Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Jumhuriyati oʻrtasida
Konsullik Konvensiyasi
Konsullik Konvensiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati,
ikkala mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni kelgusida ham rivojlantirishga,
shuningdek, konsullik munosabatlarini tartibga solishga intilib,
konsullik aloqalari toʻgʻrisida 1963-yilning 24-aprelidagi Vena Konvensiyasini eʼtiborga olib,
Konsullik konvensiyasini tuzishga qaror qildilar va quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I Qism
Kirish qoidalar
Kirish qoidalar
1-modda
Tushunchalar
Tushunchalar
Ushbu Konvensiyada keltirilgan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
1) “konsulikka vakolat bergan davlat” konsullik mansabdor shaxsini tayinlaydigan Ahdlashuvchi Tomonni anglatadi;
2) “konsullik joylashgan davlat” hududida konsullik amaldor shaxsi oʻz xizmat vazifalarini bajaradigan Ahdlashuvchi Tomonni anglatadi;
3) “konsullik muassasasi” har qanday bosh konsullikni, konsullikni, vitse-konsullikni yoki konsullik agentligini anglatadi;
4) “konsullik okrugi” konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik muassasasiga konsullik vazifalarini bajarish uchun ajratilgan tumanni anglatadi;
5) “konsullik muassasasi boshligʻi” shu sifatda harakat qilish topshirilgan shaxsni anglatadi;
6) “konsullik mansabdor shaxsi” konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnik vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
7) “konsullik muassasasi xodimi” konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnik vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
8) “xizmat koʻrsatish xizmatchisi” konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajaruvchi har qanday shaxsni anglatadi;
9) “konsullik muassasasining xizmatchilari” konsullik mansabdor shaxslari, konsullik muassasasining xodimlari va xizmat koʻrsatish xizmatchilarini anglatadi;
10) “konsullik xodimlari xizmatchilari” konsullik mansabdor shaxslari (konsullik muassasasi boshligʻi bundan mustasno), konsullik muassasasi xodimlari va xizmat koʻrsatish xizmatchilarini anglatadi;
11) “xususiy uy xizmatchisi” konsullik mansabdor shaxsining faqatgina xususiy xizmatida boʻlgan shaxsni anglatadi;
12) “oila aʼzosi” konsullik mansabdor shaxsining rafiqasini (erini), ularning balogʻatga yetmagan farzandlarini, shuningdek konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligi tomonidan gʻamxoʻrlik qilish yuklatilgan ular bilan birga yashovchi ota-onalarini anglatadi;
13) “konsullik arxivlari” barcha yozishma, hujjatlar, korrespondensiya, kitoblar, roʻznomalar, filmlar, ovoz yozilgan lentalar, fotosuratlar, konsullik muassasasining shifrlar va kodlar bilan birga reyestrlari va ularning maxfiyligini yoki saqlashni taʼminlaydigan boshqa ashyolarni anglatadi;
14) “konsullik binolari” kimning mulki boʻlishidan qatʼiy nazar faqatgina konsullik muassasasi maqsadlarida ishlatiladigan imoratlar yoki imoratlarning qismlari, konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohini oʻz ichiga olgan holda yer maydonlarini anglatadi;
15) “konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi” bu davlatning qonunchiligiga binoan uning fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday shaxsni anglatadi;
16) “yuridik shaxs” konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga binoan taʼsis etilgan va shtab-kvartirasi bu davlatda joylashgan tashkilotlarni anglatadi;
17) “konsullikka vakolat bergan davlatning kemasi” konsullikka vakolat bergan davlat mulki boʻlgan, bu davlat qonunchiligiga binoan uning portlaridan birida qayd etilgan va konsullikka vakolat bergan davlat bayrogʻi ostida suzish huquqiga ega boʻlgan, harbiy kemalardan tashqari, har qanday kemani anglatadi;
18) “konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemasi” konsullikka vakolat bergan davlat mulki boʻlgan, bu davlat qonunchiligiga binoan, qayd etilgan va bu davlatning taniqlik belgilari bilan harakat qilish huquqiga ega boʻlgan, harbiy uchish apparatlaridan tashqari, har qanday uchish apparatini anglatadi;
19) “Ahdlashuvchi Tomonlar” ushbu konvensiyani imzolagan davlatlarni anglatadi.
II Qism
Konsullik muassasalarini ochish va konsullik muassasalari xizmatchilarini tayinlash
Konsullik muassasalarini ochish va konsullik muassasalari xizmatchilarini tayinlash
2-modda
Konsullik muassasalarini ochish va konsullik okruglarini aniqlash
Konsullik muassasalarini ochish va konsullik okruglarini aniqlash
1. Konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlat hududida faqat shu davlatning roziligi bilan ochilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
2. Konsullik muassasaning manzilgohi, uning darajasi va konsullik okrugi konsullikka vakolat bergan davlat tomonidan aniqlanadi va konsullik joylashgan davlat tomonidan maʼqullanishi kerak.
3. Konsullik muassasasi boshqa punktda vitse-konsullik yoki konsullik agentligini ochishni xohlagan taqdirda ham konsullik joylashgan davlatning roziligi zarur boʻladi.
4. Konsullik joylashgan davlatning roziligi boshqa joydagi mavjud konsullik muassasasining bir qismi boʻlgan boʻlimni ochish uchun ham zarur boʻladi.
5. Konsullik mansabdor shaxsi faqat konsullik joylashgan davlat avvaldan rozilik berganidagina oʻz vazifalarini oʻz konsullik okrugidan tashqarida bajarishi mumkin.
6. Konsullikka vakolat bergan davlat manfaatdor davlatlarni xabardor qilganidan soʻng ushbu davlatda taʼsis etilgan konsullik muassasasiga boshqa mamlakatda bu mamlakatlarning roziligi bilan oʻz vazifalarini bajarishni topshirishi mumkin. Konsullik joylashgan davlat istagan vaqtda, oʻz qarorini asoslashga majbur boʻlmagan holda oʻz roziligini bekor qilishi mumkin.
7. Konsullik joylashgan davlat tegishlicha xabardor qilinganidan soʻng konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlatning roziligi bilan uchinchi davlat nomidan konsullik joylashgan davlatda konsullik vazifalarini bajarishi mumkin. Konsullik joylashgan davlat istagan vaqtda oʻz qarorini asoslashga majbur boʻlmagan holda oʻz roziligini bekor qilishi mumkin.
8. Faxriy bosh konsulliklarni ochish bilan bogʻliq boʻlgan harakatlar konsullik aloqalari toʻgʻrisida 1963-yilning 24-aprelidagi Vena Konvensiyasiga muvofiq boʻlishi kerak.
3-modda
Konsullik mansabdor shaxslarining fuqaroligi
Konsullik mansabdor shaxslarining fuqaroligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar faqat oʻz fuqarolarini konsullik mansabdor shaxslari sifatida tayinlashlari mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar faqat oʻz fuqarolari yoki konsullik joylashgan davlat fuqarolaridan konsullik muassasasi xodimi, xizmat koʻrsatish xizmatchisi va xususiy uy xizmatchisi sifatida foydalanishlari mumkin.
4-modda
Konsullik mansabdor shaxslarining xizmat statusi
Konsullik mansabdor shaxslarining xizmat statusi
Konsullikka vakolat bergan davlat fuqaroligiga ega boʻlgan konsullik mansabdor shaxslari konsullik joylashgan davlatda xizmat vazifalari doirasidan chiqadigan tijorat yoki biror boshqa kasb faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas. Bu tartib ularning oila aʼzolari va xususiy uy xizmatchilariga ham tatbiq etiladi.
5-modda
Konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash
Konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash
1. Konsullikka vakolat bergan davlat konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash toʻgʻrisida konsullik joylashgan davlatning tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladi va unga konsullik patentini yoki tarjimai holi bilan birga tegishli hujjatni yuboradi.
2. Patentda konsullik muassasasi boshligʻining toʻliq ismi, familiyasi, uning fuqaroligi, egallayotgan mansabi, konsullik okrugi va konsullik muassasasining manzilgohi koʻrsatiladi.
3. Yuqorida sanab oʻtilgan rasmiyatchiliklar bajarilishi bilan konsullik joylashgan davlat unga ekzekvatura yoki boshqa istalgan shakldagi ruxsatnomani bepul beradi. Ekzekvatura yoki ruxsatnoma berilgunga qadar konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi boshligʻiga oʻz vazifalarini bajarishga vaqtincha ijozat berishi va unga ushbu konvensiya qoidalarida koʻzda tutilgan imtiyozlarni berishi mumkin.
