiya (Sultonov), O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi:
asosiy fondlarning 2001-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra qayta baholanishini hisobga olgan holda 2-ilovaga muvofiq korxonalar, tashkilotlar va tarkibiy bo‘linmalarning mol-mulki qiymati hisobiga 2001-yil 1-iyungacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondini shakllantirsinlar. Kompaniyaning aksiyalari emissiyasi prospekti belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta’minlansin;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 3-ilovaga* muvofiq korxonalar va tashkilotlarni bosqichma-bosqich ochiq aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar;
4-ilovaga* muvofiq xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi davlatga tegishli ulushlarni to‘liq sotsinlar, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotsinlar;
5-ilovaga* muvofiq xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalar va tashkilotlar hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari 2001-2002-yillarda yuz foiz xususiylashtirilishini, shu jumladan xususiy mulk sifatida sotilishini ta’minlasinlar;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oltinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-sonli qarori bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
4. Belgilansinki:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish jarayonida chiqarilgan aksiyalar davlat mulki hisoblanadi va sotilmaydi yoki boshqacha tarzda o‘zgaga berilmaydi, garovga qo‘yilishi mumkin emas, shuningdek ikkilamchi qimmatli qog‘ozlar chiqarishni ta’minlashga xizmat qilishi mumkin emas;
mazkur qarorga muvofiq tashkil etiladigan Yagona dispetcherlik markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yo‘llardan foydalanish va ularni saqlash, energiya bilan ta’minlash, signalizatsiya va aloqa tizimlari, tashish hujjatlarini qayta ishlash, lokomotiv xo‘jaligi, halokat-tiklash ishlari bo‘yicha funksional tarkibiy bo‘linmalari xususiylashtirilmaydi;
yuk va yo‘lovchilar tashuvchi, shuningdek yuk jo‘natuvchilar va yo‘lovchilarga transport-ekspeditorlik va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar, vokzallarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalari, umumiy ovqatlanish, turizm, chiptalarni uyga yetkazib berish xizmatlari ko‘rsatuvchi va boshqa xizmatlar bo‘yicha kompaniyalar turli tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etilishi mumkin va ular raqobat asosida faoliyat ko‘rsatadilar;
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ning daromadlariga “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasida markazlashtirilgan tartibda daromad (foyda) solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi. Ko‘rsatib o‘tilgan norma, shuningdek ishlab chiqarish korxonalari uchun belgilangan to‘lov stavkalari qo‘llanilgan holda, Respublika yo‘l jamg‘armasiga, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lovlarni hisoblab chiqish va to‘lash tartibiga ham joriy etiladi. O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiradigan korxonalar o‘rtasida mol-mulkni bepul berishda daromad solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha markazlashgan tartibdagi hisob-kitoblarda qabul qiluvchi va beruvchi tomonlar foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i solish obyekti hisoblanmaydi.
(4-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 740-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 38-son, 1049-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-oktabrdagi 499-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2004-y., 43-son, 456-modda)
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
7. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2002-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda:
uy-joy fondi va kommunal sohaning muhandislik kommunikatsiyalari ular joylashgan joyda qabul qilib olish-topshirish dalolatnomalari asosida hududiy kommunal foydalanish birlashmalari balanslariga;
7-ilovaga* muvofiq obyektlar viloyatlar va shaharlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar ixtiyoriga berilishini ta’minlasin.
* 3—5, 7-ilovalar berilmaydi.
8. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-noyabrdagi 551-son qarorining 3-bandi, 4-bandining birinchi va ikkinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-mart,
108-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 378-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Mulkning qiymati “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ustav jamg‘armasiga beriladigan korxonalar, tashkilotlar va tarkibiy bo‘linmalar
RO‘YXATI
1. Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi
2. Signalizatsiya va aloqa markazi
3. Elektr ta’minoti markazi
4. Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi
5. Vagon deposi
6. Yagona dispetcherlik markazi
7. Halokat-tiklash boshqarmasi
8. “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi
9. Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi
10. “O‘ztemiryo‘lhisob-kitob”
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 378-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
12. “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” korxonasi
13. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” korxonasi
14. Toshkent yo‘lovchi tashish vagonlarini ta’mirlash zavodi
15. Statistika, informatika va hisoblash texnikalari markazi
16. “O‘zbektemiryo‘lekspeditsiya” korxonasi
17. “Yo‘lreftrans” (refrijerator vagon deposi)
18. “O‘ztemiryo‘lkonteyner” korxonasi
19. Kapital qurilish direksiyasi
20. Kompaniya binolari va inshootlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi
21. “Transtreyl” qo‘shma korxonasi*
22. “Lokkolorsintez” qo‘shma korxonasi*
23. “Interneyshnl” AJ qo‘shma korxonasi *
24. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansidagi mulk qiymati **
* Ustav jamg‘armalaridagi davlat ulushlari qiymati
** To‘liq sotiladigan ijtimoiy infratuzilma obyektlari, shuningdek to‘liq yoki davlatga tegishli ulush Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtiyoriga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga beriladigan mol-mulki qiymati chegirib tashlangan holda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi balansidagi mol-mulkning balans qiymati.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-iyuldagi PQ-424-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2006-y., 30-son, 290-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 5-son, 23-modda; 2003-y., 7-8-son, 61-modda; 2004-y., 31-son, 353-modda, 43-son, 456-modda; 2005-y., 37-38-son, 288-modda; 2006-y., 30-son, 290-modda; 2008-y., 52-son, 515-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2011-y., 7-8-son, 63-modda; 2012-y., 6-son, 60-modda; 2017-y., 38-son, 1049-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)