Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Daʼvogarning daʼvo predmetini yoki asosini oʻzgartirishga boʻlgan xohishi yozma ravishda ifodalangan boʻlishi va sud majlisi bayonnomasida qayd etilishi lozim
[Koʻchirma]
Daʼvogar — Navoiy shahar hokimiyati javobgarlar — Karmana tuman hokimiyati, “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarorini bekor qilishni, sanoat chiqindilari axlatxona yerlarini “Metall servis” ishlab chiqarish firmasidan qaytarib olishni hamda “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasini axlatxona hududidan majburiy koʻchirishni soʻragan.
Xoʻjalik sudining 2008-yil 9-sentabrdagi ajrimi bilan “Barno” xususiy firmasi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb etilgan.
Navoiy viloyat xoʻjalik sudining 2008-yil 27-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarori haqiqiy emas deb topilib, “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasi axlatxona yer maydonidan majburiy chiqarilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya protestida hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish masalasi qoʻyilgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya protestida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, kassatsiya protestini qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, Navoiy shahar hokimining 1998-yil 8-iyuldagi 756-06-sonli qaroriga asosan “Navoiyazot” OAJning shimoliy-gʻarbiy tomonidagi sanoat chiqindilari axlatxonasi joylashgan 22,9 ga yer maydoni “Barno” xususiy firmasiga ijaraga berilgan.
Navoiy shahar hokimligi bilan “Barno” xususiy firmasi oʻrtasida 1997 — 2006-yillar davomida yer ijara shartnomalari tuzilib kelingan.
Karmana tuman hokimining 2006-yil 7-dekabrdagi 12/13-sonli qarori bilan Karmana tumani “M. Ibragimov” nomli fermyerlar uyushmasi hududida joylashgan 21-konturdagi sanoat chiqindilari axlatxonasi 29 ga yer maydoni “Metall-servis” firmasiga doimiy foydalanish uchun berilgan.
“Metall servis” xususiy firmasiga 2006-yil 19-dekabrda yerga egalik huquqini tasdiqlovchi 206042-sonli guvohnoma berilgan.
Karmana tuman hokimining 2007-yil 6-avgustdagi 8/31-sonli qarori bilan “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasiga doimiy foydalanish uchun yer berish toʻgʻrisidagi tuman hokimining 2006-yil 7-dekabrdagi 12/13-sonli qarori bekor qilinib, sanoat chiqindilari joylashgan axlatxona yerlari “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasidan qaytarib olingan.
Biroq, Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarori bilan “Metall servis” ishlab chiqarish firmasiga doimiy foydalanish uchun ajratilgan sanoat chiqindilari joylashgan axlatxona yerlarini qaytarib olish toʻgʻrisidagi 2007-yil 6-avgustdagi 8/31-sonli qarori bekor qilingan va sanoat chiqindilari joylashgan axlatxona yerlari tuman hokimligi zaxira yerlari fondiga qaytarilgan.
Natijada, Navoiy shahar hokimligi va Karmana tuman hokimligi oʻrtasida sanoat chiqindilari joylashgan axlatxona yerlarining hudud boʻyicha tegishliligi yuzasidan nizo kelib chiqqan.
Navoiy shahar hokimiyati Karmana tuman hokimiyati, “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarorini bekor qilishni, sanoat chiqindilari axlatxona yerlarini “Metall servis” ishlab chiqarish firmasidan qaytarishni hamda “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasini axlatxona hududidan majburiy koʻchirishni soʻragan.
Sudning 2008-yil 9-sentabrdagi ajrimi bilan ish holatlariga aniqlik kiritish maqsadida ekspertiza tayinlanib, nizo yuzasidan Navoiy viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Navoiy viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi mutaxasiclarining xulosasi olingan boʻlsa-da, birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarori 7-bandining birinchi xatboshisida daʼvogar tomonidan daʼvoning predmeti yoki asosi oʻzgartirilishining qarorda yoritilishi kerakligi inobatga olinishi lozim. Daʼvogarning daʼvo predmetini, asosini oʻzgartirishga boʻlgan xohishi yozma ravishda ifodalangan boʻlishi va sud majlisining bayonnomasida qayd etilishi kerakligi belgilangan.
Daʼvogarning daʼvosida Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarorini bekor qilish talabi qoʻyilganligi, keyinchalik ham ushbu talab oʻzgartirilmaganligi holatiga tegishlicha baho bermasdan, sud daʼvo talabidan chetga chiqib, hokim qarorini haqiqiy emas deb, xatolikka yoʻl qoʻygan.
Daʼvogarning daʼvosida Karmana tuman hokimining 2008-yil 5-yanvardagi 1/11-sonli qarorini bekor qilish, sanoat chiqindilari axlatxona yerlarini “Metall servis” ishlab chiqarish firmasidan qaytarish, “Metall servis” ishlab chiqarish tijorat firmasini axlatxona hududidan majburiy koʻchirish haqida uchta talab qoʻyilgan boʻlsa-da, birinchi instansiya sudi daʼvogarning sanoat chiqindilari axlatxona yerlarini “Metall servis” ishlab chiqarish firmasidan qaytarib olish haqidagi talabini muhokama qilmasdan, ushbu talab boʻyicha qaror qabul qilmasdan protsessual xatolikka yoʻl qoʻygan.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 13-moddasining birinchi qismiga muvofiq maʼmuriy-hududiy birliklarining chegaralarini joyning oʻzida belgilashga doir materiallar, shuningdek istiqbolga moʻljallangan hamda loyihalash oldidan yer tuzish ishlariga doir boshqa materiallar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-fevraldagi “Navoiy shahrining Bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 24-sonli qarori bilan Navoiy shahar chegaralarini belgilovchi loyihani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etish masʼuliyati Navoiy viloyat hokimiyati zimmasiga yuklatilgan.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan shahar va tuman hokimliklari oʻrtasida sanoat chiqindilari joylashgan axlatxona yerlarining hudud boʻyicha tegishliligi yuzasidan kelib chiqqan nizoga oydinlik kiritish uchun Navoiy viloyat hokimiyatidan tegishli maʼlumotlar olinmagan. Viloyat hokimligini ishga jalb qilish masalasi hal qilinmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 23-dekabrdagi “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi 136-sonli qarori 15-bandining toʻrtinchi xatboshisida agar kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi va apellatsiya instansiyalarida koʻrishda ishning holatlari toʻliq aniqlanmaganligini va shu munosabat bilan hal qiluv qarori, qaror yetarlicha asoslanmaganligini yoki sud ishda ishtirok etishga jalb etilmagan shaxslarning huquq hamda majburiyatlari toʻgʻrisida sud hujjati qabul qilinganligini aniqlasa, kassatsiya instansiyasi sudi sud hujjatini bekor qiladi va ishni yangidan koʻrish uchun hal qiluv qarori, qaror bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yuborish haqida tushuntirish berilgan.
Yuqorida qayd etilganlarga binoan, sudlov hayʼati 2008-yil 27-noyabrdagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan holatlarni muhokama qilib, sud majlisi vaqti va joyi haqida ish boʻyicha taraflarni xabardor qilib, Navoiy viloyat hokimiyatini, Navoiy viloyat Yer resurslari va davlat kadastri, Navoiy viloyat arxitektura va qurilish boshqarmalarini nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilish masalasini koʻrib chiqishni, moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilishi hamda undirilishi lozim boʻlgan sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlab, undirish masalasini hal etishi lozim boʻladi.
2009-yil 1-aprel,
21-0806/3949-son