4. Biroq konsullik joylashgan davlat oʻz qarori sabablarini tushuntirishga majbur boʻlmagan holda ekzekvatura yoki boshqa ruxsatnomani berishni rad etishi mumkin.
6- modda
Konsullik okrugi maʼmurlarini konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash toʻgʻrisida xabardor qilish
Konsullik okrugi maʼmurlarini konsullik muassasasi boshligʻini tayinlash toʻgʻrisida xabardor qilish
Konsullik muassasasi boshligʻiga, vaqtincha boʻlsa ham, oʻz vazifalarini bajarishga ijozat berilishi bilan, konsullik joylashgan davlat konsullik okrugi vakolatli maʼmurlarini bu toʻgʻrida xabardor qiladi. Bundan tashqari, konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi boshligʻi oʻz mansabi boʻyicha vazifalarini bajara olishi va ushbu Konvensiya qoidalari koʻzda tutgan imtiyozlardan foydalana olishi mumkin boʻlishi uchun barcha choralarni koʻradi.
7-modda
Konsullik muassasasi boshligʻi biror sababga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasligi
Konsullik muassasasi boshligʻi biror sababga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasligi
1. Agar konsullik muassasasi boshligʻi biror sababga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmasa, yoki konsullik muassasasi boshligʻi mansabi vaqtincha yoki uzoq davr mobaynida boʻsh boʻlsa, konsullikka vakolat bergan davlat konsullik joylashgan davlatdagi ushbu yoki boshqa konsullik muassasasi mansabdor shaxsi, yoki konsullik joylashgan davlatdagi oʻz diplomatik vakolatxonasi diplomatik xodimlari aʼzolaridan biri, yoxud konsullikka vakolat bergan davlat markaziy apparatidan yuborilgan mansabdor shaxsga konsullik muassasasi vazifalarini vaqtincha bajarishga vakolat berishi mumkin. Soʻnggi holda vazifalarni vaqtincha bajarish muddati bir kalendar yili mobaynida uch oydan oshmasligi kerak. Biroq zarur holda bu muddat diplomatik kanallar boʻyicha olinishi kerak boʻlgan ruxsatnoma bilan uzaytirilishi mumkin.
2. Yuqorida koʻrsatilgan vazifalarni bajarishga vakolat olgan shaxs haqidagi maʼlumotlar konsullik joylashgan davlat tashqi ishlar vazirligiga beriladi.
3. Ushbu Konvensiya qoidalari konsullik vazifalarini konsullik muassasasining vaqtincha boshligʻi sifatida bajaruvchi shaxsga ham tatbiq etiladi.
4. Ushbu moddaning 1-bandiga koʻra konsullik vazifalarini bajarish topshirilgan konsullik joylashgan davlatdagi diplomatik vakolatxona diplomatik xodimlari aʼzosi diplomatik imtiyozlar va daxlsizlik huquqlaridan foydalanishni davom ettiraveradi.
8- modda
Kelish, ketish va konsullik muassasasining boshqa xizmatchilari statusiga daxldor boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabar berish
Kelish, ketish va konsullik muassasasining boshqa xizmatchilari statusiga daxldor boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabar berish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat konsullik joylashgan davlatning Tashqi ishlar vazirligiga konsullik muassasasi boshligʻidan tashqari konsullik muassasasidagi barcha xizmatchilarning toʻliq ismi, familiyasi, fuqaroligi, mansabi, kelish va tamomila ketish vaqti, konsullik joylashgan davlatdagi shaxsiy adreslari, shuningdek ularning statusidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
2. Bundan tashqari, mahalliy maʼmurlarga:
a) oila aʼzolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish bilan ularning kelishi va ketishi toʻgʻrisida;
b) xususiy uy xizmatchilarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish bilan ularning kelishi va ketishi toʻgʻrisida;
v) konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlib, konsullik muassasasi xodimi, xizmat koʻrsatish xizmatchisi va xususiy uy xizmatchisi sifatida ishga olingan shaxslarni yollash yoki boʻshatish toʻgʻrisida zarur maʼlumotlar beriladi.
9-modda
Konsullik muassasasi xizmatchilari vazifalarini toʻxtatish
Konsullik muassasasi xizmatchilari vazifalarini toʻxtatish
1. Konsullik muassasasi xizmatchilarining vazifalari quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
a) konsullikka vakolat bergan davlat konsullik joylashgan davlatni konsullik muassasasi xizmatchilari oʻz vazifalarini toʻxtatishlari toʻgʻrisida xabardor qilishi bilan;
b) ekzekvatura yoki boshqa shakldagi ruxsatnomani olib qoʻyish bilan;
v) konsullik joylashgan davlat istalgan vaqtda, oʻz qarorini asoslashga majbur boʻlmagan holda, konsullikka vakolat bergan davlatni u yoki bu konsullik mansabdor shaxsi “persona non grata” ekanligi yoki, konsullik muassasasining istalgan xodimi yoki xizmat koʻrsatish xizmatchisi nomaqbul ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin. Bunday holda konsullikka vakolat bergan davlat eng qisqa muddatda ushbu konsullik mansabdor shaxsini, yoxud konsullik muassasasi xodimi yoki xizmat koʻrsatish xizmatchisini, agar ular konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlsalar, chaqirib olishi kerak.
Agar konsullik muassasasi xodimi yoki xizmat koʻrsatish xizmatchisi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi boʻlmasa, bu davlat ularning xizmat vazifalarini bajarishlarini darhol toʻxtatadi.
2. Faqat konsullik joylashgan davlat ruxsati bilan konsullik joylashgan davlat hududida konsullik mansabdor shaxsining oila aʼzosi yashashi, xususiy uy ishchisi esa ishlashi mumkin. Konsullik joylashgan davlat, oʻz qarorini asoslashga majbur boʻlmagan holda, istalgan vaqtda bu ruxsatni bekor qilishi mumkin. Bu holda konsullikka vakolat bergan davlat yuqoridagi abzatsda bayon etilgan shartlar boʻyicha harakat qilishi kerak.
3. Konsullik aloqalari toʻgʻrisida 1963-yilning 24-aprelidagi Vena Konvensiyasining 23 moddasi koʻzda tutgan choralar “persona non grata” deb eʼlon qilingan konsullik mansabdor shaxsiga nisbatan qoʻllaniladi.
10-modda
Shaxsiy guvohnoma
Shaxsiy guvohnoma
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari, oʻz qoidalaridan kelib chiqib, konsullik mansabdor shaxslarining har biriga uning shaxsini va mansabini tasdiqlovchi hujjatni bepul beradilar.
2. Konsullik muassasasi xodimlari, xizmat koʻrsatish xizmatchilari, xususiy uy xizmatchilari konsullik joylashgan davlatning fuqarolari boʻlmagan taqdirdagina ushbu moddaning 1-bandi qoidasi ularga ham tatbiq etiladi.
11-modda
Diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik vazifalarini amalga oshirish
Diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik vazifalarini amalga oshirish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat diplomatik vakolatxonaning konsullik joylashgan davlatda akkreditatsiya qilingan bir yoki bir necha aʼzolariga konsullik vazifalarini amalga oshirishni topshirishi mumkin. Bu shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar konsullik joylashgan davlatning tashki ishlar vazirligiga xabar qilinadi.
2. Diplomatik vakolatxona xizmatchilari tomonidan ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan konsullik vazifalarini amalga oshirish ularning diplomatik statusiga berilgan imtiyoz va immunitetlariga taʼsir qilmaydi.
III Qism
Imtiyozlar va immunitetlar
Imtiyozlar va immunitetlar
12-modda
Konsullik muassasasi va konsullik mansabdor shaxslarning konsullik vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan imtiyozlari
Konsullik muassasasi va konsullik mansabdor shaxslarning konsullik vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan imtiyozlari
Konsullik joylashgan davlat konsullik vazifalarini bajarishda zarur boʻlgan turli xil yordam koʻrsatadi va konsullik mansabdor shaxslari oʻz rasmiy majburiyatlarini bajara olishlari va ushbu Konvensiya boʻyicha huquq, imtiyoz va immunitetlardan foydalana olishlari uchun tegishli choralarni koʻradi.
13-modda
Imoratlar va turar joy binolariga ega boʻlish
Imoratlar va turar joy binolariga ega boʻlish
1. Konsullik joylashgan davlat oʻz qonun-qoidalariga mos ravishda konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik muassasasiga unga zarur boʻlgan imoratlar yoki ularning qismlariga ega boʻlish yoki ijaraga olish, qurish maqsadlarida olingan yer maydonlarida imoratlar qurish yoki mavjud imoratlarni taʼmirlash, shuningdek ularni xususiylashtirishga koʻmaklashadi.
