Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo bo‘lgan davlatlar korxonalari va tarmoqlarining ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashning umumiy shart-sharoitlari va tartibi to‘g‘risida
Bitim
Mazkur Bitimga a’zo davlatlarning hukumatlari, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashining 1993-yil 14-may va 24 sentabrda Moskvada qabul qilingan qarorlariga muvofiq, shuningdek, Iqtisodiy ittifoqning maqsad va tamoyillariga erishish uchun;
davlatlarning ilmiy-texnik va ishlab chiqarish istiqbollari o‘rtasidagi mavjud texnologik o‘zaro aloqalarni hisobga olib;
bozor munosabatlariga asoslangan umumiy iqtisodiy makonni yaratishda MDHga a’zo davlatlar xo‘jalik yurituvchi subyektlarining bevosita ishlab chiqarish munosabatlarining hal qiluvchi rolini e’tirof etgan holda;
Hamdo‘stlik doirasidagi sanoat kooperatsiyasi hamda korxonalar va tarmoqlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni ta’minlash va o‘zaro manfaatli rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilib,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar turli mulk shaklidagi korxonalar, tarmoq va tarmoqlararo majmualar o‘rtasida ularning bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida, shuningdek moliya-sanoat guruhlari va transmilliy ishlab chiqarish birlashmalari, qo‘shma korxonalar doirasida kooperatsiyani amalga oshirish va rivojlantirishni qo‘llab quvvatlashni ta’minlash bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar xalqaro ixtisoslashuv va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, ularni amalga oshirish shartlari; sanoat tarmoqlarida ustuvorliklarni aniqlash; qo‘shma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashish; ishlab chiqarishni, shu jumladan, mudofaa sanoatini konversiyalash sohasida ko‘p tomonlama muvofiqlashtirishni amalga oshirish sohalarida kelishilgan siyosatni olib boradilar.
3-modda
Tomonlar quyidagilar bo‘yicha kelishib oldilar:
kooperatsiya orqali tovarlarni yetkazib berish deganda texnologik jihatdan o‘zaro bog‘liq va tayyor mahsulotni ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, tayyorlamalar, yarimfabrikatlar, butlovchi hamda boshqa tarmoq va tarmoqlararo qismlarni yetkazish tushuniladi;
xizmat ko‘rsatish deganda loyihaviy, ta’mirlash ishlari, texnik xizmat ko‘rsatish va texnologik jarayonlar tushuniladi;
tovarlarni qayta ishlash uchun bojxona rejimlari doirasida yetkazib berish deganda Tomonlarning bojxona qonunchiligida belgilangan shartlarga muvofiq tovarlar yetkazib berish tushuniladi, agar mazkur Bitimda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa.
4-modda
Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi va to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatlarning asosiy bo‘g‘inini tegishli hukumatlararo, tarmoqlararo va idoralararo bitimlar asosida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan tuziladigan va bojxona ittifoqini tuzishdan oldin bojxona organlari uchun chegara orqali kooperatsiya asosida yetkazib beriladigan tovarlarni o‘tkazishda asos bo‘lib xizmat qiladigan shartnomalar tashkil qilishini tan oladilar. Tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi mazkur Bitimga muvofiq va Tomonlarning bojxona qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlar kooperatsiya asosida va qayta ishlash bojxona rejimlari doirasida olib kelinayotgan tovarlar hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarga nisbatan import va eksport bojlari, soliqlar, aksiz solig‘i va miqdoriy cheklovlarni qo‘llamaslikni o‘z zimmalariga oladilar.
Tomonlar o‘z vakolatli tashkilotlari ushbu moddani amalga oshirishning muayyan tartibini ishlab chiqishiga kelishib oldilar.
6-modda
Qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqarishga mo‘ljallangan maxsus butlovchi qismlar, shuningdek belgilangan xalqaro kafolatlarga rioya qilish maqsadida tarifsiz tartibga solish choralariga bo‘ysunadigan boshqa o‘ziga xos tovarlar yetkazib berish tartibi alohida hukumatlararo bitimlar bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar o‘z banklarida milliy qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda va muddatlarda hisob raqamlarining ochilishiga to‘sqinlik qilmaydilar. Tomonlar tegishli tashkilotlarga ushbu sohadagi qonunchilik va xo‘jalik yuritish amaliyotini yaqinlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni topshiradilar.
