Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Axborot sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat xalqlarining anʼanaviy doʻstona munosabatlariga asoslanib, ular oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni mustahkamlashga katta ahamiyat berib,
1948-yildagi Inson huquqlari umumiy bayonnomasi hamda 1966-yildagi Fuqaro va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qoidalariga amal qilib,
1975-yildagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha kengash Yakunlovchi aktining hamda EXHT axborot va gumanitar sohadagi hamkorlikka tegishli keyingi hujjatlarining qoidalaridan kelib chiqib,
1992-yil 30-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida Shartnomaga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi boshqa xalqaro shartnomalarga hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi asosiy hujjatlariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ularning davlatlari xalqlari hayoti bilan tanishish va bu toʻgʻridagi bilimlarni chuqurlashtirish maqsadida, milliy qonunlar talablariga muvofiq, axborotni keng va erkin oʻzaro tarqatish uchun qulay sharoitlar yaratishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlardan har biri axborot xizmatlari (agentliklari) va ommaviy axborot vositalari tahririyatlari oʻrtasida keng va erkin axborot almashishga, uning davlati hududida boshqa Tomon davlatida roʻyxatdan oʻtkazilgan va qonuniy asosda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalari mahsulotini, bunday mahsulotni tashkil etuvchi maʼlumot va materiallarni tarqatish uning milliy qonunlari talablariga, mazkur Tomon xalqining milliy anʼanalari, dunyoqarashi va hayot tarziga, ijtimoiy va gumanitar qadriyatlariga zid boʻlmasligi sharti bilan, tarqatishga koʻmaklashadi.
Tomonlardan har biri boshqa Tomon davlati diplomatik va oʻzga rasmiy vakolatxonalarining axborot va xabarlarini tarqatishga, agar ular uning milliy qonunlari talablariga zid boʻlmasa, toʻsqinlik qilmaydi.
3-modda
Tomonlar oʻz davlatlari ommaviy axborot vositalari tahririyatlari oʻrtasidagi, shuningdek ommaviy axborot sohasida ishlovchi muassasa va tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro foydali hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar va ragʻbatlantiradilar, bu hamkorlikning aniq shart va shakllari uning ishtirokchilari tomonidan, jumladan alohida bitimlar tuzish yoʻli bilan, aniqlanadi.
4-modda
Tomonlar professional qiziqish uygʻotuvchi muammolarni oʻrganish maqsadida Tomonlar davlatlari jurnalistlarining professional uyushmalari oʻrtasidagi teng huquqli va oʻzaro foydali hamkorlikka, almashish, uchrashuv, seminar, konferensiyalar oʻtkazishga koʻmaklashadilar. Hamkorlik shakllari va almashish shartlari ikkala davlat tegishli tashkilotlari oʻrtasidagi alohida bitimlar asosida aniqlanadi.
5-modda
Tomonlar boshqa Tomon davlati hududida qonuniy asosda uzatiladigan tele- va radiodasturlar translatsiyasini, ikkala davlat jurnalistlari tayyorlagan materiallarni ular tegishli aloqa tizimlarini ishlatganlarida oʻz tahririyatlariga berishni tashkil etishga koʻmaklashadilar.
Shu maqsadda Tomonlar alohida bitim tuzadilar.
6-modda
Tomonlar teleradioeshittirishlar, nashr qilinadigan ommaviy axborot vositalari sohasida, axborot bilan bogʻliq boʻlgan ilmiy-texnikaviy tarmoqlarda mutaxassislar almashishni ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Tomonlar ommaviy axborot vositalari sohasida kadrlar tayyorlashga oʻzaro koʻmaklashadilar hamda bu sohada ishlovchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari oʻrtasidagi eng yangi kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ish tajribasi almashish boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
8-modda
Tomonlar tegishli davlat organlari orqali ommaviy axborot vositalari faoliyatini huquqiy tartibga solish sohasidagi hamkorlik va tajriba almashishni, shuningdek roʻyxatga olish guvohnomalari qonun tomonidan oʻrnatilgan tartibda haqiqiy emas deb tan olingan davriy nashrlar toʻgʻrisida maʼlumot almashishni amalga oshiradilar.
9-modda
Tomonlar, milliy qonunlar talablariga muvofiq, oʻz davlatlari hududida boshqa Tomon davlati xalqlari tillaridagi ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining, jumladan ularning milliy-madaniy tashkilot va uyushmalari vakillari boʻlganlarining faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
10-modda
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlarning ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnoma va bitimlar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Ushbu Bitimni tatbiq yoki talqin qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha bahs va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha ushbu Bitimga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtguniga qadar amal qiladi.
Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi bajarilishi boshlanib boʻlgan dastur va loyihalarga taʼsir qilmaydi, shuningdek uning asosida tuzilgan shartnoma va bitimlar amal qilishiga daxl etmaydi.
Moskva shahrida 1999-yil 19-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)