2. Konsullik joylashgan davlat shuningdek konsullik muassasasiga uning xizmatchilari uchun toʻgʻri keladigan turar joy binolarini olishga koʻmaklashadi.
3. Imoratlarni qurishda yoki mavjud imoratlarni taʼmirlashda konsullikka vakolat bergan davlat shahar qurilishi boʻyicha qonunchilikka yoki amaldagi boshqa cheklashlarga amal qilish zaruriyatidan ozod qilinmaydi.
14-modda
Davlat bayrogʻi va gerbini ishlatish
Davlat bayrogʻi va gerbini ishlatish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat ushbu modda qoidalariga muvofiq oʻz davlat bayrogʻi va gerbini konsullik joylashgan davlatda ishlatish huquqiga ega.
2. Konsullikka vakolat bergan davlatning milliy bayrogʻi konsullik binosi va konsullik muassasasi boshligʻi qarorgohida koʻtarilishi, davlat gerbi esa konsullik muassasasiga kiraverishda eshik peshtoqiga oʻrnatilishi mumkin. Davlat bayrogʻi shuningdek xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlganida konsullik muassasasi boshligʻining transport vositasiga oʻrnatilishi mumkin.
3. Ushbu modda koʻzda tutgan huquqdan foydalanishda konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalari va urf-odatlari eʼtiborga olinishi kerak.
15-modda
Konsullik binolarining daxlsizligi
Konsullik binolarining daxlsizligi
1. Konsullik binolari daxlsizdir. Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari konsullik binolariga faqatgina konsullik muassasasi boshligʻi yoki konsullikka vakolat bergan davlat diplomatik vakolatxonasi boshligʻi yoki ulardan biri tomonidan tayinlangan shaxsning roziligi bilan kirishlari mumkin. Yongʻin yoki tezkorlik bilan saqlash choralarini koʻrishni talab etadigan boshqa tabiiy ofat holida konsullik muassasasi boshligʻining bunday roziligi eng qisqa muddatda beriladi.
2. Konsullik joylashgan davlat zimmasida konsullik binolarini har qanday bostirib kirishlar yoki zarar yetkazishdan himoya qilish va konsullik muassasasi tinchligini har qanday buzish yoki uning shaʼnini haqoratlashning oldini olish maxsus majburiyati yotadi.
3. Konsullik binolari, ulardagi mebel va konsullik muassasasining boshqa xususiy mulki va harakat vositalari har qanday tintuv, rekvizitsiya, hibsga olish va ijro harakatlaridan daxlsizdir.
16-modda
Konsullik arxivlari va hujjatlarining dahlsizligi
Konsullik arxivlari va hujjatlarining dahlsizligi
Konsullik arxivlari va hujjatlari har qachon va ularning qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar daxlsizdir.
17-modda
Aloqalar erkinligi
Aloqalar erkinligi
1. Konsullik joylashgan davlat barcha rasmiy maqsadlar uchun konsullik muassasasining aloqalar erkinligiga ruxsat beradi va uni himoya qiladi. Konsullik muassasasi konsullikka vakolat bergan davlatning hukumati, diplomatik vakolatxonalari va boshqa konsullik muassasalari bilan aloqa qilishda, ularning qayerda joylashganidan qatʼiy nazar, barcha mos keladigan vositalar, jumladan diplomatik va konsullik kuryerlaridan, diplomatik yoki konsullik valizalaridan, kodlangan yoki shifrlangan depeshalardan foydalanishi mumkin. Biroq konsullik muassasasi faqatgina konsullik joylashgan davlatning roziligi bilan radiouzatgichni oʻrnatishi va undan foydalanishi mumkin. Konsullik muassasasi odatdagi aloqa vositalaridan foydalanganida unga konsullikka vakolat bergan davlat diplomatik vakolatxonasiga nisbatan amal qiluvchi tariflar qoʻllaniladi.
2. Konsullik muassasasining rasmiy korrespondensiyasi daxlsizdir. Rasmiy korrespondensiya deganda konsullik muassasasi va uning vazifalariga tegishli boʻlgan barcha korrespondensiya tushuniladi.
3. Konsullik valizasini tashkil qiluvchi joylar ularning xarakterini koʻrsatuvchi tashqi belgilarga ega boʻlsa va faqatgina rasmiy korrespondensiya, rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar yoki ashyolarni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlganida konsullik valizasi ochilishi ham, ushlab qolinishi ham, uni joʻnatish joyiga qaytarib yuborilishi ham mumkin emas.
Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari, ular valiza rasmiy korrespondensiya yoki rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar va ashyolardan boshqa biror narsani oʻz ichiga oladi deb oʻylashga jiddiy asoslari boʻlsa, ularning ishtirokida konsullikka vakolat bergan davlatning vakolatli vakili tomonidan uni ochishni talab qilishlari mumkin. Agar bu talab rad qilinsa, valiza uni joʻnatish joyiga qaytarib yuborilishi kerak.
4. Konsullik valizasi ruxsat etilgan kirish punktiga borayotgan kema kapitani yoki havo kemasi komandiriga topshirilishi mumkin. Bu kapitan yoki komandir valizani tashkil etgan joylarning soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat bilan taʼminladi. U konsullik kuryeri boʻlib hisoblanmaydi. Konsullik muassasasi xizmatchisi kema kapitani yoki havo kemasi komandiridan konsullik valizasini bevosita va toʻsiqsiz qabul qilib olishi, yoki shu yoʻsinda unga valizani topshirishi mumkin.
5. Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik kuryeri uning mansabi va konsullik valizasini tashkil etgan joylarning soni koʻrsatilgan rasmiy hujjat bilan taʼminlanganida konsullik joylashgan davlatda diplomatik kuryer kabi imtiyoz va immunitetlardan foydalanishi mumkin. Faqatgina konsullikka vakolat bergan davlatning fuqarosi konsullik kuryeri boʻlishi mumkin. Bu qoida unga topshirilgan konsullik valizasini belgilangan joyga yetkazib berish daqiqasidan boshlab huquq, imtiyoz va immunitetlari tugaydigan, “ad hos” konsullik kuryerlariga ham tatbiq etiladi.
18-modda
Konsullik mansabdor shaxslarini himoya qilish
Konsullik mansabdor shaxslarini himoya qilish
Konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi mansabdor shaxslariga lozim boʻlgan hurmat bilan qarashi va ularning shaxsi, erkinligi va shaʼniga qanday boʻlmasin tajovuzlarning oldini olish uchun barcha tegishli choralarni koʻrishi zarur.
19-modda
Konsullik mansabdor shaxslarining shaxsiy daxlsizligi
Konsullik mansabdor shaxslarining shaxsiy daxlsizligi
1. Konsullik mansabdor shaxslari hibsga olinishi yoki ushlanishi mumkin emas. Ogʻir jinoyat qilish va vakolatli sud maʼmurlari qarori boʻlgan hollar bundan mustasnodir.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan holatdan boshqa hollarda konsullik mansabdor shaxslari hibsga olinishi va, sudning shikoyatga yoʻl qoʻymaydigan qarori boʻlmasa, ularning shaxsiy erkinligi har qanday koʻrinishda cheklanishi mumkin emas.
3. Agar konsullik mansabdor shaxsiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, bu shaxs vakolatli maʼmurlar oldida hozir boʻlmogʻi lozim. Shunga qaramay, bu shaxsning oʻz konsullik vazifalarini bajarishiga imkoni boricha xalaqit bermaslik uchun, ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan holatdan boshqa hollarda, ishni olib borishda unga konsullikning rasmiy holati talab etadigan hurmat koʻrsatilmogʻi lozim. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan holatlarda konsullik mansabdor shaxsi hibsga olinishi kerak boʻlsa, unga nisbatan sud ishi eng qisqa muddatlarda olib borilishi kerak.
4. Konsullik mansabdor shaxsi hibsga olingan yoki ushlangan yoki unga nisbatan sud muhokamasi oʻtkazilgan holda konsullik joylashgan davlat eng qisqa vaqt ichida konsullik mansabdor shaxsi qarashli boʻlgan konsullik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini bu toʻgʻrida xabardor qilishi kerak.
20-modda
Yurisdiksiyadan immunitet
Yurisdiksiyadan immunitet
1. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik muassasasi xodimlari, shuningdek ularning oila aʼzolari, agar ular konsullik joylashgan davlat fuqarolari yoki unda doimiy yashaydigan shaxslar boʻlmasalar, konsullik joylashgan davlat hokimiyat organlarining jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy yurisdiksiyasining immunitetidan foydalanadilar.