Tomonlar yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun erkin ayirboshlanadigan valyutada to‘lovni talab qilmaslikka kelishib oldilar.
8-modda
Tomonlar mazkur Bitimni tuzgan Tomonlarning korxonalari o‘zlari ishlab chiqargan mahsulot (ish, xizmat) larni o‘zaro kelishilgan holda belgilangan narxlarda sotishidan kelib chiqadilar.
Tomonlar mazkur Bitimning 3-moddasida ko‘rsatilgan mahsulot va xizmatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlashga kelishib oldilar.
O‘zaro hisob raqamlarni ochish va yuritish tartibi Tomonlarning Markaziy (milliy) banklari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq belgilanadi.
9-modda
Tomonlar zarur hollarda yuqori texnologiyali tarmoqlar va eksportga yo‘naltirilgan sohalardagi kooperatsiyani rivojlantirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi kreditlar va investitsiyalarni ajratish shartlarini kelishib oladilar.
10-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasida yetkazib berilgan xom-ashyo, materiallar va butlovchi qismlar yetkazib beruvchi davlat vakolatli organining yozma roziligisiz uchinchi mamlakatlarga, shu jumladan, xorijiy jismoniy, yuridik shaxslarga yoki xalqaro tashkilotlarga qayta eksport qilinmaydi, deb kelishib oldilar.
11-modda
Ishlab chiqarish sohasida integratsion jarayonlarni rivojlantirish maqsadida Tomonlar korxonalar va tarmoqlar o‘rtasidagi kooperatsion munosabatlarni tartibga solish borasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan milliy qonunchilik normalarini muvofiqlashtirish va yaqinlashtirish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
12-modda
Tomonlar quyidagi muammolarni birgalikda o‘rganishni tashkil etadilar:
uzoq muddatli ishlab chiqarish kooperatsiyasi bo‘yicha namunaviy shartnomalar va bitimlarni ishlab chiqish;
marketing va lizing tadqiqotlarini o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, reklama xizmatlarini ko‘rsatish;
Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar va boshqa manfaatdor davlatlar o‘rtasida hamkorlar topish, bitimlar (shartnomalar) tayyorlash, tuzish va amalga oshirishga ko‘maklashadigan zamonaviy axborot kommunikatsiyalarini rivojlantirish;
mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish.
13-modda
Mazkur Bitim Tomonlar ularning konstitutsiyaviy tartibiga muvofiq ratifikatsiya qilib, uchinchi ratifikatsiya yorlig‘i depozitariy davlatga topshirganidan so‘ng kuchga kiradi.
Ratifikatsiya yorliqlari mazkur Bitimning depozitariysi — Belarus Respublikasi Hukumatiga topshiriladi. Depozitariy barcha ahdlashuvchi Tomonlarni va qo‘shilgan davlatlarni saqlashga topshirilgan har bir hujjat to‘g‘risida xabardor qiladi.
Mazkur Bitim Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo har qanday davlat, shuningdek, Bitim Tomonlarining roziligi bilan uning qoidalarini tan oluvchi uchinchi davlatlarning qo‘shilishi uchun ochiqdir.
14-modda
Mazkur Bitim cheklanmagan muddatga tuziladi. Bitimni Tomonlar denonsatsiya qilishi mumkin. Denonsatsiya boshqa Tomonlarga yuborilgan xabarnoma olingan kundan boshlab olti oydan keyin xabarnomani yuborgan Tomon uchun kuchga kiradi.
1993-yil 23-dekabrda Ashxobod shahrida rus tilidagi bir asl nusxada tuzildi. Asl nusxa Belarus Respublikasi Hukumati arxivida saqlanadi, mazkur Bitimni imzolagan davlatlarga tasdiqlangan nusxani yuboradi.
(imzolar)