2. Biroq ushbu moddaning 1-bandi qoidalari quyidagi fuqarolik daʼvolariga taalluqli boʻlmaydi:
a) konsullik mansabdor shaxsi yoki konsullik muassasasi xodimi tomonidan tuzilgan, u boʻyicha konsullikka vakolat bergan davlat vakili sifatida u bevosita yoki bilvosita oʻz zimmasiga majburiyatlar olmagan shartnomadan kelib chiquvchi daʼvo;
b) yoʻl-transport vositasi, kema yoki uchish apparati keltirib chiqargan baxtsiz hodisa natijasida konsullik joylashgan davlatda keltirilgan zarar uchun uchinchi tomon daʼvosi.
21-modda
Guvohlik koʻrsatmalarini berish majburiyati
Guvohlik koʻrsatmalarini berish majburiyati
1. Konsullik muassasasi xizmatchilari sud va maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqishda guvohlik koʻrsatmalari berish uchun chaqirtirilishlari mumkin. Konsullik muassasasi xodimi yoki xizmat koʻrsatish xizmatchisi, ushbu moddaning uchinchi bandida koʻrsatilgan hollardan tashqari, guvohlik koʻrsatmalari berishdan bosh tortishi mumkin emas. Agar konsullik mansabdor shaxsi guvohlik koʻrsatmalari berishdan bosh tortsa, unga hech qanday majburiy choralar yoki boshqa sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin emas.
2. Konsullik mansabdor shaxsining guvohlik koʻrsatmalari berishini talab etayotgan maʼmurlar u oʻz vazifalarini bajarishiga halal bermasliklari kerak. Bu maʼmurlar imkoni boricha ushbu konsullik mansabdor shaxsining turar joyida yoki konsullik muassasasida koʻrsatmalarini eshitishlari yoki yozma koʻrsatmalarini qabul qilishlari mumkin.
3. Konsullik muassasasining xizmatchilari oʻz vazifalarini bajarishga taalluqli boʻlgan koʻrsatmalar berish yoki bunga tegishli boʻlgan rasmiy korrespondensiya yoki hujjatlarni taqdim etishga majbur emaslar. Ular shuningdek konsullikka vakolat bergan davlatning milliy qonunchiligi boʻyicha ekspertlar sifatida guvohlik koʻrsatmalari berishdan voz kechishga haqlidirlar.
22-modda
Imtiyoz va immunitetlardan voz kechish
Imtiyoz va immunitetlardan voz kechish
1. Konsullikka vakolat bergan davlat 19, 20 va 21-moddalarda koʻzda tutilgan imtiyoz va immunitetlardan voz kechishi mumkin. Voz kechish aniq ifodalangan va konsullik joylashgan davlatga yozma ravishda maʼlum qilingan boʻlishi kerak.
2. 20-moddaga asosan yurisdiksiyadan immunitetdan foydalanishi mumkin boʻlgan holda, konsullik mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan ish qoʻzgʻatilishi uni asosiy daʼvo bilan bogʻliq boʻlgan biror-bir qarshi daʼvoga nisbatan yurisdiksiyadan immunitetga tayanish huquqidan mahrum etadi.
3. Fuqarolik yoki maʼmuriy ishlar boʻyicha yurisdiksiyadan immunitetdan voz kechish sud qarorini ijro etishga nisbatan immunitetdan voz kechishni anglatmaydi. Bunday harakatlarga nisbatan alohida voz kechish zarur.
23-modda
Yuridik va shaxsiy majburiyatlardan ozod etish
Yuridik va shaxsiy majburiyatlardan ozod etish
Konsullik joylashgan davlat konsullik muassasasi xizmatchilari va ularning oila aʼzolarini, xarakteridan qatʼiy nazar, barcha shaxsiy va ijtimoiy majburiyatlardan, rekvizitsiya , harbiy ogʻir soliqlar va qoʻnoq singari harbiy majburiyatlardan ozod etadi.
24-modda
Chet ellik fuqarolar sifatida qayd etish va istiqomat qilishga ruxsat olishdan ozod etish
Chet ellik fuqarolar sifatida qayd etish va istiqomat qilishga ruxsat olishdan ozod etish
Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik muassasasi xodimlari, shuningdek ular bilan birga yashovchi ularning oila aʼzolari chet ellik fuqarolarni qayd etish va istiqomat qilishga ruxsat olish boʻyicha konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalarida koʻzda tutilgan har qanday majburiyatlarni bajarishdan ozod etiladilar.
25-modda
Mehnat faoliyatiga ruxsat olish boʻyicha majburiyatlardan ozod etish
Mehnat faoliyatiga ruxsat olish boʻyicha majburiyatlardan ozod etish
Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xizmatchilari konsullik joylashgan davlatning chet elliklarni ishga yollash boʻyicha qonun-qoidalarida koʻzda tutilgan konsullikka vakolat bergan davlat uchun ishlarini bajarishda mehnat faoliyatiga ruxsat olish boʻyicha majburiyatlardan ozod etiladi.
26-modda
Sotsial taʼminotga tegishli qoidalarga amal qilishdan ozod etish
Sotsial taʼminotga tegishli qoidalarga amal qilishdan ozod etish
1. Ushbu moddaning 3-bandida koʻzda tutilgan hollardan tashqari, konsullik muassasasi xizmatchilari va ularning oila aʼzolari konsullikka vakolat bergan davlat uchun ishlarni bajarishda konsullik joylashgan davlatda amalda boʻlgan sotsial taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalarga amal qilishdan ozod etiladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan ozod etish faqatgina konsullik muassasasi xizmatchilarining xizmatida boʻlgan xususiy uy ishchilariga ham taalluqli boʻladi, agar:
a) ular konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlmasa yoki unda doimiy yashamasa;
v) ularga nisbatan konsullikka vakolat bergan davlat yoki uchinchi davlatda amal qiluvchi sotsial taʼminot toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanilsa.
3. Ushbu moddaning 2-paragrafida koʻzda tutilgan ozod etishga taalluqli boʻlmagan shaxsni yollovchi konsullik muassasasi xizmatchilari konsullik joylashgan davlatda amal qiluvchi sotsial taʼminot toʻgʻrisidagi qonunlar bilan ishga yollovchilar zimmasiga yuklatiladigan majburiyatlarga amal qilishlari kerak.
4. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida koʻzda tutilgan ozod etish konsullik joylashgan davlat qonunchiligi ruxsat berganida konsullikka vakolat bergan davlat sotsial taʼminoti sistemasida oʻz xohishi bilan ishtirok etishni istisno etmaydi.
27-modda
Soliqlardan ozod etish
Soliqlardan ozod etish
1. Konsullik mansabdor shaxslari va konsullik muassasasi xodimlari, shuningdek ularning oila aʼzolari barcha shaxsiy, mulkiy, davlat, nohiya va munitsipal soliq va yigʻimlardan ozod etiladilar. Quyidagilar bundan istisno:
a) odatda tovar yoki xizmat qiymatiga kiradigan bilvosita soliqlar;
b) 28-moddaning qoidalari koʻzda tutgan ajratishlar bilan konsullik joylashgan davlat hududida joylashgan xususiy koʻchmas mulkka soliq va yigʻimlar;
v) ushbu moddaning 4 b-bandida koʻzda tutilgan ajratishlar bilan konsullik joylashgan davlat tomonidan meros mulkning vorisligi yoki oʻtishiga solinadigan soliqlar;
g) konsullik joylashgan davlatdagi manbalardan olinadigan har qanday xususiy daromadlarga soliq va yigʻimlar;
d) bajarilgan konkret xizmat koʻrsatish turlari uchun soliq va yigʻimlar;
e) 28-moddaning qoidalarida koʻzda tutilgan qayd etish, sud bojlari, ipoteka va gerbli yigʻimlar.
2. Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xizmatchilari va xususiy uy xizmatchilari oʻz xizmat vazifalarini bajarganlari uchun olinadigan maoshga soliq va yigʻimlardan ozod etiladilar.
3. Konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xizmatchilari va xususiy uy xizmatchilariga daromad soligʻi solishga tegishli konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalari koʻzda tutgan majburiyatlarga amal qilishi kerak.
4. Konsullik muassasasi xizmatchisi yoki uning oila aʼzosi oʻlib qolgan taqdirda konsullik joylashgan davlat:
a) konsullik joylashgan davlatda olingan va ushbu shaxsning oʻlishiga qadar olib chiqilishi taqiqlangan mulkdan tashqari, oʻlgan shaxsga tegishli qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkni olib chiqishga ruxsat beradi;
b) oʻlgan shaxsning faqatgina konsullik muassasasi xizmatchisi yoki uning oila aʼzosi sifatida konsullik joylashgan davlatda boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan holda bu davlatda joylashgan qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulk, meros va meros mulkning oʻtishiga hech qanday davlat, nohiya va munitsipal soliqlar solmaydi.
28-modda
Konsullik binolari va qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkning baʼzi turlariga soliq solishdan ozod etish
Konsullik binolari va qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkning baʼzi turlariga soliq solishdan ozod etish
1. Egasi yoki ijaraga oluvchisi konsullikka vakolat bergan davlat boʻlgan konsullik binolari va konsullik muassasasi boshligʻining qarorgohi bajarilgan konkret xizmat koʻrsatish turlaridan tashqari barcha davlat, rayon va munitsipal soliq va yigʻimlardan ozod etiladi. Bu ozod etish koʻrsatilgan koʻchmas mulkni olish bilan bogʻliq boʻlgan bitim va yuridik rasmiyatchiliklarga ham tatbiq etiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan soliq solishdan ozod etish konsullik joylashgan davlatning qonun-qoidalariga binoan konsullikka vakolat bergan davlat bilan shartnoma tuzgan shaxsga solinadigan soliq va yigʻimlarga tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari, shuningdek egasi konsullikka vakolat bergan davlat boʻlgan va faqatgina konsullik muassasasi ehtiyojlari uchun ishlatilgan qoʻzgʻatish mumkin boʻlgan mulkka ham tatbiq etiladi.
29-modda
Bojxona toʻlovlari va tekshiruvidan ozod etish
Bojxona toʻlovlari va tekshiruvidan ozod etish
1. Konsullik joylashgan davlat, unda qabul qilingan qonun-qoidalar boʻyicha, quyida koʻrsatilgan ashyolarni olib kirishga ruxsat etadi va, ombor yigʻimlari, tashish va shu xildagi xizmatlar uchun yigʻimlardan tashqari, barcha bojxona toʻlovlari, soliqlari va boshqa shu singari yigʻimlardan ozod etadi:
a) konsullik muassasasining xizmat maqsadlari uchun moʻljallangan ashyolar;
b) konsullik mansabdor shaxsi, shuningdek uning oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan ashyolar, jumladan anjomlar. Isteʼmol ashyolari manfaatdor shaxslarning bevosita shaxsiy foydalanishi uchun zarur boʻlgan miqdordan oshmasligi kerak.
2. Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xodimlari ular yashashining birinchi olti oyi mobaynida olib kirilgan ashyolarga nisbatan ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan imtiyozlar va ozod etishlardan foydalanadilar.
3. “Ashyolar” taʼrifi, shuningdek transport vositalariga ham taalluqli boʻladi.
4. Konsullik muassasasi mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolarining shaxsiy yoʻlovchi yuklari bojxona tekshiruvidan ozod etiladi. U faqat unda ushbu moddaning 1 b-bandida aytib oʻtilgan ajratishlar taalluqli boʻlmagan yoki konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalari bilan olib kirilishi va olib chiqilishi taqiqlangan yoki konsullik joylashgan davlat karantin qoidalari bilan ashyolar bor dyeyishga jiddiy asoslar boʻlganidagina tekshirilishi mumkin.
Bunday tekshiruv faqat konsullik muassasasi mansabdor shaxsi yoki uning oila aʼzosi ishtirokida oʻtkaziladi.
30-modda
Harakat qilish erkinligi
Harakat qilish erkinligi
Konsullik joylashgan davlatning, davlat xavfsizligi mulohazalariga koʻra, hududlariga kirish taqiqlangan yoki cheklangan tumanlar haqidagi qonun-qoidalariga zid kelmaganligi tufayli, konsullik joylashgan davlat oʻzaro kelishuv asosida oʻz hududi doiralarida konsullik muassasasi barcha xizmatchilari va ular oila aʼzolarining koʻchish va harakat erkinligini taʼminlaydi.
31-modda
Transport vositalarini sugʻurta qilish
Transport vositalarini sugʻurta qilish
Konsullikka vakolat bergan davlatning xususiy mulki boʻlgan, konsullik muassasasi foydalanishi uchun moʻljallangan transport vositalari va konsullik muassasasi xizmatchilariga mansub boʻlgan transport vositalari sugʻurta qilinishi zarur. Bu masalada konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlat tashqi ishlar vazirligining qoʻllanmalariga amal qiladi.
32-modda
Imtiyoz va immunitetlar toʻgʻrisidagi masalaga tegishli baʼzi qoidalar
Imtiyoz va immunitetlar toʻgʻrisidagi masalaga tegishli baʼzi qoidalar
1. Konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlgan konsullik muassasasi xodimlariga, ularning harakatlari ularning vazifalarini bajarish uchun qilingan va faqatgina 21-moddaning 3-paragrafida aytib oʻtilgan immunitetlardan foydalanilgan hollardan tashqari, ushbu davlatning yurisdiksiyasi tatbiq etiladi.
2. Konsullik muassasasi xizmatchisining oila aʼzolari konsullik joylashgan davlat fuqarolari boʻlmasalar, bu davlat hududida doimiy yashamasalar va bu davlatda daromad keltiradigan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmasalar, ular ushbu Konvensiya koʻzda tutgan imtiyoz va immunitetlardan foydalanadilar.
3. Shunday boʻlsa ham, konsullik joylashgan davlat oʻz yurisdiksiyasini ushbu moddaning 1-paragrafida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan konsullik muassasasi vazifalarini bajarishda haddan tashqari xalal bermaydigan holda amalga oshirishi kerak.
IV Qism
Konsullik vazifalari
Konsullik vazifalari
33-modda
Vazifalar hajmi
Vazifalar hajmi
Konsullik mansabdor shaxsi:
a) tomonlar qonunchiligiga muvofiq konsullik joylashgan davlatda konsullikka vakolat bergan davlat va uning fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi;
b) savdo, iqtisodiy, madaniy, ilmiy-texnika va turistik aloqalarning rivojlanishiga, shuningdek Ahdlashuvchi Tomonlar orasidagi doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishiga koʻmaklashadi;
v) konsullik joylashgan davlatda barcha qonuniy yoʻllar bilan savdo, iqtisodiy, madaniy, ilmiy hayotning va turizm sohasidagi ahvol va rivojlanish toʻgʻrisida maʼlumot oladi va ular toʻgʻrisida konsullikka vakolat bergan davlat hukumatini, shuningdek manfaatdor shaxslarni xabardor qiladi.
34-modda
Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari bilan aloqalar
Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari bilan aloqalar
1. Oʻz konsullik vazifalarini amalga oshirishda konsullik mansabdor shaxsi:
a) oʻz konsullik okrugining vakolatli maʼmurlariga;
b) konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalari va urf-odatlari yoki tegishli xalqaro bitimlar yoʻl qoʻyadigan darajada konsullik joylashgan davlatning vakolatli markaziy davlat organlariga murojaat qilishi mumkin.
35-modda
Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari oldida konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga vakillik
Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari oldida konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga vakillik
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat qonunchiligi boʻyicha konsullik joylashgan davlat sudlari va boshqa maʼmurlari oldida konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga, agar ular yoʻq boʻlsalar yoki oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir boʻlmasalar, tegishli vakillik qilishni taʼminlash uchun zarur choralarni koʻrish huquqiga ega.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan vakillik, vakillik qilinayotganlar oʻz vakolatli shaxslarini tayinlaganlarida yoki huquq va manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmalariga olganlarida, toʻxtatiladi.
36-modda
Fuqarolarni qayd etish, pasport va vizalar berish
Fuqarolarni qayd etish, pasport va vizalar berish
Konsullik mansabdor shaxsi:
a) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarini hisobga oladi;
b) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining konsullikka vakolat bergan davlat fuqaroligi masalalari boʻyicha arizalarini qabul qiladi va bu masalalar boʻyicha hujjatlar beradi;
v) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga pasportlar va yoʻl hujjatlarini beradi, uzaytiradi, oʻzgarishlar kiritadi va bekor qiladi;
g) konsullik joylashgan davlat va uchinchi davlatlar fuqarolariga vizalar beradi.
37-modda
Fuqarolik holati aktlarini bajarish boʻyicha vazifalar
Fuqarolik holati aktlarini bajarish boʻyicha vazifalar
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalari ruxsat etgan doiralarda quyidagi harakatlarni bajaradi:
a) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining tugʻilishi va oʻlimi aktlarini tuzadi va qayd etadi;
b) nikohdan oʻtuvchi ikkala shaxs konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari boʻlgan hollarda nikohdan oʻtkazadi va tegishli hujjatlar beradi, konsullik joylashgan davlat qonunchiligi koʻzda tutgan doiralarda konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlarini konsullik muassasasida nikohlar qayd etilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
v) er-xotinlardan hech boʻlmaganda bittasi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi boʻlgan taqdirda konsullik joylashgan davlat qonunchiligi ruxsat etgan doiralarda nikohlarni qayd etadi va bekor qiladi;
g) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining oilaviy munosabatlariga tegishli arizalarni qabul qiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalari manfaatdor shaxslarni konsullik joylashgan davlat qonunchiligi koʻzda tutgan rasmiyatchiliklarga amal qilish majburiyatlaridan ozod etmaydi.
3. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari kechiktirmay va boj solmasdan konsullik muassasasiga xizmat maqsadlarida soʻralgan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining fuqarolik holati aktlarini qayd etish roʻyxatining nusxalarini yuboradi.
38-modda
Notarial vazifalar
Notarial vazifalar
1. Konsullik mansabdor shaxsi:
a) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining har qanday arizalarini qabul qiladi, rasmiylashtiradi va tasdiqlaydi;
b) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining vasiyatnomalari va boshqa hujjatlarini, shuningdek arizalarni rasmiylashtiradi, tasdiqlaydi va saqlashga qabul qiladi;
v) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari oʻrtasida tuzilgan bitimlarni rasmiylashtiradi, tasdiqlaydi va saqlaydi. Ushbu qoida koʻchmas mulkka bitimdan kelib chiqadigan huquqlarni topshirish yoki bekor qilishni oʻrnatish hollarini istisno etadi;
g) konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining hujjatlaridagi imzolarning asliga toʻgʻri ekanligini tasdiqlaydi;
d) konsullikka vakolat bergan davlat yoki konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari tomonidan berilgan barcha hujjatlarni tarjima qiladi va legallashtiradi, shuningdek bunday hujjatlarning tarjima va nusxalarini tasdiqlaydi;
e) konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga binoan boshqa notarial harakatlarni ham bajaradi.
2. Konsullik joylashgan davlat konsullik mansabdor shaxsi tomonidan tuzilgan va tasdiqlangan, ushbu moddaning 1-bandida sanab oʻtilgan hujjatlar konsullik joylashgan davlat muassasalarida shu davlatning vakolatli maʼmurlari tomonidan tuzilgan va tasdiqlangan hujjatlardek yuridik ahamiyatga va dalil boʻla oladigan kuchga ega boʻladi, agar bu tartib ushbu davlatning qonunchiligiga zid kelmasa.
39-modda
Xususiy mulkni saqlashga qabul qilish
Xususiy mulkni saqlashga qabul qilish
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining hujjat, pul, qimmatbaho buyumlar va boshqa xususiy mulkini saqlashga qabul qilishi mumkin, agar bu konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga zid kelmasa.
Bunday hujjat, pul, qimmatbaho buyumlar va boshqa xususiy mulk faqatgina konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga rioya qilingan holda bu davlatdan olib chiqilishi mumkin.
2. Konsullik mansabdor shaxsi shu yoʻsinda konsullik vakolat bergan davlat fuqarolarining konsullik joylashgan davlatda boʻlganlarida yoʻqotilgan mulkni egasiga topshirish maqsadida qabul qilishi mumkin.
40-modda
Vasiylik va homiylik
Vasiylik va homiylik
1. Konsullik joylashgan davlat maʼmurlari tegishli konsullik muassasasiga konsullik joylashgan davlatda doimiy yoki vaqtincha yashovchi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi uchun vasiy yoki homiy tayinlash zarur boʻlgan har qanday hol toʻgʻrisida maʼlum boʻlishi bilan xabar beradi.
2. Ushbu Konvensiya 35-moddasining qoidalari voyaga yetmagan yoki toʻla muomalaga layoqatli boʻlmagan boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qoʻllaniladi.
3. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari oldida vasiy yoki homiyni tayinlash va, jumladan, bu vazifalarni bajarish uchun nomzodlarni koʻrsatish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
4. Voyaga yetmagan yoki toʻla muomalaga layoqatli boʻlmagan boshqa shaxslar ularga tegishli boʻlgan mulkni boshqara olmagan holda konsullik mansabdor shaxsi homiy tayinlashni taʼminlash yoki konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlaridan shu maqsadlarda zarur choralar koʻrishni soʻrashi mumkin.
5. Konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga mos ravishda konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashovchi voyaga yetmagan fuqarosi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi mumkin.
41-modda
Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari bilan aloqa va muloqotlar
Konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari bilan aloqa va muloqotlar
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari bilan aloqa qilishi, ularning konsullik joylashgan davlatning vakolatli davlat organlari bilan aloqalarida ularga har taraflama koʻmaklashishi va shuningdek ularni advokat, tarjimon va shu maqsadlarda boshqa shaxslar bilan taʼminlashi mumkin.
2. Konsullik joylashgan davlat konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining konsullik muassasasi bilan yozma aloqalari va ularning konsullik binolariga kirishini cheklamaydi.
3. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsiga konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolari toʻgʻrisida axborot olish, ular bilan aloqa oʻrnatish va ular bilan suhbat oʻtkazishga koʻmaklashadi.
42-modda
Erkinligi masalasida cheklashga uchragan fuqarolar bilan aloqalar
Erkinligi masalasida cheklashga uchragan fuqarolar bilan aloqalar
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik muassasasini eng qisqa muddatda, lekin besh kundan kechiktirmay tegishli konsullik okrugi doirasida konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosi ushlanganligi, hibsga olinganligi yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Shu bilan bir vaqtda konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari ushbu shaxs tomonidan konsullik muassasasiga yuborilgan har qanday xabarni kechiktirmay yetkazadi. Koʻrsatilgan maʼmurlar manfaatdor shaxslarga ushbu moddaga muvofiq ularning huquqlarini bildiradi.
2. Konsullik mansabdor shaxsi hibsga olingan, ushlangan yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilgan konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosini borib koʻrish, u bilan ogʻzaki yoki yozma aloqa qilish, shuningdek unga qonuniy manfaatlarini yoqlashga koʻmaklashish huquqiga ega.
U shuningdek ozodlikdan mahrum etish joylaridagi jazo oʻtayotgan konsullikka vakolat bergan davlatning har qanday fuqarosini borib koʻrish huquqiga ega.
Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsiga yuqorida koʻrsatilgan shaxslarni ular ushlangani, hibsga olingani yoki boshqa shaklda ozodlikdan mahrum etilganidan keyin yetti kundan kechiktirmay borib koʻrishga ruxsat beradi.
Keyinchalik bunday huquqlar oqilona va davriy asosda beriladi.
3. Ushbu moddada koʻrsatilgan huquqlar konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalari boʻyicha, biroq aytib oʻtilgan qonun-qoidalar bu huquqlarni bekor qilmasligi sharti bilan, amalga oshirilishi kerak.
43-modda
Fuqarolar tomonidan koʻrsatmalar berilishi va ularni xabardor qilish
Fuqarolar tomonidan koʻrsatmalar berilishi va ularni xabardor qilish
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat vakolatli maʼmurlarining soʻrovi boʻyicha tomon, guvoh va ekspert sifatida oʻz fuqarolaridan xohishiga binoan yozma ravishda koʻrsatmalar va arizalar olish, shuningdek ularni sud va boshqa hujjatlar toʻgʻrisida xabardor qilish huquqiga ega va vakolatli. Bu harakatlarni bajarishda majburlov choralarini qoʻllash yoki ular bilan qoʻrqitish taqiqlanadi.
44-modda
Yoʻl-transport hodisalari
Yoʻl-transport hodisalari
Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsini konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolarining oʻlimi yoki ogʻir jarohatlanishiga olib kelgan yoʻl-transport hodisalarining barcha hollari toʻgʻrisida darhol xabardor qiladi.
45-modda
Fuqaroning oʻlimi
Fuqaroning oʻlimi
Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik muassasasiga konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining oʻlimi toʻgʻrisida darhol xabar beradi va oʻlimi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasini bojsiz yuboradi.
46-modda
Vorislik va himoya choralari
Vorislik va himoya choralari
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsini konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosining oʻlimi natijasida ochilgan, meros yoki meros qoldiruvchining fuqaroligidan qatʼiy nazar konsullik vakolat bergan davlat fuqarosi merosxoʻr, huquqni qabul qiluvchi yoki rad javobi oluvchisi boʻlgan merosning ochilishi toʻgʻrisida darhol xabardor qilishi kerak.
2. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari shu mamlakatning merosini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik boʻyicha zarur choralarni koʻradi va oʻlgan shaxs tomonidan vasiyat tuzilgan boʻlsa, uning nusxasini konsullik mansabdor shaxsiga yuboradi, shuningdek qonuniy vorislar, ularning yashash joyi, davlat sugʻurtasi, renta va sugʻurta polislari boʻyicha toʻlovlardan pul daromadlarini hisobga olgan holda meros mulkining qiymati va tarkibi toʻgʻrisidagi ularda boʻlgan barcha axborotni maʼlum qiladilar.
3. Konsullik mansabdor shaxsi quyidagi rasmiyatchiliklar bajarilishini talab qilishi mumkin:
a) meros mulkini saqlash, muhrlash va muhrlanganni ochish, meros mulkini saqlash uchun zarur choralarni koʻrish, jumladan mulk boshqaruvchisini tayinlash va barcha rasmiyatchiliklarda uning ishtiroki;
b) merosni tashkil etuvchi mulkni sotish shuningdek oʻz ishtirokini taʼminlash maqsadida bu sotishning belgilangan vaqti toʻgʻrisida xabardor qilish.
4. Vorislik toʻgʻrisidagi ishning yoki rasmiy rasmiyatchiliklarning tugashi bilan konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari bu toʻgʻrida konsullik mansabdor shaxsini darhol xabardor qiladilar va qarz, soliq va yigʻimlar toʻlanganidan soʻng unga uch oylik muddat ichida manfaatdor shaxslarga tegishli boʻlgan meros mulkini yoki uning qismlarini topshiradilar.
5. Agar meros mulkining qiymati katta boʻlmasa, konsullik mansabdor shaxsi unga ushbu mulkni topshirishni talab qilishi mumkin. Bu holda u manfaatdor shaxslarga bunday mulkni topshirish huquqiga ega.
6. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan fuqarolariga tegishli boʻlgan mulkning tegishli qismini, merosni, kompensatsiyalar, nafaqalar, ijtimoiy sugʻurta, sugʻurta polislari boʻyicha toʻlov va toʻlanmagan maoshni ularning manfaatdor shaxslarga topshirish uchun qabul qilish huquqiga ega.
7. Ushbu moddaning 4, 5, 6 bandlariga binoan mulk va kreditlarni konsullikka vakolat bergan davlatga topshirish faqatgina konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga binoan amalga oshiriladi.
47-modda
Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan fuqarosining oʻlimi
Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan fuqarosining oʻlimi
1. Konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik joylashgan davlatda doimiy yashamaydigan fuqarosi ushbu davlatda vaqtincha yashayotgan davrda oʻlgan holda uning mulki himoya ostiga olinadi va konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari tomonidan alohida marosimsiz konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik mansabdor shaxsiga topshiriladi. Konsullik mansabdor shaxsi oʻlgan shaxs tomonidan topshirilgan mulk qiymati doirasida ushbu davlatda boʻlgan vaqtda avval olgan qarzlarini toʻlaydi.
2. 46-moddaning 7-bandi qoidasi shuningdek ushbu moddaning birinchi bandida aytib oʻtilgan mulkka ham tatbiq etiladi.
48-modda
Kemalarga yordam koʻrsatish
Kemalarga yordam koʻrsatish
1. Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat kemalariga hamda shu kemalarning ekipajlariga, ular konsullik joylashgan davlatning hududiy va ichki suv havzalarida, jumladan portlarida boʻlganlarida, har qanday yordam berish huquqiga ega.
Konsullik mansabdor shaxsi shuningdek konsullikka vakolat bergan davlat kemalarida va ularning ekipajiga nisbatan nazorat qilish va inspeksiya huquqiga ega.
2. Kapitan yoki ekipajning istalgan aʼzosi oʻz konsullik muassasasi bilan erkin aloqa qilishi mumkin.
3. Konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat qonun-qoidalariga binoan ushbu davlat kemalari va ularning ekipajlariga nisbatan koʻradigan choralar bilan hisoblashishlari kerak. Bu vazifalarni amalga oshirishda konsullik mansabdor shaxsi konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlariga koʻmak soʻrab murojaat qilishi mumkin.
49-modda
Konsullik mansabdor shaxslarining kemalar va ularning ekipajlariga nisbatan vakolatlari
Konsullik mansabdor shaxslarining kemalar va ularning ekipajlariga nisbatan vakolatlari
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga muvofiq dengiz qatnovi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday quyidagi harakatlarni, agar ular konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalariga zid kelmasa, bajarishi mumkin:
a) kemaning milliy mansubligi, xususiy mulk huquqi va unga nisbatan shunga oʻxshash huquqlar, shuningdek uning ahvoli va ekspluatatsiyasiga tegishli har qanday hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish yoki tasdiqlash;
b) kapitan va ekipajning boshqa aʼzolarini soʻroq qilish, kema hujjatlarini tekshirish, olish va tasdiqlash, kema, yuk va uning borish yoʻliga tegishli deklaratsiyalarni qabul qilish, shuningdek kemaning portga kirishi , chiqishi va unda boʻlishiga koʻmaklashish;
v) kapitan va ekipajning boshqa aʼzolarini kasalxonaga yotqizish, shuningdek bunday shaxslarning Vataniga qaytishi uchun barcha zaruriy choralarni koʻrish;
g) kapitan yoki ekipajning istalgan aʼzosiga konsullik joylashgan davlatning sud va boshqa maʼmurlari bilan aloqa qilishlarida yordam berish va shu maqsadda ularga zaruriy huquqiy yordam koʻrsatish, ularni tarjimon va boshqa shaxslar bilan taʼminlash.
50-modda
Kemada sodir etilgan jinoiy harakatlarga nisbatan yurisdiksiya
Kemada sodir etilgan jinoiy harakatlarga nisbatan yurisdiksiya
1. Konsullik joylashgan davlatning sudlari va boshqa vakolatli maʼmurlari faqatgina quyidagi hollarda konsullikka vakolat bergan davlat kemasida sodir etilgan jinoiy harakatlarga nisbatan majburiy choralarni qoʻllashlari mumkin:
a) konsullik joylashgan davlat fuqarosi tomonidan yoki unga qarshi sodir etilgan jinoiy harakatlar, yoxud ekipaj aʼzosi boʻlmagan shaxs tomonidan yoki unga qarshi sodir etilgan jinoiy harakatlar;
b) konsullik joylashgan davlatning hududiy yoki ichki suv havzalari, yoxud porti tartibi yoki xavfsizligini buzuvchi jinoiy harakatlar;
v) konsullik joylashgan davlatning sogʻliqni saqlash, dengizda xavfsizlikni taʼminlash, pasport, bojxona nazorati, akvatoriyni neft bilan ifloslantirish, kontrabandaga tegishli qonun-qoidalarni buzuvchi jinoiy harakatlar.
2. Biroq, konsullik joylashgan davlatning sud va boshqa vakolatli maʼmurlari konsullik mansabdor shaxsining talabiga koʻra yoki roziligi bilan konsullikka vakolat bergan davlat kemalariga nisbatan oʻz yurisdiksiyasini ishlatishi mumkin.
51-modda
Konsullik joylashgan davlat vakolatli organlarining kemani borib koʻrishlari
Konsullik joylashgan davlat vakolatli organlarining kemani borib koʻrishlari
1. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli organlari konsullikka vakolat bergan davlat kemasida kema kapitani, ekipaj aʼzolari, ushbu kema passajiri yoki konsullik joylashgan davlat fuqarosi boʻlmagan boshqa shaxsni borib koʻrish, hibsga olish yoki ushlash yoki kemada boʻlgan mulkka band solish niyatida boʻlsalar, ular konsullik mansabdor shaxsiga kemada boʻlish imkonini berish uchun bu toʻgʻrida konsullik muassasasiga avvaldan xabar berishlari kerak. Bu holda xabarnomada kemani borib koʻrishning maʼlum vaqti koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Agar konsullik mansabdor shaxsi yoki uning vakili u yerda boʻlmaganida, u aytib oʻtilgan maʼmurlarga murojaat qilib, boʻlib oʻtganlar toʻgʻrisidagi barcha bor axborotni berishni iltimos qilishi mumkin. Bu qoidalar shuningdek konsullik joylashgan davlat vakillari tomonidan kapitan yoki ekipaj aʼzosini soʻroq qilish hollariga ham tegishlidir.
2. Qoldirib boʻlmaydigan hollarda yoki tekshirish kema kapitanining talabiga koʻra olib borilgan boʻlsa,konsullik mansabdor shaxsi tekshirish natijalari toʻgʻrisida imkoni boricha eng qisqa vaqtda xabardor qilinishi kerak.
Shuningdek konsullik mansabdor shaxsining talabiga koʻra, u boʻlmagan vaqtda oʻtkazilgan tekshirish toʻgʻrisida ham xabardor qilinishi kerak.
52-modda
Istisno hollari
Istisno hollari
48, 49, 51-moddalarning qoidalari bojxona qonun-qoidalari, karantin choralariga, shuningdek sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni ifloslantirishga tegishli boʻlgan boshqa davlat nazorat choralari, tovarlar xavfsizligini taʼminlash va chet elliklarning kirish huquqi boʻyicha politsiya va port choralariga nisbatan konsullik joylashgan davlatga qarshi ishlatilishi mumkin emas.
53-modda
Kema halokati yoki avariyasi
Kema halokati yoki avariyasi
1. Konsullikka vakolat bergan davlat kemasi konsullik joylashgan davlatning hududiy yoki ichki suv havzalarida halokatga uchrasa, unga ziyon yetsa, sayoz joyga tushib qolsa, qirgʻoqqa chiqarib tashlansa yoki biron boshqa avariyaga uchrasa, ushbu davlatning vakolatli maʼmurlari darhol konsullik mansabdor shaxsiga bu toʻgʻrida va kemaning, passajirlar, ekipaj, shuningdek ularning mulk va yuklarini qutqarish va himoya qilish boʻyicha koʻrib boʻlingan choralar toʻgʻrisida maʼlum qiladilar.
2. Konsullik joylashgan davlatning vakolatli maʼmurlari ushbu moddaning 1-bandiga koʻra konsullik mansabdor shaxsiga uning iltimosiga binoan choralar koʻrishda barcha zaruriy yordamni koʻrsatadilar.
3. Halokatga uchragan kema, hujjatlar, uning ekipaji ashyolar va yuk konsullik joylashgan davlat qirgʻogʻida yoki qirgʻoq yaqinida topilgan boʻlsa, yoxud ushbu mamlakat portida boʻlsa, va agar kema kapitani, uning yordamchisi, kema egasi va sugʻurta kompaniyalarining vakillari bunda boʻlmaganlarida va koʻrsatilgan mulkni saqlashni taʼminlash yoki kelgusida uni yetkazish joyini aniqlash boʻyicha choralar koʻra olmasalar, kema egasi boʻlgan holda oʻsha maqsadlarda koʻrishi mumkin boʻlgan choralarni konsullik mansabdor shaxsi koʻrishga vakolatlidir.
4. Konsullik mansabdor shaxsi ushbu moddaning 3-bandi koʻzda tutgan, halokatga, avariyaga uchragan yoki sayoz joyga tushib qolgan kemaning milliy mansubligidan qatʼiy nazar kema mulki va uning konsullikka vakolat bergan davlat fuqarosiniki boʻlgan yukiga tegishli barcha choralarni qoʻllashi mumkin, agar koʻrsatilgan mulk konsullik joylashgan davlat qirgʻogʻida, qirgʻoq yaqinida topilgan yoki portida boʻlsa. Konsullik joylashgan davlat vakolatli maʼmurlari bunday mulkning borligi toʻgʻrisida konsullik mansabdor shaxsini darhol xabardor qilishlari kerak.
5. Avariyaga uchragan kemaning uskuna, yuk va oziq-ovqatlari konsullik joylashgan davlatda ishlatish va isteʼmol qilish uchun moʻljallanmagan boʻlsa, konsullik joylashgan davlatda ularga bojxona soliqlari va yigʻimlari solinmaydi.
54-modda
Kema ekipaji aʼzosining oʻlimi yoki yoʻqolishi
Kema ekipaji aʼzosining oʻlimi yoki yoʻqolishi
1. Konsullikka vakolat bergan davlatga tegishli boʻlgan kema ekipaji aʼzosi kema yoki konsullik joylashgan davlat hududida oʻlgan yoki yoʻqolgan holda yolgʻiz kema kapitani yoki uning oʻrnidagi shaxs, shuningdek konsullikka vakolat bergan davlatning konsullik mansabdor shaxsigina oʻlgan yoki yoʻqolgan shaxsning shaxsiy ashyolari, qimmatbaho buyumlari va u qoldirgan boshqa mulkning roʻyxatini tuzish va koʻrsatilgan mulk va merosning himoyasi va kelgusi taqdirini aniqlash huquqiga egadirlar.
Biroq oʻlgan yoki yoʻqolgan shaxs konsullik joylashgan davlat fuqarosi boʻlsa, kema kapitani yoki uning oʻrnidagi shaxs, bunday roʻyxatni oʻlim yoki yoʻqolishni aniqlash daqiqasida tuzadilar. Bu roʻyxatning nusxasi merosni himoya qilish boʻyicha har tomonlama chora koʻrishga va, zaruriyat boʻlganida,uning taqdirini hal etishga vakolatli boʻlgan konsullik joylashgan davlat maʼmurlariga taqdim etiladi. Bu maʼmurlar konsullikka vakolat bergan davlat konsullik muassasasini ular tomonidan koʻrilayotgan barcha choralar toʻgʻrisida xabardor qilishlari kerak.
2. Konsullik mansabdor shaxsi, ushbu moddaning 1-bandiga binoan, merosga nisbatan oʻz vakolatlarini amalga oshirishda konsullik joylashgan davlat qonunchiligiga rioya qilishi kerak.
55-modda
Havo kemalari
Havo kemalari
Ushbu Konvensiya 48 — 54 moddalarining qoidalari shuningdek konsullikka vakolat bergan davlatning havo kemalariga ham imkoni boricha qoʻllaniladi.
56-modda
Konsullik bojlari va yigʻimlari
Konsullik bojlari va yigʻimlari
1. Konsullik muassasasi konsullik joylashgan davlat hududida konsullikka vakolat bergan davlat qonunchiligiga binoan qilingan harakatlar uchun konsullik bojlari va yigʻimlarini undirishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga binoan konsullik harakatlari uchun olingan pul yigʻindisi konsullik joylashgan davlatda har qanday soliq va yigʻimlardan ozod etiladi.
V Qism
Yakunlovchi qarorlar
Yakunlovchi qarorlar
57-modda
Boshqa konsullik vazifalari
Boshqa konsullik vazifalari
Konsullik mansabdor shaxsi konsullikka vakolat bergan davlat tomonidan unga topshirilgan, konsullik joylashgan davlat tomonidan taqiqlanmagan va amalga oshirilishiga konsullik joylashgan davlat qarshilik koʻrsatmaydigan har qanday boshqa konsullik vazifalarini yoki ikki davlat oʻrtasida tuzilgan amaldagi xalqaro bitimlarda aytib oʻtilgan vazifalarni amalga oshirishi mumkin.
58-modda
Konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalariga rioya qilish
Konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalariga rioya qilish
1. Immunitet va imtiyozlariga ziyon yetkazmagan holda, ushbu Konvensiya qoidalariga asosan immunitet va imtiyozlarga ega boʻlgan barcha shaxslar konsullik joylashgan davlat qonun-qoidalariga rioya etishlari shart. Ular, shuningdek, konsullik joylashgan davlatning ichki ishlariga aralashishdan oʻzlarini tutishlari shart.
2. Konsullik binolaridan konsullik vazifalarini bajarishga mos kelmaydigan maqsadlarda sira foydalanish kerak emas.
59-modda
Konvensiya qoidalarini yuridik shaxslarga qoʻllash tartibi
Konvensiya qoidalarini yuridik shaxslarga qoʻllash tartibi
Ushbu Konvensiyaning konsullikka vakolat bergan davlat fuqarolariga tegishli boʻlgan qoidalari shuningdek yuridik shaxslarga ham qoʻllaniladi.
60-modda
Konvensiyaning ratifikatsiyasi va kuchga kirishi
Konvensiyaning ratifikatsiyasi va kuchga kirishi
1. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashilganidan soʻng 30-kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiya muddatsiz hisoblanadi. U Ahdlashuvchi Tomonlardan istalganini xabardor qilish yoʻli bilan denonsatsiya qilinishi mumkin. Bu holda Konvensiyaning amal qilishi denonsatsiya toʻgʻrisida xabar qilingan kundan boshlab olti oy oʻtgach toʻxtatiladi.
Buning tasdigʻi sifatida Ahdlashuvchi Tomonlarning Vakolatli vakillari ushbu Konvensiyani imzoladilar va uni muhrladilar.
Anqarada shahrida, 1994-yil 23-iyunida, ikki nusxada, har biri oʻzbek va turk tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)